Qonunchilikda nimalar o‘zgarmoqda?

Qonun qabul qilinishi — bu shunchaki yangi qoida paydo bo‘lishi emas. Uning ortida insonlarning hayoti, huquqi va manfaatlariga daxl qiladigan o‘zgarishlar turibdi. Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida ham ana shu nuqtai nazardan bir qator qonun loyihalari atroflicha muhokama qilindi.

Konstitutsiyaviy sud faoliyati takomillashtiriladi

Dastlab «O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Qonun loyihasi inson huquq va erkinliklarining ishonchli himoyasini kuchaytirish, Konstitutsiyaviy sud qarorlarining amaliyotda samarali ijrosini ta’minlash hamda Konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritishga doir prosessual tartiblarni aniq belgilashga qaratilgan normalarni o‘z ichiga olgan.

Mazkur Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bilan fuqarolar va yuridik shaxslarning shikoyat bilan murojaat qilish huquqini amalga oshirish uchun qo‘shimcha huquqiy kafolatlar yaratilmoqda. Xususan, sud orqali himoya qilishning boshqa barcha vositalaridan foydalanib bo‘lingan va sudda ko‘rib chiqilishi tugallangan muayyan ishda qo‘llanilgan qonunning Konstitutsiyaga muvofiqligi yuzasidan shikoyat qilish mexanizmi aniqlashtirilmoqda.

Deputatlar qayd etganidek, mazkur normalar konstitutsiyaviy odil sudlovga erishish imkoniyatlarini kengaytirish, fuqarolar va yuridik shaxslarning sud himoyasiga bo‘lgan konstitutsiyaviy huquqlarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Majlisda qonun loyihasi qabul qilindi va Senatga yuborildi.

Narkojinoyatlarga qarshi kurashish kuchaytiriladi

Majlisda «Narkotiklar va kuchli ta’sir qiluvchi moddalar to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi. Ushbu hujjat narkotiklar va kuchli ta’sir qiluvchi moddalar muomalasini tartibga solish, giyohvandlik va narkojinoyatlarning oldini olish, aholi salomatligini muhofaza qilish hamda sohada davlat organlarining o‘zaro hamkorligini yanada kuchaytirishga qaratilgan.

Qonun loyihasi bilan narkotiklar, kuchli ta’sir qiluvchi moddalar va prekursorlar muomalasini, shuningdek, giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurashish sohasini kompleks tartibga solish nazarda tutilmoqda. Shuningdek, sohada qo‘llanilayotgan «narkotiklar», «narkojinoyat», «narkovaziyat», «giyohvandlikka qarshi kurashish», «narkojinoyatlarga qarshi kurashish» kabi tushunchalarga huquqiy ta’riflar berilmoqda.

Loyihada narkotiklar, kuchli ta’sir qiluvchi moddalar va prekursorlar muomalasini nazorat qilish hamda giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurashish sohasida davlat organlari va tashkilotlarining vakolatlari aniqlashtirilmoqda. Jumladan, sohadagi davlat organlari va tashkilotlarining faoliyatini muvofiqlashtirish O‘zbekiston Respublikasining Narkotiklar ustidan nazorat qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi tomonidan amalga oshirilishi belgilanyapti.

Hujjat bilan narkojinoyatlarning yangi, ayniqsa, internet tarmog‘idagi usullariga qarshi kurashish, noqonuniy narkolaboratoriyalarni aniqlash va ularning faoliyatiga chek qo‘yish, narkotiklarning noqonuniy muomalasi kanallarini bartaraf etish bo‘yicha tezkor-qidiruv va boshqa choralarni amalga oshirish yuzasidan mas’ul davlat organlari va tashkilotlariga aniq vazifalar ham belgilanmoqda.

Shu bilan birga, narkotiklar va kuchli ta’sir qiluvchi moddalar muomalasini nazorat qilish bilan bir qatorda profilaktika yo‘nalishiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan mas’ul davlat organlari va tashkilotlariga aholi, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlarda giyohvandlikka qarshi immunitetni shakllantirishga, ta’lim muassasalarida narkotiklar tarqalishining oldini olishga, narkologik yordam, profilaktika, diagnostika, davolash va tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya tizimini takomillashtirishga qaratilgan muhim vazifalar yuklatilmoqda.

Bundan tashqari, narkojinoyatlardan olingan daromadlarni legallashtirishga qarshi qaratilgan yangi mexanizmlar nazarda tutilyapti. Xususan, narkojinoyatga yo‘l qo‘ygan yoki narkojinoyatlar natijasida olingan daromadlarni legallashtirish maqsadida moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirgan yuridik shaxsni sud qaroriga asosan tugatish mumkinligi belgilanmoqda.

Mazkur qonun loyihasida narkojinoyatlarga qarshi kurashishda zamonaviy texnologiyalar va ilmiy yondashuvlardan foydalanishni rag‘batlantirish, sohadagi ilmiy, amaliy va texnologik tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, narkojinoyatlar haqida xabar bergan yoki ularga qarshi kurashishga ko‘maklashgan shaxslarni rag‘batlantirish va ularning shaxsiga doir ma’lumotlar sir saqlanishini kafolatlashga qaratilgan normalar o‘z ifodasini topmoqda.

Deputatlar loyihani ishlab chiqishda milliy qonunchilik bilan bir qatorda, xorijiy davlatlarning sohaga oid tajribasi o‘rganilib, ulardagi maqbul mexanizmlar inobatga olinganini ta’kidlashdi.

Majlisda qonun loyihasi qabul qilindi va Senatga yuborildi.

Migratsiya sohasida ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi muvofiqlashtirilmoqda

Bugun migratsiya masalasi ko‘plab fuqarolarning kundalik hayoti bilan bog‘liq mavzuga aylangani sir emas. Yashash yoki turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tish, hujjatlarni rasmiylashtirish kabi jarayonlarda aniq va tushunarli qoidalar bo‘lishi muhim. Shu sababli migratsiya sohasidagi qonunchilikni zamon talablariga moslashtirishga qaratilgan o‘zgartirishlar taklif etilmoqda.

Majlisda “Migratsiya sohasidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Ushbu hujjat qonunlarni bir-biriga moslashtirish, migratsiya sohasidagi qoidalarni zamon talablariga muvofiq ravishda tartibga solish va qonunlarni amalda qo‘llashda yagona tartibni ta’minlashga qaratilgan.

Loyihada fuqarolar, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni mehmonxonalar, motellar, turistik lagerlar, dam olish uylari va zonalari, sanatoriylar, davolash pansionatlari, davlat tasarrufidagi va xususiy klinikalar, shifoxonalar, kasalxonalarga kelganda ushbu tashkilot va muassasalarda turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish tartibini buzganlik uchun mansabdor shaxslarning javobgarligini kuchaytirishga qaratilgan normalar kiritilmoqda.

Shuningdek, amaldagi qonun hujjatlari “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini, chet el fuqarolarini hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni yashash joyi va turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risida”gi qonun normalariga muvofiqlashtirildi. Xususan, fuqarolarni yashash joyi va turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish bilan bog‘liq atama va tushunchalar qonun hujjatlarida birxillashtirildi. Amaldagi bir qator kodeks va qonunlardagi “doimiy yashash joyi” va “vaqtincha turgan joyi” kabi tushunchalar tegishincha “yashash joyi” va “turgan joyi” tushunchalariga muvofiqlashtirildi.

Majlisda qayd etilganidek, qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida deputatlar takliflari, shuningdek, huquqni qo‘llash amaliyoti atroflicha o‘rganilib, uning ayrim normalari yanada takomillashtirildi. Muhokamalar davomida deputatlar qonun loyihasining takomillashtirilgan normalari, ularning huquqni qo‘llash amaliyotiga ta’siri hamda belgilanayotgan huquqiy mexanizmlarning samarali ishlashi yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

Muhokamalar yakunida qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda qabul qilindi.

Bolalar zo‘ravonligi: javobgarlik yanada qat’iylashmoqda

Bola o‘zini, eng avvalo, oilasida, maktabda va jamiyatda xavfsiz his qilishi kerak. Afsuski, bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari uchrab turadi va bunday vaziyatlarda ularning huquqlarini himoya qilish alohida yondashuvni talab etadi. Shu maqsadda qonun loyihasida bolalarga nisbatan og‘ir jinoyatlar uchun javobgarlikni kuchaytirish taklif etilmoqda. Jabrlangan bolalarni tergov va sud jarayonlarida himoya qilish mexanizmlari ham kuchaytirilmoqda.

Shundan kelib chiqib, yalpi majlisda shuningdek, bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi ham muhokama etildi.

Qonun loyihasi bilan Jinoyat, Jinoyat-prosessual, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslar hamda qator qonun hujjatlariga bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari uchun javobgarlik choralarini keskin kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish ko‘zda tutilgan.

Unda bolalarga nisbatan sodir etiladigan zo‘ravonlik va jinsiy tajovuzlar uchun jazo choralarini kuchaytirish, jabrlangan bolalarni huquqiy jihatdan himoya qilish, zo‘ravonlik holatlarining oldini olish hamda mas’ul tashkilotlar va mansabdor shaxslarning javobgarligini oshirishga qaratilgan normalar aks etmoqda.

Eng avvalo, bolalarga nisbatan sodir etilgan o‘ta og‘ir jinsiy jinoyatlar uchun jazo keskin kuchaytirilmoqda. Xususan, o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan nomusga tegish yoki jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish jinoyatlari uchun uzoq muddatli ozodlikdan mahrum qilish yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlash ko‘zda tutilmoqda.

Qonun loyihasida bolaning jinsiy erkinligiga qarshi jinoyatlarni sodir etgan shaxslarni javobgarlikka tortish muddati o‘tganligi sababli javobgarlikdan va jazoni ijro etish muddati o‘tganligi bois jazodan ozod qilinmasligi belgilanmoqda. Bu orqali bola hayotiga tajovuz qilgan og‘ir qilmishlar uchun jazo muqarrarligini ta’minlashga qaratilgan huquqiy kafolatlar kuchaytiriladi.

Bolalarni himoya qilish faqat jinoyat sodir etilganidan keyin jazo tayinlash bilan chekla nmaydi. Zo‘ravonlikning oldini olish, jabrlangan bolaning huquqlarini ta’minlash va uning manfaatlarini tergov hamda sud jarayonlarida himoya qilish ham birdek muhimdir.

Shu maqsadda zo‘ravonlikdan jabrlangan voyaga yetmaganlarni so‘roq qilish jarayonini videoyozuv orqali qayd etish, jinsiy erkinlikka qarshi jinoyatlar bo‘yicha ja brlangan bola bilan gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sud lanuvchini yuzlashtirishni maxsus tartib asosida o‘tkazish taklif etilmoqda. Bolaga yaqin shaxslar tomonidan zo‘ravonlik sodir etilgan holatlarda esa jinoyat ishini sudga qadar yuritish va sud muhokamasi jarayonlarida vasiylik va homiylik organi vakilining ishtirokini ta’minlash nazarda tutilmoqda.

Bundan tashqari, zo‘ravonlikdan jabrlangan yoki unga guvoh bo‘lgan bolalarga davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish mexanizmi ham joriy etilmoqda. Bu bolalarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda ularning moddiy ahvolidan qat’i nazar, malakali yuridik yordam olish imkoniyatini kengaytiradi.

Qonun loyihasi bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olishda mas’uliyatsizlikka ham chek qo‘yishga qaratilgan. Jumladan, bolaga g‘amxo‘rlik ko‘rsatmaslik, Bolalar masalalari bo‘yicha komissiyalar qarorlarini ijro etmaganlik yoki ularning ijrosiga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlikni belgilash taklif etilmoqda.

Voyaga yetmaganga nisbatan qasddan badanga og‘ir va o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish, bir guruh shaxslar tomonidan o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar sodir etilishini og‘irlashtiruvchi holat sifatida baholash, shuningdek, voyaga yetmagan shaxsni g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb qilganlik uchun jazo choralarini kuchaytirish nazarda tutilmoqda.

Hujjatda bolalarning xavfsizligi uchun ota-ona va ta’lim muassasalari xodimlarining mas’uliyati ham alohida belgilanmoqda. Bolalarni tarbiyalash majburiyatini bajarmaslik, shahvoniy shilqimlik qilish va nikoh yoshi to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish kabi huquqbuzarliklar uchun ma’muriy jazo choralarini kuchaytirish, ta’lim-tarbiya jarayonida pedagog tomonidan bolaga nisbatan zo‘ravonlik sodir etilgan taqdirda esa mehnat shartnomasini ish beruvchi tashabbusiga ko‘ra bekor qilish uchun huquqiy asos yaratish taklif etilmoqda.

Shu bilan birga, bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilik talablarini buzganlik uchun javobgarlik belgilash ham nazarda tutilgan.

Qonun loyihasining mazmun-mohiyati shundan iboratki, bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning hech bir ko‘rinishi e’tiborsiz qolmasligi, har bir aniqlangan holat qonun doirasida baholanishi, aybdorlar esa qilmishiga yarasha qat’iy javob berishi kerak. Bu borada nafaqat zo‘ravonlik sodir etgan shaxslar, balki bolalarni himoya qilish bo‘yicha o‘z vazifalarini bajarmagan mas’ullarning ham javobgarligini belgilash muhimdir.

Majlisda qayd etilganidek, qonun loyihasining qabul qilinishi bolalarning hayoti, sog‘lig‘i, sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish, zo‘ravonlikning oldini olish, jabrlangan bolalarning huquqlarini tiklash hamda jamiyatda bunday qilmishlarga nisbatan murosasiz munosabatni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Yig‘ilishda shuningdek, jamiyat va fuqarolar hayotining turli sohalariga daxldor bo‘lgan yana bir qator qonun loyihalari ham muhokama etildi. Ularda inson huquqlarini himoya qilish, tadbirkorlik uchun qulay sharoit yaratish hamda amaldagi qonunchilikni takomillashtirishga qaratilgan muhim normalar nazarda tutilmoqda. Bu o‘zgarishlar odamlarning kundalik hayotida uchrayotgan masalalarni huquqiy jihatdan hal etishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Laziza Sherova,
“O‘zbekiston ovozi” muxbiri.

Eng ulug‘ va olijanob kasb egalari

Shunday kasb egalari borki, ularning mehnati samarasi yillar badalida insonlar taqdirida, millatning salohiyatida, mamlakat taraqqiyotida namoyon bo‘lib boraveradi. O‘qituvchilik ana shunday sharafli va mas’uliyatli kasb, zotan. Bugun sinfxonada aytilgan har bir so‘z, berilgan har bir bilim, bildirilgan har bir ishonch ertangi avlodning dunyoqarashi va hayot yo‘liga ta’sir ko‘rsatmay qolmaydi. Davlatning iqtisodiy qudrati, ilm-fan rivoji, jamiyatning ma’naviy yuksalishi va inson kapitalining sifati bevosita ta’lim bilan bog‘liqligi, boshqacha aytganda, bu ishning boshida turgan pedagoglar mahorati, dunyoqarashi, kasbiga bo‘lgan sadoqati hal qiluvchi ahamiyat kasb etishi ayni haqiqatdir.

Ana shu haqiqatga tayangan holda mamlakatimiz ta’lim tizimida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotganiga barchamiz birdek guvohmiz. Bu jarayonda maktablar infratuzilmasini yaxshilash, o‘quv dasturlari va darsliklarni yangilash, ta’limga raqamli texnologiyalarni keng joriy etish bilan bir qatorda o‘qituvchining jamiyatdagi maqomi va nufuzini oshirishga ustuvor e’tibor qaratilayotgani kishini quvontiradi.

Statistikaga ko‘ra, O‘zbekiston umumta’lim muassasalarida bugungi kunda salkam 600 ming nafar o‘qituvchi faoliyat yuritmoqda. Maktabgacha va maktab ta’limi tizimidagi pedagog kadrlar soni esa 650 ming nafardan oshgan.

Darhaqiqat, so‘nggi yillarda pedagogning maqomini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar mazmunan yangi bosqichga ko‘tarildi. O‘qituvchilarni faqat mehnat jarayonida qo‘llab-quvvatlash emas, balki ularning kasbiy mahoratini rag‘batlantirish, ijtimoiy himoyasini kuchaytirish va jamiyatdagi nufuzini mustahkamlashga qaratilgan mexanizmlar kengaytirilmoqda. Malaka toifasi, milliy va xalqaro sertifikatlar, chet tilini bilish, o‘quvchilarning olimpiadalardagi natijalari kabi ko‘rsatkichlar asosida pedagoglarni moddiy rag‘batlantirish imkoniyatlari oshib borayotir. Ayrim ustamalar va rag‘batlantirishlar hisobiga minglab o‘qituvchilarning daromadi sezilarli darajada ortmoqda. Bu esa pedagog mehnatini baholashda kasbiy salohiyat va natijadorlikka tobora ko‘proq urg‘u berilayotganini ko‘rsatadi.

Pedagoglarning ijtimoiy himoyasi masalasi ham e’tibor markazida. Uzoq yillik ish stajiga ega va yuqori malakaga erishgan o‘qituvchilarni qo‘llab-quvvatlash, ular uchun ipoteka hamda boshqa ijtimoiy imkoniyatlar taqdim qilinmoqda. Bunday yondashuv o‘qituvchini faqat ta’lim beruvchi mutaxassis emas, balki jamiyatning strategik intellektual resursi sifatida baholash zarurati o‘zining hayotiy tasdig‘ini topayotganini anglatadi.

Ayni paytda pedagogning kasbiy rivojlanishiga qo‘yilayotgan talablar kuchaymoqda. Zamonaviy o‘qituvchi o‘z fanini yaxshi bilishi bilan birga raqamli texnologiyalardan foydalanishi, yangi pedagogik metodlarni o‘zlashtirishi, o‘quvchining individual qobiliyatini hisobga olishi va ta’lim jarayonini zamonaviy talablar asosida tashkil eta olishi kerak. Shu maqsadda pedagoglarni attestatsiyadan o‘tkazish, malaka toifalarini berish va qayta tayyorlash tizimlari takomillashtirilmoqda. Pedagogning o‘z ustida muntazam ishlashi, yangi bilim va ko‘nikmalarni egallashi ta’lim sifatining muhim sharti sifatida qaralmoqda. Bu esa o‘qituvchilik kasbining mazmuni o‘zgarayotganidan dalolat beradi: endi pedagog faqat bilim beruvchi emas, balki o‘quvchini mustaqil izlanishga, tahlil qilishga va yangilik yaratishga yo‘naltiruvchi shaxs bo‘lishi kerak.

Shu o‘rinda pedagog kadrlar tayyorlash tizimidagi o‘zgarishlar ham alohida e’tiborga molik ekanini qayd etmoq joiz. Pedagogika oliy ta’lim muassasalarini transformatsiya qilish, bo‘lajak o‘qituvchilarning nazariy bilimi bilan birga amaliy tayyorgarligini kuchaytirish, ularni maktab muhitiga erta moslashtirish bo‘yicha yangi yondashuvlar joriy etilmoqda. Xususan, «4+2» kabi yondashuvlar talabalarning pedagogik amaliyotini kuchaytirishga qaratilgan. Bu islohotlar pirovardida bir maqsadga — ta’lim sifatini oshirish orqali inson kapitalini rivojlantirishga zamin yaratayotir.

Shubhasiz, ta’limga e’tibor – kelajakka e’tibor demak. Shu ma’noda yurtimizda soha xodimlarining maqomi va nufuzini oshirish, ularning mashaqqatli mehnatini qadrlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylangani pirovardida jamiyatda o‘qituvchi-pedagog, murabbiylik kasbiga bo‘lgan hurmatni yuqori pog‘onaga olib chiqmoqda.

Yangi O‘zbekistonning oltin avlodini tarbiyalashdek sharafli yo‘lda bilimini, kuch-g‘ayratini ayamay mehnat qilayotgan, sohada islohotlar samaradorligini oshirish, ilg‘or tajribalarni, innovasion pedagogik va raqamli texnologiyalarni keng joriy etish ishlariga munosib hissa qo‘shayotgan ta’lim-tarbiya tizimidagi xodimlardan bir guruhi kuni kecha Prezident Farmoniga binoan davlat mukofotlari bilan taqdirlangani so‘zimiz dalilidir.

Abdug‘ani TURDIBOYEV,
Farg‘ona shahridagi nogironligi bo‘lgan bolalar uchun “Gʻamxo‘rlik” markazi direktori, II darajali “Salomatlik” ordeni sohibi:

— Mamlakatimizda 1 oktyabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni umumxalq bayrami sifatida keng nishonlanishi ezgu an’anaga aylangan. Bu qutlug‘ ayyom arafasida soha xodimlarining davlat mukofotlari bilan taqdirlanishi esa ustozlik kasbiga, inson qadriga bo‘lgan yuksak hurmatning yaqqol namunasidir. Kuni kecha Prezidentimizning tegishli Farmoniga ko‘ra kamtarona mehnatlarim yuksak baholanib, II darajali “Salomatlik” ordeniga munosib ko‘rilganimdan, rosti, boshim osmonga yetdi.

Imkoniyati cheklangan, ammo qalbi dunyodek keng, mehrga va e’tiborga tashna bolajonlar bilan ishlash oddiy kasbiy majburiyat emas, balki yuksak insoniylik, cheksiz sabr va ulkan matonat talab etadigan muqaddas vazifa. Men rahbarlik qilayotgan “Gʻamxo‘rlik” markazi bugungi kunda nafaqat ta’lim va reabilitatsiya maskani, balki shu yerga qadam qo‘ygan har bir bolaning o‘z uyidek qadrli va issiq go‘shasiga aylangan. Murabbiy uchun eng katta baxt — o‘z tarbiyalanuvchisining yuzidagi tabassum, hayotga bo‘lgan qiziqishining ortishi va jamiyatda o‘z o‘rnini topishidir.

Quvonarlisi, so‘nggi yillarda salmoqli ijobiy o‘zgarishlar nafaqat umumiy ta’limda, balki inklyuziv va ixtisoslashtirilgan o‘qitish tizimida ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Davlatimiz tomonidan alohida ehtiyojga ega bo‘lgan bolalarning sifatli ta’lim olishi, ularning ijtimoiy moslashuvi uchun yaratilayotgan zamonaviy sharoitlar, ilg‘or avlod darsliklari va metodikalarining joriy etilishi sohada yangi sahifa ochmoqda. Asosiysi, ular endilikda jamiyatning to‘laqonli va faol a’zosi sifatida kamol topmoqdalar.

Ayni paytdagi hayajonlarimni so‘z bilan to‘la ifodalab berolmayman. Shuni aytishim mumkinki, men va jamoamga bildirilgan ishonch, qo‘llab-quvvatlash biz, soha xodimlarini yangidan-yangi marralar sari undaydi, imkoniyati cheklangan bolajonlarning yashirin iqtidorlarini kashf etishga hamda ularning qalbida Vatanga bo‘lgan muhabbatni kuchaytirishga yanada ruhlantiradi.

Batpa Razova,
Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi 1-umumiy o‘rta ta’lim maktabining biologiya fani o‘qituvchisi, “Do‘stlik” ordeni sohibasi:

-Davlatimiz rahbari Farmoniga ko‘ra «Do‘stlik» ordeni bilan mukofotlanganim nafaqat menga, maktabimiz jamoasiga, viloyatimiz ta’lim fidoyilariga berilgan yuksak e’tirof deb bilaman. Pedagogik faoliyatim, yosh avlodga biologiya fani sirlarini o‘rgatish va ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash yo‘lidagi kamtarona mehnatimning bunday e’zozlanishi menga cheksiz faxr va ulkan mas’uliyat bag‘ishlaydi.

Mamlakatimizda ta’lim tizimi zamonaviy standartlar asosida izchil takomillashib borayotgani barchaga yaxshi ma’lum. Ayniqsa, tabiiy fanlarni o‘qitishga bo‘lgan e’tibor, barcha jihozlar bilan ta’minlangan laboratoriyalarning tashkil etilishi biz, biologiya fani o‘qituvchilariga nazariy bilimlarni amaliyot bilan uyg‘unlashtirish uchun cheksiz imkoniyatlar ochdi.

Biz ta’lim sohasidagi islohotlarning faol ijrochisi sifatida Uchinchi Renessans poydevorini yaratish yo‘lida faollik va namuna ko‘rsatib, davlat rahbari tomonidan ilgari surilayotgan ezgu g‘oyalarni hayotga tatbiq qilishga hissa qo‘shamiz. Bor bilim va tajribamizni ishga solib, zamonaviy bilimlarni puxta egallagan, xalqaro talablarga javob beradigan kadrlarni tarbiyalashdek sharafli burchimizni sidqidildan ado etishga harakat qilamiz.

F. IBROHIMOVA.

Nodirbek Yoqubboyev – kun qahramoni!

Samarqandda o‘tayotgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi o‘zining eng qizg‘in va murosasiz pallasiga kirdi. Turnirning mutlaq markaziy bahsi — amaldagi chempionlar, O‘zbekiston terma jamoasi hamda asosiy favoritlardan biri bo‘lmish Hindiston terma jamoasi o‘rtasidagi to‘qnashuv yurtimiz shaxmatchilarining zafarli g‘alabasi bilan yakunlandi.

Ushbu prinsipial va nihoyatda keskin kechgan matchda vakillarimiz 2,5:1,5 hisobida zafar quchib, olimpiada turnir jadvalida yakka peshqadamlikni o‘z qo‘llariga olishdi.

Bahsning dastlabki uchta taxtasida kechgan bellashuvlar nihoyatda ehtiyotkorlik va yuqori taktik aniqlik bilan kechdi. Yetakchilarimiz — Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindorov hamda Shamsiddin Vohidov o‘z partiyalarini durang bilan yakunlab, jamoaga muhim yarim ochkodan taqdim etishdi.

Butun turnir va olimpiada taqdirini hal qilishi mumkin bo‘lgan asosiy tugun Nodirbek Yoqubboyev hamda hindistonlik mahoratli grossmeyster Nihal Sarin o‘rtasidagi partiyada yechildi. Debyutda kutilmagan yurish bilan raqib vaqt bo‘yicha kuchli bosim o‘tkazishga erishdi va 40-yurishga yaqinlashib qolganda bahsda sezilarli ustunlikni o‘z tomoniga og‘dirib oldi. Ammo murakkab va og‘ir vaziyatda qolgan Nodirbek iroda va sovuqqonlik ko‘rsatib, raqibiga ustakorlik bilan tuzoq qo‘ydi. Nihal Sarin tomonidan yo‘l qo‘yilgan qo‘pol xato va mazkur tuzoqqa tushishi uchrashuv taqdirini butunlay o‘zgartirib yubordi. Nodirbek Yoqubboyev terma jamoamizga oltinga teng bo‘lgan g‘alabani tuhfa etdi.

Uchrashuvdan so‘ng mazkur tarixiy g‘alabaning bosh qahramoni Nodirbek Yoqubboyev o‘z taassurotlari va partiyaning muhim detallari bilan o‘rtoqlashdi:

«O‘yin nihoyatda og‘ir kechdi. Raqibim debyutda kutilmagan taktika qo‘lladi va vaqt orqali bosim o‘tkazishga harakat qildi. Shu sababli 40-yurishga yaqin unda ancha katta ustunlik bor edi. Ammo bitta noto‘g‘ri yurish hammasini yo‘qqa chiqardi. Men tuzoq qo‘ygandim va u o‘sha tuzoqqa tushdi. Raqibim ‘Nf5’ (ot f5) yurishini amalga oshirganda, ortiq emosiyalarimni yashira olmadim — ichimda juda xursand bo‘lib ketdim. Sababi, Hindistonga qarshi kechadigan match biz uchun hamisha alohida va juda muhim ahamiyatga ega. Chennay olimpiadasidan beri hisoblasak, umumiy hisobda Hindistonni mag‘lub etib kelyapmiz va bu an’anani saqlab qolganimizdan xursandman.

Nihal Sarin men uchun hamisha noqulay raqib bo‘lib kelgan, ayniqsa, onlayn musobaqalarda unga aytilarli darajada ko‘p mag‘lub bo‘lganman. Lekin bu safar o‘tmishdagi g‘alaba yoki mag‘lubiyatlarni bir chetga surib, shunchaki sifatli yurish qilishga harakat qildim. Bolalarning barchasi o‘z taxtasida juda yaxshi o‘yin ko‘rsatdi, menda vaziyat biroz yomonroq edi, ammo omadim kelib g‘alaba qozondik.

Buni uzil-kesil “Chempionlik bahsi” deb bo‘lmaydi. Oldinda bizni Xitoy, Germaniya, Amerika kabi kuchli terma jamoalar kutib turibdi. Bosib o‘tiladigan yo‘l hali uzun, shu sababli aslo bo‘shashishga haqqimiz yo‘q. Endi bir kunlik dam olishdan unumli foydalanib, keyingi muhim matchlarga puxta tayyorgarlik ko‘ramiz».

Samarqand taxtalarida qo‘lga kiritilgan ushbu zafar o‘zbek shaxmat maktabining yana bir bor jahonda tengsiz ekanini ko‘rsatdi. Yakka peshqadamlikni qo‘lga olgan terma jamoamizga bo‘lajak muhim turlarda ham zafarlar yor bo‘lishini tilab qolamiz.

O‘z muxbirimiz.

Bugungi jurnalistga biznes ko‘nikmalari nima uchun kerak?

Suhbatdoshimiz – Rustam MAMATOV O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi OAV uchun Kontent tayyorlash markazi xodimi, jurnalist, media va kommunikatsiya mutaxassisi, yoshlarning kasbiy rivojlanishi masalalarini o‘rganayotgan tadqiqotchi. 2021 yilda “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan hamda Buyuk Britaniyada “MBA” (biznes boshqaruvi magistri) darajasini olgan.

Bugungi kunda dunyoning ko‘plab mamlakatlarida biznes ta’limining “Entrepreneurship education” – tadbirkorlik ta’limi deb ataladigan yo‘nalishi keng qo‘llanilmoqda. Aksariyat bu tushunchani faqat biznes ochish yoki tadbirkorlik bilan shug‘ullanishni o‘rgatadigan ta’lim sifatida qabul qiladi. Aslida bu yondashuv yoshlarning zamonaviy mehnat bozorida raqobatbardosh va kasbiy jihatdan barqaror bo‘lishiga xizmat qiladi. Qolaversa, qarashlar, talablar tez o‘zgarayotgan ayni davrda bunday bilim va ko‘nikmalarning ahamiyati tobora ortib bormoqda.

– Xususan, bugungi jurnalistikada ham marketing, kommunikatsiya va ijtimoiy tarmoqlar sohaning ajralmas qismiga aylandi, – deydi Rustam Mamatov. – Dunyo bilan tobora keng integratsiyalashayotgan O‘zbekistonda davlat organlari va tashkilotlarining axborot xizmatlari alohida institusional tizim sifatida rivojlanmoqda. Endi jurnalist nafaqat ijodiy salohiyatga ega bo‘lishi, balki ijtimoiy tarmoqlar «tili»ni, auditoriya bilan ishlashni va kopirayting usullaridan to‘g‘ri foydalanishni ham bilishi lozim.

Tabiiyki, bunday o‘zgarishlar mehnat bozoridagi raqobatni kuchaytiradi. Aynan jurnalistdan ham o‘z kasbini puxta bilish bilan birga innovatsiyalardan foydalanish, loyiha va jamoani boshqarishni, marketing hamda moliyani tushunish talab qilinadi.

–Jurnalistika va biznes ta’limi borasida dunyo amaliyotida qanday yangiliklar kuzatilmoqda?

– Xalqaro tajriba shuni ko‘rsatadiki, bugun ish beruvchilar faqat diplomdagi mutaxassislikka emas, insonning fikrlashi, salohiyati va yangi vazifalarni o‘zlashtira olishiga katta e’tibor qaratadi. Masalan, 2016 yilda London Qirollik kolleji Karera va bandlik xizmati keltirgan ma’lumotga ko‘ra, yirik xalqaro kompaniyaning buxgalterlar tayyorlash dasturiga boshqa yo‘nalish vakillariga qaraganda tarix fakulteti bitiruvchilari ko‘proq qabul qilingan. Buning sababi ularda tahliliy fikrlash, tafsilotlarga e’tibor berish va sabab-oqibatlarni ko‘ra olish qobiliyati yaxshi shakllanganida edi. Buxgalterlikning o‘ziga xos jihatlarini esa kompaniya ularga keyinchalik ham o‘rgata olardi.

Bugun rivojlangan mamlakatlar universitetlarining o‘zi ham bu o‘zgarishlarga moslashmoqda. Masalan, Buyuk Britaniyadagi Manchester Metropolitan universiteti jurnalistika dasturida jurnalistlar uchun tadbirkorlik fani majburiy modul sifatida o‘qitiladi. City St George’s universitetida “Jurnalistikada tadbirkorlik” nomli 15 kreditli modul mavjud. Strathclyde universitetida esa talabalar shaxsiy brend yaratish, mustaqil faoliyat yuritish va yangi media loyihalarni yo‘lga qo‘yishni o‘rganadi. Nyu-York universiteti (AQSH)da biznes g‘oyasini ishlab chiqish va uni amaliy loyihaga aylantirishga qaratilgan tadbirkorlik va ilmiy jurnalistika kursi mavjud. Niderlandiyadagi Groningen universiteti media yo‘nalishida esa innovatsiya va tadbirkorlik madaniyati alohida modul sifatida o‘qitiladi.

Demak, biznes ta’limini jurnalistikaga qo‘shish shunchaki nazariy taklif emas. Rivojlangan davlatlarning universitetlari bu yondashuvni allaqachon amaliyotga joriy etmoqda.

– Siz jurnalistsiz, shu bilan birga biznes boshqaruvini ham o‘rgangansiz. Bu boradagi bilimlaringiz va bugungi izlanishlaringizni o‘z faoliyatingizda qay darajada qo‘llayapsiz?

–Biznes va tadbirkorlikka anchadan buyon qiziqib kelaman. Hozir ham o‘z startaplarim ustida faol ishlayapman. Jurnalistika va kommunikatsiya yo‘nalishlarida tahsil olayotgan yoshlarni raqobat kuchli bo‘lgan mehnat bozoriga yaxshiroq tayyorlash uchun ular o‘z mutaxassisligi bilan birga yangicha fikrlaydigan va o‘z imkoniyatlarini to‘g‘ri baholay oladigan mutaxassis bo‘lmog‘i ayni zarurat ekaniga tobora ishonchim ortmoqda. Afsuski, bunday qo‘shimcha ko‘nikmalarga ko‘p hollarda yetarlicha e’tibor berilmaydi. Aslida esa ular insonning o‘z kasbida munosib o‘rin topishida juda muhim. Eng oddiy misol, CV (tarjimai hol) qanday yoziladi, unda nimaga urg‘u beriladi, ish beruvchi o‘nlab nomzodlar orasidan nega aynan unga e’tibor qaratishi kerak? Mana shularni har bir yosh mutaxassis chuqur anglamog‘i kerak. Biznes ta’limi doirasidagi tashkiliy psixologiya va inson resurslarini boshqarish kabi fanlar ish beruvchining talablarini hamda xodim tanlash jarayonini yaxshiroq tushunishga yordam beradi.

Unutmaslik lozimki, biznes ta’limining maqsadi hammani tadbirkor qilish emas, balki insonga o‘z yo‘lini mustaqil tanlash va qurish imkonini berishdir.

– Sizningcha, biznes ta’limi alohida fan bo‘lgani yaxshimi yoki mavjud fanlarga singdirilgani ma’qulmi?

– Dunyo tajribasiga qaralsa, biznes ta’limini alohida modul sifatida o‘qitish ma’qul. Shunda ta’lim tizimli va izchil bo‘ladi. Agar uning mavzulari turli fanlar orasiga bo‘lib yuborilsa, asosiy maqsad yo‘qolib, talabada yaxlit tushuncha shakllanmay qolishi mumkin.

Masalan, bitiruvchi kurs talabalari uchun bir semestrlik modul tashkil etilib, uning mazmuni har bir ta’lim yo‘nalishiga moslashtirilishi mumkin. Modul innovatsiya va tadbirkorlik, marketing va menejment, strategiya va yetakchilik, tashkiliy psixologiya hamda moliya asoslarini qamrab oladi. Lekin bu mavzular umumiy nazariya sifatida emas, talabaning asosiy mutaxassisligi bilan bog‘langan holda o‘qitiladi. Deylik, jurnalistika talabasi yangi media loyiha g‘oyasini ishlab chiqadi, uning auditoriyasi, jamoasi, targ‘iboti va moliyaviy tomonlarini rejalashtiradi. Asosiy maqsad talabaning o‘z sohasi bo‘yicha bilimlarini mehnat bozorida kerak bo‘ladigan qo‘shimcha ko‘nikmalar bilan boyitishdir.

Aslida biznes ta’limi faqat iqtisodchi yoki jurnalistlarga emas, deyarli barcha kasb egalariga kerak. Yuqorida aytib o‘tilgan ko‘nikmalar bugungi o‘qituvchi uchun qanchalik muhim bo‘lsa, shifokor, muhandis, yurist yoki quruvchi uchun ham shunchalik zarur. Chunki qaysi sohada ishlashidan qat’i nazar, mutaxassis yangilikka moslashishi, jamoa bilan ishlashi va o‘z faoliyatini to‘g‘ri tashkil eta olishi kerak.

“O‘zbekiston ovozi” muxbiri
Toshtemir XUDOYQULOV suhbatlashdi.

Obodlik shukuhi

Poytaxtimizning eng diltortar, so‘lim manzillaridan biri – Olmazor tumanida yoshlikning oltin fasli hukm surayotgandek. Bu hududga qadam qo‘ygan kishi, avvalo, ilmga, izlanishga, intilishlarga to‘la muhitni his etadi. Zero, respublikamizdagi yirik va nufuzli oliy ta’lim dargohlari jamlangan Talabalar shaharchasi ham shu zaminga uyg‘unlashib, yillar davomida minglab yigit-qizlarning orzu-umidlariga qanot berib kelmoqda.

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti, Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti, Abdulla Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy instituti, shuningdek, o‘rta maxsus ta’lim maskanlari — bularning barchasida bugun yoshlikning shijoati, ilmning zavqi, kelajakka ishonch mujassam.

Talabalar shaharchasi bo‘ylab kezar ekanman, bu maskanning bugungi qiyofasi, yangilanish va obodlik manzaralaridan beixtiyor zavq tuyaman. Shu yerdagi ulug‘ dargohlar orasida Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining alohida o‘rni bor. Bu — ulug‘lar sabog‘i, ilm va ma’rifat an’analari davom etayotgan qutlug‘ dargoh. Universitet mamlakatimizda oliy ta’lim, ilm-fan, texnika, madaniyat va ma’rifat rivojiga yillar davomida beqiyos hissa qo‘shib kelmoqda. Bu dargohdan yetishib chiqqan ko‘plab buyuk olimlar, ilm-fan namoyandalari va zamonamizning taniqli insonlari o‘zlarining ilk katta qadamlarini aynan shu maskanda qo‘ygan, uni o‘zlari uchun haqli ravishda alma mater (lotincha ibora bo‘lib, “mehribon ona» ma’nosini beradi) deb bilganlar.

Universitetning yigirma uch nafar eng mashhur olimlari turli yillarda O‘zbekiston Fanlar akademiyasining prezidenti va vise-prezidentlari bo‘lgani, yuzdan oshiq olim esa sharafli akademik nomini qozonganini e’tirof etishning o‘ziyoq bu ma’rifat maskanining muqaddasligini namoyon etadi. Umrimning oltin davri—talabaligim ushbu maskanda o‘tganini eslar ekanman, ko‘z o‘ngimda hayoti va faoliyatini ma’rifatga bag‘ishlagan ulug‘ ustozlarim gavdalanadi…

Professor Begali Qosimov Qoraqamish dahasida yashar edi. Biz, talabalar uning darsi oxirgi parada bo‘lishini juda-juda istardik. Dars tugaganda esa ustozni kuzatish uchun uning Qoraqamishdagi uyigacha ergashib borardik.

Ustozning uyiga olib boradigan yo‘l 30 – 35 daqiqa chamasi edi. Bu yo‘l darsdan so‘ng hayot va ma’naviyat saboqlariga aylanardi. Begali Qosimov “Talabalar shaharchasi kitoblar shaharchasiga aylanishi kerak”, deb takrorlar edi. Ustozning bu orzusi, ne ajabki, bugungi kunga kelib amalga oshdi, desam mubolag‘aga yo‘ymaysiz!

Yo‘lingiz tushsa, Talabalar shaharchasidagi zamonaviy Axborot-resurs markaziga, albatta, kiring. Ana shunda mening bu so‘zlarim haqiqat ekaniga iqror bo‘lasiz.

Elektron-resurslar, davriy adabiyotlar, mutolaa, multimedia va konferensiya zallarini o‘z ichiga olgan markaz faoliyati tom ma’noda kengaytirilib, muhtasham majmua sifatida qad rostlagan. Bugungi kunda majmua Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi O‘zbekiston talabalarining milliy ilmiy-ma’rifiy markazi hisoblanadi. Bu yerda barcha fanlar bo‘yicha ma’lumotlar bazasi mavjud. Eng ilg‘or texnologiyalar vositasida mazkur bazadan mamlakatimizdagi barcha oliy ta’lim muassasalari foydalanadi. Dunyoning yetakchi universitetlari bilan hamkorlik o‘rnatilib, ulardagi ma’ruzalarni onlayn kuzatish imkoniyati yaratilgan. “Yashil makon” umummilliy harakati doirasida markaz atrofida bog‘ barpo etilgani diqqatga sazovor.

Darhaqiqat, so‘nggi o‘n yilda nafaqat Talabalar shaharchasi, balki butun Olmazor tumani yanada ko‘rkamlik, muazzamlik kasb etdi.

Gap hududdagi bunyodkorliklar haqida borar ekan, avlodlarimizga ulug‘ meros bo‘lib qolguvchi Islom sivilizatsiyasi markazining barpo etilganini iftixor bilan tilga olmaslikning iloji yo‘q.

Mamlakat rahbari tashabbusi bilan bunyod bo‘lgan bu qutlug‘ maskan dunyoda islom tarixi, madaniyati va sivilizatsiyalarini o‘rganish va targ‘ib etishga qaratilgan yirik majmualar qatorida e’tirof etilmoqda.

Olmazorda, bundan tashqari, ulkan bunyodkorlik namunalaridan biri sifatida Nurafshon va Forobiy ko‘chalari kesishgan nuqtada barpo etilgan uch qavatli “Eski shahar” savdo markazini ham keltirish joizdir. Bu yerda xaridorlarga qulayliklar yaratish maqsadida kafe, galereya, bolalar o‘yin maydonchalari, avtomobillar to‘xtash joyi va boshqa ob’yektlar qurilgan. Hozirda 250 kishi ish bilan ta’minlangan markazning uchinchi qavatida “Kitob olami” do‘koni va milliy kino san’atimiz xazinasidan o‘rin olgan filmlar namoyishi uchun mo‘ljallangan kinozal ham mavjud.

Kichik halqa yo‘li va Qorasaroy ko‘chasi kesishgan hududda 7 qavatli 12 ta turar joy Olmazorning ko‘rkiga ajib ko‘rk qo‘shib turibdi. 800 xonadonga mo‘ljallangan bu uylar ehtiyojmand oilalarning yashash sharoitini yaxshilash, ularni arzon, zamonaviy turar joy bilan ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etdi.

Uylarni qurish uchun 5 gektardan ziyod yer ajratildi. Turar joylarni loyihalashtirishda iqlim sharoiti, sanitariya va xavfsizlik talablari hamda xalqimizning milliy hayot tarziga xos boshqa jihatlar hisobga olingan.

Bir paytlar atrofi xarobazor, tikanzor bo‘lib, yo‘qlikka yuz tutgan “Qichqiriq” kanali chiqindilardan tozalanib, sohili obodonlashtirilib turli chiroqlar o‘rnatilib, yangi madaniyat va istirohat bog‘i qurilgani olmazorliklar uchun yanada quvonchli bo‘ldi.

Shuningdek, tumanning o‘z tarixiga ega ellikdan ortiq mahallalari idoralari ham so‘nggi me’morchilik uslubida qayta qurildi.

Davlat rahbari poytaxtimizda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, ijtimoiy-iqtisodiy loyihalar bilan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida ushbu tumanda bo‘lib, ana shu mahallalardan biri – “Qichqiriq”qa tashrif buyurdi.

O‘ttiz yildan ortiq tarixga ega “Qichqiriq” mahallasida 23 ta ko‘p qavatli uy, 1 ming 416 ta xonadon bo‘lib, 5 ming 400 nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi. Prezidentning 2024 yil 25 iyundagi qarori asosida amalga oshirilgan obodonlashtirish ishlari natijasida mahalla zamonaviy va ekologik hududga aylandi.

Hududda respublikadagi ilk zamonaviy minorali avtoturargohlardan biri ham barpo etildi. Madaniy tadbirlar uchun amfiteatr tashkil etildi.

Mahalladagi ta’lim muassasalari ham yangilanmoqda. 1976 yilda qurilgan 441-bog‘cha rekonstruksiya qilinib, 450 o‘rinli ikkita yangi bino barpo etildi va muassasa quvvati 835 o‘ringa yetkazildi. Bu yerda ingliz tili, mental arifmetika, shaxmat, taekvondo va boshqa to‘garaklar tashkil etilgan.

Bog‘chada “O‘zbek tilini o‘ynab o‘rganamiz” interaktiv platformasi va yo‘l harakati xavfsizligi to‘garagi joriy etilgan. Bu tashabbuslar bolalarning bilim va ko‘nikmalarini erta yoshdan rivojlantirishga xizmat qilmoqda.

Davlat rahbari tomonidan Olmazorga tashrif asnosida “Qichqiriq” mahallasidagi bunday yangilanishlar, o‘sib kelayotgan avlod baxtu iqboli yo‘lida amalga oshirilayotgan tashabbuslar namuna qilib ko‘rsatildi. Va bu bejiz emasligini barchamiz anglab, his qilib turibmiz.

***
Kuni kecha nabiralarim bilan Olmazordagi “Qichqiriq” kanali bo‘ylab oqshom sayliga chiqdim. Minglab chiroqlar yoritib turgan yo‘llar va yo‘laklar nurga to‘lgan. Kuzning salqin oqshomi. Sohil bo‘yida xotirjam, mamnun chehralarni ko‘rib, jajji bolalarning kulgilarini eshitib, ko‘ngilga yanada zavqu shavq inadi. Bir tomondagi mini futbol maydonida mahalla bolalari to‘p tepmoqda. Bir tomonda esa shaxmat donalarini surayotgan bolajonlarni yonida bobolar va buvilar qo‘llab-quvvatlab turibdilar. Kitob do‘koniga yangi kitoblar tushirilmoqda. Bejirim o‘rindiqlarda suhbatlashayotgan nuroniylarning so‘zlari duolarga ulanib ketmoqda.

Bularning bari ezgu o‘zgarishlarning ramzi — mahalla hayotiga kirib kelgan yorug‘ kunlarning yorqin ifodasi, desak yanglishmaymiz.

Zulfiya MO‘MINOVA,
“Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi, xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputati.

Turmush ham, tafakkur ham o‘zgarmoqda

Jahonning ko‘hna, donishmand tarixidan ma’lum: boshqaruv bosim, jismoniy nazorat va inson idrokiga xo‘jayinlik qilish ustiga qurilsa, xalq o‘ziga, uyiga, ichki tashvishlariga yopilib oladi. Noto‘g‘ri munosabatga nisbatan jamiyatning tabiiy himoya instinkti shunday bo‘ladi.

Aksincha, boshqarishdan maqsad xalqning birini ikki qilish, dunyo oldida g‘ururini ko‘tarish, bosim emas, balki qo‘llov va imkoniyat berish bo‘lsa, millatning qalbi ochiladi. Qachonlardir o‘z uyiga bekinib olgan odamlar ostona xatlab ko‘chaga chiqadi, erta bahor hovlisiga nihol qadab, mahalla va jamiyat bilan zavqlanib yashamoq uchun yangi yo‘llarga otlanadi.

Yangi o‘quv yilining ilk kunlarida farzandini maktabga kuzatayotgan onalarning baxtiyorligini ko‘rib, yaqin o‘tmishning og‘riqli xotiralari xayoldan o‘tadi. Biz erkinlik nimaligini tushunar-tushunmas, sinfxonalardan to‘g‘ri paxta dalasiga quvilgan avlod edik. Asli moʻjizali bolalikning eng katta g‘ami etakni qanday to‘ldirish va kunlik “plan”ni bajarishdan iborat bo‘lardi.

Endi-endi o‘ylasang, mustabid sovet tuzumidan beri boshidan maqsad mehnat, manfaatdorlik, ishchi-dehqonlar baxtu iqboli emas, nazorat qilish, bosimda ushlab turish bo‘lgani ochilganday tuyuladi. Kommunizmning o‘zicha bosh “dohiy”laridan birining “hisob va nazorat har bir sovet ishchisi va soldatlarining eng asosiy iqtisodiy vazifalaridan biridir”, degan gapidan bu anglanish kengaygandek bo‘ladi. Hammaga yo ishchi-dehqon, yo soldat, deb qaralar, bu qadimiy mamlakatda go‘yoki inson yo‘q edi…

Mustaqillikning dastlabki o‘n yilliklari hamma joyda ham oson kechmaydi. Ko‘ngli cho‘kib, hafsalasi pir bo‘lgan bir kishining ruhini ko‘tarish, avvali o‘ziga ishontirish qanchalik qiyinligini o‘ylab, keyin butun bir mamlakatdagi vaziyatni tasavvurga sig‘dirishga urinib ko‘rish mumkin. Mustabid tuzum asoratlari yuvilib ketishi qiyin bo‘ldi. Go‘yoki davlat va jamiyat bo‘lib, erkin xalq bo‘lib yashashning majburiylikdan, bosimli nazoratdan boshqa yo‘li yo‘qdek edi. Davlat boshqaruvi fuqaroga qo‘llovchi emas, balki faqat nazorat qiluvchi “ob’yekt” sifatida qaraydigan vaziyatda, jamiyatda davlat institutiga nisbatan hadik aralash loqaydlik muhiti shakllanishi tabiiy edi. Keyingi o‘n yillikdagi o‘zgarishlarga mana shu nuqtadan qaralsa, butunlay boshqa zamon va makonga o‘tib ketilgandek tasavvur uyg‘onadi.

Xalq bilan gaplashish katta ishtiyoq asosida yo‘lga qo‘yilgani, qanchalik qiyin bo‘lmasin, shu maslakda qat’iy turilgani, bugun to‘liq ishonch bilan aytish kerakki, xalqni ham, davlatni ham o‘zgartirdi. Odamlar faollashib, talabchan bo‘lib ketsa, keyin boshqarish qiyin bo‘ladi, gapga yurmay qo‘yadi, degan mustabid tuzumdan pinhona oqib kelgan ojiz qarashlar chilparchin bo‘ldi.

Faqat muammoni eshitish, burchni bir martalik bajarish bilan cheklanilmadi: muloqotdan keyin mamlakatdagi vaziyat ayonlashgach, butun davlat tizimi, kuchi va imkoniyatlari hududlarga safarbar qilindi, muammolar, chigalliklar bilan yopilib olgan joylarga obodlik, toza havo kirdi. Bu havo mahalla guzarlaridan oshib, hovlilarga ham o‘tib bordi. Majburlashi, bosim bilan nazorat qilishi orqali tanigan davlatni fuqarolar boshqatdan kashf etgandek bo‘ldi. Davlat boshqaruvining totalitar va ma’muriy-buyruqbozlik modellaridan inson huquqlari hamda ijtimoiy sheriklik tamoyillariga asoslangan zamonaviy boshqaruv tizimiga o‘tilishi jamiyat va davlat o‘rtasidagi ishonch ko‘prigini qayta tikladi.

Keyin har bir mahallani obod qilish, rivojlantirishga o‘tildi. Bir xil xonadon egalari uy-joyi tashqi tomondan chiroyli bo‘lib qolganini sezmay ham qoldi. Hijolat bo‘lib, ichidagi muhitni o‘zlari o‘zgartirishga urinishni boshladi.

Mana shunday qilib, bir zamonlar majburiylikdan bezib, uyiga, o‘ziga yopilib olgan odamlar eshiklarini ham, ko‘nglini ham ochdi. Bugun mahalladoshlari bilan birlashib, ovoz yiqqan loyihasi bo‘yicha ko‘chasiga yotqizilgan asfaltning qalinligini o‘lchab, sifatini tekshirib ko‘radigan, insofi kamroq katta-kichik rahbarlarni so‘rab-tergaydigan, xalq nazoratini o‘rnatishni boshlaydigan bo‘ldi.

Shu yilning o‘zida «Tashabbusli byudjet»ning 1-mavsumida fuqarolardan 21 mingdan ortiq tashabbus bildirildi, loyihalarni qo‘llash uchun 10 milliondan ortiq ovoz yig‘ildi. 2-mavsumda ham 10 milliondan ko‘proq ovoz berildi. Ayni raqamlar mamlakatda ijtimoiy-iqtisodiy faollik qanchalik oshib borayotganining juda samimiy, juda haqiqatli ifodasidir.

Biroq, tan olish kerak, aholining ichimlik suvi, yo‘l yoki maktab ta’miri kabi eng birlamchi ehtiyojlar uchun ham ovoz to‘plashga majbur bo‘layotgani joylardagi ijroiya hokimiyati organlari o‘z vazifasini to‘liq uddalay olmayotganidan ham dalolat beradi. Loyiha faqat ovoz yig‘ish poygasiga aylanib qolmasligi, byudjet mablag‘lari taqsimotida shaffoflik to‘liq ta’minlanishi lozim, deb hisoblaymiz.

Baribir, yuqoridagi raqamlar eskidan qolib ketgan majburiylik muammosidan tashabbuskorlik va mas’uliyat bosqichiga chiqilayotganini bildirib turibdi. Buning ortida keng sa’y-harakatlarning natijadorligini ko‘rsatuvchi boshqa raqamlar ham bor, albatta.

Ijtimoiy himoya, «Ijtimoiy reyestr» va mahallabay tizim: 2016 yilga qadar nafaqa olish uchun mahalladan «spravka» yig‘ish, tanish-bilishchilik odatga aylangan edi. 2026 yilga kelib, inson omilisiz ishlaydigan elektron tizim va Ijtimoiy himoya milliy agentligi bor. Endilikda «Temir daftar», «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari» orqali ko‘makka muhtojlar manzilli aniqlanmoqda.

Lekin tizim raqamlashtirilgani bilan, joylarda «Ijtimoiy reyestr»ga kirolmay qolayotgan yoki texnik sabablar tufayli yordamdan uzilib qolayotgan real muhtoj oilalar hali ham uchrab turibdi. Inson omilini istisno qilish quruq algoritmlarga suyanib qolishni anglatmasligi, har bir vaziyatga individual yondashuv saqlanib qolinishi kerak.

2025–2026 yillarda Davlat byudjeti xarajatlarining 50 foizdan ortig‘i aynan ijtimoiy sohaga yo‘naltirilmoqda. Bu – davlat topgan pulining yarmini xalqning to‘g‘ridan-to‘g‘ri ehtiyojlariga sarflayotganini anglatadi.

2016 yilda ijtimoiy himoya faqatgina « davlat beradigan kichik bir moddiy yordam» sifatida ko‘rilgan bo‘lsa, 2026 yilga kelib u iqtisodiy faollik bilan bog‘landi. Hozirgi tizimning asosiy maqsadi muhtoj oilaga nafaqa beribgina qolmay, unga imtiyozli kredit yoki yer ajratib, kasbga o‘qitib, o‘z oyog‘ida turib ketishiga sharoit yaratishdir. Raqamlarning bir necha baravar o‘sgani esa iqtisodiyotning xufiyona soyadan ochiqlikka chiqqanini ko‘rsatmoqda.

Kezi kelganda, keyingi yillarda O‘zbekiston Xalq demoratik partiyasi siyosiy mafkurasi markazida turuvchi g‘oyalar amalga oshayotganini ta’kidlash zarur. Ehtiyojmandlarni qo‘llab-quvvatlab, ijtimoiy-iqtisodiy faol qatlam safiga o‘tkazish, huquqlar bilan birga imkoniyatlar tengligini amalda ta’minlash, bandlik va barqaror daromad manbalarini yaratish, kambag‘allikning tub sabablarini bartaraf etish, eng asosiysi, davlat idoralarini fuqarolar oldida doimiy mas’ul va hisobdor qilish yo‘nalishlaridagi strategik islohotlar xalqimizning nafaqat turmushini, yalpi tafakkurini ham o‘zgartirmoqda.

O‘zbekiston Mustaqilligining 35 yillik bayrami tantanalarida Prezident tomonidan kelgusi o‘n yillik poydevori bo‘ladigan yettita tarixiy Milliy dastur g‘oyasi ilgari surildi. Bu dasturlar har bir vatandoshimizning ro‘zg‘origa, cho‘ntagiga, sog‘lig‘iga va kundalik hayotiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir qiladigan, ijtimoiy-iqtisodiy faollikni ko‘taradigan yanada kuchli shijoatni uyg‘otadi.

Masalan, birinchi milliy dastur: bilim va malaka kelajak kapitaliga aylanadi. Ilgari boylik deganda faqat oltin, gaz yoki paxta tushunilgan bo‘lsa, endi eng katta boylik insonning bilimi va faoliyati, deb belgilandi. Bu majburiylik emas, insonning erkinligi, ixtiyori va tashabbusi birinchi o‘ringa chiqadi, deganidir. Bilimli avlod shakllanishi mamlakatga milliardlab dollarlik xorijiy investisiyalarni olib keladi va mehnat unumdorligini keskin oshiradi.

Uchinchi milliy dastur iqtisodiyotni yuqori texnologiya va mehnat unumdorligi modeliga o‘tkazish dasturi bo‘lishi aytildi. Dastur doirasida yaqin yillarda mamlakat iqtisodiyotini tubdan modernizatsiya qilish bo‘yicha aniq maqsadli ko‘rsatkichlar belgilangan: 2030 yilga borib yalpi ichki mahsulot hajmini 300 milliard dollarga yetkazish, kelgusi o‘n yil ichida iqtisodiyotning turli tarmoqlariga jami 450 milliard dollar miqdorida xorijiy investisiyalarni jalb etish, yuqori qo‘shilgan qiymat yaratish, eng muhimi, 2 millionta barqaror daromadli ish o‘rni yaratish ko‘zda tutildi. Natijada mamlakat iqtisodiyoti tubdan o‘zgarishi kutiladi, innovasion iqtisodiyot modeliga o‘tiladi.

Odamlari faol qiymat yaratmagan mamlakat kuchli bo‘la olmaydi. Majburiylik hech qachon bir narsa kashf qilmaydi, vaqtning, irodaning, oxir-oqibat inson shaxsining butunlay yo‘qotilishiga olib boradi. Bir vaqtlar majburiylik va nochorlikdan boshqasini kam bilgan qancha oilalar bugun faol qiymat yaratuvchiga aylanishi uchun nima kerak bo‘lsa, chorasi ko‘rilyapti: natijalar raqamlarda aniq, muammolar ham yo‘q emas, shuning uchun yangidan-yangi vazifalar qo‘yilyapti. Har kimning holati, vaziyati, hatto dunyoqarashiga qarab yondashuv qilinyapti. Asosiysi, ishchi yoki soldat emas, insonga insondek munosabatda bo‘linyapti.

Ko‘hna va donishmand tarix esa boshqaruvdagi noto‘g‘ri yondashuvlar odamlarni yillar davomida qiynab kelishi mumkinligini, aksincha, xalq manfaatlariga asoslangan siyosat va tizimli islohotlar insonlar hayoti, dunyoqarashi va mamlakat taqdirini butunlay o‘zgartirishga qodirligini eslatib turadi. Bu jarayonda davlat, jamiyat va siyosiy institutlarning umumiy mas’uliyati mamlakat istiqbolini belgilovchi eng asosiy omil bo‘lib qolaveradi.

To‘lqin To‘raxonov,
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari.

Konstitutsiyaviy huquqlarni himoya qilish imkoniyatlari kengayadi

Har bir qonun va qarorning zamirida inson hayoti, uning manfaati va ertangi kuni bor. Shuning uchun huquqiy hujjatlar muhokamasida kiritilajak o‘zgartirish va yangiliklarning hayotda qanday aks etishi, odamlarga qanday naf berishi haqida fikr almashish muhimdir.

Parlament quyi palatasidagi O‘zXDP fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida ham ana shu jihatlarga alohida e’tibor qaratildi. Eng muhimi, muhokamalarda masalaga turli nuqtai nazardan yondashilib, aniq takliflar aytildi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritish, ayrim qonun hujjatlariga yakka tartibdagi tadbirkorlarning lizing olish imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek, davlat organlari mansabdor shaxslarining o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni to‘laqonli amalga oshirishi uchun zarur huquqiy kafolatlarni mustahkamlashga qaratilgan qonun loyihalari atroflicha muhokama qilindi.

Dastlab deputatlar Konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritishga oid konstitutsiyaviy qonun loyihasini ko‘rib chiqdilar. Unda fuqarolar va yuridik shaxslarning o‘z huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish imkoniyatlarini yanada kengaytirishga qaratilgan muhim normalar nazarda tutilmoqda.

Xususan, Konstitutsiyaviy sudga kelib tushadigan shikoyatlarni qabul qilish va ularni ko‘rib chiqish tartibi, murojaatlarni o‘rganish jarayoni, konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritishning prosessual asoslari, shuningdek, sud tomonidan tegishli xulosa va qarorlarni qabul qilish bilan bog‘liq masalalar aniq belgilab berilmoqda.

Muhokamalar davomida mazkur normalarning amaliyotda samarali ishlashi, fuqarolar va yuridik shaxslarning konstitutsiyaviy huquqlarini himoya qilish mexanizmlari yanada tushunarli va qulay bo‘lishiga alohida e’tibor qaratildi. Deputatlar qonun loyihasida nazarda tutilayotgan tartib-taomillarning hayotda qo‘llanishi bilan bog‘liq jihatlar yuzasidan o‘z fikr va takliflarini bildirishdi.

Firdavs Sharipov,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zXDP fraksiyasi a’zosi:

– Bugungi yig‘ilishimizda bir qator muhim qonun loyihalarini muhokama qildik. Xususan, Konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritish bilan bog‘liq normalarni yanada aniqlashtirish va fuqarolarning konstitutsiyaviy odil sudlovga erishish imkoniyatlarini kengaytirish masalasi o‘rganildi.

Shuningdek, amaldagi qonun hujjatlaridagi ayrim huquqiy noaniqliklarni bartaraf etish, Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish va murojaatlarni ko‘rib chiqish mexanizmlarini yanada takomillashtirish nazarda tutilmoqda. Bu, eng avvalo, fuqarolarning o‘z huquqlarini himoya qilish imkoniyatlarini kuchaytirish nuqtai nazaridan dolzarb. Chunki fuqaro o‘z huquqi buzilgan, deb hisoblagan holatda qayerga va qanday tartibda murojaat qilishini aniq bilishi, uning murojaati qonuniy asosda ko‘rib chiqilishi muhim. Shu ma’noda, Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish mexanizmlarining aniq va tushunarli bo‘lishi fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini himoya qilishda muhim huquqiy kafolat bo‘lib xizmat qiladi.

Yana bir masala — yakka tartibdagi tadbirkorlarning lizing xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish. Bugun ko‘plab kichik tadbirkorlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish yoki kengaytirish uchun zamonaviy uskunalarga ehtiyoj sezadi, lekin buning uchun yetarli mablag‘ har doim ham bo‘lavermaydi.

Shu nuqtai nazardan, lizingdan foydalanish imkoniyatining kengayishi tadbirkor uchun qo‘shimcha moliyaviy dastak yaratadi. Ya’ni, tadbirkor zarur uskunani birdaniga katta mablag‘ sarflamasdan, lizing asosida olib, o‘z faoliyatini rivojlantirishi mumkin bo‘ladi.

Menimcha, bu kabi o‘zgarishlar, eng avvalo, kichik biznes va o‘z mehnati bilan daromad topayotgan insonlar uchun amaliy ahamiyatga ega. Eng muhimi, qonunlarda belgilanayotgan normalar hayotda ishlashi va tadbirkorga real qulaylik yaratishi kerak.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi dasturlarida ham kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’yektlarining moliyaviy resurslardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, imtiyozli moliyalashtirish mexanizmlarini rivojlantirish hamda aholi uchun daromad manbalarini ko‘paytirish ustuvor vazifalar sifatida belgilangan.

Shu nuqtai nazardan, fraksiya a’zolari mazkur tashabbusning ahamiyati faqat lizing munosabatlarini texnik jihatdan tartibga solishda emas, balki fuqaroning o‘z mehnati va tadbirkorlik salohiyati orqali barqaror daromad topishi uchun moliyaviy imkoniyatlar doirasini kengaytirish hamda aholini kambag‘allikdan chiqishiga ko‘maklashishdan iborat bo‘lishi zarurligini ta’kidlashdi.

Shu bois, taklif etilayotgan mazkur yangi mexanizm bilan bir qatorda, shaffof shartnomalar, tushunarli to‘lov jadvali, ortiqcha moliyaviy yukning oldini olish va tadbirkorning huquqlarini samarali himoya qilish masalalariga ham e’tibor qaratilib, ushbu qonun loyihasi kichik tadbirkorlikni rivojlantirish va fuqarolarning iqtisodiy faolligini rag‘batlantirishga qaratilgan huquqiy kafolat sifatida ahamiyatli ekani qayd etildi.

Shuningdek, yig‘ilishda energetika vazirining sohadagi islohotlar va kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik yuzasidan axborotini eshitish hamda raqamli texnologiyalar vaziriga “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasining 2026 yilga mo‘ljallangan ayrim maqsadli ko‘rsatkichlariga erishish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida” parlament so‘rovini yuborish masalalari ham ko‘rib chiqildi.

Kun tartibidan o‘rin olgan masalalar yuzasidan O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi elektorati manfaatlari hamda partiya dasturiy g‘oyalaridan kelib chiqib tegishli qarorlar qabul qilindi.

Laziza SHEROVA,
“O‘zbekiston ovozi” muxbiri.

Qoraqalpog‘iston taraqqiyoti: inson farovonligi va umummilliy hamjihatlik

Qoraqalpog‘iston Respublikasi keyingi yillarda har tomonlama o‘zgarib, tobora yangi qiyofa kasb etmoqda. Bugun bu yerda amalga oshirilayotgan yirik iqtisodiy va ijtimoiy loyihalar hudud taraqqiyotini ko‘rsatibgina qolmay, uning yaqin istiqboli ham keng imkoniyatlarga ega ekanidan darak bermoqda. Eng muhimi, bu o‘zgarishlarni raqamlar, investisiyalar yoki yangi inshootlarning o‘zi bilan baholab bo‘lmaydi. Ularning samarasi, avvalo, qoraqalpog‘istonliklarning hayotida, yangi ish o‘rinlarida, oilalar daromadida, turmush sharoiti va ertangi kunga ishonchning ortishida ko‘rinadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Qoraqalpog‘istonga tashrifi doirasida start berilgan yirik loyihalar, Nukus shahrida o‘tkazilgan yig‘ilishda belgilangan vazifalar ham ana shu nuqtai nazardan muhim. Yig‘ilishda hududni rivojlantirish masalasi iqtisodiy o‘sish bilangina cheklanmay, aholi bandligi va daromadlarini oshirish, kambag‘allikni bartaraf etish, odamlar uchun munosib turmush sharoitini yaratish bilan birga qaraldi.

Keyingi yillarda Qoraqalpog‘istonda yo‘l va energetika infratuzilmasida ham katta yangilanishlar bo‘ldi. A-380 magistralining Qo‘ng‘irotdan o‘tuvchi 240 kilometri beton qoplamaga o‘tkazilgani, yana 92 kilometrlik qismida qurilish boshlangani – bu oddiy yo‘l qurilishi emas. Yo‘l yaxshi bo‘lsa, mahsulot bozorga tezroq yetib boradi, tadbirkorning xarajati kamayadi, odamlarning qatnovi va ishlash imkoniyati kengayadi. Yangi 92 kilometrlik qism ishga tushgach, tranzit hajmining 1,5 barobar oshishi va yuklarni yetkazish vaqti qisqarishi hudud iqtisodiy faolligiga ijobiy ta’sir qiladi.

Energetika sohasidagi ishlar ham katta ahamiyatga ega. So‘nggi yillarda Qoraqalpog‘istonda 860 megavatt yangi quvvat ishga tushirildi, elektr ishlab chiqarish 4 barobar oshib, 5 milliard 330 million kilovatt-soatga yetdi. Yangi loyihalar esa davom etmoqda. Elektr barqaror bo‘lsa, korxona ishlaydi, ishlab chiqarish kengayadi, yangi loyihalarga yo‘l ochiladi. Shu ma’noda, barqaror energiya barqaror iqtisodiyotga, barqaror iqtisodiyot esa doimiy ish o‘rinlariga zamin yaratadi.

“Resursdan tayyor mahsulotgacha” bo‘lgan zanjirni qamrab oladigan yangi sanoat va investisiya xaritasining yaratilishi shu jihatdan muhim. Yer, yer osti boyliklari, quyosh va shamol energiyasi, yaylovlar kabi imkoniyatlar xomashyo holicha qolib ketmasdan, tayyor mahsulot va daromad manbaiga aylanishi kerak. To‘qimachilik va charm, elektrotexnika, energiya tejamkor qurilish materiallari, avtomobil ehtiyot qismlari, farmasevtika va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlashga qaratilgan loyihalarning qadri ham shunda.

Qoraqalpog‘istonda 4,3 million gektar yaylov bor, shundan 2,5 million gektaridan aholi daromadlarini oshirish va chorvachilikni rivojlantirish uchun hali yetarlicha foydalanilmayotgani ta’kidlandi. Bu borada aniq vazifalar belgilandi. Katta imkoniyatlardan samarali foydalanilsa, qishloq aholisining bandligi oshadi, chorvachilik kengayadi, oilalarning daromadi ko‘payadi, mahalliy iqtisodiy hayot yanada jonlanadi.

Hududda 1 milliondan ortiq yoshlar borligi — Qoraqalpog‘istonning katta salohiyati. Bir yilda 1 ming, keyingi ikki yilda yana 5 ming yoshni axborot texnologiyalari va logistika sohalarida yuqori daromadli ish bilan ta’minlash vazifasi shu salohiyatni ishga solishga qaratilgan. Yoshlar zamonaviy kasb egallasa, yaxshi daromad topsa, bu ularning o‘zigagina emas, oilasiga ham iqtisodiy imkoniyat bo‘ladi.

Qoraqalpog‘istondagi o‘zgarishlarning ijtimoiy ko‘lami sanoat va investisiya loyihalari bilangina o‘lchanmaydi. Bo‘zatovda zamonaviy sanatoriy, Nukusda onkologiya va radiologiya markazi, Qo‘ng‘irotda bolalar shifoxonasi va tug‘uruqxona, Amudaryo va To‘rtko‘lda amfiteatrlar, Nukusda gimnastika markazi va Konservatoriya filialining ishga tushirilishi odamlar hayoti uchun yaratilayotgan sharoitlarning bir ko‘rinishi. Ya’ni iqtisodiyotdagi o‘sish odamlarning sog‘ligi, dam olishi, ta’lim olishi va bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi uchun ham imkoniyat yaratishi kerak.

Qisqasi, bugungi Qoraqalpog‘istonda iqtisodiy taraqqiyot bilan ijtimoiy yuksalish yonma-yon bormoqda. Kelasi yil Qoraqalpog‘istonga 5 milliard dollar investisiya jalb qilish vazifasiga ham faqat katta mablag‘ sifatida emas, yangi korxonalar, yangi ish o‘rinlari va aholi daromadlarini oshirish imkoniyati sifatida qarash to‘g‘ri bo‘ladi.

Qoraqalpog‘istonning bugungi taraqqiyoti butun O‘zbekistonning umumiy harakati bilan uzviy bog‘liq. Mamlakatimizning boshqa hududlari ham Qoraqalpog‘istonga investisiya, texnologiya, tajriba va hamkorlik orqali o‘z hissasini qo‘shmoqda. Buning iqtisodiy samarasi yuqori bo‘ladi, albatta. Lekin masalaning odamlar uchun qadrli yana bir tomoni bor: bir hududdagi taraqqiyotga boshqa hududlar ham yelkadosh bo‘lsa, o‘rtamizdagi mehr-oqibat va hamjihatlik yanada mustahkamlanadi.

Xalq demokratik partiyasi Qoraqalpog‘istonda amalga oshirilayotgan islohotlarni inson manfaati, ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlik va hududlar o‘rtasidagi mutanosib taraqqiyot nuqtai nazaridan muhim, deb biladi. Belgilangan vazifalarni amalga oshirishda partiyaning barcha faollari va deputatlik korpusi bilan munosib hissa qo‘shishga intiladi.

Ulug‘bek Inoyatov,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zXDP fraksiyasi rahbari.

Bir kun, bir maydon va yuzlab yoshlar orzusi

Yoshlarning kelajagi bir kunda hal bo‘lmaydi. Ammo ba’zan bir uchrashuv, bir yaxshi suhbat, bir ustozning gapi yoki o‘z g‘oyasini erkin aytish imkoniyati uning qarashini o‘zgartirib, yangi qadam tashlashiga sabab bo‘ladi.

Sirdaryoda o‘tkazilgan “Istiqbolli yoshlar” forumi aynan shunday muhitni yaratishga qaratilgani bilan ahamiyatli, deb aytish mumkin. Bu yerda yoshlar shunchaki tadbir ishtirokchisi emas, o‘z fikri, g‘oyasi, savoli va orzusi bilan maydonga chiqqan faol qatnashchi bo‘ldi.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi va Sirdaryo viloyat partiya kengashi hamkorligida Shirin shahrida tashkil etilgan forumda ming nafardan ortiq yoshlar ishtirok etib, turli yo‘nalishlarda tayyorlangan loyihalarni taqdim etishdi. Muhimi, bu loyihalar qog‘ozda qolib ketadigan g‘oyalar emas, yoshlarning o‘z qiziqishi, bilimi va kelajak rejalari asosida shakllangan tashabbuslar sifatida namoyon bo‘ldi.

Kasbning haqiqiy manzilida

Forumning eng hayotiy qismlaridan biri yoshlarni bevosita ish joylari bilan tanishtirish bo‘ldi. Ishtirokchilar dastlab “Sirdaryo IES” korxonasiga tashrif buyurib, bu yerda mehnat qilayotgan yosh mutaxassislar bilan suhbatlashishdi, ularning ish jarayoni, mehnat sharoiti va kasbiy o‘sish imkoniyatlarini ko‘rishdi.

Kasb tanlayotgan yosh uchun bu kabi uchrashuvlar oddiy ekskursiya emas, albatta. Chunki kasbni kitobdan o‘qish boshqa, shu kasb egasini ko‘rib, uning bir kuni qanday o‘tishini, nimalarga erishganini eshitish boshqa. Ayniqsa, o‘zi bilan qariyb tengdoshining mehnat qilib, tajriba orttirib, o‘z sohasida rivojlanayotganini ko‘rish har bir yosh uchun katta ilhom va rag‘bat beradi.

Tajribali mutaxassislar bilan suhbatlar davomida yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi. Qanday qilib kasb egasi bo‘lish, ish jarayonida nimalarga e’tibor berish, tajriba qanday to‘planishi va mutaxassis sifatida o‘sish mumkinligi haqida fikr almashildi.

Muxsiddin Nizomiddinov,
O‘zXDP Markaziy Kengashi bo‘lim boshlig‘i:

– Ba’zan bir insonning hayotiy tajribasi o‘nlab maslahatdan ko‘ra ko‘proq narsani anglatadi. Ishlab chiqarishda o‘z o‘rnini topgan yosh mutaxassisning bugungi faoliyatini ko‘rish esa kasb tanlash ostonasida turgan yigit-qizga “Men ham qila olaman” degan ishonchni beradi.

Aslida, yoshlar bilan ishlashning mazmuni ham shunda — ularga tayyor javob emas, o‘z yo‘lini topishi uchun imkoniyat berish lozim. “Istiqbolli yoshlar” forumi ana shu imkoniyatni yaratish, yoshlarning ovozini eshitish va ularning g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash yo‘lidagi amaliy qadamlardan biri bo‘ldi.

Forum davomida yoshlar bilan bevosita muloqot qilganimizda bir narsa yaqqol ko‘rindi: ularga o‘zini sinab ko‘rish uchun imkoniyat kerak. IESda ishlayotgan yosh mutaxassislar bilan suhbatlashganimizda ham, texnikum va maktabdagi o‘quvchilar bilan gaplashganimizda ham ularning kasb, ta’lim va kelajakka qiziqishi sezildi. Menimcha, yoshlarning tashabbusini qo‘llab-quvvatlash degani faqat tadbir o‘tkazish emas, ularning fikrini eshitish, yaxshi g‘oyasiga amaliy ko‘mak berish va natijasini ko‘rishgacha yonma-yon bo‘lish kerak. Bugun biz uchrashgan yoshlarning ko‘pchiligida maqsad bor. Endi shu maqsadga yetishi uchun ularga imkoniyat yaratish muhim.

Tanlovdan natijaga

Forum ishtirokchilarining navbatdagi manzili Shirin energetika texnikumi bo‘ldi. Bu yerda qatnashchilar yoshlarning kasb tanlashi va tanlagan kasbini amaliyot bilan bog‘lashi uchun qanday imkoniyatlar yaratilayotgani bilan tanishishdi.

Bugun yosh uchun diplomning o‘zi yetarli emas. U o‘z kasbini bilishi, qo‘lida amaliy ko‘nikmasi va mehnat bozorida o‘rnini topa olishi kerak. Texnikumdagi ta’lim jarayoni, zamonaviy yo‘nalishlar va amaliy mashg‘ulotlar aynan shu maqsadga qaratilgan. Bu yerda yoshlar qobiliyatini sinab ko‘rish, qiziqishiga mos kasbni tanlash va kelajakda talab yuqori bo‘ladigan mutaxassisliklar haqida tasavvurga ega bo‘lish imkoniga ega.

Forum ishtirokchilari Shirin shahridagi 1-sonli maktabda ham bo‘lib, ta’lim jarayoni va o‘quvchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishishdi. 11-sinfda tahsil olayotgan 4 nafar o‘quvchining 189 ball natija qayd etgani alohida e’tiborni tortdi.

Oliy ta’limga kirishga tayyorlanayotgan bu o‘quvchilarning natijasi boshqa tengdoshlar uchun ham yaxshi namuna bo‘la oladi, deyishdi ishtirokchilar.

Maktabda “Tashabbusli byudjet” loyihasi doirasida o‘quvchilarning kasb-hunar va mehnat ko‘nikmalarini rivojlantirishga mo‘ljallangan zamonaviy sinfxonalar tashkil etilgani diqqatga sazovor. Chunki bola kasbni faqat kitobdan o‘qib emas, ko‘rib, sinab va bajarib o‘rgansa, uning qiziqishi ham, ishonchi ham ortadi.

Shu ma’noda, maktab va texnikumlarda yaratilayotgan bunday imkoniyatlar yoshlarning ertangi hayoti uchun muhim poydevor bo‘lib xizmat qiladi. Bugun kasb o‘rgangan, bilim olgan va o‘z qobiliyatini sinab ko‘rgan yosh ertaga mehnat bozorida o‘rnini topishi osonroq bo‘ladi.

Ishtirokchilar Shirin shahrida yoshlar uchun tashkil etilgan turli to‘garaklar faoliyatini o‘rganishdi. Sport, san’at, madaniyat va boshqa yo‘nalishlardagi mashg‘ulotlarda yoshlarning qiziqishi va qobiliyatini rivojlantirish uchun yaratilgan sharoitlar ko‘zdan kechirildi. To‘garaklarda shug‘ullanayotgan yoshlarning tanlov va musobaqalarda qo‘lga kiritayotgan yutuqlari haqida ma’lumotlar berildi.

Forum doirasida yoshlar bilan ochiq muloqot ham tashkil etildi. Unda ta’lim, kasb-hunar, bandlik, ijtimoiy faollik, jamoatchilik tashabbuslari va kelajak rejalari haqida ochiq gaplashildi.
Bu muloqotning eng muhim jihati — yoshlar faqat tinglovchi bo‘lib qolmadi. Ular o‘zlarini qiziqtirgan masalalarni o‘rtaga tashladi, savol berdi. Deputatlar, partiya vakillari hamda Yoshlar parlamenti a’zolari bilan bevosita muloqot qilib, fikr almashdi.

Forum davomida turli sohalarda faoliyat yuritayotgan 20 nafarga yaqin yosh bilan alohida suhbatlar o‘tkazilib, ularning fikr va takliflari, kelgusidagi rejalari tinglandi. Bu suhbatlarda har bir yoshning qarashi, muammosi va maqsadi bir-biridan farq qilishi yaqqol sezildi.

Ayniqsa, nogironligi bo‘lgan 4 nafar yoshning o‘z takliflari bilan chiqqani e’tiborga molik bo‘ldi. Ularning fikrini eshitishning o‘zi yetarli emas, bu fikrlar keyinchalik amaliy yechimga aylanishi muhim. Chunki yoshlar siyosati barcha yigit-qiz uchun bir xil qolipda emas, har bir insonning imkoniyati va ehtiyojini hisobga olgan holda qurilgandagina o‘z samarasini beradi.

Islom Mamadiyev,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zosi, Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqish bo‘limi yetakchi mutaxassisi:

– Yoshlar bilan ochiq muloqotda bir narsa yaqqol sezildi: ularga, avvalo, chindan ham eshitadigan odam kerak. Ba’zi yoshlar o‘z muammosini ochiq aytib berdi, kimdir kelajakdagi rejasi bilan o‘rtoqlashdi, yana kimdir “Mana shu masalada bizga ham imkoniyat bo‘lsa” degan taklifini bildirdi.

Ayniqsa, nogironligi bo‘lgan yoshlar bilan suhbat menda katta taassurot qoldirdi. Ularning orzusi, rejasi, harakati bor. Faqat ba’zi hollarda ularga boshqalardan ko‘ra ko‘proq imkoniyat va qo‘llab-quvvatlash kerak bo‘ladi. Shuning uchun ularning fikrini eshitib, keyin yana o‘z holiga tashlab qo‘yish to‘g‘ri emas.

Menimcha, bugun yoshlar bilan gaplashib, ertaga nima qilishimizni o‘ylashimiz kerak. Chunki yosh “mening gapimni eshitishdi” deb emas, “mening gapimdan keyin biror ish o‘zgardi” deb his qilsagina muloqotning qadrini sezadi. Partiyamiz faoliyatida ham shu tamoyil ustuvor bo‘lishi kerak — yoshni faqat tadbirga chaqirish emas, uning yonida turish, g‘oyasiga ishonish va imkoni boricha amaliy yordam berish.

Yangi tashabbuslar sari

Forumning yana bir muhim jihati — yoshlarning innovasion g‘oyalariga alohida e’tibor qaratilganidir. Bugun oddiy ko‘ringan bir g‘oya ertaga yangi loyiha, yangi ish o‘rni yoki boshqalar uchun ham foydali yechimga aylanishi mumkin. Shuning uchun yoshning “menda bir g‘oya bor” degan so‘zini eshitish va uni rivojlantirishga imkoniyat berish — yoshlar bilan ishlashning eng muhim vazifalaridan biridir.

12 ta yoshlar loyihasining taqdimoti forumning eng qiziqarli jarayonlaridan biri bo‘ldi. Yoshlar o‘z g‘oyalarini o‘rtaga tashlab, ularning mazmuni, amaliy ahamiyati va kelgusida qanday natija berishi mumkinligi haqida fikr yuritdilar. Bu jarayonda ular nafaqat o‘z loyihasini himoya qildi, balki savollarga javob berdi, boshqalarning fikrini eshitdi va o‘z g‘oyasiga boshqacha nazar bilan qarash imkoniga ega bo‘ldi.

Forumda yoshlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va ularni partiya hayotiga jalb etish borasidagi ishlar ham amaliy natija bilan namoyon bo‘ldi.Tadbir davomida 35 nafar yosh O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi safiga qabul qilindi.

Shuningdek, partiya faoliyatida ishtirok etib, tengdoshlarini foydali tashabbuslar atrofida birlashtirib kelayotgan, jamoatchilik ishlari va ijtimoiy loyihalarda faollik ko‘rsatayotgan 30 nafar iqtidorli va tashabbuskor yosh taqdirlandi. Ularga tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Bu yerda gap faqat sovg‘a yoki tashakkurnomada emas. Yoshlar qilgan mehnati e’tiborsiz qolmaganini his qilishi ham muhim. Bunday e’tirof uning o‘z ishiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlab, yangi maqsadlar sari intilishiga turtki beradi.

Forum davomida “Yoshlar qanoti”ning 20 nafar faol yoshlarini Toshkent shahriga ilmiy-ma’rifiy sayohatga olib borish tashabbusi ilgari surildi.

Forum ishtirokchilarining Shirin shahridagi Yoshlar markazida joylashgan kutubxonaga tashrifi ramziy ahamiyat kasb etdi. Bu yerda kitobxonlar uchun yaratilgan sharoitlar, kutubxona imkoniyatlari va kitob fondi bilan tanishildi. Yoshlar bilan kitobxonlik, mutolaa madaniyati va bilim olishning ahamiyati haqida suhbatlashildi.

“Istiqbolli yoshlar” forumining yakuniy qismi esa ko‘tarinki va bayramona ruhda davom etdi. Uchrashuvlar, suhbatlar, loyiha taqdimotlari, yangi tanishuvlar va g‘oyalar bilan boyigan tadbir ishtirokchilar uchun oddiy bir forum emas, o‘z salohiyatini ko‘rsatish, yangi tajribalarni o‘rganish va kelajak rejalari haqida yana bir bor o‘ylab ko‘rish imkoni bo‘ldi.

Kun davomida ta’lim, kasb, bandlik, innovatsiya, ijtimoiy faollik va yoshlar tashabbuslari haqida jiddiy fikr almashildi. Tadbirning so‘nggi qismida sahnada kuy-qo‘shiqlar yangradi. Kuy-qo‘shiqlar, san’atkorlarning chiqishlari va yoshlarning faol ishtiroki shaharga bayramona kayfiyat olib kirdi. Yoshlar birga qo‘shiq kuyladi, raqsga tushdi, do‘stlari va tengdoshlari bilan quvonchli lahzalarni baham ko‘rdi.

Shu tariqa “Istiqbolli yoshlar” forumi nafaqat fikr va takliflar muhokama qilingan, balki yoshlarni birlashtirgan, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga xizmat qilgan tadbir sifatida yakunlandi.

Bir kun davomida Shirin shahrida turli avlod va turli soha vakillari yoshlar atrofida birlashdi. Ishlab chiqarish korxonasida mehnat qilayotgan yosh mutaxassislar, texnikum o‘quvchilari, maktab o‘quvchilari, loyiha mualliflari, faol jamoatchi yoshlar, Yoshlar parlamenti a’zolari va partiya faollari bir maydonda uchrashdi.

Xanna Utemurotova,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zosi, Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti talabasi:

– Men uchun bu forum juda qiziqarli va foydali o‘tdi. Ayniqsa, biz, yoshlarga o‘z fikrimizni erkin bildirish, taklif va g‘oyalarimizni aytish uchun imkoniyat berilgani ayni muddao bo‘ldi.

Forum davomida turli mavzularda suhbatlashildi, yangi loyihalar bilan tanishdik. Boshqa yoshlarning g‘oyalarini eshitib, o‘zim uchun ham ko‘p narsa oldim. Ayniqsa, zamonaviy kasblarni o‘rganish, innovasion loyihalarni amalga oshirish va yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar haqidagi fikrlar menda katta qiziqish uyg‘otdi.

Forumda o‘z tengdoshlarimning faolligini ko‘rib, yana bir haqiqatni his qildim: yoshlarga imkoniyat berilsa, ular albatta harakat qiladi va yaxshi natija ko‘rsata oladi. Buning uchun eng muhimi — qo‘llab-quvvatlash va ishonch.

Shunday tadbirlar ko‘proq tashkil etilsa, yoshlar o‘zlarini jamiyatning bir qismi sifatida yanada teran his qiladi, yangi g‘oyalar paydo bo‘ladi va ularni amalga oshirishga intiladi. Men ham bu forumdan keyin o‘z oldimga yangi maqsadlar qo‘ydim va o‘zim qiziqqan yo‘nalishda yanada ko‘proq izlanishga qaror qildim.

Laziza SHEROVA,
“O‘zbekiston ovozi” muxbiri.

DUNYO SHAXMATCHILARI – SAMARQANDDA

Qadimiy va navqiron Samarqand shahridagi “Silk Road Samarkand” xalqaro turizm markazida rasman start berilgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi yana bir bor butun dunyo ahli nigohini yurtimizga qaratdi.

PARIJDAN BOSHLANGAN BAHSLAR

Butunjahon shaxmat olimpiadasi bir asrlik tarixga ega. 1924 yilgi Parij yozgi Olimpiya o‘yinlari shaxmat tarixida burilish nuqtasini yasadi. Tashkilotchilar shaxmatni sport turi sifatida e’tirof etgan bo‘lsa-da, ishtirokchilarning «havaskor» yoki «professional» maqomi bo‘yicha yuzaga kelgan tushunmovchiliklar jiddiy bahslarga sabab bo‘ldi. Biroq aynan ana shu tashkiliy inqiroz global shaxmat hamjamiyatini yagona maqsad atrofida birlashtirdi — musobaqaning so‘nggi kunida Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) tashkil topdi. Shu tariqa, Parijdagi bahsli musobaqa jahon shaxmat diplomatiyasi va yagona qoidalar tizimiga poydevor qo‘ydi.

1927 yilda Londonda o‘tkazilgan ilk rasmiy olimpiada shaxmatni global sport maqomiga ko‘tardi. 1950 yildan e’tiboran musobaqa har ikki yilda muntazam o‘tkaziladigan an’anaviy turnirga aylandi. Gender tengligi va intellektual integratsiya yo‘lidagi muhim qadam sifatida 1957 yili Niderlandiyada ayollar o‘rtasidagi ilk olimpiada tashkil etildi, 1976 yilga kelib esa ayollar va ochiq turnirlar yagona maydonda birlashtirildi. Musobaqa g‘oliblariga topshiriladigan erkaklar o‘rtasidagi tarixiy Gamilton-Rassell kubogi hamda ayollar jamoalari uchun Vera Menchik kubogi shunchaki mukofot emas, balki bir asrlik intellektual zafarlar va shaxmat madaniyatining ramzi hisoblanadi.

MARKAZIY OSIYODAGI ILK DEBYUT

Shaxmat o‘yinining eng qadimgi ildizlari aynan Samarqand zamini (Afrosiyobdan topilgan VII asrga oid shaxmat donalari buning dalili) bilan bog‘lanishi hech kimga sir emas. Bugun ushbu qadimiy kentning global shaxmat markaziga aylanishi madaniy va tarixiy adolatning qaror topishidir.

Butunjahon shaxmat olimpiadasi — intellektual sport olamidagi eng nufuzli va yirik musobaqa. Ushbu qadimiy turnir tarixida Markaziy Osiyo mintaqasi ilk bor ulkan jamoaviy bahslarga mezbonlik qilmoqda. Erkaklar va ayollar o‘rtasidagi turnirlar yonma-yon o‘tkazilib, yuzlab federatsiyalarni 11 turdan iborat murosasiz bahslarda birlashtiradi. Dunyo tan olgan jahon chempionlari va yangi porlab chiqayotgan yoshlarning bir maydonda uchrashuvi turnirning shiddatini yanada oshirishi shubhasiz.

Bu bellashuv, albatta, tasodif emas. Asrlar davomida Sharq va Gʻarbni bog‘lagan, madaniyatlar va ilm-fan chorrahasi bo‘lgan qadimiy Samarqand bugun aql sohiblarining global poytaxtiga aylanmoqda. So‘nggi yillarda o‘zbek shaxmat maktabining jahon arenasida ko‘rsatayotgan fenomenal natijalari, xususan, 2022 yilgi Chennay olimpiadasidagi tarixiy g‘alabamiz va yosh grossmeysterlarimizning ketma-ket zafarlari O‘zbekistonning haqiqiy shaxmat mamlakatiga aylanganini xalqaro hamjamiyatga isbotladi. Endilikda yurtimiz nafaqat kuchli shaxmatchilari, balki jahon darajasidagi turnirlarni yuqori saviyada tashkil eta oladigan markaz sifatida e’tirof etilmoqda.

SAMARQANDDA 200 DAN ZIYOD MAMLAKATDAN JAMOALAR

Har qanday yirik xalqaro sport anjumanining nufuzi, avvalo, uning qamrovi va tashkiliy miqyosi bilan o‘lchanadi. Xuddi shunday, Samarqanddagi tarixiy musobaqada dunyoning 200 dan ziyod mamlakatidan grossmeysterlar, murabbiylar va shaxmat ixlosmandlari ishtirok etmoqda. Bunday ulkan qamrov musobaqaning Budapesht-2024 rekordini ham ortda qoldirdi.

Xalqaro reglamentga muvofiq, mezbon davlat sifatida O‘zbekistonga musobaqaning har ikki yo‘nalishida 3 tadan, jami 6 ta terma jamoa bilan ishtirok etish huquqi berildi. Tahliliy yondashadigan bo‘lsak, bu faqatgina mezbonga berilgan tashkiliy imtiyoz emas, balki o‘zbek shaxmat maktabining zaxirasini toblash uchun yaratilgan beqiyos tramplindir. Asosiy jamoamiz oltin medallar uchun mardonavor kurash olib borsa, ikkinchi va uchinchi tarkibdagi yosh vunderkindlarimiz jahonning eng kuchli grossmeysterlariga qarshi o‘ynab, ertangi chempionlar avlodini shakllantirishdek muhim strategik vazifani o‘taydi.

Aytganday, bunday miqyosdagi turnirni qabul qilish faqatgina mehmondo‘stlikni emas, balki ulkan iqtisodiy resurslar va siyosiy irodani ham talab etadi.

AFSONALAR VA AVLODLAR TO‘QNASHUVI

Samarqanddagi olimpiada shunchaki turli davlatlarning emas, balki turli davrlarning, aniqrog‘i, boy tajriba va shiddatli yoshlikning o‘ziga xos to‘qnashuvi maydoniga aylanishi kutilayotir. Zotan, bugungi globallashuv va kompyuter texnologiyalari asrida shaxmat keskin «yosharib» boryapti, biroq tajriba o‘z so‘zini aytishdan to‘xtagani yo‘q. Turnir ishtirokchilari ro‘yxatiga ko‘z yugurtirsangiz, go‘yoki vaqt mashinasida sayohat qilayotgandek bo‘lasiz.

Bir tomonda jahonni hayratga solayotgan yosh vunderkindlar.

Ikkinchi tomonda esa klassik shaxmat maktabining tirik afsonalari o‘zlarining mustahkam pozisiyalarini himoya qiladi.

Bu borada asosiy diqqat markazida amaldagi chempion – Hindiston va 2022 yilgi olimpiada g‘olibi – mezbon O‘zbekiston terma jamoalari turibdi.

O‘zbekiston terma jamoasi Javohir Sindorov va Nodirbek Abdusattorov yetakchiligida ushbu turnirga o‘zgacha motivatsiya bilan tayyorgarlik ko‘rgan. Mezbonlik maqomi jamoamizga nafaqat qo‘shimcha mas’uliyat yuklaydi, balki o‘z muxlislarimiz qarshisida qudratli ruhiy ustunlik ham beradi. AQSHning tajribasi, Hindistonning taktikasi va O‘zbekistonning o‘z uyidagi shiddati — oltin medallar taqdirini aynan mana shu uchlik hal qilishini ekspertlar alohida ta’kidlamoqdalar.

MATBUOT ANJUMANI

Olimpiada doirasida Samarqanddagi «EXPO» markazida mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari uchun matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Sharliz van Zil moderatorligida o‘tgan tadbirda Vishvanatan Anand bilan bir qatorda terma jamoamiz yetakchilari — Nodirbek Abdusattorov va Gulruhbegim Tohirjonova ishtirok etdi. Tadbir doirasida O‘zbekiston Shaxmat federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Alisher Sa’dullayev Yangi O‘zbekistonning shaxmat olamidagi bugungi maqomi va davlat darajasidagi e’tibor haqida so‘z yuritdi.

— Birinchidan, olimpiada mezbonligini qo‘lga kiritganimiz va 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasining Samarqandda o‘tkazilishi — davlatimiz rahbarining shaxmatga qaratayotgan e’tibori hamda mamlakatimizdagi ushbu sport turiga bo‘lgan ulkan qiziqish samarasidir, – dedi A. Sa’dullayev. – Ikkinchidan, olimpiada bilan bir vaqtda FIDE kongressi va saylovlarining o‘tkazilishi zimmamizga qo‘shimcha mas’uliyat yuklaydi. Hukumatimiz tomonidan ushbu nufuzli tadbirlarni o‘z bo‘ynimizga olib, yuqori saviyada o‘tkazishimiz — O‘zbekistonning shaxmat olamidagi o‘rni, nufuzi va o‘z so‘ziga egaligining amaldagi isbotidir.

E’tiborli jihati, olimpiada boshlanishidan oldin ko‘pchilik bizga «O‘zbekistondan tashqari yana kimlarni favorit sifatida ko‘ryapsiz?» degan savol bilan yuzlanmoqda. Bu — butun dunyo O‘zbekistonning mutlaq favorit ekanini allaqachon tan olib bo‘lganini anglatadi. Albatta, barchamiz g‘alaba kutyapmiz va bizga faqat birinchi o‘rin yarashadi. Bunday yirik tadbirlarning mamlakatimizda o‘tkazilayotgani bejiz emas. Uning zamirida haqiqatan ham shaxmatga qaratilayotgan yuksak e’tibor va taraqqiyot yotibdi.

Samarqanddagi intellektual festival faqatgina chempionlarni aniqlash bilan cheklanmaydi. Musobaqaning eng insonparvar jihatlaridan biri — u bilan parallel ravishda nogironligi bo‘lgan shaxslar o‘rtasidagi 3-Butunjahon shaxmat olimpiadasining o‘tkazilayotganidir. Bu loyiha aql-zakovat sportida jismoniy cheklovlar ahamiyatsiz ekanini, mantiq va tafakkur maydonida barcha insonlar teng va cheksiz imkoniyatlarga egaligini butun dunyoga namoyish etmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi qatnashchilariga yo‘llagan
tabrigidagi “Ishonchim komil, mazkur yirik sport anjumanlari dunyo xalqlari o‘rtasida do‘stlik va hamjihatlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Ular O‘zbekistonda shaxmatni yanada ommalashtirish, yosh avlodning intellektual salohiyatini yuksaltirish va mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzini oshirishga munosib hissa qo‘shishi bilan ham ahamiyatlidir”, degan so‘zlar har birimizga g‘urur va iftixor bag‘ishlaydi.

Ha, oldinda bizni ikki haftalik hayajonli va murosasiz o‘yinlar, “aql bahslari» kutib turibdi…

Azim AXTAMOV,
“O‘zbekiston ovozi” muxbiri.