Mamlakatimiz Prezidentining Fransiyaga tarixiy davlat tashrifi jahon jamoatchiligining diqqat-e’tiborini tortdi. Zero, O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasida o‘zaro hamkorlik bo‘yicha keyingi yillarda misli ko‘rilmagan natijalarga erishilmoqda.
Darhaqiqat, O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi hamkorlik sezilarli darajada mustahkamlanib, turli sohalarda qator qo‘shma loyihalar amalga oshirilayotgani ko‘plab mamlakatlar matbuotida keng yoritilmoqda. Masalan, O‘zbekiston Prezidentining Fransiyaga davlat tashrifi oldidan “London Post” nashrida e’lon qilingan maqolada ikki davlat o‘rtasidagi yaqin munosabatlar, iqtisodiyot, siyosat sohasidagi loyihalarni va gumanitar tashabbuslarni amalga oshirishda muhim strategik sherikligi haqida so‘z boradi.
Xususan, 2023 yilda O‘zbekiston hukumati va Fransiya taraqqiyot agentligi o‘rtasida 2025 yilgacha mo‘ljallangan yangi Strategik hamkorlik dasturi imzolangan bo‘lib, umumiy budjeti 1 milliard yevrodan oshgan dastur doirasida qishloq xo‘jaligi, energetika, yashil iqtisodiyot, shaharsozlik, suv ta’minoti, bank-moliya sektori, transport tarmoqlarida samarali loyihalar tatbiq qilinmoqda.
Fransiya biznesining ishtiroki respublikamiz iqtisodiyotining kommunal xo‘jalik (Veolia, Suez, Eiffage), energetika, jumladan, “yashil” energetika (EDF, Total Eren, Voltalia, Orano), oziq-ovqat sanoati (Lactalis) kabi muhim sohalarida sezilarli darajada oshdi. Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiya va O‘zbekiston – Fransiya Savdo palatasi ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirishning muhim mexanizmlari hisoblanadi.
Shuningdek, madaniy-gumanitar sohalardagi yaqin aloqalar ham faol kengaymoqda. So‘nggi yetti yilda turizm, arxeologiya, dizayn, moda, lingvistika, ta’lim, biznes-menejment, sog‘liqni saqlash va sport kabi yo‘nalishlarda 50 dan ortiq kelishuvlar imzolangani bunga misoldir. Bunday kelishuvlar natijasini O‘zbekistonga kelayotgan fransiyalik sayyohlar soni yiliga 20 ming kishiga yaqinlashganida ham ko‘rish mumkin.
Yana bir e’tiborga loyiq jihati, bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarida Fransiya parlamenti bilan hamkorlik guruhlari tashkil etilgan bo‘lib, o‘z navbatida Fransiya Senatida ham “Fransiya – Markaziy Osiyo” parlamentlararo guruhi, quyi palata – Milliy assambleyada esa “Fransiya – O‘zbekiston” do‘stlik guruhi faoliyat yuritmoqda.
Albatta, oliy darajadagi uchrashuvlar O‘zbekiston va Fransiya hamkorligini yangi pog‘onaga olib chiqmoqda. Ushbu hamkorlik siyosiy va diplomatik muloqot hamda savdo-investitsiyaviy, iqtisodiy sheriklikni rivojlantirishda, ta’lim, fan sohalaridagi o‘zaro almashinuvni mustahkamlashda yanada keng istiqbollarni ochadi.
Imomnazar TURSUNOV,
Oliy Majlis Qonunchilik
palatasidagi O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.