Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning hududiy bo‘limlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Toshkent shahri va Samarqand viloyatida energiya resurslarini o‘g‘irlagan avtomobillarga gaz to‘ldirish shoxobchalari aniqlandi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Yunusobod tumani bo‘limi tomonidan “Hududgaz Poytaxt” gaz ta’minoti filiali xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “B.” MCHJ rahbari T.A. va boshqalar MCHJga qarashli avtomobillarga gaz to‘ldirish shoxobchasida o‘rnatilgan gaz hisoblagichga tashqi ta’sir o‘tkazilib, jami 1,5 mln kub metr. tabiiy gazni o‘g‘irlab, davlat va jamiyat manfaatlariga 2,7 mlrd so‘m zarar yetkazganliklari aniqlangan.
Shuningdek, Departamentning Samarqand viloyati boshqarmasi tomonidan “O‘zenergoinspeksiya” hududiy boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “M.G.” MCHJ rahbari S.R. Pastdarg‘om tumanidagi avtomobillarga gaz to‘ldirish shoxobchasida o‘rnatilgan elektr hisoblagichning ulanish sxemasini o‘zgartirib, tijorat maqsadida 2,1 mlrd so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganligi aniqlangan.
Hozirda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.