Qayd etilishicha, 2024-yil sentabr oyida Qirg‘iziston bozorlarida go‘sht narxining keskin ko‘tarilishi iste’molchilarni ham, davlat idoralarini ham xavotirga solgan. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024- yilning avgustidan sentabrigacha bo‘lgan davrda mol go‘shti narxi sezilarli darajada – 38,54 somga yoki 6,76 foizga oshgan.
Joriy yilning avgust oyida mol go‘shtining o‘rtacha narxi bir kilogramm uchun 570,23 som (86,4 ming so‘m) etib belgilangan bo‘lsa, sentabr oyidayoq bu ko‘rsatkich 608,77 somga (qariyb 92 ming so‘m) yetgan.
Avvaliga tashkilot narxlarning oshishiga sentabrdagi an’anaviy to‘y mavsumi va ozuqa yetishmasligi sabab bo‘lganini ma’lum qilgandi. Biroq hozirda O‘zbekiston va Tojikistonga go‘sht eksporti sezilarli darajada oshgani asosiy omil bo‘lgani ma’lum qilindi.
«Hozirda katta hajmdagi go‘sht O‘zbekistonga, u orqali Tojikistonga ketmoqda. Qishloq xo‘jaligi vazirligi bunga javoban respublikadan go‘sht olib chiqishga vaqtinchalik taqiq joriy etishni taklif qildi», — dedi Antimonopoliya xizmatining tartibga solinadigan sohalar bo‘limi boshlig‘i Sirgak Omorov.
Go‘sht eksportiga qo‘yilgan vaqtinchalik taqiq o‘tgan hafta bekor qilindi. Qayd etilishicha, Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Antimonopoliya xizmatining birgalikdagi faoliyati natijasida narxlar pasaytirilgan. Agar sentabr oyi boshida o‘sish deyarli 100 so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, hozir narxlar avvalgi darajasiga qaytdi, deyiladi xizmat xabarida.
Qirg‘iziston Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, yanvar-iyul oylarida O‘zbekiston Qirg‘izistondan 11,9 million dollarlik 61 ming boshdan ortiq tirik qoramol olib kelgan, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 4,7 barobar ko‘p (6,4 million dollarga 12,8 ming bosh). 2023-yilda O‘zbekiston 28,3 million dollarga 101,3 ming bosh chorva mol import qilgan, bu 2022-yilga (16,9 million dollarga 20 mingdan ortiq) nisbatan 5 barobar ko‘p.
O‘zbekiston Bojxona qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, yanvar-avgust oylarida qoramol go‘shtining umumiy importi 206,9 million dollarga 58,4 ming tonnani tashkil etgan, bu o‘tgan yilning sakkiz oylik ko‘rsatkichidan (144.6 million dollarga 34,6 ming tonna) 1,5 barobar ko‘p.