Fokus

Ezgulik tantanasi

Blog Image
Email : 26 0

Navbahor nasimida qish uyqusidan uyg‘ongan daraxtlar, quyosh taftida erkalanib yuz ochgan gul-u chechaklar, nish urgan maysalar, qushlarning chug‘ur-chug‘uri… Ayni shu palladan tabiat mohir musavvir kabi butun borliqqa ajib tarovat baxsh etishga kirishadi. Bu uyg‘onish fasliga uyg‘un holda inson ichki olami ham go‘yo qaytadan yangilanadi, eng pokiza, ezgu tuyg‘ular qalblarda jo‘sh uradi. Jamiyatda tenglik, hamjihatlik, totuvlik tantana qiladi.

Har bahor bu kunni o‘zgacha intiqlik, sog‘inch va entikish bilan qarshi olamiz. Buyuk mutafakkir, she’riyat mulkining sultoni Hazrat Mir Alisher Navoiy bejiz “Har tunung qadr o‘lubon, har kunung o‘lsun Navro‘z”, deya lutf qilmagan.

Bayramlar azal-azaldan har o‘lkaning, har millatning madaniyatini, an’ana va qadriyatlarini, orzu-umidlari va turmush tarzini o‘zida mujassam etadi. 3 ming yildan ortiq tarixga ega Navro‘z xalqimiz asrlar davomida katta shodiyona va xursandchilik bilan nishonlab, ardoqlab kelayotgan bayramlar sirasiga kiradi.

 

Yunon olimi Strabon (miloddan avvalgi 63/64 yilda tug‘ilgan)ning yozishicha, ikki daryo oralig‘ida yashagan qadimgi ajdodlarimiz Navro‘z kuni otashkada, ya’ni, olovga topinadigan ibodatxonalarda to‘planishgan va yilboshini 12 kun davomida nishonlashgan. Bayramda har bir kishining yelkasiga oftob nuri tushishi yil bo‘yi to‘kin-sochin, barakali hayot kechirishidan darak beradi, deb qaralgan. Bayram tantanalari ekin-tikin yumushlarining boshlanishi bilan o‘z nihoyasiga yetgan.

Abu Bakr ibn Ja’far Narshaxiyning “Buxoro tarixi” asarida ham Navro‘z o‘lkamizda bir necha ming yil davomida uzluksiz nishonlanib kelinayotganini tasdiqlaydigan muhim dalillar bor.

Ma’lumki, Navro‘z sharq xalqlarining eng qadimiy va umrboqiy bayrami hisoblanadi. Tarixiy manbalarda, jumladan, buyuk alloma Abu Rayhon Beruniyning “Osorul-boqiya” (Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar), Mahmud Qoshg‘ariyning “Devonu lug‘otit-turk”, Firdavsiyning “Shohnoma”, Umar Hayyomning “Navro‘znoma” asarlarida Navro‘zni azaldan Turon zamin xalqlari katta shodiyona bilan nishonlaganlari alohida qayd etilgan.

Insoniyat tamaddunining qadimgi beshiklaridan sanalgan Mesopotamiyada ham bundan ming yillar avval yilboshi katta bayram sifatida nishonlangani qadimgi shumer manbalarida o‘z aksini topgan. Ayrim taxminlarga ko‘ra, shumerliklar iqlimdagi o‘zgarishlar sabab shimoliy mintaqalardan Yaqin Sharq tomonga ko‘chib borgan qadimgi turkiylar avlodi sanaladi. Qadimgi shumer manbalarida 300 dan ortiq turkiy tillardagi so‘zlar aniqlangani ham tasodif bo‘lmasa kerak.

Mahmud Qoshg‘ariyning “Devonu lug‘otit-turk” asaridan o‘rin olgan Qish va Yoz munozarasida ham aynan bahorgi teng kunlik nazarda tutilgan. Asosan turkiy xalqlar, shuningdek, xitoy, mo‘g‘ul va boshqa Sharq xalqlarida keng qo‘llanadigan muchal taqvimida yillar aynan bahorgi teng kunlikdan boshlab yangilanadi.

Anglash mumkinki, Navro‘z bayramining paydo bo‘lishi quyoshning Hamal burjiga kirishi, tun va kunning tenglashuvi kabi qator tabiat o‘zgarishlari bilan bog‘liq. Bu esa mazkur bayram chuqur astronomik ilmiy asoslarga ega ekanini bildiradi.

Mamlakatimizda Navro‘z umumxalq bayrami sifatida 1990 yildan boshlab rasman keng nishonlanib kelinadi. Mazkur bayram 2009 yil 30 sentabrda insoniyat madaniy merosining ajralmas qismi sifatida YUNESKO tomonidan umumjahon nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan. 2010 yilning 19 fevral kuni BMT Bosh Assambleyasining 64-sessiyasida 21 mart — “Xalqaro Navro‘z kuni”, deb e’lon qilindi hamda bu bayram turli xalqlar o‘rtasidagi madaniy aloqalar va o‘zaro hamjihatlikni rag‘batlantirish, qo‘ni-qo‘shnichilik munosabatlarini, do‘stlikni mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega ekani e’tirof etildi.

Quvonarlisi, so‘nggi yillarda Navro‘z, davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, o‘zining o‘lmas ruhi, umuminsoniy g‘oyalari bilan bashariyat hayotidan tobora chuqur o‘rin egallamoqda.

Keling, shu o‘rinda mazkur ayyomning yurtimiz va mintaqamizda qanday nishonlanishiga doir qiziqarli ma’lumotlar bilan tanishsak.

 

Orolbo‘yida Navro‘z

Orolbo‘yi xalqlari, xususan, qoraqalpoqlar ham Navro‘z (Nao‘rыz) bayramini bahorgi teng kunlik, to‘kin-sochinlik, baxt-u saodat, ezgu orzu-umidlar ramzi sifatida ardoqlab keladilar.

Navro‘z kirishi bilan Orolbo‘yi dehqonlari yaxshi niyatlar bilan yerga urug‘ qadaydilar, bog‘bonlar ko‘chat o‘tqazadi. Ot choptirish, ko‘pkari, kurash, qo‘chqor urishtirish singari xalq o‘yinlari har yilgi Navro‘z tantanalariga ayricha jo‘shqinlik baxsh etadi. Araz-ginalar unutiladi, muhtoj kishilarga mehr-muruvvat ko‘rsatiladi. Baxshi-jirovlar do‘mbira chertib, barhayot dostonlar, o‘lan va laparlarni kuyga soladilar. Doshqozonlarda sumalaklar qaynaydi. Qoraqalpoqlarning sevimli bayram taomlaridan yana biri “Navro‘z go‘jasi”, deb ataladi. Bu taom yetti xil dondan tayyorlanadi. Har bir xonadonda ana shunday taom pishiriladi va qo‘ni-qo‘shnilarga, ovuldoshlarga tarqatiladi. Kishilar, ayniqsa, qariyalar “Navro‘z go‘jasi”dan totib, yilning barakotli bo‘lishini tilaydilar.

 

«Olti baqan»,»Qiz quu»…

Qozoqlarda ham Navro‘z (naurыz) bilan bog‘liq ana shunday an’analar, urf-odatlar ko‘p. Xususan, qozoqlar bayram arafasida birinchi bo‘lib uchib keladigan qushni “Navro‘zko‘k”, birinchi bo‘lib ochiladigan gulni “Navro‘zchechak” deb nomlashgan. Qadimda qozoqlarda Navro‘z tantanalari 3-9 kunlab davom etgan. Bo‘yi yetgan qizlar bu kuni yigitlarga atab “Uyqi oshar” degan lazzatli taom pishiradilar. Yigitlar esa ularga turli-tuman bayram sovg‘alari tortiq qiladilar. Qariyalar yoshlarning baxt-u iqbolini tilab, xayrli duolar qiladilar.

Mamlakatimizda istiqomat qilayotgan qozoq millatiga mansub minglab yurtdosh­larimiz bu sanani ko‘tarinki kayfiyatda, shod-xurramlik bilan qarshi oladi. Turli-tuman xalq o‘yinlari, sport musobaqalari tashkil etiladi. «Olti baqan»,»Qiz quu» musobaqalari, ayniqsa, katta-yu kichikda birdek qiziqish uyg‘otadi. Shu kuni doshqozonlarda beshbarmoq, sumalak, palovxonto‘ralar pishirilib, dasturxonlarga tortiladi. Kattalar kichkintoylarni ot va tuyalarda sayr qildirishadi.

 

Ko‘karmagan giyohlar ko‘karib ravon paydo…

Navro‘z (Nowruz) turkman xalqining ham eng qadimiy, go‘zal va betakror bayramlaridan biridir. Turkmanlar azaldan Navro‘zni tabiat qo‘ynida, xushmanzara go‘shalarda, qir-adirlarda nishonlab kelishgan. Momolar tayyorlagan semeni – sumalak, dog‘rama, pishme, palov singari lazzatli milliy taomlar bayram dasturxonini be­zaydi. Turkman elining to‘y-u bayramlarini ot – uloq-ko‘pkari musobaqalarisiz tasavvur etib bo‘lmaydi.

Mamlakat poytaxtida, viloyat va etrap (tuman) markazlarida tashkil etiladigan milliy sport o‘yinlarida minglab chavandozlar, polvonlar o‘z kuch va mahoratlarini namoyish etadilar. Baxshilar, oqinlar Navro‘z, bahor, tinchlik, totuvlik, hamjihatlikni tarannum etuvchi doston, aydim, laparlarni ijro etadilar. Ayniqsa, tantanalarda katta-yu kichik “Qusht depdi” milliy raqsiga tushib, xursandchilik qiladi. Daraxt shoxlariga osilgan halinchaklar xotirjamlik, farovonlik, baxt-saodat timsoli hisoblanadi. Ayniqsa, yigit-qizlar bayram arg‘imchoqlarida uchib, o‘zlariga omad, baxt so‘raydilar. Dehqonlar oqsoqol – yoshullilardan duo olib, ko‘klamgi ishlarni boshlaydilar.

Navro‘zning umrboqiyligi, betakrorligi turkman xalq og‘zaki ijodida, mumtoz adabiyotida ham o‘z ifodasini topgan. Buyuk turkman shoiri Maxtumquli bu haqida shunday nafis misralarni bitgan:

Keldi navro‘z olamga, rang qilar jahon paydo,

Bulutlar ovoz urib, tog‘ qilar tuman paydo,

Bejonlara jon kirib, etarlar dahon paydo,

Ko‘karmagan giyohlar ko‘karib ravon paydo…

 

Yilda bir Navro‘z o‘lur

Turkiy adabiyotning mumtoz vakillaridan yana biri, buyuk ozarbayjon shoiri Muhammad Fuzuliyning dilbar g‘azallarida ham Navro‘zi olam vafsini uchratamiz.

Har kun ochar go‘nglumi zavqi visoling yangidan,

Garchi gullar ochmag‘a har yilda bir Navro‘z o‘lur.

Navro‘z qadim-qadimdan ozar qardoshlarimizning sevimli bayrami bo‘lib kelgan. Bu yurtda Navro‘z taraddudi, u bilan bog‘liq tadbirlar ancha erta boshlanadi. Qish chillasi chiqishi bilan o‘tkaziladigan «Xizr Nabi» marosimi shular jumlasidandir.

Navro‘zga bir oy qolganda ozarbayjonlar haftaning har chorshanba kuni gulxan yoqib, uning atrofida o‘yin-kulgi qilishadi. Bayramoldi so‘nggi chorshanbasida yosh-u qari olov ustidan hatlab o‘tadi. Hatto uy hayvonlarini ham yonib turgan olov ustidan olib o‘tishadi. Xalq aqidalariga ko‘ra, shu tariqa har bir kishining dard-alamlari, tashvishlari shu olovda yonib kul bo‘ladi. Marhumlar yodga olinib, ularning ruhi shod etiladi.

Bayram kunlari xalq qiziqchilari – «kal» va «ko‘sa»lar yelkalariga xurjun osib, milliy kiyimlarda ovul va mahallalarda, qishloq va guzarlarda ichakuzdi hangomalar aytib berishadi, turli kulgili tomoshalar ko‘rsatishadi. Tomoshabinlar ularni o‘z himmatiga yarasha siylaydi. Bayram sayillarida oshiqlar – ozar baxshilari davrada chordana qurib, soz chalib, xalq dostonlaridan o‘qiydilar. Kichkintoylar hovlima-hovli yurib, devor osha bosh kiyim – papoqlarini irg‘itadilar. Uy egasi esa bolalarning papog‘ini shirinlik, qand-qursga to‘ldirib qaytaradi.

 

Mushtarak qadriyatlar

Eron, Afg‘oniston va Markaziy Osiyoda istiqomat qiluvchi forsiyzabon xalqlarda Navro‘z bilan bog‘liq turli-tuman marosimlar, urf-odatlar hozirgacha saqlab qolingan. Masalan, afg‘onlar «haft sin» ya’ni sin (s) harfi bilan boshlanuvchi yetti xil taom tayyorlab dasturxonga tortadilar.

Navro‘z bilan bog‘liq qo‘shiqlar, bayt-u g‘azallarni xalq og‘zaki ijodida ko‘plab uchratish mumkin:

Navro‘z shudu lolayi xushrang baromad,

Bulbul ba tamomshoyi dafu chang baromad,

Murg‘oni havo jumla bikardand, chu parvoz,

Murg‘i dili mo az qafasi tang baromad.

(Navro‘z kelib, qirmizi lolalar ochildi, bulbullar daf va chang kabi cholg‘ular navosini tomosha qilgani kelishdi. Havo qushlari keng samoga parvoz qilganidek, bizning ko‘nglimiz qushlari ham tor qafasidan uchib chiqdi).

Qardosh xalqlar hayotida Navro‘zi olam bilan bog‘liq o‘xshash va o‘ziga xos jihatlar haqida ko‘p va mufassal gapirish mumkin. Bu mushtarak qadriyatlar xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik, birodarlik, hamjihatlikning azaliy va abadiy ekanidan ham yorqin dalolatdir.

 

Oliyjanob g‘oyaga hamohang

Shu kunlarda xalqimiz sharqona yangi yil boshlanadigan qutlug‘ sana — Navro‘zi olamni yangi umid va yangi orzular bilan qarshi olmoqda. Zero, bu munavvar ayyom keyingi yillarda Vatanimizda amalga oshirilayotgan «Inson qadri uchun, inson baxti uchun» degan oliyjanob g‘oyaga hamohang bo‘lib, tom ma’noda umumxalq bayramiga aylandi hamda mamlakatimizning barcha shahar va qishloqlarida keng nishonlanmoqda. Ushbu fasl falsafasidagi insonparvarlik, odamzotni butun borliqning gultoji sifatida e’zozlash, ona zamin va tabiatni asrab-avaylash tamoyillari bugungi kunda hayotimizda yanada yorqin namoyon bo‘lmoqda.

Prezidentimizning “2025 yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan ushbu ayyom mamlakatimiz bo‘ylab “Qadriyatlaring boqiy bo‘lsin, Navro‘z!” degan bosh g‘oya asosida xalq sayillari shaklida yuqori saviyada nishonlanadi. Bayram oldidan, qolaversa, muqaddas Ramazon oyi ruhidan kelib chiqib, ayni kunlarda keksa avlod vakillarini yo‘qlash, ijtimoiy ko‘makka muhtoj oilalarning, «Mehribonlik» , «Saxovat» va «Muruvvat» uylarida yashayotgan hamyurtlarimizning holidan xabar olib, turli xayriya tadbirlarini o‘tkazish ishlari boshlab yuborildi. Shahar va qishloqlarimizda hashar yo‘li bilan obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish yumushlari qizg‘in davom etmoqda.

Doimiy an’anaga aylangan bu Navro‘zoldi tadbirlari, shubhasiz, jamiyatimizda hamjihatlik, oqibat, mehnatsevarlik va tinchliksevarlik muhitini sayqallashtirib, o‘sib kelayotgan avlod qalbida ezgulik, ona zaminga, tabiatga mehr tuyg‘ularini kamol toptirishga xizmat qiladi.

Navro‘z milliy va umuminsoniy qadriyatlari bilan xalqimiz hayotida hamisha beqiyos o‘rin tutadi, asrlar osha shakllangan urf-odat va an’analarimizni kelajak avlodga yetkazishda ko‘prik vazifasini o‘taydi. Bu ayyomning bebaho qadri-qimmati ham mana shunda aslida.

 

Rustam JABBOROV,

filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori.

«O‘zbekiston ovozi», 19.3.2025, №11