Fokus

Hayoti – men uchun ibrat maktabi

Blog Image
Email : 3 0

Yoshlikda birga o‘nib-o‘sgan do‘sting haqida so‘zlash oson. Chunki baqamti kechirgan voqea-hodisalar, his-tuyg‘ularni bayon etish bilan ko‘z oldingda o‘sha davrlar gavdalanadi, so‘zlash ham, yozish ham oson.. lekin o‘zingdan oldin bir-ikki ko‘ylakni yirtib, kechmoqchi bo‘lgan daryolaringni sendan oldin suzib o‘tgan, zabt etmoqni orzu qilgan cho‘qqilarga allaqachon bayroq qadagan inson haqida fikr bildirish kishini o‘ylantirib qo‘yar ekan. Aslida, bunday zotlarning olgan unvonlari va boshqa erishgan natijalarini jamlab, bayon etishdan-ku osoni yo‘q, ammo Ustoz – Qalandar Abdurahmonovning muborak ayyomi munosabati bilan ular haqida o‘zim bilganlarim va eshitganlarimni bayon etishda ancha mas’uliyat qarshisida qoldim, biroq nima bo‘lganda ham ularni qog‘ozga tushirishni afzal bildim.

Ustoz Qalandar aka bilan Chiroqchi tumanida bir vaqtda bo‘lmasa-da bir maktabni (o‘sha paytlarda “Telman nomli 1-maktab” deb yuritilar edi) tamomlaganimiz menga har doim g‘urur bag‘ishlab kelgan. Maktabning 9-10 sinflarida o‘qib yurgan (70-yillarning ikkinchi yarmida) paytlarda o‘qituvchilarimiz bizga namuna sifatida shu maktabni bitirib, ayni paytda Toshkent va Samarqand oliygohlarida tahsil olib, ilm va amaliyotda katta yutuqlarga erishgan insonlarni namuna qilib ko‘rsatishar, ular qatorida birinchilardan bo‘lib Qalandar akani alohida zikr etishar edi. Ayniqsa, ustozimiz yoqub Hamroyev georgrafiya fanidan dars o‘tganlarida Chiroqchining Qalqama tog‘ bag‘rida joylashgan Langar, Tarag‘ay, Quruqsoy, Govxona va boshqa qishloqlari to‘g‘risida jo‘shib gapirar ekan, To‘laqul qishlog‘iga alohida to‘xtalib: “Bu qishloq o‘zi kichkinigina, lekin odamlari juda qiziquvchan, ziyrak va harakatchan. Bilasizlarmi, kim chiqqan bu qishloqdan? Qalandar Abdurahmonov chiqqan, u maktabimizning bitiruvchisi. Hozir iqtisodiyot bo‘yicha nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilib, Toshkentdagi nufuzli institutning katta domlasi bo‘lib ishlamoqda”, deya faxr bilan Ustozga ta’rif berganlari hech esimdan chiqmaydi.

Maktabimizda nafaqat Chiroqchi, balki butun viloyatda yuqori saviyaga ega bo‘lgan matematika, fizika, ximiya, geografiya va adabiyot o‘qituvchilari faoliyat olib borishar edi. Bir kuni adabiyot o‘qituvchimiz hamda maktab direktorining o‘rinbosari Jo‘ra Lutfullayev “Insho yozishni qishloqdan kelib o‘qiyotgan bolalardan o‘rganinglar. Mana, To‘laquldan Qalandar Abdurahmonov qanday insholar yozar edi. Tappa tayyor jurnalist edi-ya, lekin o‘zini iqtisodiyotga urib ketdi. Shunda ham xato qilmabdi, fan nomzodi bo‘ldi, qandini ursin”, deb qo‘yardi.

Fizika o‘qituvchimiz Eshman Abdalov dasr oralig‘ida yoki paxta dalasida yurganimizda qishloqdan Toshkentga borib, ilm olishning mashaqqatlari haqida ko‘p gapirib berar edi. Markazda qolib, davlat xizmatida ishlayotgan, ilm-fan, ijod bilan shug‘ullanayotgan maktabimiz bitiruvchilari Jabbor Ro‘ziyev, Murodulla Normurodov, Musaqul Usmonov, Jovli Hakimov va boshqalar qatorida Qalandar akani ham tilga olar ekan, men bunday tirishqoq, intiluvchan, ilmga berilgan va shu bilan birgalikda odamoxun yigitni ko‘rmaganman, deb ta’rif berar edi. Shunda biz: “Nega u kishini odamoxun deyishgan, bu so‘z nimani anglatadi”, deb so‘raganimizda: “Odamoxunlik xislati insonparvar, insonlarga hurmat ko‘rsatuvchi, olijanob, saxovatli kishilarga xos fazilat”, deganlari esimda qolgan.

Ustozga nisbatan bunday ta’rif bejizga berilmagan ekan. O‘tgan asrning 60-70-yillari, Toshkentda qolib ilm bilan shug‘ullanishga har kimning ham yuragi dov bermagan. Ko‘pchilik: “Ilm qilaman deb Toshkentda qolsam-u, lekin eplolmasdan qishlog‘imga shumshayib qaytib borsam kim degan odam bo‘laman?”, qabilidagi andisha bilan yurgan. Shu taxlit qobiliyati bo‘lsa ham diplomni olib ketvorganlar ko‘p bo‘lgan. Qolganlar esa ilmda yoki amalda o‘z o‘rnini topishi uchun ne-ne sinovlardan o‘tishi kerak bo‘lgan. Ana shunday paytlarda o‘zini allaqachon tutib olib, katta davralarga qo‘shilishga ulgurgan Qalandar aka ko‘pgina tolibi ilmlarga, aspirantlarga, hattoki olimlik yo‘liga kirgan yosh domlalarga ham qo‘lidan kelgan yordamni ayamaganligini ko‘p eshitganmiz.

O‘rta maktabni bitirgunimga qadar Qalandar akani hech ko‘rmagan ekanman. Lekin u kishi to‘g‘risida juda ko‘p yaxshi fikrlarni eshitardik. Mana shu eshitganlarimdan u kishi juda o‘ziga ishongan, viqorli, salobatli, oldiga uncha-muncha odam haddi sig‘ib bora olmaydigan, obrazli qilib aytganda, xuddi “quyoshdek ko‘zni qamashtiradigan” inson bo‘lsa kerak, degan tasavvur shakllangan edi menda.

Taqdir taqozosi bilan 1978 yil Toshkent xalq xo‘jaligi institutiga o‘qishga kirdim. Kutubxonada ayrim “taqchil” adabiyotlarni uyga olib o‘qish uchun dekanatning ruxsati kerak ekan. Biz, shaharni endi ko‘rib, dovdirab yurgan talabalar uchun dekanning oldiga kirish juda katta matonat talab etar edi.Mana shunday bir holatda dekanning eshigi qarshisida men va yana bir nechta talabalar navbat kutib turganimizda, xonadan bir domla chiqdi-da, “Sizlar bu yerda nimani kutib turibsizlar?”, deb so‘rab qoldi. Bizning masalamizni eshitgandan so‘ng, “Unda, yuringlar orqamdan”, deb hammamizni kabinetiga olib kirdi va bir zumda masalamizni hal qilib berdi. Chiqqanimizdan keyin, “Bu kishi kim?”, deb surishtirsak, umumiqtisodiyot fakulteti dekanining o‘rinbosari Qalandar Xo‘jayevich Abdurahmonovning o‘zi ekan. O‘shanda u kishida ko‘rganim oddiylik, samimiylik meni hayron qoldirdi va fizika o‘qituvchimizning “Odamoxun” degan ta’riflarini qayta esladim. Endi mening tasavurimdagi “viqorlilik” o‘rnini “oddiylik”, ko‘zni qamashtiradigan quyosh nurini esa iliqlik egallagan edi.

Ustoz bilan birinchi uchrashishimiz mana shunday bo‘lgan. Yana bir voqea hech esimdan chiqmaydi. Men oliygohni bitirayotgan paytimda ustoz menga: “Agar xohlasangiz Davlat reja qo‘mitasi qoshida ilmiy-tadqiqot instituti bor. Mehnat munosabatlari bilan shug‘ullanadigan bo‘limga tavsiya qilamiz, o‘sha yerda ilmiy ish bilan mashg‘ul bo‘laverasiz”, deb taklif bildirdi. Men o‘ylab ko‘rishga vaqt so‘radim. Toshkentda qolib ishlash uchun “propiska” talab qilinar ekan, nima qilsa bo‘ladi, deb o‘ylab ketayotganimda oldimdan diplom ishim bo‘yicha rahbarim Mirsoli aka Haydarov chiqib qoldi va “Davlat imtihon komissiyasi raisi seni Fanlar akademiyasidagi kibernetika institutiga ishga taklif qilayapti, bormaysanmi?” deb qoldi. Ulardan ham o‘ylab ko‘rish uchun vaqt so‘rab, uydagilar bilan maslahatlashish uchun Chiroqchiga qarab yo‘l oldim.

Uydagilar ham menga aniq bir maslahat berisha olmadi. Lekin “Kibernetika yangicha, jarangdorroq eshitilayapti”, deyishgani xuddi “Shuni tanlay qol” degandek tuyuldi menga. Taqdirning izmi bilan Kibernetika institutida ilmiy ishim bitgunga qadar Qalandar aka bilan ro‘para bo‘lishdan cho‘chib, o‘zimni olib qochib yurdim. Oldilariga borib, uzrimni aytishga botinolmadim. Oradan to‘rt yil o‘tib, nomzodlik ilmiy ishimni tugatib, avtoreferat chiqarganimdan so‘ng, ming istihola bilan bilan domla nima der ekan, deb qo‘rqa-pisa oldilariga bordim. Ustoz o‘zining samimiyligi va ochiq ko‘ngililigi bilan meni yana bir bor lol qoldirdi. “Hamma ishlaringizdan xabarim bor, nega kelmaysiz, balki biror yordam kerakdir, ish bitib qoldimi?”, deb savolga tutdi. Qo‘limdagi avtoreferatni uzatganimdan keyin, “Ey, yashang, mana bu boshqa gap, zo‘r ish bo‘libdi”, deb samimiy qutladi va ishlarini bir chetga surib, avtoreferatimga taqriz yozib berdi. Chetdan qaralsa, bu xotiralar kundalik, oddiy bir hol singari tuyular, lekin mendek ilm qilaman deb Toshkentda “darbadar” bo‘lib yurgan aspirant uchun bu katta bir madad edi.

Ustoz shogirdlari bilan suhbatlashganda Imom Buxoriyning “Dunyoda ilmdan boshqa najot yo‘q va bo‘lmagay” degan so‘zini ko‘p qaytarganlarining guvohi bo‘lganmiz. Ustozning o‘zlari ham Buyuk Muhaddisning ushbu shioriga sodiq bo‘lib, butun hayotini faqat ilm-ma’rifatga bag‘ishlaganligini bu borada erishgan yutuqlari amalda isbotlab turibdi.

Bugun umidlarga to‘la, hayajonli kunlarni eslar ekanman, o‘sha paytlarda ko‘z oldimda ulkan chinor bo‘y ko‘rsatayotganini his qilganman. Avvalo, odamgarchilikdan saboq bergan Ustoz ilmiy faoliyati davomida yuksak bir cho‘qqini ham zabt etganiga o‘zim guvoh bo‘lib turibman. Akademik Qalandar Abdurahmonovning nomi iqtisodiyot ilmi bilan shug‘ullanayotgan dunyo afkor ommasiga yaxshi ma’lum, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Bunga Ustoz yaratgan ilmiy merosni qisqacha tasniflab, to‘la ishonch hosil qilish mumkin. Akademik Q. Abdurahmonov umumiy hajmi 1600 bosma taboqdan oshiq ko‘plab ilmiy asarlar muallifi sanaladi. Ustoz olib borgan tinimsiz ilmiy izlanishlar natijalari rus, o‘zbek, ingliz tillaridagi yirik ilmiy monografiyalar, darsliklar, o‘quv qo‘llanmalarida o‘z aksini topgan. Uning Buyuk Britaniyaning “Scientifie Publishing House IVG” nashriyotida ingliz tilida chop etilgan “Labour economics” kitobi ayni paytda ko‘plab mamlakatlarda darslik sifatida foydalanilmoqda. Muallifning “Mehnat iqtisodiyoti” kitobi O‘zbekistonda va Rossiya Federatsiyasida bir necha marotaba qayta nashr etilgan va ko‘plab oliygohlarda darslik sifatida qo‘llanilmoqda.

Yuqoridagilardan tashqari, Qalandar Abdurahmonov tomonidan tayyorlangan “Mehnat iqtisodiyoti”, “Tashkilot personalini boshqarish”, “Personal menejmentining nazariy asoslari”, “Aholini ijtimoiy muhofaza qilish”, “Aholining turmush darajasi”, “Demografiya”, “Inson taraqqiyoti”, “Mehnat iqtisodiyoti va sotsiologiyasi”, “Ijtimoiy soha iqtisodiyoti”, “Mehnat bozori” kabi darsliklar nafaqat oliygohlarda, shuningdek, boshqaruv sohasida kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish borasida Davlat boshqaruvi akademiyasi va boshqa malaka oshirish institutlari tomonidan darslik va o‘quv qo‘llanmalari sifatida keng foydalanilmoqda.

Umuman olganda, iqtisodiyot fanida olib borgan ko‘p yillik mehnati natijasida akademik Qalandar Abdurahmonov maktabi yaratilganligini nafaqat mamlakatimiz, shuningdek, xorijdagi ilmiy doiralarning yirik vakillari ham e’tirof etishgan. Ustozning bevosita rahbarligida 100 ga yaqin fan nomzodi va doktorlar yetishib chiqdi. Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti qoshida akademik Q.Abdurahmonovning “Mehnat iqtisodiyoti va inson kapitali” ilmiy maktabi faoliyat olib bormoqda.

Qalandar Xo‘jayevich keyingi yillarda mehnat iqtisodiyoti bilan birgalikda mehnat sotsiologiyasi fanini rivojlantirish sohasiga ham katta e’tibor qaratmoqda. Olim “Bozor islohotlari sharoitida mehnat iqtisodiyoti va sotsioligiyasi” sohasidagi yangi iqtisodiy nazariya va amaliy tavsiyalarni shakllantiribgina qolmasdan, ularning xalqaro maydonda keng tarqalishiga hissa qo‘shib kelmoqda. Uning rahbarligida keyingi yillarda 7 marta xalqaro ilmiy konferensiya o‘tkazildi.

Ustozning ilmiy ishlari RINS va SCOPUS xalqaro ilm-fan manbalari indeksiga ega hamda ushbu manbalar orqali chet el olim va tadqiqotchilari ham olimning ilmiy natijalaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. Bundan tashqari, Ustoz Muhammad Muso al Xorazmiy ijodiga katta qiziqish bilan qarab matematik tahlil, xususan, ekonometrik usullarni iqtisodiy tadqiqiotlarga keng qo‘llash borasida ham izlanishlar olib bormoqda. Ekonometrika fanining iqtisodiy tahlilda muhim ahamiyatga ega ekanligini hisobga olgan holda ushbu fan darslik sifatida universitet programmasiga kiritilgan.

O‘zbekistonning ulkan turizm salohiyatiga ega ekanligini hisobga olib, Ustoz Q.Abdurahmonov tomonidan ikkita yirik “Manajement of Tourism” va “Manajement and marketing of Tourism” o‘quv qo‘llanmalari tayyorlanib, 2013 yilda Indoneziya va Malayziya davlatlarida nashrdan chiqarildi. Ushbu qo‘llanmalar Germaniya va Rossiya Federatsiyasining oliygohlari va ilmiy-tadqiqot institutlari va markazlari tomonidan o‘quv va amaliy tadqiqotlarda qo‘llanma sifatida ham foydalanilmoqda.

Qalandar Xo‘jayevichning ilm fan sohasidagi yutuqlarini hisobga olib Rossiya Federatsiyasining gumanitar fanlar hamda tabiiy fanlar akademiyalari o‘zlarining haqiqiy a’zoligiga qabul qilishgan, shuningdek, 1998 yildan Oliy maktab xalqaro akademiyasining haqiqiy a’zosi va shu akademiyaning ilmiy kotibi, 1999 yil aprel oyidan boshlab Nyu-york universitetining akademigi bo‘lib saylangani biz o‘zbekistonliklarga faxr va g‘urur bag‘ishlaydi.

O‘zbekiston iqtisodiyoti va taraqqiyoti yuksalishini ta’minlashda o‘zining sermahsul ilmiy va ma’rifiy yutuqlari bilan munosib ishtirok etib kelayotgan Ustoz keng qamrovli faoliyat olib bormoqda, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Oliy o‘quv yurti talabalari va malakali ilmiy xodimlarni tayyorlash bilan birgalikda Q. Abdurahmonov o‘zining liderlik hamda tashkilotchilik qobiliyatlarini ham namoyon etib kelmoqda. Uning rahbarligida Toshkent shahridagi G.V.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetining filialiga asos solindi. Mustaqillikning dastlabki yillarida O‘zbekistonda ilk xalqaro darajadagi yetakchi oliy o‘quv yurtining filialini tashkil etishga har kim ham jazm eta olmas edi. Buning uchun juda ko‘p to‘siq va g‘ovlarni yengib o‘tish talab etilar edi.

Q.Abdurahmonov Toshkent shahridagi G.V.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetining filiali rektori lavozimida ish boshlaganidan keyin kadrlar tayyorlash milliy dasturini hayotga samarali tatbiq etish bilan birga ta’lim sohasidagi integratsion aloqalarni rivojlantirishga katta e’tibor qaratib kelmoqda.

Qalandar Abdurahmonovni xorijdagi ilmiy doiralar iqtisodiyot nazariyasi, turizm menejmenti, ijtimoiy-mehnat munosabatlarini tashkil etish va boshqarish muammolari bo‘yicha taniqli olim sifatida tan olishadi.

Sharqda, xususan, musulmon dunyosida “Olimning qalamidan tomgan siyoh tomchisi shahidlarning qonidan muqaddasroq” degan hikmat azaldan ma’lum. Dunyoning rohat–farog‘atidan o‘zini cheklab, deyarlik 60 yil mobaynida ilm yo‘lida izlangan Qalandar Abdurahmonov O‘zbekistonning iqtisodiyot fanida o‘z nomini oltin harflar bilan tarix sahifasiga bitib bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Yuqorida aytganimdek, yoshlikda jurnalistikaga bo‘lgan ishtiyoq Ustoz yetuk iqtisodchi olim bo‘lib shakllanganda ham so‘nmagan ekan. Vaqti kelib, u O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasining a’zoligiga ham qabul qilindi va bu shunchaki faxriy a’zolik emas edi. Ustozning “O‘zbekiston: kecha, bugun va kelajakda” nomli kitobi nafaqat O‘zbekistonda, shuningdek, Janubiy Koreya hamda Germaniya mamlakatlarida ingliz tilida chop etildi. “Olamni mahliyo aylagan diyor” nomli kitobi O‘zbekistondek jannatmakon yurtni anglamoqchi bo‘lgan chet elliklar uchun o‘ziga xos “yo‘l ko‘rsatuvchi” bo‘lib xizmat qilayotganligi bilan tahsinga loyiq bo‘ldi. 2017 yilda “O‘zbekistonda inson omili va manfaatlari – eng oliy qadriyat” nomli kitobi, 2018 yil va 2021 yillarda O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov xotirasiga atab “Buyuklar kahkashonida”, “O‘zbekiston – dilbar Vatanim” kabi badiiy asarlarni chop etib, kitobsevarlarning yuksak hurmat va e’tiboriga sazovor bo‘ldi.

Ustozning ilmdagi mashaqqatli sinovlarni yengib o‘tib, bugun biz siz bilan guvohi bo‘lib turgan darajaga yetishi, eng avvalo, ularning avlodlaridan meros bo‘lib o‘tib kelayotgan ma’rifiy salohiyat, ota-onasi hamda ustozlari tomonidan berilgan ta’lim va tarbiyaning samarasi, deb bilaman. Nafaqat To‘laqulda, darhaqiqat, butun Chiroqchi tumanida Ustozning padari buzrukvorlari – Abdurahmon boboni bilmagan, eshitmaganlar topilmaydi. Tumanimizda ul zot qishloq oqsoqollarining (o‘sha davrdagi qishloq soveti raislarining) ichida eng savodli, xalqning dardi va g‘ami bilan yashagan inson sifatida eslanadi. Qashqadaryocha qilib, bir so‘z bilan aytganda – “Kayvoni inson bo‘lgan”, deb ta’riflashadi.

Xullas, Qalandar akaning ibratli hayoti va ilmiy asarlari o‘sib kelayotgan yosh avlodga ta’lim va tarbiya berishda qimmatli manba bo‘lib xizmat qiladi. Ustoz Qalandar akaning ilm yo‘lidagi mashaqqatlarni yengib o‘tib erishgan yutuqlari, ta’lim va tarbiyaga nisbatan yondashuvlari shaxsan men uchun katta ibrat maktabi bo‘lgan, deb baralla ayta olaman. Ustozdan ilm olishda bardavomlik, maslahatsiz ish boshlamaslik, ilmni doimo mukammallashtirib borish, ilm yo‘lida mashaqqatga sabr va bardoshli bo‘lish, ilm hosilidan boshqalarni ham bahramand qilish kabi xislatlarni o‘rganish mumkin.

Prezidentimiz tashabbuslari bilan olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar Ustoz singari ilmu ma’rifat yo‘lida xizmat qilayotgan insonlar uchun yosh avlodni sof e’tiqod, chiroyli axloq va odob sohibi bo‘lishi borasida katta mas’uliyat yuklaydi. Ustoz Qalandar Abdurahmonov doimo ta’lim-tarbiya masalasini o‘zining jamiyat oldida turgan muhim vazifasi hisoblab kelgan. yoshlarga ta’lim berishda Ustozning ibratli hayoti va ilmiy asarlarini o‘rganish, yoshlarimizda ilm-ma’rifatga bo‘lgan qiziqishni yuksaltirib, ularni yuksak ma’naviyatga targ‘ib etishiga ishonchim komil. Shuningdek, Ustozning mehnat iqtisodiyoti fani sohasida yuksak darajani zabt etgan ta’lim metodikasi bu borada malakali iqtisodchilar va sotsiologlarni yetishtirib chiqishda katta ahamiyat kasb etadi.

Ushbu muborak damlarda Ustozga o‘zlari yaratgan ilmning yuksak natijalarini uzoq yillar davomida ko‘rib yurishini hamda buyuk ajdodlarimizga xos ko‘plab vorislar tayyorlash borasida ulkan zafarlar tilayman.

 

Sharofiddin NAZAROV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Budjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi raisi,

iqtisodiyot fanlari doktori, professor.