Siyosat

Toza muhit – sog‘lom kelajak kafolati

Blog Image
Email : 11 0

Bugungi kunda ekologik muammolar global chaqiriqqa aylangan. Xususan, Toshkent shahri va boshqa sanoatlashgan hududlarda havo sifati bilan bog‘liq muammolar dolzarbligicha qolmoqda.

Atmosfera ifloslanishiga sanoat rivoji, transport vositalari sonining ortishi, yoqilg‘i turlaridan samarasiz foydalanish va nazorat mexanizmlarining yetarli emasligi ta’sir ko‘rsatmoqda.

23 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida 2026–2030 yillarga mo‘ljallangan ustuvor umummilliy loyihalar taqdimoti bilan tanishdi. Ushbu tashabbuslar nafaqat tabiatni asrash, balki aholi salomatligini muhofaza qilish, iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash va kelajak avlodlar uchun munosib muhit yaratishda muhim ahamiyatga ega.

Shu nuqtai nazardan, “Toza havo” umummilliy loyihasi juda dolzarb va o‘z vaqtida qabul qilingan qarordir. Ushbu loyiha doirasida atmosferaga chiqarilayotgan zararli moddalarni qisqartirish, sanoat korxonalarida zamonaviy filtr va monitoring tizimlarini joriy etish, transport sohasida ekologik standartlarni kuchaytirish kabi aniq vazifalar belgilab olingan.

Ayniqsa, transport vositalarini ekologik toifalarga ajratish, jamoat transporti ulushini oshirish va eski avtomobillarni bosqichma bosqich yangilash kabi choralar shaharlardagi havo sifatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi shubhasiz.

Shuningdek, “yashil belbog‘”lar barpo etish, botanika va dendrologiya bog‘larini ko‘paytirish, jumladan, poytaxtda Milliy dendrologiya bog‘ini tashkil etish tashabbusi ekologik barqarorlikni ta’minlashda muhim qadamdir. Bu kabi loyihalar nafaqat havoni tozalash, balki shahar mikroiqlimini yaxshilash va aholining dam olish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.

Ekologik madaniyatni yuksaltirish ham ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilanmoqda. “Ekomadaniyat” loyihasi doirasida ta’lim tizimiga yangi yo‘nalishlarni joriy etish, zamonaviy mutaxassislar tayyorlash va aholi o‘rtasida barqaror turmush tarzini shakllantirish ko‘zda tutilgani ayniqsa, e’tiborlidir.

Bugungi kunda yurtimiz hududining katta qismi arid zonalardan iborat bo‘lib, cho‘llanish jarayonlari iqtisodiyot va ekologiyaga jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Shu bois, ilmiy yondashuv asosida cho‘llanishga qarshi kurashish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirish ustuvor ahamiyat kasb etadi.

Xulosa qilib aytganda, taklif etilgan loyihalar mamlakatimizning ekologik xavfsizligini ta’minlash, aholi salomatligini muhofaza qilish va barqaror rivojlanishni ta’minlashga xizmat qiladi. Ularning samarali amalga oshirilishi esa barchamizning faol ishtirokimiz va mas’uliyatli munosabatimizga bog‘liq.

Toza tabiat – bu faqat davlat siyosati emas, balki har bir fuqaroning hayotiy qadriyatiga aylanishi lozim.

 

Sayyora ABDIKARIMOVA,

Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari.