Uncategorized

Qadriyatimiz qaysi bekatda tushib qoldi?

Blog Image
Email : 35 0

Toshkent metrosi. Odam gavjum. Navbatdagi bekatdan yoshi yetmishlarga borgan, hassa tutgan otaxon kiradi. Keyingisidan esa qo‘lida og‘ir sumkasi bor onaxon… Vagon o‘rindiqlari to‘la. O‘tirganlarning aksariyati endigina o‘n sakkiz-yigirma yoshlarni qoralagan, kuchga to‘lgan navqiron yigit-qizlar. Quloqlarida quloqchin, ko‘zlari smartfon ekraniga mixlangan. Kimdir “Pubg” o‘ynayapti, kimdir ijtimoiy tarmoqlarda lentani varaqlayapti. Yana kimdir esa keksalar kirganini ko‘rishi bilanoq sekin ko‘zlarini yumib, o‘zini mudrayotganga solib oladi.

Otaxon indamaydi, temir ustunga suyanib, og‘ir xo‘rsinib qo‘yadi. Onaxon indamaydi, yuklarini jimgina manziligicha ko‘tarib, boshini ohista irg‘ab boradi…

Metro karnayidan esa shu so‘zlar qayta-qayta bong uradi: “Iltimos, yoshi katta, nogiron va yosh bolali kishilarga joy bering!”

Ayrimlari o‘rnidan turib joy beradi, aksariyati esa tuki ham qimirlamay, o‘tirib ketishda davom etadi. Yuridik nuqtai nazardan olib qarasak, hammasi joyida. Ular ham yo‘lkira to‘lagan, ularning ham o‘tirishga, o‘z manziliga qulay yetib olishga to‘la haqqi bor. “Talaba boshimga kerak bo‘lsa oshirilgan 2500 so‘mini ham to‘lab qo‘ydim” deydiganlar ham uchraydi. Hech qaysi kodeksda “Yoshi ulug‘lar kirganda joy bo‘shatilsin, aks holda ma’muriy javobgarlikka tortilasiz” degan modda yo‘q. Haqiqatan ham, qonun ularga “O‘rningdan tur!” demaydi.

Ammo bizda qonundan-da qudratliroq, asrlar davomida qon-qonimizga singib ketgan, hech bir qog‘ozga yozilmagan “qonunlar”imiz bor! Ularning nomi — mehr-oqibat, andisha, kattalarga hurmat deb ataladi. Shu yozilmagan qoidalarimizni negadir bugungi yosh avlodning ko‘pi o‘zlashtirmagan bo‘lib chiqyapti.

Katta avlod vakillarining bugungi kunda “Bizning paytimizda bunday emas edi, yoshlarga nima bo‘lyapti o‘zi?” degan nolasida juda katta va og‘riqli haqiqat yashiringan. Chindan ham, bir paytlar jamoat transportiga yoshi ulug‘ inson chiqsa, o‘tirgan joyida xuddi “prujinasi” bor odamdek sapchib turib ketadigan yoshlar avlodi bor edi. “Kattalar turganda bolaning o‘tirishi uyat” degan tushuncha go‘daklikdanoq ongimizga quyilardi.

Xo‘sh, bugun nega bunday manzara tobora noyob hodisaga aylanib bormoqda? Aslida, bu beparvolikning ildizi qayerga borib taqaladi?

Ehtimol, izlanishni jamiyatdan emas, o‘z xonadonimizdan boshlashimiz kerakdir. Axir, bugungi avlod — «hamma narsa muhayyo qilingan» davrning bolalari. Kattalar “Biz ko‘rgan qiyinchiliklarni farzandimiz ko‘rmasin”, deb ularni haddan tashqari asrab-avaylab o‘stirgani bor gap. Yana ularning qo‘liga eng so‘nggi rusumdagi gadjetni tutqazib, xonasiga televizor o‘rnatib berishgan, ammo yiqilganda birovga suyanchiq bo‘lishni, o‘zidan zaifroqqa yoki keksaga yelka tutishni o‘rgatishga vaqtlari yetmagandir. Ertalabdan kechgacha pul topish dardida bo‘lgan ota-ona bolasi bilan dildan suhbatlashish o‘rniga, uni planshet bilan ovutishni afzal bilgandir. Taassufki, bu kabi bolalar haqiqatan shu jar yoqasiga yetgach, tafakkurida faqat “Men” degan tushuncha… “Boshqalar” degan tushuncha esa smartfon ekranidan tashqarida qolib ketgan.

Yana boshqa rakursdan qarasak-chi? O‘sha vagon o‘rindig‘ida ko‘zini telefonga qadab olgan yigitning miyasidan nima o‘tyapti o‘zi? Fikrimizcha, quloqchinni taqib olgan bola aslida real dunyodan uzilgan, uning virtual olamida hamma narsa chiroyli, unda qariyalar, xastalar, yordamga muhtojlar yo‘q. Telefon ekranidagi rang-barang va tezkor global yangiliklar oldida tepasida hassaga suyanib turgan otaxon uning uchun shunchaki hissiz bir fon, xolos. Afsuski, bugun biz yoshlarda “emosional karlik” – o‘zganing holatini his qilmaslik, hamdardlik hissining yo‘qolib borishi kuzatilayotganiga guvoh bo‘lyapmiz. “Mening huquqim” degan zamonaviy tushunchani zo‘r yodlab olgan ba’zi yoshlarimiz, “Mening burchim” degan azaliy qadriyatni unutib qo‘yishdi.

Balki, kimdir ularni oqlab: “Hozirgi yoshlar ham charchaydi, repetitor, o‘qish, ishdan toliqib qaytishadi”, deya sabab keltirar. Tushunamiz. Tungi smenada ishlab, vagonning bir burchagida mudrab ketayotgan talabani ham tushunish mumkindir. Lekin yuzidagi ajinlari hayotning qanchadan-qancha sinovlaridan, mashaqqatlaridan so‘zlayotgan otaxon tepangizda zo‘rg‘a chayqalib turganda, yigitlik g‘ururi yoki o‘zbekona nafsoniyat qanday qilib qulay o‘rindiqda xotirjam o‘tirishga yo‘l qo‘yadi? Axir, sening vujudingdagi yoshlik va kuch-quvvat oldida bir necha daqiqa tik turish hech narsa emas-ku!

Gapning indallosiga o‘tsak, kattalarga joy berish – bu o‘zidan oldingi avlod bosib o‘tgan mashaqqatli yo‘lga, ularning mehnatiga ko‘rsatilgan ehtirom ramzi. Bu o‘zingning kimligingni, qaysi millat, qanday qadriyat egasi ekanligingni bildirishning eng oddiy usulidir.

Yoshlik – o‘tkinchi. Bugun quloqchin taqib, o‘zini o‘tirishga eng haqli deb bilayotgan yigit-qizlar ham qachondir yillarning yukidan qaddi egilgan, sochiga oq tushgan qariyaga aylanadi. Kun kelib ularning ham madori quriydi, transportda tayanch izlab qoladi. O‘shanda ularning qoshida o‘zidan-da beparvoroq yoshlar o‘tirgan bo‘ladi. Hayotning qaytar dunyo ekanligi aynan shunday oddiy bekatlarda namoyon bo‘layotgandek…

Jamoat transporti – bu shunchaki manzilga eltuvchi vosita emas. U – jamiyatning kichik bir modeli, uning ma’naviy qiyofasini, oilaviy tarbiyani ko‘rsatib beruvchi ochiq-oydin oyna.

Va bu oynaga qarab, ba’zan yuzimiz qizaradi…

Azim AXTAMOV,
“O‘zbekiston ovozi” muxbiri.