Kecha bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yig‘ilishida deputatlar “2026 yilning birinchi yarim yilligida O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti va Davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining ijrosi to‘g‘risida”gi hukumat hisobotini ko‘rib chiqishdi.
Hukumat hisoboti avval siyosiy partiyalar fraksiyalari, xususan, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi yig‘ilishida ham atroflicha muhokama etildi. Deputatlar tomonidan berilgan savollarga vazirliklar vakillarining javoblari eshitildi. Fraksiya a’zolari ijtimoiy sohaga yo‘naltirilgan mablag‘larning qanchalik samarali sarflanganiga alohida e’tibor qaratishdi.
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi a’zolari partiya Saylovoldi dasturi va siyosiy g‘oyalari bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan ushbu sohalarda amalga oshirilgan ishlar natijadorligiga jiddiy e’tibor qaratib, Hukumat vakillariga o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi.
Jumladan, deputat Sh. Ahmedov maktabgacha va maktab ta’limi tizimi mutasaddilaridan maktablarda darsliklarni yangilash hamda yangi o‘quv yilida o‘quvchilarning darslik bilan ta’minlanish holati qandayligi haqida atroflicha ma’lumot berishini so‘radi.
Fraksiya a’zosi Q. Qosimova sog‘liqni saqlash bilan bog‘liq masalaga ahamiyat qaratdi. Jumladan, onkologiya, kam uchraydigan (orfan) va boshqa irsiy-genetik kasalliklarga chalingan bolalarga tibbiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatish, onalar va bolalar, reproduktiv yoshdagi ayollar salomatligini ta’minlash hamda yurak-qon tomir kasalliklarining oldini olish va davolash sifatini oshirish kabi tibbiyotning eng jiddiy yo‘nalishlariga ajratilgan mablag‘larni o‘zlashtirish darajasi past ekanligining sabablari bilan qiziqdi.
Deputatlarning har bir savoliga Hukumat vakillarining javoblari tinglangach, Davlat byudjeti va Davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining 2026 yil I yarim yillikdagi ijrosiga oid Hukumat hisobotidagi ayrim kamchiliklarni bartaraf etish va ajratilgan mablag‘larni sohalarga tizimli yo‘naltirish zarurligi ta’kidlandi.
Yalpi majlisda hisobotni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J. Qo‘chqorov taqdim etdi.
Ta’kidlanganidek, jahon iqtisodiyotida noaniqliklar va xavf-xatarlar saqlanib qolayotgan murakkab sharoitda mamlakatimizda izchil amalga oshirilayotgan islohotlar makroiqtisodiy barqarorlik va yuqori o‘sish sur’atlarini ta’minlash imkonini berdi.
2026 yilning birinchi yarim yilligida mamlakat yalpi ichki mahsuloti 8,5 foizga o‘sib, bunday o‘sish sur’atlari bozor xizmatlarida 16,9, sanoat ishlab chiqarishida 8,0, qurilish ishlarida 13,8 va qishloq xo‘jaligida 4,7 foizni tashkil etgan. Amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida yil boshiga nisbatan inflyasiya darajasi 3,3 foizgacha pasaydi.
Asosiy kapitalga investisiyalar 17,5 foizga oshib, 338,9 trln so‘mni tashkil etdi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investisiyalar va kreditlar 12,4 mlrd dollarga yetdi. Eksport hajmi oltin eksportini hisobga olmagan holda 31,6 foizga o‘sib, 14,4 mlrd dollarni tashkil etdi.
Davlat byudjeti daromadlari 207,4 trln so‘mga yetkazilib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 63,2 trln so‘mga oshdi. Bevosita soliqlar 77 trln so‘mni (+75,1%), bilvosita soliqlar 61,6 trln so‘mni (+20%), resurs va mol-mulk soliqlari 29,1 trln so‘mni (+48,7%) tashkil qildi.
Mahalliy byudjetlarda 6,2 trln so‘m qo‘shimcha manbalar shakllantirildi. Byudjet xarajatlarining 51,5 foizi yoki 105,8 trln so‘mi ijtimoiy sohani moliyalashtirishga yo‘naltirildi. Bunda ta’lim sohasiga 49,5 trln so‘m, sog‘liqni saqlashga 22,7 trln so‘m, nafaqa va moddiy yordam to‘lovlariga 7,3 trln so‘m a jratildi. Barqaror rivojlanish milliy maqsadlari tamoyillari doirasida xarajatlarning 78,5 foizi (161,3 trln so‘m) milliy barqaror rivojlanish maqsadlariga yo‘naltirildi.
Deputatlar tomonidan ushbu natijalar Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida iqtisodiy o‘sish va moliyaviy barqarorlikni ta’minlash, eng avvalo, aholi turmush sharoiti va farovonligini yuksaltirish, barqaror daromad manbalarini ko‘paytirish va kambag‘allikni qisqartirish borasida olib borilayotgan tizimli va izchil islohotlarning amaliy samarasi ekani alohida e’tirof etildi.
Bu, ayniqsa, davlat o‘z zimmasiga olgan ijtimoiy majburiyatlarini to‘liq bajarayotganligida namoyon bo‘lmoqda. Ijtimoiy soha xarajatlari 8,7 foizga o‘sib, jami xarajatlarning
51,5 foizini tashkil etgani, aholini ijtimoiy himoya qilish va qo‘llab-quvvatlash, bandligini ta’minlash va yashash sharoitini yaxshilash borasidagi dasturlar va loyihalar to‘liq
moliyalashtirilayotgani buning yaqqol dalili.
Muhokamalar davomida deputatlar Davlat byudjeti ijrosi borasida ayrim sohalarda byudjet mablag‘larining ishlatilishi va maqsadli ko‘rsatkichlarga erishilishi holatiga ham alohida e’tibor qaratishdi.
Aholini uy-joy bilan ta’minlash bo‘yicha ipoteka kreditlariga 814,2 mlrd so‘m subsidiya berilgani, “Tashabbusli byudjet” tadbirlariga 3,2 trln so‘m ajratilgani, ichimlik suvi va oqova suv tarmoqlarini yaxshilashga 837,2 mlrd so‘m yo‘naltirilgani aholi farovonligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Byudjetdan ajratilgan 13,0 trln so‘mlik subsidiyalarning 5,5 trln so‘mi ijtimoiy ahamiyatga ega sohalarga (nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalari, jamoat transporti, ijara va kontrakt to‘lovlari), 5,0 trln so‘mga yaqini energetika va issiqlik ta’minotida tariflar farqini qoplashga yo‘naltirilgani ijobiy baholandi.
Majlisda deputatlar tomonidan Hisob palatasi xulosasida qayd etilgan tizimli muammolar va mablag‘lardan foydalanishdagi kamchiliklarga tanqidiy munosabat bildirildi. Jumladan, ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida ajratilgan markazlashgan investisiya xarajatlari rejaga nisbatan 88,6 foizga, fan sohasi xarajatlari 85,4 foizga, obodonlashtirish ishlari 89,2 foizga ijro etilgani tanqid qilindi. Ajratilgan mablag‘larning to‘liq ishlatilmaslik sabablari so‘raldi.
Soliq va bojxona imtiyozlari samaradorligi masalalari ham xalq vakillarining diqqat markazida bo‘ldi. Yarim yillikda berilgan soliq va bojxona imtiyozlarining byudjet daromadlariga hamda byudjet taqchilligiga ta’sirini baholash, shuningdek, ularning iqtisodiy va ijtimoiy samaradorligini monitoring qilish ishlari hali talab darajasida emasligi ko‘rsatib o‘tildi.
Shuningdek, vazirlik va idoralarning ichki audit xizmatlari tomonidan byudjet mablag‘laridan maqsadsiz va noo‘rin foydalanish holatlarini barvaqt aniqlash va oldini olish ishlari yetarlicha yo‘lga qo‘yilmagani qayd etildi.
Muhokamalarda deputatlar tomonidan Davlat byudjeti ijrosi samaradorligini oshirish va byudjet intizomini kuchaytirish maqsadida byudjet mablag‘larini ajratishda natijadorlik va maqsadli indikatorlarga erishish ustidan monitoringni kuchaytirish, investisiya dasturlariga kiritilgan ob’yektlarni foydalanishga topshirish muddatlariga qat’iy rioya etish, soliq va bojxona imtiyozlarining samaradorligini har bir soha va korxona kesimida chuqur tahlil qilish taklif etildi.
Shuningdek, vazirlik va idoralarning ichki audit tuzilmalari mas’uliyatini oshirish, byudjet mablag‘larining maqsadsiz sarflanishiga sabab bo‘luvchi omillarni oldindan bartaraf etishga qaratilgan profilaktik choralarni kuchaytirish tavsiya etildi.
Faol muhokamalardan so‘ng Qonunchilik palatasining 2026 yil birinchi yarim yilligida Davlat byudjeti va Davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlari ijrosi to‘g‘risidagi hisobotni tasdiqlash hamda bildirilgan taklif va tavsiyalarni amalga oshirishga qaratilgan tegishli qarori qabul qilindi.
SUDYALIK LAVOZIMIGA NOMZODLAR UCHUN AYRIM TALABLAR QAYTA KO‘RIB CHIQILMOQDA
Majlisda “Sudyaning maqomi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Ushbu hujjat sudyalarning maqomini alohida qonun darajasida belgilash hamda sud hokimiyati mustaqilligini yanada mustahkamlashga qaratilgan. U bilan sudyalik lavozimiga nomzodlar uchun ayrim talablar qayta ko‘rib chiqilmoqda. Xususan, sudya hamda xalq maslahatchilari uchun yosh syenzini 35 yoshdan 30 yoshga tushirish belgilanmoqda.
Shuningdek, sudyani dastlab 5 yilga, keyin esa muddatsiz davrga tayinlash tartibini joriy etish, sudya, sud raisi va rais o‘rinbosari lavozimlariga qo‘yiladigan talablarni kuchaytirish nazarda tutilmoqda. Loyihada sudyalar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy himoya qilish choralari bilan bog‘liq normalar aks etmoqda.
Qonun loyihasini ikkinchi o‘qish muhokamasi uchun takomillashtirish davomida sudya faoliyatining asosiy prinsiplariga doir normalar qayta tizimlashtirilgani, xususan, sudyaning qaror qabul qilishda siyosiy qarashlardan va boshqa tashqi ta’sirlardan xoli bo‘lishi alohida prinsip sifatida mustahkamlab qo‘yilgani qayd etildi. Shu bilan birga, sudyaning mustaqilligiga oid normalar tegishli moddada tizimli va yaxlit tarzda ifodalanganligi ta’kidlandi.
Loyiha bilan qonunchilikka yangi kirib kelayotgan iste’fodagi sudyaning maqomiga va uning faoliyati kafolatlariga oid normalar yanada aniqlashtirilgani ham aytib o‘tildi. Jumladan, iste’fodagi sudyaga guvohnoma berish, uni o‘z roziligi bilan sudyalar hamjamiyati organlari faoliyatiga jalb etish, sudya sifatida ishlagan davrida odil sudlovni amalga oshirish bilan bog‘liq bildirgan fikrlari va qabul qilgan qarorlari uchun daxlsizlik kafolatlarini saqlash, shuningdek, professional mediatorlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqi taqdim etilishiga oid masalalar aniq ifodalanmoqda.
Yana bir muhim o‘zgarishlardan biri — sudyalarni intizomiy javobgarlikka tortishga sabab bo‘ladigan harakatlar aniq mezonlar asosida qayta ifodalandi. Xususan, “qonuniylikni qo‘pol ravishda buzish” tushunchasining mazmuni ochib berildi, bunday holatni yuqori instansiya sudi tomonidan aniqlash va tegishli xususiy ajrimda qayd etish mexanizmi belgilandi. Bu, o‘z navbatida, intizomiy ishlarni yuritishda aniqlik, shaffoflik va adolatlilikni kuchaytirishga xizmat qiladi.
Majlisda qonun loyihasi qabul qilindi va Senatga yuborildi.
PROFILAKTIKA INSPEKTORI FAOLIYATINING HUQUQIY ASOSLARI MUSTAHKAMLANMOQDA
Mahallada tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, huquqbuzarliklarning oldini olishda profilaktika inspektorining o‘rni alohida. Chunki u aholi bilan eng yaqin ishlaydigan, hududdagi muammolarni bevosita o‘rganadigan mas’ul xodim hisoblanadi. Shu bois uning maqomi, vakolatlari va mas’uliyatini aniq belgilash muhim ahamiyatga ega. Majlisda ayni shu masalalarni qamrab olgan “Ichki ishlar organlari profilaktika inspektorining maqomi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqildi.
Ushbu hujjat bilan profilaktika inspektorining maqomi, asosiy vazifalari, huquq va majburiyatlari, javobgarligi hamda xizmatni o‘tash tartibi belgilanmoqda. Xususan, inspektorning kasbiy faoliyatiga asossiz aralashish, uni xizmat vazifalari bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga jalb qilish va unga qo‘shimcha vazifalar yuklashga yo‘l qo‘ymaslik nazarda tutilyapti.
Qonun loyihasida profilaktika inspektorining asosiy va ko‘maklashuvchi vazifalari ham aniq belgilab berilmoqda. Jumladan, profilaktika inspektori huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi murojaatlarni qabul qilib, ularga tezkor munosabat bildirishi, shaxslarni profilaktik hisobga va ma’muriy nazoratga olishi, umumiy, maxsus va viktimologik profilaktikani amalga oshirishi, huquqbuzarliklarni aniqlashi va ularga chek qo‘yishi, ma’muriy ishlarni yuritishi, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanganlarga himoya orderi berishi, voyaga yetmaganlar va yoshlar o‘rtasida profilaktika ishlarini olib borishi hamda jamoat xavfsizligi va ro‘yxatdan o‘tish qoidalariga rioya etilishini ta’minlashi nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, u qidiruv tadbirlarida ishtirok etishi, tegishli organlarga profilaktika ishlarida ko‘maklashishi, probatsiya nazoratidagi shaxslarni tekshirishi, qurol va o‘q- dorilarni saqlash qoidalariga rioya etilishini nazorat qilishi, taqiqlangan va ekstremistik guruhlarga aloqador shaxslarni aniqlashda ishtirok etishi hamda oilalardagi ijtimoiy-maishiy muammolarni o‘rganib, ularni bartaraf etishda vakolatli organlarga ko‘maklashishi belgilab qo‘yilmoqda.
Shu bilan birga, profilaktika inspektorining aholi oldidagi hisobdorligini kuchaytirishga ham alohida e’tibor qaratilyapti. Uning har chorakda xizmat hududida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan aholi va jamoatchilik oldida hisobot berishi belgilanmoqda. Qolaversa, aholining profilaktika inspektori faoliyatiga nisbatan “ishonchsizlik tashabbusi”ni bildirish mexanizmi joriy etilyapti.
Hujjatda profilaktika inspektorlarining ijtimoiy-huquqiy himoyasini kuchaytirish, mehnatiga munosib haq to‘lash, xizmat va uy-joy sharoitlarini yaxshilash hamda samarali faoliyat yuritayotgan xodimlarni rag‘batlantirishga oid kafolatlar belgilanmoqda.
Majlisda qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida deputatlar tomonidan uning ayrim normalarini aniqlashtirish va yanada takomillashtirish bo‘yicha berilgan takliflar tegishli vazirlik va idoralar vakillari, soha mutaxassislari ishtirokida chuqur tahlil qilingani qayd etildi.
Majlisda qonun loyihasi qabul qilindi va Senatga yuborildi.
Laziza SHEROVA,
“O‘zbekiston ovozi” muxbiri.
