Fuqarolar murojaatlari bilan ishlash deputatlik faoliyatining ham eng muhim va samaradorligini belgilovchi mexanizmlaridan biri hisoblanadi. Chunki xalq bilan muloqot jarayonida ko‘tarilgan har bir muammo aynan murojaatlar orqali rasmiy tus oladi va hal etish jarayoni boshlanadi. Agar murojaat faqat qabul qilinib, ro‘yxatga olinib, keyin javobsiz yoki yuzaki javob bilan yopib qo‘yilsa, bu na muloqotning, na deputatlik institutining haqiqiy ma’nosini aks ettiradi. Shu bois zamonaviy boshqaruvda murojaatlar bilan ishlash faqat “javob berish” emas, balki muammoni real natijaga olib chiqish tizimi sifatida shakllanmoqda.
Avvalo, murojaatlarni qabul qilish mexanizmi ochiq va qulay bo‘lishi muhim ahamiyat kasb etadi. Bugungi kunda fuqarolar deputatlarga bevosita qabul vaqtida, sayyor qabullarda, mahallalarda o‘tkaziladigan muloqot va uchrashuvlarda, yozma arizalar, elektron platformalar va telefon orqali murojaat qilish imkoniyatiga ega. Bu esa jamiyatning turli qatlamlari uchun teng qulaylik yaratadi: kimdir shaxsan kelib muammosini aytadi, kimdir yozma shaklda bayon qiladi, kimdir esa onlayn murojaat yo‘llaydi. Muhimi, har bir murojaat e’tibordan chetda qolmaydi va rasmiy tartibda qayd etiladi. Bu bosqichning shaffofligi fuqarolarda “Murojaatim idoralar o‘rtasida yo‘qolib ketmaydi”, degan ishonchni shakllantiradi.
Har bir murojaatning individual ko‘rib chiqilishi esa tizimning eng muhim jihatlaridan biridir. Chunki muammolar bir xil mazmunda bo‘lsa-da, ularning sababi, ko‘lami va oqibati turlicha bo‘lishi mumkin. Masalan, bir hududda suv muammosi texnik nosozlik sababli yuzaga kelgan bo‘lsa, boshqa joyda infratuzilmaning eskirgani oqibati bo‘lishi mumkin. Shuning uchun murojaatlarni umumiy shablon javoblar bilan yopish emas, balki har bir holatni joyiga chiqib o‘rganish, mas’ul tashkilotlar bilan birgalikda tahlil qilish va aniq yechim ishlab chiqish amaliyoti yo‘lga qo‘yilmoqda. Bu yondashuv murojaatni “raqam” sifatida emas, balki inson taqdiri bilan bog‘liq masala sifatida ko‘rib chiqishga xizmat qiladi.
Natijaga yo‘naltirilgan yondashuv murojaatlar bilan ishlash tizimining asosiy maqsadini belgilaydi. Shunga ko‘ra, endilikda murojaat natijasi haqida so‘z borganda birinchi navbatda “Muammo hal bo‘ldimi?” degan savol o‘rtaga tashlanmoqda. Agar fuqaro elektr ta’minoti uzilishi haqida murojaat qilgan bo‘lsa, oddiy tushuntirish xati emas, balki nosozlik bartaraf etilgani natija bo‘lib hisoblanadi. Agar yo‘l ta’miri talab etilsa, muammo reja-jadvalga kiritilib, aniq muddatda bajarilishi ta’minlanadi. Shunday qilib, murojaat ijrosining real natijasi tizim samaradorligining bosh ko‘rsatkichi bo‘lib qolmoqda. Bu esa deputatlik faoliyatini qog‘ozbozlikdan amaliy yechimlar maydoniga olib chiqmoqda.
Zarur hollarda takroriy murojaatlar, deputatlik so‘rovlari yoki jamoatchilik muhokamalari orqali masalaning tezkor hal etilishi ta’minlanadi. Bu mexanizm mas’ul idoralarni befarq bo‘lib qolishdan saqlaydi hamda fuqarolar muammosiga jiddiy yondashishga majbur etadi. Natijada murojaatlar javobsiz qolmaydi, balki amaliy yechimga olib keladi.
Deputatlik so‘rovlari – muammolarni hal qilish vositasi
Deputatlik so‘rovlari bugungi vakillik hokimiyati faoliyatida muammolarni tizimli va majburiy tartibda hal etishga xizmat qiluvchi eng samarali huquqiy mexanizmlardan biridir. Agar xalq bilan muloqot va murojaatlar muammoni aniqlash bosqichi bo‘lsa, deputatlik so‘rovi ana shu muammoni davlat idoralari kun tartibiga qat’iy olib chiqadigan, uni ijroga yo‘naltiradigan vosita sanaladi.
Deputatlik so‘rovining mohiyati shundaki, u muammoni shaxsiylik darajasidan chiqarib, jamoatchilik manfaatiga daxldor masala sifatida ko‘rib chiqishga majbur etadi. Masalan, bir fuqaroning elektr yoki suv muammosi deputatlik so‘rovi orqali butun hudud infratuzilmasiga oid tizimli muammoga aylanishi mumkin. So‘rovda muammo dalillar bilan asoslanadi, uning sabablari ko‘rsatiladi va mas’ul tashkilotlardan aniq muddatlarda yechim taqdim etish talab qilinadi. Bu yondashuv masalani yuzaki “ko‘rib chiqildi” darajasida emas, balki real ijroga yo‘naltiradi.
Nazorat mexanizmi sifatidagi ahamiyati esa deputatlik so‘rovining eng kuchli jihatlaridan biridir. Deputat muammo yuzasidan so‘rov yuborgach, uning ijrosi doimiy kuzatuvga olinadi, belgilangan muddatlarda natija talab qilinadi. Zarur hollarda masala qayta ko‘tariladi, keng muhokamaga chiqariladi yoki yuqori darajadagi organlar e’tiboriga havola etiladi. Bu jarayon davlat idoralarining mas’uliyatini oshirib, “javob berdik – ish tugadi” degan yondashuvning oldini oladi. Endilikda asosiy mezon hujjat emas, balki muammoning amalda hal bo‘lishidir.
So‘nggi yillarda deputatlik so‘rovlari institutining ahamiyati yanada kuchaytirildi. Jumladan, Prezidentning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida bundan buyon deputat so‘rovlari ijrosi har chorakda chuqur tahlil qilinishi, sustkashlikka yo‘l qo‘yilgan holatlar bo‘yicha prokuratura organlariga taqdimnomalar kiritilishi alohida ta’kidlandi. Bu tashabbus deputatlarga ko‘rsatilayotgan yuksak ishonch bilan birga, ularning vakolatlari real kuchga ega ekanini ham amalda mustahkamladi.
Biroq muammolarni hal qilish faqat deputatlik so‘rovlari bilan cheklanib qolmaydi. Ayrim masalalar keng hamkorlik, joylarda tizimli ish olib borish va mahalla institutlari bilan uzviy aloqani talab qiladi. Ya’ni deputatlarning mahallalar bilan olib borayotgan tizimli hamkorligi, joylardagi muammolarni birgalikda hal etish amaliyoti qanday yo‘lga qo‘yilgani bugungi kunda dolzarb masalalardan biriga aylandi.
Mahallalar bilan tizimli hamkorlik
Mahallalar bilan tizimli hamkorlik bugungi deputatlik faoliyatining eng muhim tayanchlaridan biri sifatida shakllanmoqda. Chunki mahalla — bu jamiyatning eng quyi, ammo eng real hayot aks etadigan bo‘g‘ini bo‘lib, aholining kundalik muammolari, ehtiyojlari va tashabbuslari aynan shu bo‘g‘inda yuzaga chiqadi. Deputat faoliyati mahalla bilan uzviy bog‘lanmagan taqdirda u faqat umumiy masalalar bilan cheklanib qoladi, hayotdan uzoqlashib ketadi. Shu bois, zamonaviy boshqaruvda deputat va mahalla o‘rtasidagi hamkorlik muhim bo‘lib, ular bir butun mexanizm sifatida ishlashi ayni zaruratdir.
Birgalikdagi tashabbuslar deputat va mahalla hamkorligining yana bir muhim yo‘nalishidir. Ko‘plab muammolarni faqat davlat mablag‘i bilan emas, balki jamoatchilik ishtiroki orqali ham hal etish mumkin. Masalan, obodonlashtirish ishlari, yashil hududlar yaratish, sport maydonchalari barpo etish, yoshlar uchun tadbirlar tashkillashtirish kabi tashabbuslar mahalla faollari, tadbirkorlar va deputatlar hamkorligida amalga oshirilmoqda. Bunday tashabbuslar nafaqat muammolarni tezroq hal etadi, balki fuqarolarda o‘z mahallasiga egalik hissini kuchaytiradi. Natijada odamlar hudud rivojiga befarq bo‘lmay, faol ishtirok etishga intiladi.
Ijtimoiy loyihalar esa hamkorlikning strategik yo‘nalishiga aylanmoqda. Kam ta’minlangan oilalarni qo‘llab quvvatlash, yoshlar bandligini oshirish, ayollar tadbirkorligini rivojlantirish, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun sharoit yaratish kabi loyihalar deputatlar tashabbusi va mahallalar hamkorligida amalga oshirilmoqda. Bunday loyihalar muammolarni vaqtinchalik emas, balki uzoq muddatli barqaror yechim asosida hal etishga xizmat qiladi. Shu orqali mahalla ijtimoiy yordam markazidan ijtimoiy rivojlanish maydoniga aylanib bormoqda.
Sanjar SOBIRJONOV,
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti professori,
xalq deputatlari Yunusobod tuman Kengashi deputati.
