Xabaringiz bor, kuni kecha Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida qurilish industriyasi va qurilish materiallari tarmog‘ini rivojlantirish chora-tadbirlari muhokamasi bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda iqtisodiyotimizning eng muhim tarmoqlaridan biriga aylangan mazkur sohada erishilayotgan yutuqlar bilan bir qatorda mavjud muammolar, xususan, aholi manfaatlariga zid o‘laroq davom etayotgan holatlar tanqid qilindi. Joylardagi qurilishlar sifati masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Ayrim pala-partish loyihalar odamlarning e’tiroziga sabab bo‘layotgani qayd etildi.
Aytib o‘tilganidek, bugungi uy-joylar qurilishida aldov, tushunmovchiliklar uchrab turibdi. Shu bois endi uy-joy sotib olish bo‘yicha kafolatli “eskrou” tizimi joriy qilinishi belgilandi.
Dunyo tajribasidan o‘tgan eskrou tizimi – bu ma’lum shartlar bajarilgunga qadar pul saqlanadigan bankdagi maxsus hisobvaraq bo‘lib, qurilayotgan uyga buyurtma beruvchi o‘z pulini eskrou hisobraqamiga qo‘yadi va sotuvchi (qurilish korxonasi) faqat shartnomadagi majburiyatlarini bajarganidan so‘ng uni olishi mumkin. Ko‘rinib turibdiki, uy-joy qurishni eskrou hisobraqami asosida moliyalashtirish aholi manfaatini kafolatlaydi.
“Bunda banklar quruvchi va xaridor o‘rtasida ko‘prik bo‘lib, uy-joyning o‘z vaqtida va sifatli qurilib, egasiga topshirilishiga kafil bo‘ladi”, dedi davlat rahbari.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi turar-joylarni qurishda jalb qilingan aholi mablag‘larini himoya qilish kafolatlarini yaratish masalasini o‘z Saylovoldi dasturiga kiritgan. Ushbu maqsadda “Ulush kiritish asosida uy-joy qurishda ishtirok etish to‘g‘risida”gi Qonunni qabul qilish tashabbusini ilgari surmoqda. Bunda uy xaridorlari pulini maxsus eskrou hisobraqamga joylashtirish va qurilish korxonasining shartnomadagi majburiyatlarini bajarishiga qarab, bosqima-bosqich mablag‘larni olishi tartibini joriy etish qonuniy asosda mustahkamlanadi.