Iqtisod

«C5+1»: Strategik investitsiyalar va iqtisodiy manfaatlar tutashgan nuqta

Blog Image
Email : 18 0

Tashqi hamkorlar ishtirokidagi mintaqaviy muloqot formatlari Markaziy Osiyo diplomatiyasining doimiy qismiga aylanib bormoqda. Xususan, “C5+1” formati Amerika biznesi va moliya institutlari bilan iqtisodiy aloqalar uchun alohida imkoniyat yaratadi. 2015 yildan buyon amal qilib kelayotgan ushbu format doirasida iqtisodiyot, energetika, atrof-muhit muhofazasi va xavfsizlik masalalari bo‘yicha hamkorlik qilinmoqda.

Markaziy Osiyoning besh davlati va AQSHning salohiyatli investorlari ishtirokida yagona muloqot maydoni yaratilgani milliy loyihalarni amalga oshirishda mintaqaviy sharoitlarni hisobga olish va davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni muvofiqlashtirishga xizmat qiladi.

Markaziy Osiyo davlatlari va AQSH Prezidentlari darajasidagi “C5+1” birinchi oliy sammiti 2023 yil 19 sentyabrda Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tdi. 2024 yil fevralda strategik ahamiyatga ega minerallar bo‘yicha muloqotning ilk yig‘ilishi, mart oyida esa Olmaota shahrida “B5+1” formatidagi birinchi biznes-forum o‘tkazildi.

Mazkur biznes-forum tadbirkorlarga investisiya muhiti va mintaqaviy iqtisodiy integratsiya masalalarini muhokama qilishda bevosita ishtirok etish imkonini berdi. Shu tariqa siyosiy darajadagi muloqot tarmoqlar va ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi amaliy hamkorlik bilan to‘ldirildi.

2025 yil 6 noyabrda Oq uyda o‘tkazilgan sammit hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqdi. AQSH Savdo vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, biznes-forum doirasida Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha umumiy qiymati 25 milliard dollardan ortiq savdo va investisiya kelishuvlari e’lon qilindi. Ular aviatsiya, qishloq xo‘jaligi texnikasi, temir yo‘l infratuzilmasi, raqamli texnologiyalar hamda strategik ahamiyatga ega minerallarni qazib olish sohalarini qamrab oladi.

Sammitda Prezidentimiz investisiya va savdo sohalaridagi hamkorlikni muvofiqlashtirishni kuchaytirish, Markaziy Osiyoni Janubiy Kavkaz va Yevropa bilan bog‘lovchi transport hamda energetika loyihalarini rivojlantirish, shuningdek, strategik ahamiyatga ega minerallarni qidirish, qazib olish va chuqur qayta ishlash bo‘yicha hamkorlikni kengaytirishni taklif etdi. Ilgari surilgan tashabbuslar qatoridan navbatdagi sammitni Samarqandda o‘tkazish taklifi ham o‘rin oldi.

2026 yil fevralda O‘zbekiston Prezidenti Tinchlik kengashining ta’sis yig‘ilishida ishtirok etish uchun Vashingtonga tashrif buyurdi. Tashrifning ishbilarmonlik dasturi doirasida yangi ikki tomonlama hujjatlar imzolandi.

Xalqaro kapitalni jalb etishning yana bir imkoniyati O‘zbekiston Milliy investisiya jamg‘armasi – UzNIF aksiyalarining birlamchi ommaviy joylashtirilishi (IPO) orqali yuzaga keldi. 2026 yil 18 mayda jamg‘armaning global depozitar tilxatlari London fond birjasida savdoga qo‘yildi. 2025 yildan buyon Franklin Templeton kompaniyasi boshqaruvida bo‘lgan jamg‘arma 13 ta davlat korxonasidagi ulushlarni birlashtiradi. O‘zbekiston – AQSH hamkorligi nuqtai nazaridan ushbu tajriba Amerika boshqaruv kompaniyasining davlat aktivlari portfelini isloh qilishdagi ishtiroki va xalqaro aksiyalar bozori orqali kapital jalb etish imkoniyatlarini kengaytirishi bilan ahamiyatlidir.

Hamkorlikning yana bir yo‘nalishi investisiya aktivlarini boshqarish bo‘yicha dunyodagi eng yirik kompaniyalardan biri BlackRock bilan aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan. 2026 yil yanvar oyida Davosda Prezidentimiz kompaniya direktorlar kengashi a’zosi va katta boshqaruvchi direktori Adebayo Ogunlesi bilan uchrashdi. Muzokaralarda BlackRock kompaniyasining O‘zbekiston korxonalari kapitalida ishtirok etishi, qo‘shma investisiya mexanizmlarini yaratish va investisiya muhitini yaxshilash uchun xalqaro tajribani jalb qilish masalalari muhokama qilindi.

2026 yil 7 iyulda Toshkentda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda tomonlar xususiylashtirish sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, moliya bozorini rivojlantirish, yonilg‘i-energetika kompleksi va neft-kimyo sanoatida loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, sun’iy intellekt texnologiyalariga qo‘shma investisiyalar kiritish masalalarini ko‘rib chiqdi.

AQSH Xalqaro taraqqiyotni moliyalashtirish korporatsiyasi (DFC) bilan hamkorlik ham alohida ahamiyat kasb etmoqda. DFC investisiya loyihalari uchun xususiy kapitalni jalb qiluvchi AQSH davlat moliya institutidir.

2026 yil fevralda tomonlar qo‘shma investisiya platformasini tashkil etish to‘g‘risida kelishuv imzoladi. 2026 yil 16 iyunda DFC platformaning ishga tushirilgani e’lon qilindi. U Amerika va xalqaro kapital ishtirokida ustuvor investisiya loyihalarini tanlash va moliyalashtirishga mo‘ljallangan.

Platformaning ustuvor yo‘nalishlari energetika, strategik ahamiyatga ega minerallar, infratuzilma, transport va logistika, yuqori texnologik ishlab chiqarish, axborot- kommunikatsiya texnologiyalari hamda farmasevtika sohalarini qamrab oladi. Loyihalarni moliyalashtirishga xususiy investorlar, suveren jamg‘armalar va xalqaro moliya institutlarini jalb etish nazarda tutilgan.

Investisiya loyihalarini tanlash va moliyalashtirishning amaliy mexanizmi yaratilgani platformaning ahamiyatli tomonlaridan. Bu bo‘lajak uchrashuvda aniq loyihalar, ularning amalga oshirishga tayyorlik darajasi va hamkorlarning ishtirok etish shartlarini muhokama qilish imkonini beradi.

Ma’lumki, 2026 yil fevralda “C5+1” sammiti tashabbuslari doirasida muhim minerallar va noyob yer elementlarini qazib olish hamda qayta ishlash sohasida ishonchli ta’minotni ta’minlash bo‘yicha hukumatlararo memorandum imzolandi.

O‘zbekiston uchun yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishni rivojlantirish eng katta iqtisodiy samara berishi mumkin. Buning uchun mineral xomashyoni qazib olish bilan cheklanmasdan, uni boyitish, qayta ishlash va sanoat iste’molchilari talablariga javob beradigan tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish maqsadga muvofiq.

Shu bois, qo‘shma loyihalarni baholashda xomashyoni qayta ishlash darajasi, zamonaviy texnologiyalardan foydalanish imkoniyati, mahalliy mutaxassislarni tayyorlash hamda ishlab chiqarish jarayonlarining mamlakat hududida amalga oshiriladigan ulushi muhim mezonlar hisoblanadi.

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2017-2025 yillarda O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 4,7 barobar, ya’ni 215 million dollardan 1 milliard dollargacha oshdi. Shu davrda eksport 32,1 million dollardan 291,7 million dollarga, import esa 182,9 million dollardan 712,3 million dollarga yetdi. Ushbu ko‘rsatkichlar ikki tomonlama savdo aloqalari kengaygani, shu bilan birga, AQSH mahsulotlari va xizmatlari importi ustunligicha qolayotganini ko‘rsatadi.

2026 yil yanvar-avgust oylarida o‘zaro savdo hajmi 810,4 million dollarga yetib, 2025 yilning mos davriga nisbatan 33,4 foiz oshdi. O‘zbekiston eksporti 59,9 foiz o‘sib, 304,5 million dollarni, import esa 21,3 foizga ko‘payib, 506 million dollarni tashkil etdi. AQSHning O‘zbekiston umumiy tashqi savdo aylanmasidagi ulushi 1,1 foizdan 1,4 foizga ko‘tarildi.

2026 yil 1 sentyabr holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda AQSH kapitali ishtirokida to‘rt yuzga yaqin korxona faoliyat yuritmoqda. Amerika kompaniyalarining faoliyati va qo‘shma loyihalar qayta ishlash va tog‘-kon sanoati, energetika va neft-gaz kimyosi, qishloq xo‘jaligi, qurilish hamda axborot texnologiyalaridan iborat xizmat ko‘rsatish sohalarini qamrab oladi.

2017-2025 yillarda AQSHdan jalb qilingan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investisiya va kreditlarning umumiy hajmi 2,9 milliard dollardan oshdi. Yillik ko‘rsatkich 2017 yildagi 8,6 million dollardan 2025 yilda 383,2 million dollarga yetdi.

O‘zbekiston – AQSH iqtisodiy hamkorligining faollashuvi savdo va investisiya aloqalarining kengayishi, Amerika kapitali ishtirokidagi korxonalar sonining ortishi hamda AQSH kompaniyalarining O‘zbekistonda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishdagi ishtiroki kuchayishi bilan kuzatilmoqda. Bu haqida 19 oktyabr kuni Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan Amerika — O‘zbekiston ishbilarmonlik va investisiya kengashining ikkinchi yig‘ilishida so‘z bordi.

Muxtasar aytganda, O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish, avvalo, erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish, investisiyalar va zamonaviy texnologiyalarni jalb etish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish hamda o‘zaro savdo hajmini oshirish bilan bog‘liq. Energetika, infratuzilma, qayta ishlash sanoati va yuqori texnologiyali tarmoqlardagi qo‘shma loyihalar alohida ahamiyatga ega. Mintaqaviy muloqot ikki tomonlama hamkorlikni to‘ldirib, transport, energetika va savdo sohalaridagi masalalarni birgalikda hal etish imkonini beradi.

Umuman, Samarqandda O‘zbekiston va AQSH hamkorligi uchun ochilgan yangi imkoniyatlar ikki mamlakat kompaniyalarining qo‘shma korxonalar tashkil etishi, texnologiyalar almashishi va yangi bozorlarga birgalikda chiqishi uchun kuchli sur’at bag‘ishlaydi.

Sayyora Imamova,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi.