BMT ma’lumotlariga ko’ra, 2022 yilda dunyoda 1,2 milliard odam kambag‘allikda hayot kechirgan. O‘zbekistonda-chi? Ochiği, 2020 yilgacha bu haqida hech narsa bilmasdik. Chunki bu ochiq muhokama qilinmagan. Shu paytgacha kambag‘allar yo‘q edimi? Bor edi, albatta. Ammo hech kim O‘zbekistondagi kambag‘allar soni haqida aniq bilmasdi. Chunki yillar davomida bu atama ham, mamlakatda kambag‘al aholi borligi tan olinmas edi.
2020 yilga kelibgina O‘zbekiston rahbari rasmiy minbardan turib, mamlakatda kambag‘allik darajasi va unga qarshi kurashish haqida gapirdi. O‘shanda davlatimiz rahbari mamlakatimizdagi kambag‘allik darajasi 12-15 foiz atrofida ekanini ma’lum qilgan edi. Bu 4-5 million aholi yetarli daromad manbaiga ega emasligini, ijtimoiy himoyaga muhtojligini bildiradi. To‘g‘ri, kambag‘allik har qanday zamonda ham bo‘lgan, har bir mamlakatda bor. Buni inkor etib bo‘lmaydi. Asosiy masala kambag‘allikka qarshi qanday kurashilishi, davlat va jamiyatning sa’y-harakatlari birlashishi, aniq maqsadga yo‘naltirilishida. Hamma gap masalaga to‘g‘ri yondashishda. Shularni inobatga olib, kambag‘allikni qisqartirish masalasi kun tartibiga chiqdi.
O‘zbekiston kambag‘allikka qarshi qanday kurashmoqda? Bunday bir necha yil oldin, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi kambag‘allikni qisqartirish jarayonlarini tartibga solish uchun maxsus tashkil etildi. Xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda, 2030 yilgacha Kambag‘allikni kamaytirish strategiyasini ishlab chiqishga qaror qilindi.
Joylardagi davlat va jamoatchilik vakillari bilan birgalikda «temir daftar»lar tashkil etilib, ehtiyojmand, moddiy yordam va ko‘makka muhtoj oilalar qo‘llab-quvvatlanmoqda. Hududlarda kambag‘allik darajasini qisqartirish, kichik biznes va oilaviy tadbirkorlikni faol qo‘llab-quvvatlash, aholining kasbga o‘qitish tizimini takomillashtirish hamda muhtoj qatlamni manzilli qo‘llab-quvvatlash umumiy harakati sifatida belgilandi.
2021 yilda O‘zbekistonda ilk bor kambag‘allik tushunchasining huquqiy asoslari belgilab olindi. Unga ko‘ra, aholi minimal ijtimoiy standartlari va kambag‘allik chegarasi belgilanib, respublikada kambag‘allik mezoni sifatida minimal iste’mol xarajatlari miqdori belgilangan.
Oilalarga bolalar nafaqasi va moddiy yordamni tayinlash uchun jon boshiga to‘g‘ri keladigan bir oylik daromad mezoni minimal iste’mol xarajatlari miqdoriga, ya’ni kambag‘allik chegarasiga tenglashtirildi. Minimal iste’mol xarajatlari (30 turdan ortiq oziq-ovqat va nooziq-ovqat tovarlar hamda xizmatlar qiymati) – kambag‘allik mezoni sifatida qabul qilinib, jon boshiga bundan kam daromadga ega bo‘lgan oilalarga kam ta’minlanganlik nafaqasi to‘lanishi belgilangan.
Yana bir muhim masala. Mamlakatda 2030 yilga qadar bo‘lgan davrda aholining ijtimoiy himoya qilish strategiyasi qabul qilingan. O‘zbekiston prezidenti huzurida Ijtimoiy himoya milliy agentligi, uning barcha hududlarda bo‘limlari, shuningdek, respublikaning har bir shahar va tumanida «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlari tashkil etildi.
Minimal iste’mol xarajatlariga asoslangan milliy kambag‘allik chegarasi tasdiqlandi.
Ma’lumot uchun:
O‘zbekistonda kambag‘allikning yangi o‘lchovi sifatida minimal iste’mol xarajatlari joriy qilingan. Uning miqdori 2021 yilda 440 ming so‘mni tashkil etgan, 2022 yil yanvaridan boshlab esa 498 ming so‘m deb belgilangan. Keyinchalik bu miqdor 2023 yil iyul oyida 498 ming so‘mdan 568 ming so‘mgacha, 2024 yilning yanvarida esa 568 ming so‘mdan 621 ming so‘mgacha oshirildi. Joriy yilning 1 mayidan elektr energiyasi va gaz tariflarining qimmatlashayotgani fonida esa 648 ming so‘mga yetkazildi.
Laziza Sherova,
“O‘zbekiston ovozi” muxbiri.