Endilikda fuqarolar kredit tashkilotining mobil ilovasi orqali kredit ajratish bo‘yicha ariza yuborish jarayonida biometrik identifikatsiyadan o‘tishi talab etiladi. Bu haqda Markaziy bank axborot xizmati xabar berdi. Ushbu talab fuqarolarning nomiga tijorat banklarining mobil ilovalari orqali onlayn kreditlar rasmiylashtirish hamda bank kartasiga tushgan kredit mablag‘larini P2P o‘tkazmalari orqali noqonuniy o‘zlashtirish holatlarini oldini olishga qaratilgan.
Bunda kredit olish bo‘yicha ariza fuqaroning shaxsan o‘zi tomonidan berilganligi aniqlanadi va uning shaxsiga yana bir bor oydinlik kiritiladi. Mazkur tartib 2024-yilning 1-noyabridan 2025-yilning 1-apreliga qadar amal qiladi.
Ma’lumot uchun, kredit mablag‘lari fuqaroning bank kartasiga o‘tkazilgandan keyin pul mablag‘lari sarflanmagan bo‘lsa, 48 soat ichida kredit olishga ariza mijoz tomonidan firibgarlar ta’sirida berilgani aniqlansa yoki mijoz qo‘shimcha tasdiqdan o‘tishni amalga oshirmasa, kredit shartnomasi kredit tashkiloti tomonidan bekor qilinadi va ajratilgan pul mablag‘lari kredit tashkiloti hisobiga qaytariladi.