Milliy matbuot markazida “Ishonch” va “Ishonch-Doveriye” gazetalari kutubxonasi” ruknida chop etilgan “Sakkizinchi mo‘jiza” badiiy-publitsistik kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Unda yurtimizning taniqli jurnalistlari, adabiyotshunos olimlar, media sohasida tahsil olayotgan yoshlar, bosma ommaviy axborot vositalari va elektron nashrlarning rahbarlari ishtirok etdi.
Ta’kidlanganidek, “Ishonch” va “Ishonch-Doveriye” gazetalari mamlakatimizda kechayotgan tub yangilanishlar bilan birga jamiyat hayotida uchrayotgan muammolarni dadil, chuqur ilmiy, tahliliy, tanqidiy tarzda yoritishda namuna bo‘lib kelmoqda. Ularda chop etilgan sara maqolalarni jamlab, har yili “Ishonch” va “Ishonch-Doveriye” gazetalari kutubxonasi” seriyasida kitob holida o‘quvchilarga taqdim etish yaxshi an’anaga aylangani yana bir e’tiborli jihatdir. “Sakkizinchi mo‘jiza” kitobida 2025 yilda e’lon qilingan va jamoatchilik e’tirofiga sazovor bo‘lgan qator publitsistik, tahliliy-tanqidiy, mulohazali maqolalar, suhbatlar o‘rin olgan.
– To‘plamni varaqlar ekanman, tahririyatda tanqid va tahlil uyg‘unlashgani, joylarda uchrayotgan muammolar dalil-isboti va faktlar bilan ko‘tarilganiga amin bo‘ldim, – deydi filologiya fanlari doktori Qozoqboy Yo‘ldoshev. – Masalan, Husan Ermatovning “Maqsad nechog‘liq mantiqli?”, Jahongir Nahanovning “G‘oyalar maydonidagi bo‘shliq”, Darmon Ibragimovning “Plastikka aylanayotgan odam”, Mashhura Jo‘raqulovaning “Z avlod qarshisida”, Nurillo No‘monovning “Tejamaganning tagi tang” kabi maqolalarida jiddiy muammolar bor bo‘yi va ko‘lami bilan ochib berilganiga amin bo‘ldim.
– To‘plamda biz yaxshi tanigan jurnalistlardan Abdunabi Haydarovning “Qayta alangalangan cho‘g‘”, Alijon Abdurahmonovning “So‘nggi qo‘ng‘iroq – nimaga chorlov, nimaga zarba?”, G‘ulomjon Mirahmedovning “Poytaxt ko‘chalaridagi pulli parkovka”, Abror Zohidovning “Kredit, “rassrochka”, “variant” kabi maqolalari e’tiborimni tortdi, – deydi “Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri Ahmadjon Meliboyev. – Ushbu to‘plam jurnalistika yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar uchun tayyor darslik bo‘lib xizmat qiladi. Demak, tahririyat jamoasi bunday an’anani davom ettirishi ayni muddao bo‘lardi. Taqdimotda so‘zga chiqqanlar tomonidan OAV, umuman, jurnalistlar hamisha o‘z davri so‘zini baralla va jur’at bilan ayta olishi, shundagina ular jamiyat va odamlar oldidagi burchini to‘laqonli ado etishiga urg‘u berildi.
Toshtemir XUDOYQULOV,
“O‘zbekiston ovozi” muxbiri.
