Axborot tezlashgan zamonda yashayapmiz. “Nega gazeta jurnal o‘qimaysiz?” degan savolga hatto yoshi kattalar ham “Hamma yangiliklarni televizordan ko‘raman, internetdan o‘qiyman”, deb javob berishadi. Demak, ular uchun matbuot faqatgina axborot olinadigan maydon.
Aslida esa gazeta va jurnallarning har bir soni bir asar kabidir. Shuning uchun ham eng rivojlangan davlatlarda matbuotga yoshlarning kitobxonlik ko‘nikmasini shakllantiradigan muhim vosita sifatida qaraydilar. O‘zini ziyoli sanagan har bir inson erta tongni gazeta varaqlash bilan boshlaydi.
Bizda ham bir paytlar shunday edi. Katta va o‘rta yoshli avlod yaxshi eslaydi, bolaligimizda har bir xonadonga gazeta-jurnallar kirib borar, kechqurunlari bobo-buvilar, ota-onalar dasturxon yig‘ilgach, ularni o‘qishga kirishardilar. “Gulxan”, “g‘uncha” singari bolalarbop nashrlar esa deyarli har bir maktab o‘quvchisining dars stoli ustida turgan.
Televizor tomosha qilishning ham o‘z qoidasi, vaqti bor edi. Bundan tashqari, oilaviy bo‘lib kitob o‘qish, o‘sha kitob haqida fikrlashish, bahslashish maroqli edi. Hozirda esa oilaning barcha a’zolari qo‘lida bittadan telefon. Oilada o‘zaro muloqot, fikr almashish, dardlashish, bir-biriga ma’nan-ruhan suyanish deyarli yo‘q.
Xususiy kanallarda namoyish etilayotgan illuziyalar ba’zi yoshlarimizni real hayotdan yiroqlashtirmoqda. Ular ekrandagi yengil-yelpi hayotni ko‘rib, ko‘ngli tusagandek yashashni, mehnat qilmaslik, ilm olish yo‘lida mashaqqat chekmaslikni xohlamoqdalar. E’tibor bergan bo‘lsangiz, maishiy mavzudagi teleseriallarimizda voqealarning barchasi hashamatli hovlilarda, osmono‘par qilib qurilgan va qimmatbaho jihozlar bilan jihozlangan uylarda tasvirga olinadi.
Aslida o‘sha hashamatli hovlilarni, qimmatbaho mashinalarni serial tashkilotchilari falon pulga ijaraga olishadi. Ijara shartnomasi tugashi bilan tasvirga olish guruhi u hashamatdan chiqib ketadi. Haligi qasrlarni, moviy hovuzlarni, favvoralarni, bog‘ va undagi tovuslaru, sayroqi qushlarni ko‘rgan yoshlar shinamgina bo‘lsa-da, o‘z boshpanasiga norozi qaray boshlaydi. Hatto o‘zini kambag‘al sezib o‘ksinadi. Ekrandagi hayotni bera olmagan ota-onasidan norozilik kayfiyati paydo bo‘ladi. Ota onasining halol luqma topib kelayotgani va asl baxt shunda ekanini bilmaydi.
Shunday hayotga uchgan yoshlar hammadan ayb qidira boshlaydi. Gap qaytaray, desa otasiga haddi sig‘maydi. Uning haddini ko‘taradigan birgina inson — onadir. Bola onasiga baland pardada gapira boshlaydi. Bola onaga nisbatan qo‘pollashib boradi. Kundan-kunga jizzakilik bilan oqibatda ekranda ko‘rgan tengqurlari kabi hamma-hammaga izzatsizlik qiladi.
Darvoqe, o‘g‘il bola ayol zotiga muomala qilishni, eng avvalo, otasidan o‘rganadi. Otasidan ayol zotiga hurmat ko‘rmagan bolani mingta maktab ham tarbiya qilolmaydi. Eng yomoni, ekrandan va otasidan yuqqan qo‘pollik va ayol zotini pastga urish uning borlig‘iga chirmovuqdek chirmashib, birga o‘sadi. Sariq chirmovuq yopishgan gul xazonga mahkum bo‘ladi.
Onaga ehtirom, opa-singillarga e’zoz sharqona qadriyatlardan hisoblanadi. Oiladagi qadim urf-odatlarni, milliy tarbiyani mahv etishga xizmat qilayotgan har qanday seriallardan voz kechish vaqti keldi, nazarimizda.
Yengil-yelpi seriallar jamiyatga nima beryapti?
Ekran orqali yoki ijtimoiy tarmoqlarda ko‘rsatilayotgan seriallar jamiyat hayotiga bamisoli tabiiy ofat kabidir.
Masalan «Sevimli» kanalida namoyish etilgan “Kechir” serialida arzimagan rashkdan boshlangan gumon guldek oilaning parokanda bo‘lishiga olib kelishi ko‘rsatilgan. Film qahramonlari oila deb atalmish qo‘rg‘onning muqaddasligini butunlay unutgan. Serialning bosh qahramonlaridan biri – mulkdor erkak o‘z uyida umr bo‘yi unga sadoqat bilan yashagan xotiniga ochiqchasiga xiyonat qiladi. Davolanishga yotgan shifoxonasida hamshira bo‘lib ishlayotgan Pari ismli oilali ayolga ko‘ngli tushib, har qanday yo‘l bilan bo‘lsa-da, uni o‘ziniki qilish uchun makr tuzog‘ini tashlaydi. Erkak o‘z uyida unga sodiq yashab, farzandlar tug‘ib bergan ayolni kamsitib, xo‘rlaydi. Eng yomoni, bosh qahramonning xotiniga xiyonatini uning o‘z o‘g‘li yoqlaydi. O‘z onasining ota tomonidan qilinayotgan xiyonatning alamli o‘tida kuyayotganiga bola beparvo. Hatto o‘g‘il xiyonatkor otaning xizmatida. Serialning yana bir personaji – hiylakor xotin tuzog‘iga ilingan yigit ham oilasidan voz kechadi. Xiyonatdan zarba yegan yana bir sho‘rlik ayol bu zarbalarni ko‘tara olmay, joniga qasd qiladi. Makkora izmidagi yigit esa yetim qolgan bolalarining o‘gay ona zug‘midan qochib, sargardon bo‘lib qolishigacha beparvo yashaydi.
Qani bu serialdagi ezgu maqsad? Qani vafoga vafo bilan javob berish? Chalkash hayotlar, buzilgan oilalar… Menimcha, odamlar ongiga teskari ta’sir qiladigan, milliy qadriyatlarimizga mutlaqo yot bo‘lgan shu kabi na badiiy qimmati, na ma’naviy ozuqasi bor seriallar jamiyatga nima naf beradi?
Oilaviy qadriyatlarimiz ota va onaning bir-biriga izzat-hurmati, qarindosh-urug‘ga, qo‘ni-qo‘shniga marhamat ko‘rsatish, mahalla-ko‘y bilan yelkama-yelka bo‘lishdek ezguliklar bilan sug‘orilgan. Buni unutish, azaliy sharqona urf-odatlarimizga eskilik qoldiqlari deb qarash bir kun kelib qimmatga tushadi!
Deylik, bugun ba’zi qaynonalarning hech bir insoniylikka to‘g‘ri kelmaydigan tutumlari, faqat moddiyatga asoslangan tor qarashlari tufayli ko‘plab yosh oilalar ajrim yoqasiga kelib qolyapti. Shuning o‘zi ham muqaddas qadriyatlarimizdan uzoqlashayotganimiz belgisidir. Ya’ni qaynonaning o‘zi turmush mashaqqatlarini, ba’zi hollardagi yetishmovchiliklarni sabr-bardosh va tejamkorlik bilan yengishga toqati yo‘q. yoshgina kelinini esa uquvsiz, malakasizga chiqaradi. Oilani eng go‘zal fazilat – qanoat asraydi. Qanoat — bu eng yorug‘ yo‘l. Bu yo‘lni bosib o‘tish uchun teleekranda berilayotgan seriallardagi kibor xonimlar qiyofasiga kirib bo‘lmaydi. Holbuki, “milliy” deb atalayotgan seriallarimizning aksariyatida asabiy, jizzaki, kalondimog‘ oilalar turmush tarzi go‘yoki namuna qilib ko‘rsatilayotgani taassufli.
Siz oilangizga kelin tushirdingiz. Oilangizga o‘zga bir bog‘dan nav- niholni ko‘chirib keldingiz. U birdan sizning tutumingizga, fe’l – atvoringizga o‘z bolangizdek ko‘nikib ketolmaydi. U sizning ro‘zg‘oringiz g‘orlarini birdan yoritib, to‘ldirib tashlaydigan sehrgar emas. Shunday ekan, unga o‘ziga yot bo‘lgan muhitga ko‘nikishi uchun vaqt bering. Xatolarini tuzatishga sharoit yarating. Eng muhimi, oilaviy qadriyatlarni asrashda unga namuna bo‘ling.
Muqaddas rishtalar uzilmasin!
Oilada farzandlar bilan birga dars qilish odati ham yo‘qolib boryotganiga aniq xulosalar bor. Bu ham asl qadriyatlarimizdan biri. Bola bilan har kech o‘tilgan darsni takrorlash eng mas’uliyatli ishlardan biri. Har qanday bola uyga kelib darsliklarga yaqinlashmaslikni, shunchaki gadjetlar bilan “dam olish”ni istaydi. Atrofdagilar undan dars tayyorlashni talab qilmasa, bora–bora bola qoloqlashib boradi. Maktab o‘qituvchisi unga maktabda dars beradi. Ammo 30 nafar o‘quvchining har birining uyiga borib, uy vazifasini tayyorlab bera olmaydi. Bolaning uy vazifasini tayyorlashi, darsdan tashqari o‘qishi, qo‘shimcha adabiyotlar sotib olib, o‘zini rivojlantirishi uchun mas’ul shaxslar — ota-onalar, bobo – buvilardir. Bolaning o‘zlashtirishida butun oila yordamga kelishi kerak. Uning o‘qishga qiziqishi va qobiliyati yo‘qolib ketishiga sizning loqaydligingiz, faqat o‘zingizni qiziqtirgan seriallarni tomosha qilishingiz, telegram, instagram singari ijtimoiy tarmoqlarga sho‘ng‘ib ketishingiz tufayli bo‘lishi kerak emas. Qoloq bola bugun sinfni, maktabni orqaga tortsa, ertaga jamiyatni orqaga tortadi. Hayoti butkul izdan chiqadi.
Ba’zi oilalarda ota-ona va farzandlar o‘rtasidagi o‘zaro bir-birini tushunish, bir-biriga ko‘maklashish hamda hayo hissi ko‘tarilayotganiga ham tiyiqsiz ijtimoiy tarmoqlar, seriallar sabab emasmikan?!
Oiladan hayo ko‘tarilmasligi kerak. Aks holda bu g‘oyat xatarli, mudhish oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Bizning bebaho oilaviy qadriyatlarimiz bor. Bu qadriyatlar o‘zaro hayo qilish, kattaga hurmat, kichikka izzat, jon-jigarlar va atrofdagilarga muruvvat ko‘rsatish, yurtga sadoqat hissi bilan yashashda yaqqol namoyon bo‘ladi.
Oilaviy baxtimiz, yoshlarning kelajagi mana shu muqaddas rishtalardan uzilib qolmasligi uchun bugun sizu biz javobgar ekanimizni unutmaylik. Boshqacha aytganda, ijtimoiy tarmoqlaru tuturiqsiz seriallar tomoshasini gazeta jurnallar va kitob mutolaasiga alishaylik!
Zulfiya MO‘MINOVA,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi,
“Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi.
