Kecha Oliy Majlis Qonunchilik palatasining munozaralarga boy navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda bir qator qonun loyihalari muhokama qilindi.
Quyi palataning kun tartibida birinchi masala — davlat xaridlari tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqildi.
Ushbu hujjat davlat xaridlari sohasida shaffoflikni ta’minlash va raqobat muhitini kengaytirish, xarid qilish tartib-taomillarini xorijiy mamlakatlarning ilg‘or tajribasi asosida yanada takomillashtirish, tadbirkorlik sub’yektlarini davlat xaridlarida yanada faol ishtirok etishga keng jalb qilishga qaratilgan.
Qonun loyihasida davlat xaridlari sohasidagi shikoyatlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha hududiy komissiyalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish belgilanmoqda. Bu esa sohada hisobdorlik va nazoratni kuchaytirishga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, takroriy auksion, tanlash va tenderlarda yagona ishtirokchi bilan bog‘liq tartiblarni aniq belgilash, byudjet buyurtmachilarining davlat xaridlarida preferensiya qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan mahalliy sub’yektlar doirasini kengaytirish taklif etilmoqda.
Majlisda deputatlar tomonidan loyiha yuzasidan ba’zi e’tirozlar bildirildi. Undagi ayrim moddalarni qayta ishlash va maromiga yetkazish bo‘yicha takliflar berildi. Bildirilgan fikrlar inobatga olingan holda qonun loyihasi takomillashtiriladigan bo‘ldi.
Intellektual mulkni himoya qilish choralari kuchaytiriladi
Har bir g‘oya, ixtiro yoki ijodiy asar ortida insonning mehnati, izlanishi va huquqi mujassam. Ularning qadrlanishi va ishonchli himoya qilinishi ijodkorlar va tadbirkorlar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. Zero, inson o‘z mehnati samarasi qadrlanishiga va huquqlari himoya qilinishiga ishonch hosil qilsagina, yanada ko‘proq izlanishga, yangilik yaratishga va o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishga intiladi.
Shu nuqtai nazardan, intellektual mulk sohasidagi huquqiy mexanizmlarni takomillashtirish, mavjud tartib-taomillarni soddalashtirish hamda mualliflar, tadbirkorlar va investorlar uchun aniq va ishonchli huquqiy shart-sharoitlarni shakllantirish dolzarb vazifalardan hisoblanadi.
Yalpi majlisda deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda ko‘rib chiqilgan qonun loyihasi ham aynan shu maqsadlarga qaratilgan. Ushbu hujjat intellektual mulkni huquqiy muhofaza va himoya qilish tizimini takomillashtirish bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga soladi.
Qonun loyihasi intellektual mulk sohasida huquqiy muhofaza va himoya mexanizmlarini yanada takomillashtirish, tadbirkorlik sub’yektlari va investorlar uchun qulay huquqiy muhit yaratish, ma’muriy tartib-taomillarni soddalashtirishga qaratilgan.
Qonun loyihasi bilan xizmat vazifalarini yoki xizmat topshirig‘ini bajarish tartibida yaratilgan asarlar, jumladan, adabiy, ssenariy, musiqali, xoreografiya, audiovizual, arxitektura, dizayn kabi asarlarga bo‘lgan mulkiy huquqlarni tartibga solishda tomonlarning shartnomaviy erkinligi ta’minlanmoqda. Xususan, xizmat asarlariga oid mulkiy huquqlarning o‘n yildan keyin avtomatik ravishda muallifga o‘tishi haqidagi norma bekor qilinib, mazkur munosabatlarni shartnoma asosida belgilash nazarda tutilmoqda.
Hujjatda intellektual mulk ob’yektlari bo‘yicha davlat ekspertizasi qarorlaridan norozi bo‘lgan shaxslarga Apellyasiya kengashiga murojaat qilish bilan bir qatorda, bevosita sudga murojaat qilish huquqi berilmoqda. Bu fuqarolar va tadbirkorlarning sud orqali o‘z huquqlarini himoya qilish imkoniyatini kengaytirib, buzilgan huquqlarni tiklashga xizmat qiladi.
Qonun loyihasi bilan ixtiro, foydali model, sanoat namunasi va seleksiya yutuqlariga oid patentlarning amal qilishini saqlash uchun davlat bojini oldindan to‘lash imkoniyati ham yaratilmoqda. Bu huquq egalari uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish, patentlarning texnik sabablarga ko‘ra amaldan chiqib ketishining oldini olish hamda intellektual mulk ob’yektlaridan samarali foydalanishni ta’minlashga imkon beradi.
Muhokamalar yakunida qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Harbiy xizmat to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartirish kiritilmoqda
Majlisda “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga harbiy xizmatni o‘tash tartibini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda muhokama qilindi.
Mazkur qonun loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida harbiy xizmatni o‘tashning nufuzi va jozibadorligini oshirish, malakali harbiy kadrlarni tayyorlash hamda ularning salohiyatidan samarali foydalanishga qaratilgan.
Qonun loyihasi bilan oliy harbiy, shuningdek, xorijiy oliy harbiy ta’lim muassasalarining uchuvchi mutaxassisligi bo‘yicha bitiruvchilari bilan yangi kontrakt tuzishning huquqiy asoslarini belgilash taklif etilmoqda.
Bundan tashqari, respublika kitobxonlik tanlovida yuqori natijalarga erishgan muddatli harbiy xizmatchilarning xizmat muddatini bir oyga qisqartirishni nazarda tutuvchi qo‘shimcha kiritilmoqda.
Muhokamalar jarayonida mazkur rag‘batlantirish chorasi harbiy xizmatchilar o‘rtasida kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini keng targ‘ib qilish, ularning ma’naviy-intellektual salohiyatini oshirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Qonun loyihasida belgilanayotgan yangi normalar yuqori malakali uchuvchi mutaxassislarning kasbiy salohiyatidan samarali foydalanish, ularning ko‘p yillik tayyorgarligi va tajribasini harbiy aviatsiyani yanada rivojlantirishga yo‘naltirish hamda Qurolli Kuchlarning professional salohiyatini yuksaltirishga imkon berishi qayd etildi.
Muhokamalar yakunida qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Sanoat xavfsizligi tizimi takomillashtiriladi
Majlisda, shuningdek, sanoat xavfsizligini ta’minlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Mazkur qonun loyihasi bilan xavfli ishlab chiqarish ob’yektlarida avariyalar va baxtsiz hodisalarning oldini olish, davlat nazorati samaradorligini oshirish hamda sohadagi mas’ul sub’yektlarning javobgarligini aniq belgilash nazarda tutilmoqda.
Loyiha bilan Jinoyat kodeksiga xavfli ishlab chiqarish ob’yektlarida va potensial xavfli ob’yektlarda sanoat xavfsizligi talablarini buzganlik, fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga zarar yetkazish bilan bog‘liq holatlar uchun qat’iy jazo choralarini belgilashni nazarda tutuvchi normalar kiritilmoqda.
Shuningdek, sanoat xavfsizligi talablariga rioya etmaslik, xavfli ishlab chiqarish ob’yektlarida davlat nazoratini tashkil etmaslik hamda avariyalarning oldini olish va ularning oqibatlarini bartaraf etishga tayyorgarlik ko‘rish talablarini bajarmaganlik uchun mansabdor shaxslarga nisbatan ma’muriy jarima jazosini qo‘llash va takroriy huquqbuzarliklar uchun javobgarlikni kuchaytirish taklif etilmoqda.
Bundan tashqari, sohada amalga oshirilayotgan islohotlardan kelib chiqib, vakolatli organlarning vazifa va vakolatlarini aniq belgilash, ularning huquqiy maqomini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartishlar ham nazarda tutilmoqda.
Majlisda qayd etilganidek, mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi sanoat xavfsizligini ta’minlashda davlat nazorati samaradorligini oshirishga hamda xavfli ishlab chiqarish ob’yektlarida avariya va baxtsiz hodisalar xavfini kamaytirishga xizmat qiladi.
Muhokamalar davomida deputatlar qonun loyihasining dolzarbligi va sohadagi huquqiy mexanizmlarni takomillashtirishdagi ahamiyatiga alohida e’tibor qaratdilar.
Bildirilgan fikr-mulohazalar va takliflar inobatga olingan holda, qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziriga parlament so‘rovi yuborildi
Deputatlar investisiyalar, sanoat va savdo vaziri L.Qudratovga «Hududlarda chet el investisiya loyihalarini amalga oshirish jarayonlarini monitoring qilish, investisiyaviy samaradorlikni baholash va investorlar bilan ishlash mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida» parlament so‘rovini yuborish haqidagi masalani ko‘rib chiqdilar.
Ta’kidlanganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda investisiya muhitini yaxshilash, iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investisiyalarni keng jalb etish, investorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish hamda ular bilan samarali hamkorlik mexanizmlarini shakllantirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, hududlarda chet el investisiyalari ishtirokidagi loyihalar ijrosida yuzaga kelayotgan muammolarni tezkor aniqlash va bartaraf etish masalasi dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Xususan, investisiya loyihalarini g‘oya bosqichidan ishga tushirilgunga qadar yagona yondashuv asosida kuzatib borish, yer maydoni ajratish, zarur infratuzilma bilan ta’minlash, ruxsat berish jarayonlaridan o‘tish va boshqa bosqichlarda yuzaga kelayotgan to‘siqlarni o‘z vaqtida aniqlash imkonini beruvchi raqamli va tashkiliy mexanizmlarning amaldagi samaradorligini baholash zarur.
Shuningdek, maxsus iqtisodiy zonalarning huquqiy asoslari va boshqaruv modelini takomillashtirish, ularda investisiya loyihalarini samarali amalga oshirish, rezidentlarni zarur infratuzilma bilan ta’minlash, ishlab chiqarish va eksport ko‘rsatkichlarini oshirishga alohida e’tibor qaratish kerak.
Majlisda yuqoridagilardan kelib chiqib, hududlarga xorijiy investisiyalarni samarali jalb etish va loyihalar ijrosini nazorat qilish, maxsus iqtisodiy zonalar faoliyatini takomillashtirish, investisiyalarning hudud iqtisodiyoti va inson kapitali rivojiga ta’sirini oshirish hamda eksportbop korxonalarni manzilli qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan investisiyalar, sanoat va savdo vaziriga parlament so‘rovi yuborildi.
Chiqindilarni boshqarish masalasi nazoratda
Majlisda Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi direktori Sh.Hasanovga «Chiqindilarni boshqarish, sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish hamda ushbu sohada ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun to‘lov tizimini takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida» parlament so‘rovini yuborish haqidagi masala ham ko‘rib chiqildi.
Keyingi yillarda mamlakatimizda atrof-muhitni muhofaza qilish, xususan, chiqindilarni boshqarish, sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish hamda mazkur sohada ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun to‘lov tizimini takomillashtirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 2019–2028 yillar davrida O‘zbekiston Respublikasida qattiq maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish strategiyasi tasdiqlandi. Shuningdek, Prezidentimizning sohaga oid qator farmon va qarorlari qabul qilindi.
Qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlarini ko‘rsatuvchilarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga umumiy qiymati 386,5 mlrd so‘m miqdoridagi investisiya mablag‘lari yo‘naltirilgan.
Shuningdek, chiqindilarni qayta ishlash, jumladan, qattiq maishiy chiqindilarni yoqish orqali elektr energiyasini ishlab chiqarish yo‘nalishida amaliy ishlar bajarilmoqda.
Xususan, Toshkent shahri hamda Toshkent, Qashqadaryo, Samarqand, Farg‘ona, Andijon va Namangan viloyatlarida umumiy qiymati 933 mln AQSH dollaridan ziyod bo‘lgan investisiya loyihalari amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, Qonunchilik palatasi deputatlarining hududlarda olib borayotgan o‘rganishlari mazkur sohada qator muammolar mavjudligini ko‘rsatmoqda. Jumladan, rekultivatsiya ishlarini belgilangan muddatlarda yakunlash bilan bog‘liq kechikishlar kuzatilmoqda. Shuningdek, ayrim chiqindi poligonlarini ekologik normativlar, sanitariya qoidalari va normalari hamda yong‘in xavfsizligi talablariga muvofiqlashtirish zarurati mavjud.
Bundan tashqari, joylarda sohada yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar, xususan, qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlari sifati yuzasidan ham ayrim fuqarolar tomonidan murojaatlar bo‘lmoqda.
Majlisda yuqoridagilardan kelib chiqib, asoslantirilgan tushuntirish berish haqida Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi direktoriga parlament so‘rovi yuborildi.
Majlisda ko‘rib chiqilgan qonun loyihalari va masalalarning barchasi mamlakatimiz hayotidagi muhim yo‘nalishlarni qamrab olgani bilan a hamiyatlidir. Eng muhimi, bu tashabbuslar odamlarning kundalik hayotiga, tadbirkorlar faoliyatiga va yurtimiz rivojiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Chunki har bir qonun va qarorning asosiy maqsadi insonlar hayotini yaxshilash va mavjud muammolarga yechim topishdir.
Laziza Sherova,
“O‘zbekiston ovozi” muxbiri.
