Fokus

Farmbozorda nazorat instituti ishlashi kerak

Blog Image
Email : 31 0

Statistikaga ko‘ra, mamlakatimizda farmatsevtika bozori hajmi 2 milliard dollarni tashkil etadi. Lekin bu bozorda mahalliy mahsulotlarning ulushi fizik hajmda 40-45 foiz bo‘lsa-da, pul qiymatida 20 foizdan oshmaydi. Yana-da aniqroq qilib aytganda, mahalliy farmasevtika sanoatida ishlab chiqarish bin, spirt, shprits, analgin va citramondan nariga o‘tmayapti. Yurimizda yilda iste’mol qilinayotgan 1,6 milliard dollarlik dorilarning 80 foizdan ko‘prog‘i import hisobidan qoplanmoqda.

Tibbiyot amaliyotida qo‘llanishiga ruxsat etilgan dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika davlat reestriga joriy yil yanvar oyi holatiga mahalliy quvvatlardan tashqari 76 mamlakatning 1 ming 451 ta korxonasi tomonidan ishlab chiqarilgan o‘n minglab farmatsevtika mahsulotlari kiritilgan. Lekin dori vositalarining yashirin aylanishi bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rish tobora dolzarb bo‘lib bormoqda.

Asosiy muammo esa xalqimizning dori vositalaridan foydalanish madaniyatining sustligida yaqqol ko‘rinmoqda. Jumladan, jahonda tibbiy amaliyotda bahstolib bo‘lgan turli antibiotiklarni qabul qilish (JSST ma’lumotiga ko‘ra, bir yilda dunyoda antibiotikni noto‘g‘ri iste’mol qilganligi tufayli 700 ming odam hayotdan ko‘z yumdi) ustidan nazoratning umuman yo‘qligi, oilaviy poliklinikalar va shifoxonalarda belgilangan protokollarga amal qilmasdan, “pul ishlash” uchun farm-kompaniyalar foydasiga retsept yozish holatlarining uchrashi bor gap. Bu haqda shu yilning 4 fevral kuni Prezident raisligida ijtimoiy sohadagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilishda so‘z yuritilib, mana shunday o‘zib-o‘rlikdan xalqimizning sog‘ligi ham, cho‘ntagi ham zarar ko‘rayotgani qattiq tanqid qilindi.

Qo‘shimcha ravishda, bir turdagi dorining turli dorixonada turlicha narxlarda sotilishi, birlamchi tibbiy muassasalarda aholining 120 turdagi dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan ta’minlanish amaliyoti barcha joyda ham birdek ishlamayotgani, ayrim “uchar” tadbirkorlarning mavsumiy kasalliklar avj olgan pallada talab yuqori bo‘lgan xapdor, sirop, tomchi yoki in’eksiya vositalarini qimmat narxlarda sotishi va aholining ehtiyojmand qatlamiga qiyin vaziyatni yuzaga keltirayotganini yashirishning hojati yo‘q.

Yana-da og‘riqli jihati, farmatsevtika sohasida nazorat institutining yetarli darajada shakllanmaganligi, keng jamoatchilik va soha mutaxassislarining farmbozoridagi muammolarni o‘rganib, asosli yechimlarni taklif qilish bo‘yicha aytarli tashabbus ko‘rsatmayotgani nafaqat farmmahsulotlari narx-navosining asossiz oshishiga, balki qalbaki, kontrafakt dori vositalari muomalasiga ham sharoit yaratmoqda. Korruptsiya va dori vositalarini ro‘yxatga olish hamda sotishni tasdiqlash jarayonlarida shaffoflikning yo‘qligi esa qanday oqibatlarga olib kelishini o‘sha mash’um “DOK-1 MAX” ishi (Hindistonning Marion Biotech kompaniyasi ishlab chiqarilgan ushbu preparat tufayli yurimizda 65 nafar bola vafot etdi) misolida ko‘rishimiz mumkin.

Yodingizda bo‘lsa, o‘tgan oyning 23 sanasida Prezident aynan farmatsevtika tarmog‘iga oid istiqbolli rejalar taqdimoti bilan tanishib, iqtisodiyot hamda aholi salomatligida muhim o‘rin tutadigan bu sohani tartibga solishga alohida urg‘u bergan edi.

Ta’kidlanganidek, 2024-2025 yillarda farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish va investitsiya loyihalarini jadallashtirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” asosida joriy yilda 400 million dollarlik mahsulot ishlab chiqarish, eksportni 200 million dollarga yetkazish rejalashtirilgan. 2 milliard dollarlik 147 ta loyihaga start berilib, shundan 28 tasi 2024 yilda ishga tushirishi belgilangan. 450 turdagi farmatsevtika mahsulotini mahalliylashtirish mo‘ljallangan. Ishlab chiqarishni xalqaro standartlarga o‘tkazish, narx va sifat mutanosibligini ta’minlash maqsadida sohada raqamlashtirishni bu yil 65 foizga yetkazish, keyingi yil esa to‘liq yakunlash vazifasi kun tartibiga qo‘yildi. Bu orqali farmmahsulotlar narxini kamida 20 foizga arzonlashtirish mumkinligi qayd etildi. Soha uchun malakali mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha ham ko‘rsatmalar berildi.

Mutaxassislar mamlakatimizda dorixonalar ko‘pligi (o‘rtacha 2 ming aholi uchun 1 ta dorixona to‘g‘ri kelishi) iqtisodiy jihatdan foyda keltirgan bo‘lsa-da, ijtimoiy tomonidan ko‘proq zararli ekanini aytmoqdalar. Chunki har qadamda dorixona bo‘lgach, retseptsiz dori vositalarini sotish holatlariga butkul chek qo‘yish imkonsiz qolmoqda. Demak, o‘sha masala – sohada har qancha yaxshi o‘zgarishlar, istiqbolli rejalar amalga oshmasin, farmatsevtika rivojiga erishish, aholining sifatli, xavfsiz, kafolatlangan va arzon dori vositalari hamda tibbiy buyumlar ta’minotini to‘m ma’noda yaxshilash uchun nazorat instituti har qachongidan ham kerak bo‘lmoqda.

Nazorat institutining ishlashi uchun birinchilar qatori, tabiiyki, xalq ishonch bildirgan siyosiy partiyalar tashabbuskor bo‘lmog‘i lozim.

Farida MAHKAMOVA