Ijtimoiy tarmoqlarda, ommaviy axborot vositalarida tez-tez Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishning ahamiyatli tomonlari haqidagi eshitib, o‘qib qolamiz. Xo‘sh, bu qanday tashkilot o‘zi? JST 1995 yil 1 yanvardan o‘z faoliyatini boshlagan. Tashkilot davlatlararo ko‘p tomonlama savdo tizimini muvofiqlashtirib turuvchi yagona universal xalqaro tuzilma hisoblanadi. Uning asosiy vazifasi global iqtisodiyotni shaffofligini tartibga solish, davlatlararo savdo-sotiq munosabatlarni yo‘lga qo‘yish, ular o‘rtasida tenglik o‘rnatish, a’zo mamlakatlar barqaror taraqqiyotini ta’minlash va insonlar turmushini yaxshilash hisoblanadi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, JST global platforma sanalib, unda har bir a’zo davlatning manfaatlari hisobga olinadi. Shuning uchun kuchli, o‘zini iqtisodiyotiga ishongan davlatlar tezroq bu tashkilotga kirishga harakat qiladi. Chunki JST mamlakatlararo savdo qoidalarini boshqarib turuvchi yagona xalqaro tashkilot hisoblanadi. Tashkilot doirasida qabul qilingan bitimlar jahon bozorida muvaffaqiyatli faoliyat yuritishda tovarlar va xizmatlar ishlab chiquvchilarga, eksportyor va importyorlarga ko‘mak berishga qaratilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda dunyodagi ushbu eng yirik iqtisodiy tashkilotga 166 davlat a’zo bo‘lib, ular hissasiga jahon savdosi va jahon yalpi ichki mahsulotining qariyb 97 foizi to‘g‘ri keladi. Shu ma’noda, O‘zbekistonning JSTga kirishi iqtisodiy siyosatning bashoratli bo‘lishini va xorijiy investorlarda unga bo‘lgan ishonchni oshiradi, tashqi bozorlarga erkin chiqishni ta’minlaydi, mamlakatimizda tayyor mahsulot ishlab chiqarishni yanada rivojlantirish va raqobatbardoshligini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Kuni kecha davlatimiz rahbarining “Bozor islohotlarini yanada jadallashtirish va O‘zbekiston Respublikasi milliy qonunchiligini Jahon savdo tashkiloti bitimlariga muvofiqlashtirish bo‘yicha navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonining qabul qilinishi bu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlar uchun muhim huquqiy maydon bo‘ldi, desak to‘g‘ri bo‘ladi. Farmonda milliy iqtisodiyotning mavjud salohiyatini ro‘yobga chiqarish, uning global ishlab chiqarish va qo‘shilgan qiymat zanjiriga integratsiyasini yanada chuqurlashtirish, erkin bozor tamoyillarini amalda tatbiq etishni kengaytirish hamda O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zoligiga erishishni jadallashtirish maqsadida bir qator muhim vazifalar belgilandi.
Unga ko‘ra, 2025 yil 1 yanvardan eksportni qo‘llab-quvvatlash maqsadida taqdim etilayotgan subsidiya va preferentsiyalar, shu jumladan, tovarlarni eksportga realizatsiya qilishdan olingan daromadlar bo‘yicha foyda solig‘i, aylanmadan olinadigan soliq, transport xarajatlarini qisman qoplab berishga oid imtiyozlar bekor qilinadi.
O‘zbekiston Respublikasida amalda bo‘lgan bojxona boji, yig‘imlari va qiymatini Jahon savdo tashkilotining Tariflar va savdo bo‘yicha bosh bitimi (GATT 1994) talablariga moslashtirish maqsadida: 2025 yil 1 yanvardan boshlab joriy etiladigan bojxona yig‘imlarining fiskal maqsadlarda undirilmasligi belgilanadi; Bojxona qo‘mitasi 2024 yil 1 avgustga qadar bojxona chegarasi orqali olib o‘tiladigan tovarlarning bojxona qiymatini aniqlash bo‘yicha normativ-huquqiy hujjat loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritadi. Jahon savdo tashkiloti bilan ishlash bo‘yicha idoralararo komissiya (J.Xo‘jaev) 2024 yil 1 avgustga qadar: savdo-iqtisodiy munosabatlarda eng ko‘p qulaylik berish rejimi (MFN) nazarda tutilmagan mamlakatlarda ishlab chiqarilgan yoki ishlab chiqarilgan mamlakati aniqlanmagan tovarlarga nisbatan bojxona bojlarini qo‘llash bo‘yicha amaldagi qonunchilikni qayta ko‘rib chiqib, uning samaradorligini oshirish yuzasidan takliflarni; import bojxona bojlari stavkalarining qo‘llanilishi samaradorligini oshirish va shaffofligini ta’minlash maqsadida amaldagi bojxona tariflarini O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasining 2022 yilgi tahririga muvofiqlashtirish bo‘yicha qaror loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.
JSTga kirish jarayoni davlatimiz rahbarining kun tartibi va qattiq nazorati ostida turgani bejiz emas, albatta. Boisi, O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi aholining turmush tarzini yaxshilash, milliy mahsulotlarimizni raqobatbardosh va jahon bozorlarida sotish, mamlakatimizda investitsion muhitni yaxshilash va investitsiya oqimini oshirish, hamda iqtisodiyotimizni barqaror rivojlanishiga zamin yaratadi. Shuningdek, bu mamlakatimiz hududida xalqaro savdo subyektlariga tadbirkorlik faoliyatini olib borish uchun qulay sharoit yaratishda ham muhim rol o‘ynaydi. Shu ma’noda aytadigan bo‘lsak, O‘zbekistonning xalqaro savdo tashkilotining a’zosi ekanligi, davlatimiz “biznes uchun ochiqligini” anglatadi.
Laziza Sherova, “O‘zbekiston ovozi” muxbiri.