O'zbekiston

Yangi Toshkent — zamonaviy shaharsozlik va iqtisodiy rivojlanishning innovatsion modeli

Blog Image
Email : 23 0

Yangi Toshkent qurilishi mamlakatimizda shaharsozlikka bo‘lgan yondashuvni o‘zgartirish, aholi uchun qulay yashash muhitini yaratish va iqtisodiyotning yangi o‘sish nuqtalarini shakllantirishga qaratilgan yirik loyihadir. Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida yangi shaharda qator obyektlarning ishga tushirilishi va yangi loyihalarga start berilishi bu jarayonning navbatdagi muhim bosqichini boshlab berdi.

Yangi Toshkent nafaqat turar joylar barpo etiladigan hudud, balki ta’lim, tibbiyot, biznes, turizm va xizmat ko‘rsatish sohalari bir-biri bilan uyg‘un rivojlanadigan iqtisodiy markaz sifatida shakllanmoqda. Bu yerda muhandislik infratuzilmasi, energiya ta’minoti, transport va ijtimoiy obyektlarning uy-joylar bilan birgalikda barpo etilishi shaharning uzoq muddatli rivojlanishi uchun muhim ahamiyatga ega.

Ayniqsa, loyihada «yashil» qurilish standartlari, qayta tiklanuvchi energiya manbalari, chiqindilardan elektr energiyasi olish va keng yashil hududlar tashkil etilishiga alohida e’tibor qaratilayotgani muhim. Zamonaviy shaharning qiyofasi faqat baland binolar yoki yo‘llar bilan emas, balki havo sifati, energiya samaradorligi, piyodalar uchun qulaylik va aholi salomatligiga yaratilgan sharoitlar bilan ham belgilanadi. Shu bois, Yangi Toshkentda ekologik yondashuvlarni qurilishning dastlabki bosqichidanoq hisobga olish kelajakdagi shahar muhitining barqarorligiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi.

Investorlar uchun qulay sharoit yaratish, ruxsat berish jarayonlarini soddalashtirish, infratuzilma to‘lovlarini kamaytirish va yirik loyihalarga mas’ullarni biriktirish bo‘yicha belgilangan vazifalar ham alohida diqqatga sazovor. Chunki bunday ko‘lamdagi loyihani faqat davlat investisiyalari hisobiga rivojlantirish bilan cheklanib bo‘lmaydi.

Davlat rahbari 12 oktyabr kuni Yangi Toshkentda investor va tadbirkorlar bilan uchrashuvda “O‘z g‘oyang! O‘z sarmoyang! O‘z kelajaging! Yangi O‘zbekiston, Yangi Toshkent o‘zimizniki!” degan yangi shior atrofida birlashishga chaqirib, bu yerda mamlakat uchun muhim bo‘lgan o‘ziga xos loyihalar amalga oshirilishiga ishonch bildirgani bejiz emas. Xususiy sektorning faol ishtiroki yangi ish o‘rinlarini yaratish, xizmatlar sifatini oshirish va shaharning iqtisodiy salohiyatini kengaytirish imkonini beradi.

Shu bilan birga, investisiyalarni jalb qilish jarayonida loyihalarning sifati, jamoatchilik manfaatlari va belgilangan shaharsozlik talablariga rioya etilishi zaruratini unutmaslik kerak. Xususan, uy-joylar bilan bir qatorda maktablar, bog‘chalar, shifoxonalar, dam olish maskanlari va jamoat transportining o‘z vaqtida ishga tushirilishi aholi uchun haqiqiy qulaylikni ta’minlaydi. Yangi hududning poytaxt bilan transport aloqalarini rivojlantirish ham uning kundalik hayotdagi samaradorlikni belgilaydi.

Yangi Toshkentda amalga oshirilayotgan ishlardan ko‘zlangan asosiy maqsad — zamonaviy binolar barpo etish bilangina cheklanmasdan, odamlar yashashi, ishlashi, ta’lim olishi va mazmunli dam olishi uchun yaxlit muhit yaratishdir. Shu ma’noda, bu loyiha shaharsozlik, investisiya, ekologik barqarorlik va aholi turmush sifati o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlash nuqtai nazaridan istiqbolli ahamiyat kasb etadi.

Gulnora Marufova,
Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi a’zosi.