Talabalar uchun yangi stipendiya joriy etiladi

 

Bu yil 14 ta maktabda pedagog kasbiga qiziqqan 10-11-sinf o‘quvchilari uchun alohida sinflar tashkil etildi. Kelgusi o‘quv yilidan yana 60 ta maktabda, jumladan, 10 ta ixtisoslashgan maktabda bu tajriba joriy qilinadi.

 

Kelajakda ushbu sinflarni tamomlagan o‘quvchilar shu yo‘nalishdagi oliygohlarga kirsa, ularga 2-kursdan maktabga borib kasbiy mahoratini oshirishi uchun imkoniyat yaratiladi. Alohida qobiliyatga ega talabalarga dars o‘tgani uchun oylik ham to‘lanadi. Prezidentimiz pedagogika yo‘nalishidagi oliygohlarda tahsil olayotgan iqtidorli talabalar uchun Abdulla Avloniy nomidagi stipendiyani tashkil etishni taklif qildi.

 

Sifatli ta’limning ajralmas qismi bo‘lgan tarbiya va odob-axloq jarayonlari zamonaviy yondashuv asosida yo‘lga qo‘yiladi. Shu maqsadda Qori Niyoziy nomidagi Tarbiya pedagogikasi milliy instituti yangidan tashkil etildi.

 

Ushbu institutning tarbiya sohasidagi milliy an’analarni o‘rganish, tiklash va zamonaviy ma’naviy-axloqiy tarbiya tizimini joriy qilish yo‘nalishidagi faoliyatini yanada kuchaytirish zarurligi qayd etildi. Yoshlarimizda g‘oyaviy immunitetni shakllantirishda kattalar ham ijtimoiy tarmoqlarda faol bo‘lishi, bolalarimizga ijobiy ta’sir ko‘rsatishlari kerakligi ta’kidlandi.

 

Mutasaddilarga ota-onalar, o‘qituvchilar va o‘quvchilar uchun tarbiyaga oid raqamli kontent yaratish topshirildi. Ushbu kontent “Milliy tarbiya” elektron platformasiga va yetakchi ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirilib, doimo yangilab boriladi.

O‘qituvchilar uchun yagona onlayn platforma yaratiladi

 

O‘tgan 5 yilda 13 ming 500 dan ortiq kompyuter sinf xonalari 200 mingta zamonaviy kompyuter bilan ta’minlandi. Kelgusi yil yana 2 mingdan ziyod kompyuter sinflari yangilanadi, bunga byudjetdan 400 milliard so‘m beriladi.

 

Ana shu kompyuterlarga elektron ta’lim kontentlari yuklanib, bolalar uchun mustaqil ta’lim olish imkoniyati oshadi. O‘quvchilar murrakab konsepsiyalarni oson o‘zlashtirishi uchun aniq va tabiiy fanlar bo‘yicha virtual laboratoriyalar tashkil etiladi. Yangi o‘quv yilidan boshlab bunday laboratoriyalar har bir viloyatda 10 tadan maktabda tashkil etiladi.

 

Shuningdek, maktab tizimida o‘qituvchi o‘z imkoniyati va yutuqlarini, yangi ishlanmalarini e’lon qilishi uchun yagona onlayn platforma yaratiladi.

Bugun Prezident bir guruh o‘qutuvchi va murabbiylarni taqdirlaydi

 

Shavkat Mirziyoyev O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan davlat mukofotlarini topshiradi hamda soha vakillari bilan muloqot o‘tkazadi.

 

Shavkat Mirziyoyev bir guruh o‘qutuvchi va murabbiylarni bayram munosabati bilan taqdirlaydi. Bu haqda Prezident matbuot kotibi xabar berdi.

 

Qayd etilishicha, davlat rahbari O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan davlat mukofotlarini topshiradi hamda soha vakillari bilan ta’limda amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan muloqot o‘tkazadi.

 

Shuningdek, Prezident yangidan tashkil etilgan Abdulla Avloniy nomidagi Pedagogik mahorat milliy institutida yaratilgan sharoitlar bilan tanishadi.

Prezident matbuot xizmatida yangi tayinlovlar amalga oshirildi

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoyishi bilan Prezident matbuot xizmati bosh konsultanti lavozimida ishlab kelgan Yunusov Bahodir Maxsutovich Prezident matbuot xizmati shu’ba mudiri etib tayinlandi.

 

Shuningdek, farmoyish bilan Buyuk Britaniyadagi Xalt xalqaro biznes maktabi va Birmingem universitetini tamomlagan Gaynulina Kamila Timurovna Prezident matbuot xizmati yetakchi inspektori lavozimiga tayinlandi.

Tilanchilik uchun o‘g‘lidan foydalangan erkak 10 sutkaga qamaldi

 

Toshkent shahar Sergeli tumanida tilanchilik uchun o‘zining 10 yoshli o‘g‘lidan foydalanib kelgan erkak qamaldi. Qayd etilishicha, Toshkent shahrining Sergeli tumanida erkak 10 yoshli farzandini ko‘chaga tilanchilik uchun chiqarib, kuzatib turgan. Shu vaqtda u IIO xodimlari tomonidan qo‘lga olinib, ichki ishlar bo‘limiga olib ketilgan.

 

Ushbu shaxs Jinoyat ishlari bo‘yicha Sergeli tuman sudi tomonidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 188−3-moddasi 2-qismi (Voyaga yetmagan shaxslarni tilanchilikka jalb etish) va 194-moddasi 1-qismi (Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) bilan aybli deb topib, 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi va bazaviy hisoblash miqdorining 1 barobari (340 ming so‘m) miqdorida jarima jazosi tayinlandi.

Chegara postida yo‘lovchining sumkasidan 3 metrli ilon chiqdi

 

«Gʻishtko‘prik» chegara bojxona postida qo‘shni davlatdan kirib kelgan piyodaga tegishli qo‘l sumkasi nazorat-rentgen uskunasi orqali ko‘zdan kechirilganida, uning ichida bojxona xodimlarining og‘zaki so‘rovida va yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ma’lum qilinmagan 1 bosh ilon borligi aniqlandi.

 

3 metr uzunlikdagi mazkur ilon dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yo‘lbarssimon albinos bo‘g‘ma iloni bo‘lib, asosan Janubiy va Janubiy-Sharqiy Osiyoda yashaydi.

 

Xalqaro Qizil kitobga kiritilganligi sababli mazkur jonivorni O‘zbekiston Respublikasiga olib kirishda xalqaro CITIES ruxsatnomasi talab etiladi. Ammo yuqoridagi holatda yo‘lovchi bu kabi hujjatlarni bojxona xodimlariga taqdim qila olmadi. Holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

 

Ilon esa Toshkent hayvonot bog‘iga topshirilgan bo‘lib, mutaxassislar uning holatini barqaror deb baholamoqda.

Qashqadaryoda yo’l transport hodisasi natijasida to‘rt kishi halok bo‘ldi

 

Qashqadaryo viloyati IIB YHXB Matbuot xizmati xabariga ko‘ra, YTH Ko‘kdala tumanida sodir bo‘lgan. Lacetti rusumli avtomashina haydovchisi qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketib, yo‘lovchilarni olib ketayotgan Nexia avtomobili bilan to‘qnashgan.

 

Hodisa oqibatida, Lacetti avtomobilida bo‘lgan 3 nafar fuqaro voqea joyida halok bo‘lgan. Ikki kishi kasalxonaga yotqizilgan. Ularning barchasi 1998-yilda tug‘ilishgan, barchasi sinfdosh bo‘lgan.

 

Nexia mashinasidagi 1 nafar yo‘lovchi ham halok bo‘lgan. Qayd etilishicha, jabrlanganlar Respublika shoshilinch tibbiy yordam markazi viloyat filialining jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan. Ularning oyoq-qo‘llari singan, ko‘kargan va ichki a’zolari shikastlangan.

 

Mazkur hodisa yuzasidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.

AQSHda «Xelen» to‘foni oqibatida 43 kishi halok bo‘ldi

 

AQSH janubi-sharqini qamrab olgan «Xelen» to‘foni oqibatida kamida 43 kishi halok bo‘ldi, millionlab odamlar elektrsiz qoldi. «Xelen» hozir sezilarli darajada zaiflashgan bo‘lsada, meteorologlar kuchli shamol, kuchli yog‘ingarchilik va tornado xavfi davom etishi haqida ogohlantirmoqda.

 

Dovul zonasida uylar va yo‘llar qisman suv ostida qolgan, sug‘urta kompaniyalari zararni ko‘p milliard dollarga baholamoqda. Xabar qilinishicha, to‘fon to‘rt million xonadon va tijoriy mijozlarini elektr energiyasisiz qoldirgan.

 

Florida shtatining Teylor okrugida sherif departamenti evakuatsiya qilishdan bosh tortgan aholidan «shaxsni aniqlash va oilasiga xabar berish uchun» qo‘llariga ismlari va tug‘ilgan sanalarini olib, imzo qo‘yib berishni so‘ragan.

Krishtianu Ronaldu faoliyatidagi 903-golga mualliflik qildi

 

Futbol bo‘yicha Saudiya Pro Ligasining 5-turida “Al-Nasr” “Al-Vahda”ni ishonchli hisobda mag‘lub etdi. Ar-Riyod klubi hujumchisi Krishtianu Ronaldu 56-daqiqada penaltidan gol urdi. Shu tariqa portugaliyalik futbolchi faoliyatidagi 903-goliga va klublar miqyosida 771-goliga mualliflik qildi.

 

Ronaldu “Al-Nasr” safidagi 17-penaltisini ham aniq amalga oshirdi. Butun faoliyati davomida Krish 196 ta penalti tepgan va ularning 166 tasi darvozadan joy olgan.

 

Joriy mavsumda 39 yoshli forvard klub va terma jamoada 9 ta o‘yin o‘tkazib, 8 ta golga mualliflik qildi. Chempionatda esa gollari sonini 4 taga yetkazdi va to‘purarlar ro‘yxatida 3-o‘rinda bormoqda.

Oʻzbekiston yana bir davlat bilan diplomatik aloqa oʻrnatdi

 

Oʻzbekiston Afrikaning Botsvana davlati bilan diplomatik aloqa oʻrnatdi. Bu Oʻzbekiston diplomatik hamkorlik qilayotgan 153 davlat boʻldi.

 

Oʻzbekiston Afrikaning Botsvana davlati bilan diplomatik aloqa oʻrnatdi. Bu haqda tashqi ishlar vaziri oʻzining telegram-kanalida maʼlum qildi. Qayd etilishicha, Baxtiyor Saidov tashqi ishlar vaziri Lemogang Kvape bilan Diplomatik aloqalar oʻrnatish boʻyicha qoʻshma kommyunikeni imzolagan. Botsvana Oʻzbekiston bilan diplomatik aloqa oʻrnatgan 153 davlat boʻldi.

 

“Botsvanani yillar davomida jadal iqtisodiy oʻsishga erishib kelayotganini yuksak baholaymiz. Ikki mamlakat davlat va xususiy sektor vakillari oʻrtasida faol hamkorlikni rivojlantirishga kelishib oldik”, – deydi vazir.