Partiya hayoti

BUGUNGI AVLOD TANLOVI Nega yoshlar O‘zXDP g‘oyalari atrofida birlashmoqda?

Blog Image
Email : 21 0

O‘zXDP – 35 yoshda. Bu — shunchaki raqam emas. Bu o‘tgan yillarda to‘plangan tajriba, jamiyatdagi o‘zgarishlarda faol ishtirok, yutuqlar va maqsadlar tarixidir.

Bu davr ichida jamiyat, odamlarning dunyoqarashi o‘zgardi, yangi avlod voyaga yetdi. Kechagi odam bilan bugungi odamning savoli ham, ehtiyoji ham bir xil emas. Shunday ekan, eng muhimi 35 yillik tajribadan qanday xulosa chiqarishimizdir. Albatta, bu jarayonda avvalo, partiyaning mamlakatimizda demokratik qadriyatlarni mustahkamlash, kuchli fuqarolik jamiyatini qaror toptirishga qo‘shgan munosib hissasini e’tirof etish joiz.

O‘zbekiston XDP Toshkent viloyat partiya kengashi tashabbusi bilan Zangiota tumanida «35 yil XALQ BILAN BIRGA» shiori ostida yoshlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvda ana shular haqida so‘z yuritildi.

Ta’kidlandiki, o‘tgan yillar davomida partiyamiz nafaqat tashkiliy jihatdan mustahkamlandi, balki mafkuraviy va siyosiy faoliyati ham zamon talablari asosida yangicha mazmun bilan boyib bordi. Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning tashabbus va g‘oyalarini ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.

Yigit-qizlarning murojaatlari eshitildi, muammolari o‘rganildi va ularning yechimi bo‘yicha tashabbuslar ko‘paydi.

Shu nuqtai nazardan, o‘tgan davrda amalga oshirilgan ishlar partiyaning tashkiliy jihatdan kuchayishi bilangina emas, balki saylovchilar, xususan, yoshlarimiz bilan yanada yaqinlashishi, joylardagi muammolarga bevosita munosabat bildirishi va fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlikni kuchaytirishi bilan ahamiyatlidir.

Akmal Umaraliyev,
O‘zbekiston XDP Toshkent viloyat kengashi raisi:

– 35 yil — qisqa muddat emas. Bu yillar davomida partiyamizning tajribasi oshdi, tashkiliy salohiyati mustahkamlandi, jamiyatdagi o‘rni va mas’uliyati yanada yuksaldi.

Bugun biz o‘tgan yo‘lga nazar tashlar ekanmiz, erishilgan natijalar bilan bir qatorda, hali oldinda turgan vazifalarni ham aniq ko‘rishimiz kerak. Chunki zamon o‘zgarmoqda, odamlarning talab va ehtiyojlari ham yangilanmoqda.

Shuning uchun 35 yillik tajriba biz uchun yakuniy natija emas, balki kelgusi taraqqiyot uchun mustahkam poydevordir. Endi asosiy vazifa — ana shu tajribadan to‘g‘ri xulosa chiqarib, partiyaning xalq bilan muloqotini yanada kuchaytirish, quyi bo‘g‘inlar faolligini oshirish va odamlar ishonchiga munosib bo‘lishdir.

Partiyamiz ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamni qo‘llab-quvvatlab kelmoqda va juda to‘g‘ri yo‘l tanlangan. Ijtimoiy tenglik va birdamlik, xalq demokratiyasi mezonlariga mos keladigan davlat va jamiyat barpo etishni o‘zining oliy maqsadi, deb belgilagan.

Bugun Toshkent viloyati XDP safida 140 713 nafar a’zo bo‘lib, ulardan 52 698 nafarini ayollar va 38 802 nafarini yoshlar tashkil etadi. Bu raqamlarning o‘ziyoq partiya hayotida yoshlar va xotin-qizlarning faol qatlami shakllanganini ko‘rsatadi. Viloyatda 13 nafar viloyat Kengashi deputati va 104 nafar mahalliy Kengash deputatlari bor. Ularning 8 nafari yosh deputatlar.

Bilamizki, har qanday tashkilotning kelajagi uning bugungi yoshlarga qanday munosabatda ekani bilan ham chambarchas bog‘liq.

Shu nuqtai nazardan, partiyamiz faoliyatida yoshlar masalasiga alohida e’tibor qaratilayotgani muhim. Yoshlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, ularning ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi, bandligini ta’minlash, tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va jamiyat hayotida o‘z o‘rnini topishi uchun imkoniyatlar yaratish — bugungi kunning eng muhim vazifalaridan.

Ayniqsa, bu borada amalga oshirilayotgan loyihalarning ahamiyati katta. Partiyamiz tashabbusi bilan joylarda muntazam ravishda o‘tkazilib kelinayotgan «Siyosatdagi yoshlar», “Besh tashabbus – besh imkoniyat”, “Mehr ulashing”, “Qonunchilik yoshlar nigohida” va yana bir qator tadbirlar orqali yoshlarimiz qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Eng muhimi, biz yoshlarga faqat yordamga muhtoj qatlam sifatida emas, balki tashabbuskor, bilimli, o‘z kelajagi va yurt taqdiri uchun mas’uliyatni zimmasiga olayotgan kuch sifatida qaraymiz. Chunki, har bir yoshning orzusiga qanot bersak, uning muammosiga yechim topsak, unga o‘zini namoyon etishi uchun imkoniyat yaratsak — biz faqat bir yoshga emas, butun jamiyatning kelajagiga xizmat qilgan bo‘lamiz.

Ochiq muloqot davomida senator Malika Qodirxonova yoshlarning ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi, bandligini ta’minlash va tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishi uchun yaratilgan imkoniyatlardan samarali foydalanish, shuningdek, bu jarayonda uchrayotgan muammo va to‘siqlarni aniqlash muhim ahamiyatga ega ekanini qayd etdi.

Senator yoshlar bilan muloqotda ularning fikr va takliflarini tinglash, ko‘tarilgan masalalarni tahlil qilish hamda amaliy yechimini topishga alohida e’tibor qaratish lozimligini ta’kidladi. Shuningdek, uchrashuvda bildirilgan takliflarni umumlashtirish, tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda ko‘rib chiqish va parlament nazorati doirasida ijrosini ta’minlash muhimligiga urg‘u berdi.

Muloqot davomida yoshlar ijtimoiy himoyaga muhtoj tengdoshlarini qo‘llab-quvvatlash, mahalliy Kengashlar faoliyatida yoshlar ishtirokini kengaytirish hamda yoshlarga oid davlat dasturlarining hududlarda samarali amalga oshirilishini ta’minlash yuzasidan o‘z taklif va mulohazalarini bildirdilar.

Uchrashuvda o‘z siyosiy qarashlari, ijtimoiy faolligi va partiyaning maqsad hamda vazifalarini qo‘llab-quvvatlash istagini bildirgan 35 nafar yigit-qiz partiya a’zoligiga qabul qilindi.

M. Nasirov,
O‘zXDP a’zosi:

– O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi safiga qabul qilinganimdan mamnunman.

Bugungi «Deputat va yoshlar» uchrashuvida ishtirok etib, partiyaning maqsad va vazifalari haqida ko‘proq ma’lumot oldim. Ayniqsa, deputatlar va partiya rahbarlari bilan bevosita muloqot qilish biz uchun katta imkoniyat bo‘ldi.

Men partiya a’zoligini shunchaki maqom emas, balki katta mas’uliyat deb bilaman. Bundan buyon jamiyat hayotida faol ishtirok etib, o‘z tashabbuslarim bilan hissa qo‘shishga harakat qilaman.

Ishonamanki, har bir yosh o‘z bilimi, harakati va tashabbusi bilan yurtimiz rivojiga hissa qo‘shadi.

Bugungi uchrashuv va bizga bildirilgan e’tibor uchun partiya rahbariyatiga hamda deputatlarimizga minnatdorlik bildiraman!

Eng muhimi, yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob oldi. Ularni eshitadigan va yo‘l ko‘rsatadigan kattalar borligini his qildi.

Tadbir yakunida yoshlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ular bilan ochiq muloqotni tizimli davom ettirish hamda bildirilgan takliflarning ijrosini ta’minlash muhimligi qayd etildi.

Malohat Ergasheva,
O‘zbekiston XDP Toshkent viloyat kengashi bo‘lim mudiri.