So‘z – O‘zXDP yetakchilariga
Toshkent viloyati partiya kengashi raisini eshitamiz!
Bugun joylarda hayot qaynagan, islohotlar ko‘lami keng. Har qadamda o‘zgarishlarga guvoh bo‘lamiz. Ana shunday muhim pallada mahalliy Kengashlardagi XDP deputatlari nimalar bilan mashg‘ul, joylardagi partiyamiz tashkilotlari-chi? Ana shu savollarga javob topish maqsadida O‘zXDP Toshkent viloyat kengashiga bordik. Maqsadimiz viloyat partiya kengashi raisi, xalq deputatlari viloyat Kengashidagi O‘zXDP deputati Akmal Umaraliyev bilan suhbatlashish edi.
Partiya binosiga kirib borganimizda viloyat partiya kengashi raisi o‘z xonasida bir guruh saylovchilar bilan gaplashib turgan ekan. Bizga ma’lum bo‘lishicha, shu kuni ohangaronlik saylovchilar murojaat bilan kelishgan. Ularning aytishicha, tumandagi «Nurobod» mahallasida joylashgan texnikum binosi ta’mirtalab holatda, sport zali ham achinarli ahvolda. Saylovchilar texnikumni ta’mirlash masalasida yordam so‘rashgan.
– Ushbu murojaat ijobiy hal etilishi uchun astoydil harakat qilaman. Avvalo, muammo yuzasidan takliflar tayyorlaymiz, mutasaddi tashkilotlar rahbarlariga deputatlik so‘rovlari jo‘natamiz. Odamlarimizning xohish-irodasi amalga oshmaguncha tinchimaymiz, – deb partiya kengashi raisi bizni xonasi tomon boshladi.
Gap orasida yana shunday dedi:
– Endi tasavvur qiling, har bir tuman, shahar, viloyatning qanchadan-qancha deputati, xalq saylagan vakillari bor. Hamma yuragi yonib ishlasa, ishonchni oqlash uchun behalovat bo‘lsa, qanchadan-qancha murojaatlar hal bo‘ladi, odamlarni o‘ylantirayotgan ko‘pdan-ko‘p muammolar yechiladi. Shunday masalalar borki, vaqt ham, katta mablag‘ ham talab etmaydi. Shunchaki e’tiborning o‘zi uni hal qilish uchun yetarli. Faqat deputat saylovchilari uchun jon kuydirsa bo‘ldi…
– Xalq deputatlari mahalliy Kengashlarda XDP katta kuch va salohiyatga ega. Siz yetakchilik qilayotgan partiya tashkiloti ana shu imkoniyatdan qay darajada foydalanmoqda? Ko‘zga ko‘rinarli tashabbuslar haqida nima deyish mumkin?
– Aytish kerakki, mahalliy Kengashlardagi partiya guruhlarimiz joylarda Xalq demokratik partiyasining siyosiy manfaatlarini ifodalaydigan, himoya qiladigan eng muhim kuchdir. Mahalliy Kengashlardagi deputatlarimiz faoliyatiga nazar tashlasak, maqtovlar ham, tanqidlar ham bor…
O‘tgan yilning oktabr oyida o‘tkazilgan saylov natijasiga ko‘ra, xalq deputatlari Toshkent viloyat Kengashiga ikkinchi o‘rinda 13 nafar deputat saylandi. Xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlarida O‘zXDP deputatlari 106 nafarni tashkil etadi. Shundan 35 nafari xotin-qizlardir.
Bugun o‘zgarishlar katta, islohotlar ko‘lami keng. Deputatlar ham shunga yarasha faol bo‘lishi, o‘zgarishlarga tayyor turishi kerak, deb o‘ylaymiz. Bu ko‘pning vakili uchun muhim masalalardan biri hisoblanadi.
Shundan kelib chiqib, aholining ijtimoiy himoyasi bilan bog‘liq masalalarda parlament va deputatlik nazorati tizimli yo‘lga qo‘yilgan. Tahlil qilib ko‘radigan bo‘lsak, keyingi paytlarda mamlakatimizda islohotlarning markaziy nuqtasiga chiqayotgan muhim sohalarda deputatlik nazorati olib borildi va ular sessiyalar kun tartibiga kiritildi.
Masalan, partiyamizning amaliy Harakatlar dasturi ijrosini ta’minlashda Toshkent viloyat partiya tashkilotlari va xalq deputatlari mahalliy Kengashlardagi partiya guruhlari tomonidan bir qator ijobiy ishlar amalga oshirildi.
Dasturda bandlik, ta’lim, sog‘liqni saqlash, transport, qurilish, uy-joy, kommunal, qishloq xo‘jaligi va joylarda xizmat ko‘rsatish sohalarini rivojlantirish masalalariga oid 92 ta masala qamrab olindi.
Amaliy Harakatlar dasturidagi yo‘nalishlar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining tegishli qonunlari, boshqa me’yoriy-huquqiy hujjatlar ijrosi jamoatchilik va deputatlik nazorati sifatida o‘rganildi va shundan kelib chiqib, 90 ta masala partiya guruhlari, 90 ta masala doimiy komissiya yig‘ilishiga va 82 ta masala sessiya kun tartibiga olib chiqildi, partiya elektorati manfaatlariga doir tegishli qarorlar qabul qilinishiga erishildi.
Shuningdek, hududlardagi mavjud muammolarni hal etishga qaratilgan 275 ta deputatlik so‘rovlari yuborilib, shundan 197 tasi ijobiy yechim topdi. Bundan tashqari, 88 marotaba joylardagi hududiy rahbarlar va mansabdor shaxslarning hisobotlari va axborotlari eshitildi.
Amaliy Harakatlar dasturi tumanlar kesimida tahlil etilganda Piskent, Toshkent, Yuqori Chirchiq, Bo‘stonliq tuman va Chirchiq shahar Kengashlari partiya guruhlari samarali va tizimli ish olib borishdi.
Raqamlardan ko‘rinib turibdiki, joylarda yechimini kutayotgan masalalar oz emas. Fuqarolarni o‘ylantirayotgan ijtimoiy masalalar qay darajada samara va natija berayotgani deputatlik nazoratini olib borish davomida yanada yaqqol, aniq ko‘rinadi. Qonunlar, qaror, dasturlar va boshqa muhim hujjatlarning ijrosi, ya’ni, ro‘yobini bilish uchun ko‘proq odamlar orasida bo‘lish, har bir mahallaga, har bir xonadonga kirib borish kerak.
Ko‘zga ko‘rinarli muhim tashabbuslarga to‘xtaladigan bo‘lsam, biz bir qator loyihalarimiz bilan mahallalarga, saylovchilar orasiga kirib boryapmiz, ular bilan yelkama-yelka turyapmiz.
Og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarga mahalliy Kengash deputatlarini biriktirgan holda ularning muammosini bosqichma-bosqich hal etish, ijtimoiy-huquqiy va psixologik yordam ko‘rsatish maqsadida «Ayollarga ko‘mak» loyihasi o‘tkazildi. Mazkur loyiha doirasida 122 ta tadbir tashkil etilib, 435 nafar ijtimoiy ko‘makka muhtoj, og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarning muammolari o‘rganildi. Jumladan, 15 nafar nogironligi bor xotin-qizlarga aravacha, 12 nafariga qo‘ltiqtayoq va eshitish moslama si olishga ko‘mak berildi. Shuningdek, deputatlar ko‘magida 3 nafar xotin-qiz yangi uy-joy bilan ta’minlandi. 6 nafariga tikuv mashinasi olib berishda yordam ko‘rsatildi. 178 nafar ayolga huquqiy-psixologik yordamlar ko‘rsatildi.
Nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamiyat ha yotiga integratsiya jarayonidagi mavjud muammolarni o‘rganish va ularni hal etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish maqsadida «Teng huquq – teng imkoniyatlar» loyihasi doirasida 44 marotaba tadbir tashkil etildi. Tadbirlarda 150 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslarga amaliy ko‘maklashildi.
Aholi turmush darajasini yanada yaxshilash, kambag‘allikni qisqartirish, muammolarni tezkorlik bilan joyida hal etishga qaratilgan 87 marotaba «Deputat mahalla da» loyihasi amalga oshirildi. Deputatlar tomonidan aholi muammolarini o‘rganish maqsadida 95 marotaba sayyor qabullar o‘tkazilib unda 2152 nafar fuqaro qatnashdi, ushbu sayyor qabullarda 635 ta muammoli masala ko‘tarilib, shundan 540 tasi ijobiy hal etildi, qolgan masalalar deputatlar tomonidan nazoratga olindi.
Muhimi, qancha yig‘ilishda ishtirok etganimiz emas, odamlarning mushkulini oson qiluvchi takliflar, masalalarni ko‘targanimizda, deb o‘ylayman. Qaysi tizim, qaysi soha yaxshi ishlamayotgani, aholi nimalardan norozi ekanini ko‘proq ularning o‘zidan eshitamiz. Fuqarolardan olingan ma’lumotlar asosida kamchiliklarni tuman hokimiga aytgan vaqtlarimiz ko‘p bo‘ladi.
– Siz viloyat partiya kengashi ishidan shaxsan o‘zingiz qoniqasizmi? Partiya kengashi yo‘l qo‘ygan xatolar sizningcha, nimalardan iborat? Kamchiliklar qanday va qaysi paytda ijobiy tendensiya tomon siljiydi?
– E’tiborga molik ishlar ko‘p, albatta. Ammo bu — sohada barcha ishlar risoladagidek degani emas. Yanada faol ishlash, katta-katta tashabbuslar bilan chiqish uchun ishga solinmagan imkoniyatlarimiz bor, shundan unumli foydalanishimiz kerak.
Bir narsa aniqki, mamlakatimizda yildan-yilga demokratik muhit tobora mustahkamlanib boryapti. Bir paytlar quruq hisobot berish, shunchaki qo‘l ko‘tarib, tasdiqlash bilan o‘tgan sessiyalarimiz hozir jonlangan. Deputatlarimizning sessiyalardagi ishtiroki ancha faollashgan.
Shunday hollar ham bo‘ladiki, sessiyada fikr-mulohaza va takliflarimiz qabul qilinishi uchun tortishishga, bahslashishga to‘g‘ri keladi. Chunki deputat ko‘p, ularning har biri o‘zi saylangan siyosiy partiyaning manfaati, elektorati istaklaridan kelib chiqib, qaror qabul qilinishini istaydi. Shunga qaramay, to‘g‘ri aytilgan fikrni qo‘llab-quvvatlash, yagona to‘xtamga kelish yo‘lini topamiz.
Viloyat partiya kengashi tashabbusi bilan «Deputatning bir kuni», «Kengash raisining faoliyati», «Deputatlik so‘rovlari natijadorligi» kabi mavzularda viloyat, tuman, shahar kengashlarida tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, ishimiz natijadorligini sarhisob qilish uchun har chorak oxirida deputatlar bilan anjuman tashkil qilinadi. Bu anjumanda faol deputatlar o‘z faoliyati haqida ma’lumot berishadi. Bu esa yangi saylangan deputatlar uchun amaliy dars bo‘ladi.
Ochig‘ini aytish kerak, muammo va murojaatlardan qochib yuradigan deputatlar ham yo‘q emas. Aytaylik, o‘ziga yuklatilgan vazifalarga e’tiborsiz qarab kelayotgan partiya guruhlari ham bor. Masalan, viloyatimizda ichimlik suvi muammosidan qiynalib kelayotgan hududlar mavjud.
Qishloqlarda, mahallalarda ichki yo‘llarni ta’mirlash, shuningdek, issiqlik ta’minoti masalasi, elektr energiya, tungi chiroqlar yo‘qligi bilan bog‘liq qator muammolar aholining haqli e’tirozlariga sabab bo‘lyapti.
Ushbu masalalarda davlat hokimiyati va boshqaruv organlari rahbarlarining axborot va hisobotlari yetarlicha eshitilmasdan qolmoqda. Aksariyat hollarda partiya guruhlari masalani muhokamalarga olib chiqish bilan cheklanib, qabul qilingan qarorlar ijrosi nazoratsiz qolish holatlari kuzatilyapti. Vaholanki, eng muhimi erishiladigan natijadir. O‘z ishiga vijdonan yondashadigan deputat ertaga saylovchilar huzuriga nima, deb borishi haqida ham o‘ylab ko‘radi.
Partiya safiga yangi a’zolarni jalb qilish borasida qilinadigan ishlarimiz ko‘p. Saylovchilar bilan muloqotlarni ko‘paytirish, sayyor qabullar tashkil etish, viloyatning har bir hududiga kirib borishga harakat qilamiz. «Deputat mahallada», «Uyma-uy», «Tibbiy ko‘rik», «Deputat va yoshlar», «Safimizda yoshlar» loyihalari asosida amaliy tadbirlar rejasini tuzdik.
– Yutuqlar haqida gapirdik, xato va kamchiliklarni sanab o‘tdik. Keling, endi bevosita partiyaning jamiyatdagi nufuzini yanada oshirish masalasiga to‘xtalsak. Bundan keyin nimani kutsak bo‘ladi? Yana bir savol. Yuqorida muammolarni aytdingiz.
Xo‘sh, siz bu muammolarni to‘liq bartaraf etishga va’da bera olasizmi?
– Yaqinda viloyatimizdagi 33 ta tashkilotda partiyamizning yangi boshlang‘ich tashkilotlari tuzildi. Yil oxirigacha quyi bo‘g‘inlar sonini 969 taga yetkazish maqsadimiz bor.
Partiyamiz tizimida o‘tkaziladigan «Yosh siyosatchi» ko‘rik-tanlovi orqali bizga xayrixoh bo‘lgan yoshlar safi kengayib bormoqda. O‘tgan yili ushbu loyiha orqali minglab yangi a’zolar partiyamiz atrofida birlashdi.
Bugungi kunda partiya safida 63126 nafar a’zo bo‘lib, ulardan 29748 nafarini ayollar, 18962 nafarini yoshlar tashkil etadi. Yanvar oyida 2109 nafar a’zo qabul qilingan bo‘lib, ularning 862 nafari ayollar, 560 nafari yoshlar. Shuningdek, quyi bo‘g‘in elektoratimiz bilan «Siyosatchi ayol» ko‘rik-tanlovi, «Siyosatdagi yoshlar» intellektual turnir o‘tkazishni rejalashtirayapmiz.
Deputatlik birlashmalari va partiya tashkilotlari ma’lum murojaatlarni hal etish bilan birga, hududlarda partiya elektorati manfaatlariga xizmat qiladigan me’yoriy-huquqiy hujjatlarning ijro holati haqida aniq xulosani shakllantirishi kerak, deb o‘ylayman.
Shu munosabat bilan faoliyatimizning barcha darajasida deputatlik va jamoatchilik nazoratini kuchaytirishni rejalashtirganmiz. Bu orqali mahalla, tuman va shaharlarning ijtimoiy rivojlanish holatini tizimli ravishda monitoring qilamiz.
Umuman olganda, kamchiliklar ustida ishlab, partiya tashkilotlari faoliyatini yanada kuchaytirish, xalq deputatlari mahalliy Kengashlardagi deputatlik guruhlari nufuzini oshirish bo‘yicha qat’iy rejalarimiz bor. Imkoniyatlarimiz ko‘p, vakolatlarimiz ham yetarli. Ishonamanki, rejalarimizning barchasi amaliy natijalarimizda aks etadi. Eng muhimi, xalq ehtiyojlaridan uzilib qolmaslikka harakat qilamiz.
***
To‘g‘ri, amalga oshirilayotgan e’tiborga molik ishlar ko‘p, lekin jarayon to‘xtab qolmasligi, vaqt o‘tgani sari izchil tus olishi kerak. Yil boshlanganiga hali ko‘p bo‘lmadi, oldinda hali vaqt ham bor. Ko‘ramiz, kuzatamiz, birinchi yarim yillikda viloyatdagi barcha deputatlarning tashabbusini faol yoritishga biz ham umid qilamiz.
Xo‘sh, deputat sifatida siz ishingizdan qay darajada qoniqyapsiz? Mahalliy Kengashlardagi bugungi vaziyat, haqiqiy manzara aslida qanday? Keyingi sonlarimizda boshqa viloyatlardagi deputatlarimiz, mahalliy partiya tashkilotlarimizdan shu savollarga javob izlaymiz. Kuting, keyingi manzil sizning hududingiz bo‘lishi mumkin.
«O‘zbekiston ovozi» muxbiri
Laziza Sherova
suhbatlashdi.
«O‘zbekiston ovozi», 12.3.2025, №10