Siyosat

Ba’zi majburiyatlar kuchaytirildi, ayrim masalalarda yengillik taklif etilmoqda

Blog Image
Email : 4 0

Qonun hujjatlari, bilamizki, «Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida»gi qonun bilan tartibga solinadi. So‘nggi paytlarda qonun ijodkorligi jarayoni ancha kengaydi va takomillashdi. me’yoriy-huquqiy hujjatlar sifati, hayotiyligi, amaliyotdagi samaradorligiga oid talablar oshdi. Tabiiyki, bu jarayon islohotlar, turmush tarzimizdagi o‘zgarishlar, zamonaviy kasb-hunarlar, umuman, jamiyatdagi yangi qarash va tushunchalar bilan bevosita bog‘liqdir. Shu ma’noda qonunchilik ham bugungi zamon talablaridan kelib chiqqan holda qator yangi moddalar bilan to‘ldiriladi, boyitiladi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi yig‘ilishida ko‘rib chiqilgan qonun loyihalarida taklif qilinayotgan o‘zgartirishlar ham tabiiy jarayonlar bilan bog‘liq ekani asos qilib ko‘rsatildi.

 

45 foiz qidiruvdagi shaxs O‘zbekistondan tashqariga chiqib ketgan

Statistik ma’lumotlar tahliliga ko‘ra, so‘nggi 4 yilda respublika bo‘yicha jinoyat sodir qilib, tergov va sudlardan yashiringan 39 038 nafar shaxsga nisbatan qidiruv e’lon qilingan. Ularning 45 foizga yaqini O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqariga chiqib ketgan.

Vaholonki, tegishli qonun hujjatlarida gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchiga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilmagan bo‘lsa-da O‘zbekiston Respublikasidan chiqish huquqini vaqtincha cheklash tartibini joriy etish belgilangan. Bunda surishtiruv, dastlabki tergov yoxud suddan uzrli sabablarsiz bo‘yin tovlashi mumkinligiga yetarli asoslar mavjud bo‘lganda surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sudlarning qarori bilan mazkur cheklov o‘rnatiladi.

Fraksiya yig‘ilishida ayni masalaga oid qo‘shimcha va o‘zgartirishlarni qamrab olgan qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.

Tashabbuskorlarga ko‘ra, jinoyat-protsessual qonunchilikda protsess ishtirokchilarining O‘zbekistondan chiqish huquqini vaqtincha cheklashni nazarda tutuvchi norma mavjud emasligi protsess ishtirokchilarining davlat hududini tark etib, surishtiruv, tergov va suddan bo‘yin tovlab yurishlariga sharoit yaratib bermoqda.

Bu esa, o‘z navbatida, tergov va sud jarayonlarining cho‘zilishiga, fuqarolarning buzilgan huquqlari o‘z vaqtida tiklanib, odil sudlovni ta’minlashga to‘sqinlik qilmoqda. Shu sababli, Jinoyat-protsessual kodeksini shaxsning O‘zbekiston Respublikasi hududidan chiqish huquqini vaqtincha cheklab qo‘yishni nazarda tutuvchi majburlov chorasi ko‘rsatilgan yangi bob bilan to‘ldirish taklif qilinmoqda.

Yig‘ilishda ko‘rilayotgan mazkur qonun loyihasi bilan taklif etilayotgan moddalarning konsepsiyasiga deputatlar munosabat bildirdi.

Xususan, Firdavs Sharipov chiqish huquqini vaqtincha cheklab qo‘yish masalasi bekor qilinishiga oid me’yor mexanizmi to‘liq ochib berilmagan, degan fikrni bildirdi. Masalan, chiqish huquqini vaqtincha cheklab qo‘yish surishtiruv va dastlabki tergov bosqichida jinoyat ishi tugatilganda, sud muhokamasida esa jinoyat ishini tugatish haqida ajrim chiqarilganda yoki hukm qonuniy kuchga kirganda bekor qilinishi lozim ekani ko‘rsatib o‘tilgan. Biroq jinoyat ishi surishtiruv tugatilmasdanoq ushbu choraga zarurat qolmaganda, surishtiruvda yoki tergovda kimning qarori yoxud qanday hujjat asosida bekor qilinishi haqidagi tushunchaga oydinlik kiritish zarur.

Tashabbuskorlar qaror, ajrim va hukm asosida bekor qilinishini ta’kidladi. Agar bunga qadar ham zarurat yuzaga kelsa, tergovchi yoki prokurorda protsessual chorani bekor qilish huquqi qonunchilikda mavjud ekanini qayd etdi.

Deputat savolga berilgan javob qonunda aks etmagani, ochiqlanmaganini ta’kidladi. Tashabbuskorlar keyingi o‘qishgacha takliflar asosida tuzatish kiritadigan bo‘ldi.

 

O‘ttiz kundan to‘qson kunga o‘zgartiriladi

Yig‘ilishda muhokama qilingan qonun loyihalaridan biri «Maxsus yuklar va harbiy tarkiblarning tranziti to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bilan bog‘liq. Unga ko‘ra, tranzit ruxsatnomasini berish yoki uni berishni rad etish to‘g‘risidagi qaror ariza olingan kundan e’tiboran yigirma kundan oshmaydigan muddatda qabul qilinishi belgilangan. Shuningdek, mazkur muddatni uzaytirishga asos bo‘luvchi holatlarni hamda uzaytirish mumkin bo‘lgan muddat chegarasini aniq ko‘rsatish nazarda tutilgan.

Biroq Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Respublikasi hududi orqali maxsus yuklar va harbiy tarkiblarning tranzitini davlat tomonidan tartibga solish va nazorat qilish to‘g‘risida»gi 2002 yil 21 fevraldagi qarori bilan mazkur muddat yigirma kundan oshmasligi zarurligi qayd etilgan.

Bundan tashqari, Qonunda ushbu muddatni uzaytirishga asos bo‘luvchi holatlar hamda uzaytirilishi mumkin bo‘lgan muddat chegarasi aniq belgilanmagan.

Tashabbuskorlar maxsus yuklar va harbiy tarkiblarning tranzitiga ruxsatnoma berish yoki uni berishni rad etish to‘g‘risidagi qaror ariza olingan kundan e’tiboran yigirma kundan oshmaydigan muddatda qabul qilinishiga oid o‘zgarishni taklif etmoqda. Zarur hollarda mazkur muddat bir oygacha uzaytirilishi mumkinligini belgilash ham nazarda tutilmoqda.

Shu bilan birga maxsus yuklar va harbiy tarkiblarning tranzitiga ruxsatnomaning amal qilish muddatini amaldagi o‘ttiz kundan to‘qson kunga o‘zgartirish taklif etilmoqda.

Ta’kidlandiki, mazkur loyihaning qabul qilinishi tranzit tashuvlarning hajmini oshirishga xizmat qiladi. Bundan tashqari, logistika tizimini rivojlantirish va milliy qonunchilikdagi bo‘shliqlarni bartaraf etish hamda transport sohasidagi qonunchilikni takomillashtirishga olib keladi.

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, fraksiya a’zolari qonun loyihasining konsepsiyasini qo‘llab-quvvatladi.

 

Mas’uliyati cheklangan jamiyat nimaga va qanday holatda javobgar bo‘ladi?

Tahlillarga ko‘ra, amaldagi «Mas’uliyati cheklangan jamiyatlar to‘g‘risida»gi qonunni yanada takomillashtirish taqozo qilinmoqda. Shundan kelib chiqib, qator o‘zgartirishlar fraksiya yig‘ilishida ko‘rib chiqildi.

Tashabbuskorlarning fikricha, qonunchilikdagi ba’zi bo‘shliqlarning to‘ldirilishi jamiyat ishtirokchilari huquqlari va qonuniy manfaatlari kafolatlarini yanada mustahkamlashga, ulushlarning aldov yoki firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirilishiga yo‘l qo‘ymasligini ta’minlashga huquqiy asos sifatida xizmat qiladi.

O‘z navbatida, bu mulkdorlar sinfining yanada o‘sishi va rivojlanishiga, xususan, investitsiya muhiti rivojlanishiga, faol xorijiy investorlarning mamlakatimizga kirib kelishiga zamin yaratadi. Masalan, loyihada jamiyat nafaqat litsenziya, balki boshqa ruxsat etuvchi hujjatlar va xabardor qilish tartibida faoliyat turlari bilan shug‘ullanishi mumkinligi nazarda tutilmoqda. Jamiyatlarning filiali va vakolatxonalarini ochish hamda sho’ba va qaram xo‘jalik jamiyatlari tartiblari alohida modda sifatida belgilanmoqda.

Shuningdek, jamiyat ishtirokchilariga o‘z korporativ huquqlarini amalga oshirish to‘g‘risida korporativ shartnomalar tuzish kabi yana o‘nga yaqin huquqlari kafolatlanmoqda.

Deputat Anvarxon Temirovga ko‘ra, qonun loyihasi bilan bir qator muammolarga qonuniy choralar belgilanmoqda. Biroq ba’zi masalalarda tushuncha keng ochib berilmagan. Masalan, loyihada jamiyat o‘z majburiyatlari yuzasidan o‘ziga qarashli barcha mol-mulk bilan javobgar bo‘ladi, deb ko‘rsatilmoqda. Qanday holatda, nimaga nisbatan javobgar bo‘lishiga oydinlik kiritish so‘raldi.

Tashabbuskorlarga ko‘ra, jamiyat va jamiyatda ijro organi degan ikki xil tushuncha bor. Ijro organi jamiyat faoliyatiga bevosita javobgar hisoblanadi. Shuningdek, jamiyat ishtirokchilari degan tushuncha ham bor. Umumiy qoidaga ko‘ra, ta’sischi jamiyat uchun javob bermaydi. Ya’ni, ta’sis hujjatlarida nazarda tutilgan jamiyatning umumiy mulkiga jamiyat ishtirokchilari javobgar emasligi, ularining javobgarlik darajasi va chegarasiga oid masalada bo‘shliq bor edi. Taklif etilayotgan o‘zgarishlar bilan bu borada javobgar aniq belgilanmoqda.

 

Homiylik faoliyati va mahkumlarga yengillik berish

Fraksiya yig‘ilishida tuzalish yo‘liga o‘tgan mahkumlarga yengillik berishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ham atroflicha ko‘rib chiqildi.

Fraksiya a’zosi Zuhra Shadiyeva mahkumlarning tuzalish yo‘liga o‘tganligi qanday mezonlarga asosan tasdiqlanishi va qanday nazorat qilinishi haqida mutasaddilarga savol bilan yuzlandi. Qonun tashabbuskorlari bu masalada respublika Ma’anaviyat va ma’rifat markazi xodimlaridan iborat ekspertlar jamoasi jalb etilganini bildirdi. Deputat xolis va professional mutaxassislar xulosa berishi zarurligini, jarayonda mustaqil ekspertlar ishtirok etishi, ochiq, shaffof tizim shakllantirilishi kerakligini alohida ta’kidladi.

«O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga homiylik faoliyatini amalga oshirish tartibini takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda muhokamadan o‘tkazildi.

Fraksiya a’zosi Iba Narizova yurtimizda jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik bilan shug‘ullanishi kengayayotgani, lekin homiylik xayriyalarini yig‘ish tartibi, mezonlari qonunchilikda aniq belgilanmagani sababli ayrim g‘araz niyatli shaxslar ishonchga kirib, manfaatdorlik payida bo‘layotgani, bunday xabarlar OAVda chiqib turganini ta’kidladi. Bunday muammoli holatlarning oldini olish bo‘yicha qonun loyihasida ta’sir choralari nazarda tutilgan-tutilmaganini so‘radi.

Qonun tashabbuskorlari loyihada homiylik xayriyalarini yig‘ish tartibini buzishning oldini olishga, homiylik tashkilotlari faoliyatining shaffofligini oshirishga xizmat qiladigan me’yorlar belgilayotganini ma’lum qildi. Deputatlar bunday yondashuvni qo‘llab-quvvatlashini qayd etib, qo‘shimcha mulohazalarini ham bildirishdi.

O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zolari qonun loyihalari yuzasidan o‘z fikr-mulohaza va takliflarini bildirdi. Xususan, qonun loyihalari huquqiy munosabatlarni osonlashtirishi, huquq va manfaatlarni himoya qilishi kerakligi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlash mexanizmlariga ega bo‘lishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Fraksiya a’zolari qonun loyihalarini ma’qullash haqida qaror qabul qildi.

Shuningdek, fraksiya yig‘ilishi yakunida Prezident tomonidan o‘tkazilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi yig‘ilishida ko‘tarilgan masalalar yakunlari, xususan, yurtimizda korrupsiyadan xoli muhit yaratish bo‘yicha qilingan ishlar samaradorligi, kelgusi vazifalarni amalga oshirish masalalari ham muhokama qilindi.

Fraksiya rahbari Ulug‘bek Inoyatov ushbu yig‘ilishda Prezidentimiz tomonidan parlament va partiyalar oldiga qo‘yilgan vazifalar ijrosini ta’minlashga faollik bilan yondashuv zarurligini ta’kidladi. Qolaversa, qabul qilinayotgan qonunlarda korrupsiyaga qarshi kurashishga doir yangicha yondashuvlar asosida ishlash kerakligiga alohida urg‘u berildi. Har oyning yakunida deputatlarning o‘z saylov okruglariga chiqishlari barobarida ularning sohaviy faoliyatiga binoan hududlarda korrupsiyaviy holatlar, uning ijtimoiy sabablarini aniqlash yuzasidan o‘rganishlar tashkil etish taklifi ham ilgari surildi. Kelgusidagi faoliyatni bildirilgan mulohaza va tavsiyalar asosida olib borish belgilandi.

 

Zilola UBAYDULLAYEVA,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.

«O‘zbekiston ovozi», 12.3.2025, №10