Iqtisod

Minglab oilalar uchun daromad va mamlakat taraqqiyotining muhim manbai

Blog Image
Email : 5 0

Joriy yil 16 mart kuni Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining 3-mis boyitish fabrikasi birinchi navbati ishga tushirilishi nafaqat korxonamiz jamoasi, balki butun mamlakatimiz sanoati taraqqiyotida, ta’bir joiz bo‘lsa, yangi bosqichni boshlab berdi.

Qiymati 2 milliard 700 million dollarlik fabrika yiliga 60 million tonna ma’danni qayta ishlab, 900 ming tonnaga yaqin mis konsentrati ishlab chiqaradi.

Davlatimiz rahbari ushbu yirik strategik ahamiyatga ega fabrikamizning ochilish marosimida ishtirok etar ekan, sohadagi, xususan, korxonamiz faoliyatida erishilayotgan yutuqlarni alohida sanab o‘tdi.

Darhaqiqat, sohada shaffof tizim yaratilgani hisobiga so‘nggi to‘qqiz yilda 10 milliard dollar xorijiy investitsiya kiritilgani, bugungi kunda 65 ta xususiy korxona faoliyat yuritayotgani, tarmoqda ishlab chiqarish 1,7 barobar o‘sib, o‘tgan yilning o‘zida 270 trillion so‘mga yetgani uzoqni ko‘zlab olib borilayotgan islohotlarning yorqin natijasidir. Shu bilan birga, xorijiy hamkorlar bilan yuqori malakali kadrlarni tayyorlashning yo‘lga qo‘yilgani ham eng katta yutuqlardan biri bo‘ldi.

Misol uchun, Olmaliqda «Moskva po‘lat va qorishmalar instituti» universiteti filiali, Olmaliq texnika instituti, Toshkent shahrida Geologiya fanlari universiteti (Uxan geologiya universiteti bilan hamkorlikda) hamda Italiyaning Piza universiteti filiali tashkil qilindi. Navoiykonchilik texnologiyalari universitetida ham Rossiya, Kanada, AQSh, Fransiya va Chilining ilg‘or oliygohlari bilan qo‘shma dasturlar yo‘lga qo‘yildi. Buning samarasi o‘laroq qimmatbaho va rangli metallarni faqat xom ashyo shaklida emas, balki ularni qayta ishlab, yuqori qiymatli mahsulot yaratish qamrovi oshdi. Bu esa, tabiiyki, malakali mahalliy kadrlarni tayyorlash tizimi bilan chambarchas bog‘liqdir.

Prezidentimiz 2026 yilning o‘zida ishga tushadigan loyihalar hisobiga misni chuqur qayta ishlash quvvatlari 240 ming tonnaga yetishini ta’kidladi. Va bu ko‘rsatkich yaqin ikki uch yilda yanada o‘sib borishi kutilmoqda.

Bilamizki, mis sanoat, energetika, elektrotexnika, raqamli iqtisodiyot, sun’iy intellekt, «yashil» taraqqiyot uchun strategik xom ashyo hisoblanadi. Aytib o‘tilganidek, mis sanoatida yuqori qiymat zanjiri yaratilsa, bu xom ashyoni chuqur qayta ishlash uchun zamonaviy infratuzilma barpo etilsa, minglab oilalarga daromad, hududlarga taraqqiyot, mamlakatga qudrat olib keladi.

Shu nuqtai nazardan yangi ishga tushirilgan 3-mis boyitish fabrikasi ham mamlakatimizda shakllanayotgan “mis klasteri”ning strategik tayanch nuqtasi sifatida namoyon bo‘lmoqda.

Fabrikaning strategik ahamiyati, avvalo, uning ijtimoiy-iqtisodiy ta’sirida yaqqol ko‘rinadi. Loyiha to‘liq quvvatga chiqqanidan so‘ng 4 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yuzaga keladi. Bu ilg‘or bilim va ko‘nikmalarga ega mahalliy yoshlarimizga katta imkoniyat demakdir.

Yuqorida keltirib o‘tganimdek, yiliga ishlab chiqariladigan 900 ming tonnaga yaqin mis konsentrati tarkibidan 166 ming tonnadan ortiq mis, shuningdek, oltin, kumush va boshqa qimmatbaho rangli metallar ajratib olinib, keyingi bosqich – Mis eritish zavodiga uzluksiz ravishda yetkazib beriladi.

Loyihaning noyobligi uning yuqori texnologik darajasi va zamonaviy avtomatlashtirilgan tizimlari bilan ham belgilanadi. Fabrikada dunyoning yetakchi kompaniyalari – «Metso Outotec», «FLSmidth», PAO “Uralmashzavod”, «Weir Minerals» va «Siemens» uskunalari asosida yagona integratsiyalashgan texnologik majmua yaratilgan. Jumladan, «HPGR» texnologiyasi energiya sarfini sezilarli darajada kamaytirib, qayta ishlash samaradorligini oshiradi. Zamonaviy flotatsiya va filtrlash uskunalari esa yuqori sifatli konsentrat olishni ta’minlaydi. «Siemens PCS 7» va «AVEVA PI Vision» platformalari orqali barcha texnologik jarayonlar real vaqt rejimida nazorat va boshqaruv qilinadi.

Oldimizda, shubhasiz, ulkan marra va vazifalar turibdi. Energiya tejamkorligini ta’minlash, resurslardan oqilona va samarali foydalanish, ishlab chiqarish samaradorligini izchil oshirish hamda mamlakatimizning eksport salohiyatini yanada kengaytirish asosiy maqsadimizga aylandi. Xususan, 2026 yil yakuniga qadar texnologik liniyalarni barqaror ish rejimiga o‘tkazish orqali 20 million tonna ma’danni qayta ishlash, 288 ming tonnadan ziyod mis konsentrati ishlab chiqarish hamda uni Mis eritish zavodiga uzluksiz va barqaror yetkazib berishga qaratilgan aniq rejalarni ishlab chiqqanmiz.

Bundan tashqari, ishlab chiqarish jarayonlarida qo‘llaniladigan reagentlar, sarf materiallari va ehtiyot qismlarni mahalliylashtirish darajasini izchil oshirish, muqobil hamda innovatsion yechimlardan samarali foydalanish orqali mahsulot tannarxini sezilarli darajada kamaytirishga qaratilgan ishlar ham belgilab olindi.

Oliy ta’lim muassasalari bilan uzviy va samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, dual ta’lim tizimini sanoat talablari bilan uyg‘unlashtirish orqali zamonaviy bilim va kompetensiyalarga ega yuqori malakali muhandis texnik kadrlarni maqsadli tayyorlash va ishlab chiqarishga keng jalb etish ustuvor vazifalarimiz sirasiga kiradi.

Muxtasar aytganda, bildirilayotgan yuksak ishonchni mas’uliyat bilan, salmoqli amaliy natijalar, yuqori mehnat unumdorligi va Vatanimiz iqtisodiy qudratini mustahkamlashga qo‘shayotgan munosib hissamiz orqali oqlash pirovard maqsadimizdir.

 

Erkin ARTIKBAYEV,

“Olmaliq KMK AJ 3-mis boyitish fabrikasi direktori.