O'zbekiston

Xalq o‘yinlarida millat ruhi yashaydi

Blog Image
Email : 3 0

Bahor, Navro‘z deganda ko‘z oldimizda go‘yo rang barang manzaralar jonlanadi: sumalak isi anqigan hovlilar, kulguga to‘lgan sayillar, milliy liboslarda bezangan odamlar… Yaqindagina shukronalik tuyg‘usi bilan hammamiz uchun qadrli ayyom bo‘lmish Navro‘zni, Ramazon hayitini nishonladik. Shunday qutlug‘ kunlarga yetkazganiga shukr, deb oila a’zolarimiz, farzandlarimiz, do‘st va yaqinlarimiz bilan sayillarga chiqdik, quvonchli uchrashuvlar o‘tkazdik.

Ana shunday pallada xayolimga xalq o‘yinlari keladi. milliy o‘yinlar, poygalar, bellashuvlar, turli musobaqalar, marosimlar avloddan-avlodga o‘tib, tarixiy merosga aylanib, saqlanib kelmoqda. Ular shunchaki o‘yin emas. Ular — odamlarimizning ruhi, tarixi va tarbiyasini o‘zida mujassam etgan bebaho merosdir. Har bir o‘yinda ajdodlarimizdan qolgan donolik, jasorat va birdamlik hissi yashiringan.

Qizig‘i shundaki, biz bolaligimizda bu o‘yinlarni faqat Navro‘zda emas, deyarli har kuni o‘ynar edik. Ko‘chalarda kulgu, bahs, shovqin-suron avj olar, do‘stlar bilan tortishib-tortishib bo‘lsa ham o‘yinni davom ettirar edik. Bugungi bolalar esa bunday o‘yinlarni kamroq biladi, kamroq o‘ynaydi…

Shu o‘ylar bilan bolaligimizni, o‘sha beg‘ubor kunlarni esladim. Do‘stlarimiz, tengdoshlarimiz, aka-ukalarimiz, opa singillarimiz bilan talashib, kulib, ba’zan ranjishib ham o‘ynagan milliy o‘yinlarimiz xotirasi yana bir bor ko‘nglimni to‘lqinlantirdi. Shuning uchun ham shu unutilmas o‘yinlar, ular ortidagi samimiy xotiralar haqida yozmoqlikka qaror qildim.

 

O‘tmishga nazar

Azaldan xalq o‘yinlarining tarixiy ildizlari ota-bobolarimizning hayot tarzi, mehnat faoliyati va urf-odatlari bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib kelgan. Avvalgi zamonlarda ajdodlarimiz kundalik hayotda zarur bo‘lgan chaqqonlik, kuch va epchillikni oshirish uchun turli mashqlarni bajarishgan. Vaqt o‘tishi bilan ular asta-sekin o‘yin shakliga kirib, xalq orasida ommalashib ketgan. Shu tariqa milliy o‘yinlar shakllanib, avloddan avlodga meros bo‘lib o‘tgan kelgan.

Xalq o‘yinlari o‘zining xususiyatlariga ko‘ra, shartli ravishda go‘daklikda, bolalik yoshida, o‘smirlikda va yigitlik yoshida o‘ynaladigan jismoniy va aqliy o‘yinlarga bo‘linadi. Masalan, ilgarigi zamonlarda yoshlarni jasoratli, chidamli va jismonan baquvvat qilib tarbiyalash muhim hisoblangan va shu sababli ko‘plab o‘yinlar kurash, chavandozlik, kuch sinashga asoslangan.

Folklorshunoslarning yozishicha, tarixiy manbalarda xalq o‘yinlarining kelib chiqishi hamda rivojlanishiga doir qiziqarli hikoyalar, voqealar talaygina. Ayrim olimlar hattoki xalqimiz sevib o‘ynagan o‘yinlar eramizdan avvalgi davrlarga borib taqalishini ham asoslab bergan. Ularning fikrini arxeologik, etnografik, folklor va boshqa manbalar to‘la-to‘kis tasdiqlashiga taalluqli asoslar mavjud. Ulardan birida yozilishicha, saklar, massagetlar va boshqa qabilalardagi o‘yinlar, musobaqalarni bugun ham xalqimiz sevib o‘ynaydi. Otlar ishtirokidagi yoki kurash uslubidagi o‘yinlar ana shular jumlasidandir.

Kurash, ko‘pkari singari o‘yinlar qadimdan saxovat belgisi sifatida qaralgan. Sababi, o‘sha paytlarda mashhur uloqchilar, polvonlar va boshqa ishtirokchilar tez-tez musobaqalar o‘tkazib, to‘plangan mablag‘ yoki sovrinni yetim-yesirlar, ko‘p bolali oilalar hamda qariyalarga hadya etgan. Shundan bo‘lsa kerak, xalq o‘yinlari yoshlarni jasorat va adolat, vatanni sevish, xalqqa xizmat qilish, mehnatsevarlik, mehr-saxovat, halollik va poklik ruhida tarbiyalaydi. Shuningdek, ular jamiyatda birlik, do‘stlik va o‘zaro hurmat tuyg‘ularini mustahkamlashga xizmat qilgan.

Demak, o‘yinlarning tarixiy ildizlari xalqning uzoq o‘tmishi, turmush tarzi va madaniyati bilan uzviy bog‘liq. Ular orqali biz ajdodlarimizning hayoti, qadriyatlari va dunyoqarashi haqida tasavvur hosil qilamiz. Shu sababli o‘yinlar nafaqat ko‘ngilochar faoliyat, balki xalq tarixining jonli aks-sadosi sifatida ham katta ahamiyatga ega.

 

Yuragimizga yaqin o‘yinlar

O‘zbek xalqining o‘zigagina xos o‘yinlari juda boy va rang-barang. Ular orasida jismoniy kuch talab qiladigan, zehnni charxlaydigan hamda jamoaviy hamjihatlikni mustahkamlaydigan turli o‘yinlar mavjud.

Milliy o‘yinlarimiz qadimdan xalq hayotining ajralmas qismi bo‘lib kelgan. Bu haqda buyuk alloma Mahmud Koshg‘ariyning “Devoni lug‘otit turk” asarida ham qimmatli ma’lumotlar uchraydi. Ushbu asarda 150 ga yaqin milliy o‘yinlar va 20 dan ortiq bolalar o‘yini tavsiflangani bejiz emas. Jumladan, “qorang‘uni” (qorong‘ida qo‘rg‘on olish), “bandol” (asir olish), “o‘tish-o‘tish” (davra o‘yini), “chavgon” (to‘p o‘yini), “o‘t bandal” (tayoq o‘yini), shuningdek, qilichbozlik va nayzadorlik kabi o‘yinlar haqida ham ma’lumotlar keltirilgan. Mavsumiy o‘yinlardan “tolbargak”, “gul o‘yini”, “qorxat”, “yomg‘ir yog‘aloq”, “topishmoq top”, “tez aytish”, “kim aytdi” kabilar ham shular jumlasidandir.

O‘g‘il bolalar odatda “Chillak”, “Tortishmachoq” kabi harakatli o‘yinlarni sevib o‘ynashgan bo‘lsa, qizlar “Supur supur”, “Oq terakmi, ko‘k terak?”, “Happak tosh” kabi o‘yinlarga ko‘proq qiziqish bildirishgan. Bu o‘yinlarga e’tibor bersak, ularning deyarli barchasi harakat, jismoniy faollik yoki aqliy mashq bilan bog‘liq ekanini ko‘ramiz. «Berkinmachoq», «Oshiq», «Boychechak», «Xola-xola», «Qorxat», «Ko‘pkari» kabi o‘yinlar ro‘yxatini mingga yetkazish mumkin.

Vaqt o‘tishi bilan bunday o‘yinlar yanada takomillashib, yangi ko‘rinishlarda namoyon bo‘la boshladi. “Tosh ko‘tarish”, “Ot ustida kurash”, “Ko‘pkari”, “Lanka”, “Arqon tortish”, “Chillak” kabi xalq o‘yinlari xalq sayillari va bayramlarining ajralmas qismiga aylanib, yoshlarning sevimli mashg‘uloti va musobaqalari sifatida davom etib kelmoqda.

Eng, muhimi, ularning har biri bolalar uchun foydali. Masalan, “tez aytish” orqali bolalar nutqidagi ayrim nuqsonlar to‘g‘rilangan, topishmoqlar esa ularning zehnini charxlagan. “Tortishmachoq”, “Chillak” kabi o‘yinlar esa bolalarning jismoniy baquvvatligi va chaqqonligini oshirishga xizmat qilgan.

Ko‘rish, eshitish, his qilish kabi tuyg‘ularni rivojlantirishga xizmat qiluvchi o‘yinlar ham talaygina. “Oq terakmi, ko‘k terak”, “g‘ozlar” kabi o‘yinlardagi qo‘shiq va she’rlarning kuylanishi nuqtni o‘stirish, tomoq yo‘llarini chiniqtirish kabi xususiyatlarga ega.

Biz bolaligimizda ko‘p o‘ynagan “Gulchambar” o‘yinini olaylik. Bu o‘yin bahorning ayni gullar ochilgan paytida o‘ynaladi. Unda taxminan 10 nafar bola ishtirok etardi.

Har bir ishtirokchining qo‘lida istalgancha turli-tuman gul bo‘lishi mumkin. O‘yinboshi doira shaklida turgan bolalarning o‘rtasiga chiqib, bir gulning nomini aytadi. Shu gulni ushlab turgan ishtirokchi gulning o‘sish sharoiti haqida gapirib beradi.

Bunday o‘yinlar bolalarning tabiatga mehr uyg‘otish, qolaversa, so‘zlarni to‘g‘ri talaffuz qilish, ko‘pchilik orasida o‘z fikrini qo‘rqmay ayta olish qobiliyatlarini shakllantiradi.

Bundan tashqari, bolalar o‘yin paytida ijodiy faoliyat ko‘rsatish orqali o‘zlaridagi tashkilotchilik qobiliyatini ham shakllantirib borgan. Ayniqsa, jamoaviy o‘yinlarda bu yaqqol aks etgan. Misol uchun, yetakchi va aqlli bolalar maqsadga erishish yo‘lida o‘rtog‘iga yordam berishni o‘rgangan va bu borada to‘g‘ri qaror qabul qilish ko‘nikmasini oshirgan. Bu esa ijodiy tashabbuskorlik sanaladi.

 

Xolida ZIYAYEVA,

O‘zmU ijtimoiy fanlar fakulteti dotsenti, PhD.

– Xalqimiz azaldan tabiat bilan uyg‘un yashab kelgan va shu bois ekologik mazmunga ega o‘yinlarni ham ardoqlagan. Asrlar davomida tabiatni asrash, uni avaylash va unga mehr qo‘yish ota-bobolarimiz tomonidan yuksak qadriyat darajasiga ko‘tarilgan. Shuning uchun ham turna, qarg‘a, olmaxon, laylak kabi qush va hayvonlar bilan bog‘liq o‘yinlar xalqimiz orasida keng tarqalgan.

Xalq o‘yinlarini o‘rganar ekansiz, ularning aksariyatida toshdan foydalanilganini ham ko‘rish mumkin. Ayniqsa, qizlar o‘ynaydigan bunday o‘yinlar juda ko‘p. Masalan, harakatli o‘yinlardan asfaltga chizilgan kataklar va raqamlar bilan janubiy viloyatlarda “Happak”, vodiy taraflarda “Lappak” deb ataladigan o‘yinlar o‘ynalgan. Shuningdek, mayda toshchalar bilan o‘ynaladigan “To‘p tosh”, bir nechta ishtirokchi va koptok yordamida o‘ynaladigan “Jambil” kabi o‘yinlar ham bolalarning sevimli mashg‘ulotlaridan bo‘lgan.

Yoshligimizda bayramda dugonalar bilan ko‘rishish va shu asnosida to‘dalashib o‘yinlar o‘ynash imkoni paydo bo‘lardi. Ular orasida eng osoni “5 tosh” deb atalib, 5 ta toshni har xil shaklda qo‘ldan qo‘lga o‘tkazish, to‘p yordamida 2 guruhga bo‘linib, o‘rtaga kirgan raqiblarni to‘p bilan urish, rezinka yordamida o‘yin qismlarini o‘zimizcha 1 dan 11 gacha bo‘lgan holda sakrab raqiblardan o‘zib ketish kabi harakatlar bilan kun kech bo‘lib qolganini ham sezmasdik. Bayramlar do‘stlar va ular bilan o‘ynaladigan o‘yinlar sabab yanada zavqli edi.

Bu kabi o‘yinlar nafaqat bolalarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishga xizmat qilgan, balki ularni chaqqonlikka, epchillikka, sabr-toqatga va jamoada harakat qilishga ham o‘rgatgan. Ayniqsa, jamoaviy o‘yinlar orqali bolalar o‘zaro do‘stlik, hamjihatlik va bir-birini qo‘llab quvvatlash kabi insoniy fazilatlarni ham o‘rganishgan.

Umuman olganda, har bir hududning o‘ziga xos urf-odat va an’analari bo‘lgani kabi, o‘sha hududlarda ommalashgan milliy o‘yinlar ham shu muhitga mos ravishda shakllangan. Shu bois ayrim o‘yinlar bir viloyatda boshqacha nom bilan atalsa, boshqa hududda unga o‘xshash, lekin biroz farq qiluvchi qoidalar asosida o‘ynalgan. Bu esa milliy o‘yinlarimizning qanchalik boy va rang-barang ekanidan dalolat beradi.

 

Qizilgul QOSIMOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zXDP fraksiyasi a’zosi:

– Milliy o‘yinlar nafaqat bolalikning shodon kulgusi, balki xalqning unutilmas xotiralaridir. Biz ham bolaligimizda “Mak-mak” “Oq terakmi, ko‘k terak” o‘yinlarini ko‘p o‘ynardik.

Ilgarilari bolalar ko‘chalarda to‘planib, turli milliy o‘yinlarni quvnoqlik bilan o‘ynar edi. Hozir esa ularning o‘rnini ko‘p hollarda turli gadjetlar, telefon va kompyuter o‘yinlari egallab bormoqda. Tahlillarga ko‘ra, 2010 yildan keyin deyarli o‘ynalmay qo‘ygan va ular kompyuter, telefonlarga ko‘chgan. Lekin, shuni unutmaylikki, milliy o‘yinlarning bolani jamiyatga qo‘shishdagi o‘rnini hech nima bilan to‘ldirib bo‘lmaydi.

To‘g‘ri, biz XXI asr – axborot, fan va texnika yuksak taraqqiy etgan davrda yashayapmiz. Xohlaymizki, yo‘qmi hozir raqamli texnologiyalarsiz hayotimizni tasavvur qila olmaymiz. Ammo uning ham me’yori, chegarasi bo‘lishi kerak. Ayniqsa, bolalarimiz kompyuter, telefondagi o‘yinlariga ruju qo‘ymasligi lozim. Chunki bu ularning sog‘lig‘iga ham zarar.

Texnologiyalarga termulib emas, tabiat qo‘ynida chopib, hayqirib o‘ynab yurishga nima yetsin? Sababi, harakat o‘yinlari insonni faol va sog‘lom bo‘lishiga hissa qo‘shadi.

Yana bir afzalligi, xalq o‘yinlari faqat ko‘ngilochar mashg‘ulot emas, balki bolalarni jismonan baquvvat, zehnan teran va jamoada hamjihat bo‘lib ulg‘ayishiga xizmat qiluvchi muhim tarbiya vositasidir. Ular bolalarni chiniqtiradi va sog‘lom bo‘lib voyaga yetishiga xizmat qiladi.

Psixologlar bu o‘yinlar bolalarning ruhiyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishini, ularni quvnoq, faol, epchil bo‘lishida muhim ahamiyatga egaligini ta’kidlaydi. Shu sababli milliy o‘yinlarni maktab darsliklariga, bog‘cha mashg‘ulotlariga yanada ko‘proq kiritish lozim. Bog‘chalarda esa har juma bolalarga xalq o‘yinlarini o‘rgatadigan madaniy kun sifatida belgilansa yaxshi bo‘lardi. Chunki bu o‘yinlarning tarbiyaviy ahamiyati nihoyatda katta.

Shuning uchun ham bu o‘yinlarni asrab avaylash, ularni yana bolalar hayotiga qaytarish va kelajak avlodga yetkazish barchamizning muhim vazifamizdir.

Istardimki, farzandlarimiz yugursin, quvlasin, sakrasin, kulsin, kuylasin, umuman, ko‘proq harakatda bo‘lishsin. Bunda esa biz kattalarning o‘rni va e’tibori talab etiladi.

 

***

Albatta, xalq o‘yinlari bu shunchaki o‘yin emas, balki tariximiz, madaniyatimiz va tarbiya maktabini o‘zida mujassam etgan bebaho merosdir. Shuning uchun ham ularni unutmaslik, bayramlar, sayillar, maktab va mahalla tadbirlarida keng targ‘ib etish, eng muhimi, yosh avlodni ular bilan yanada ko‘proq tanishtirish bugungi kunning muhim vazifalaridan biri hisoblanadi. Ana shundagina ajdodlarimizdan meros bo‘lib kelayotgan xalq o‘yinlari kelajak avlod qalbida ham yashab qoladi.

 

Laziza SHEROVA,

“O‘zbekiston ovozi” muxbiri.