Bugungi kunda poytaxtimizda 50 dan ortiq mahalla hamda 400 dan ortiq ko’cha mavjud va bu ko’chalarning 8 tasi asosiy hisoblanadi. Tabiiyki, yirik megopolis shaharlardagi kabi poytaxt aholisi, dunyoning to’rt tomonidan keladigan mehmonlari o’sib boryapti. Zamonaviy xizmatlar, ravon va keng ko’chalar, ish o’rinlariyu dam olish joylari bilan bir qatorda jamoat transportiga bo’lgan ehtiyoj ham ortmoqda.
Sir emaski, shahar aholisi va mehmonlarning katta qismi jamoat transportlaridan foydalanadi. Shunga qarab poytaxt transportini qulaylashtirish choralari ko’rilyapti. Misol uchun, yer usti metro yo’nalishlari qurilib, avtobuslar soni oshirilyapti. Zamonaviy transportlarga mos bekatlar qurish ishlari ham izchil bormoqda.
Xususan, 2023 yilning noyabr oyida sinov tariqasida “smart” bekatlar qurish boshlanganini xabar qilishdi. Ya’ni, Bobur va Furqat ko’chalarida yo’llarni joriy ta’mirlash, transport harakatini optimallashtirish, ITT joriy etilishi haqida xabar qilingan edi. Bekatlarga konstruktsiyadan tashqari, bankomatlar, vending apparatlari, bepul Wi-Fi, marshrutlar va avtobusning yetib kelish vaqti bo’yicha elektron tablo, shuningdek, kuzatuv kameralari, chiqindi tashlash qutilari va mobil qurilmalarni quvvatlantirgichlar o’rnatilishi kerak. Bundan tashqari, bekatlar nogironligi bo’lgan shaxslar uchun panduslar bilan jihozlanishi lozim.
Ayni paytda Toshkentda 2 mingdan ortiq (!) avtobus bekatlari mavjud va ularning ko’pchiligi talablarga javob bermay qolgan. Bekatlarning hajmi, uzunligi, joylashuvi esa jiddiy o’ylab ko’rish kerak bo’lgan yana bir katta masala sanaladi.
Birinchi muammo. Yo’lovchi gavjum bo’ladigan joylarda deyarli barcha bekatlar turli savdo, xizmat ko’rsatish shoxobchalariga aylantirib olingan.
Ikkinchi muammo. Bekatlarda yo’lovchilar uchun juda kam joy qolgan. Yozda jaziramada, qish-qirovli kunlarda sovuqda tashqarida turishiga to’g’ri kelmoqda.
Uchinchi muammo. Avtomobil yo’llari toifasiga qarab, avtobus bekatlarining jihozlanish tartibi mavjud, ammo bunga har doim ham amal qilinmaydi. Masalan, chiqish va tushish maydonchalari, kutish joyi, o’tish chiziqlari, avtobuslar to’xtashi uchun yo’lning maxsus kengaytirilgan qismi, ajratuvchi chiziq, piyodalar yurish yo’lakchalari, piyodalar o’tish joyi, avtopavilon, o’rindiqlar, chiqindi qutilari va albatta yoritish uskunalari bo’lishi lozim.
To’rtinchi muammo. Bekatlarda jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslarning harakatlanishi va xavfsizligi uchun sharoit yo’q hisobi. Poytaxtimizning Yunusobod, Mirobod, Yakkasaroy, Sergeli, Shayxontohur tumanlaridagi bir nechta ko’chalarda bo’lganimizda aksariyat bekatlarda nogironlar aravachasi harakatlanishi, transport yo’lidan himoyada, noqulay ob-havodan panada turishi uchun avtopavilonga o’ta olmasligini ko’rdik. Borlari ham belgilangan qiyalik me’yoriga javob bermaydi. Ularda harakatlanish imkonsiz.
Albatta, avtobus bekatlarining tadbirkorlarga berilishining o’ziga xos talablari bor. Misol uchun, bekatni obodonlashtirish, ozodaligi va qulayligini nazorat qilish, muhimi, bekatda odamlar uchun eng zarur bo’lgan xizmatlarni taqdim etishdan iborat bo’lishi kerak.
Vazirlar Mahkamasining 482-son qaroriga ko’ra, hokimliklar va yo’l organlari qurilish normalari va qoidalariga muvofiq shaharlarda va aholi punktlarida sutkaning qorong’i vaqtida avtobus bekatlari hamda ularning atrofi yoritilishini tashkil etishni ta’minlashi zarur. Mazkur qoida markazlarda amalda. Ammo markazdan uzoqroq bo’lgan bekatlarda qaror ijrosini ko’rmaysiz. Vaholanki, bu sutkaning qorong’u qismida xavfsizlikni ta’minlashning muhim sharti sanaladi. Aksariyat bekatlar esa hamon o’tgan asr standartlari bilan qolib ketgan. O’zgartirilganiga ham yog’ingarchilik paytida odamlar sig’maydi.
Yunusobod tumani, Bog’ishamol ko’chasi, test markazi bekati. Bekat to’liq tadbirkor tomonidan egallangan.
Chingiz Aytmatov va Shivli ko’chalari kesishmasida joylashgan “Shivli ko’chasi” bekati. Bu yerda bekat nafaqat tadbirkor tomonidan egallab olingan, balki ruhsatnomasiz tag-tubi bilan buzib yuborilganiga guvoh bo’ldik.
Xuddi shu manzildagi 2-bekat ham aholi, xalq emas, tadbirkorlar ixtiyorida. Holbuki, Prezident qarorida avtobus bekatlarida faqat reklama vositasi, bankomatlar va oziq-ovqat mahsulotlarini xarid qilishga mo’ljallangan o’ziga o’zi xizmat ko’rsatish (vending) avtomatlarini joylashtirishga ruxsat etilishi belgilangan.
Shota Rustaveli, Bobur, Nukus, Amir Temur, Shahrisabz, Xurshid, Sharof Rashidov, Osiyo kabi ko’chalarda bo’lganimizda ham bu kabi holatlarga guvoh bo’ldik.
Avtobuslarning bekatlardan ancha uzoqda majburan yoki ixtiyoriy ravishda to’xtashlari, bekatlar ko’proq savdo shoxobchalari va tamaddixonalarga aylantirib olingani, qarovsizligi, nogironligi bo’lgan shaxslar uchun moslashtirilmagani, atrofda tashqi omil ta’siridan himoyalash xususiyatiga ega emasligi, bir so’z bilan aytganda, egasizligini ko’rdik.
Haydovchilar bilan suhbatlashganimizda bekatlarning kichikligi, bir vaqtning o’zida ikkita avtobus kelib qolsa, to’xtash uchun joy yo’qligini ta’kidlashdi. Ayrim bekatlar atrofi avtomobil turargohiga aylantirib olingani ham harakat xavfsizligiga ta’sir qilishi aytildi. Ayniqsa, 15 metrdan uzunroq bo’lgan zamonaviy avtobuslarning to’xtashi uchun bekatlarda sharoit deyarli yo’qligi ularni ham tashvishga solmoqda.
Zilola UBAYDULLAYEVA.