Siyosiy partiyaning jamiyatdagi nufuzi va roli uning elektorat manfaatlarini qay darajada himoya qilayotganiga, joylardagi muammolar echimi yuzasidan qanday dadil va haqchil tashabbuslar bilan chiqayotganiga qarab baholanadi, albatta. Shu nuqtai nazardan O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi 2019 yilgi parlament va mahalliy Kengashlarga saylovda 82 ta ustuvor maqsadni belgilab olgan edi hamda bugunga qadar ularning 70 dan ortig‘i o‘zining amaliy isbotini topdi. XDP fraktsiya a’zolari elektorat vakillarining huquq va manfaatlarini aks ettirishga qaratilgan 206 ta qonun loyihasi yuzasidan takliflar bildirishdi. 2 ming 600 dan ortiq fuqarolardan kelib tushgan murojaatlarning aksariyati adolatli yakun topdi.
O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashining plenumida erishilgan bu singari salmoqli natijalar alohida qayd etildi. Dastlab parlament quyi palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraktsiyasi, partiya Ijroiya qo‘mitasi faoliyati sarhisob qilinib, oldinda turgan dolzarb vazifalar sanab o‘tildi.
Partiya Markaziy Kengashi raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraktsiyasi rahbari Ulug‘bek Inoyatov kun tartibidagi masalalar yuzasidan axborot berib, ustuvor yo‘nalishlarga diqqat qaratdi.
Ochiq muloqot, qizg‘in muhokama va aniq takliflar asosida o‘tkazilgan yig‘ilishda fraktsiya a’zolarining faoliyatini yanada kuchaytirish, qonun loyihalarini ishlab chiqish, huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish, ijro etuvchi organlar mas’uliyatini oshirish, partiya va deputatlik korpusi bilan faol hamkorlik qilish bo‘yicha tavsiyalar ilgari surildi.
Plenumda, shuningdek, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Buxoro viloyat Kengashi raisi Zulfiya Tuyayeva, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Farg‘ona viloyat Kengashi raisi Zokirjon Zohidov so‘zga chiqdi. Partiya oldida turgan mas’uliyatli va sharafli vazifalar ijrosini yuqori saviyada bajarish uchun mahalliy Kengashlarning hissasi muhimligiga e’tibor qaratildi.
Plenumda muhokama qilingan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.
Laziza Sherova, “O‘zbekiston ovozi” muxbiri.