Jahon xaritasidan mittigina joy egallagan, ammo aholi jon boshiga to‘g‘ri keluvchi yalpi ichki mahsulot hajmi bo‘yicha dunyoda yetakchi o‘rinlardan birini egallaydigan Lyuksemburg davlati — siyosiy barqarorlik va iqtisodiy farovonlikning yorqin namunasidir. Bugungi kunda dunyodagi yagona Buyuk Gersoglik maqomini saqlab qolgan ushbu mamlakat muvaffaqiyatining siri nimada? Oltin zaxiralaridami yoki qulay geografik joylashuvda? Aslida, bu muvaffaqiyat ortida tarixiy sinovlardan o‘tgan, eng muhimi, inson manfaatlarini har narsadan ustun qo‘yadigan o‘ziga xos parlament tizimi yotibdi.
Ramziy kengashdan chinakam xalq hokimiyati sari
Lyuksemburgning qonun chiqaruvchi organi bo‘lmish Deputatlar palatasi (Chambre des Députés) bugungi qudratli va mustaqil qiyofasiga bir kunda erishgani yo‘q. Tarixga nazar tashlasak, 1841 yildagi birinchi Konstitutsiyaga ko‘ra, bu organ mutlaq monarx qo‘l ostidagi faqatgina maslahatgo‘ylik vakolatiga ega bo‘lgan 34 kishilik ramziy assambleya edi. U davrda oddiy xalqning ovozi qarorlar qabul qilish jarayonida deyarli eshitilmas, davlat taqdiri va boyliklari faqatgina tor doiradagi elita manfaatlariga xizmat qilardi. Biroq, jamiyatning siyosiy ongi o‘sib, ijtimoiy adolatga bo‘lgan talab kuchayib borgani sari 1919 yilga kelib mamlakat hayotida tub burilish yasaldi: saylovlarda faqatgina badavlat qatlamga ovoz berish imkonini beruvchi adolatsiz tizim bekor qilindi. Eng avvalo, ishchilar, dehqonlar va o‘rta qatlam vakillari davlat byudjeti qanday taqsimlanishi va qanday qonunlar qabul qilinishida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi. Hokimiyat monarxdan rasman xalq qo‘liga o‘tdi va jamiyatda ijtimoiy tenglikning mustahkam poydevori yaratildi.
Demokratik taraqqiyot shu bilan to‘xtab qolmadi. 2008 yilda Deputatlar palatasi va hukumat bir ovozdan Buyuk Gersogning qonunlarni tasdiqlashi (qirollik roziligi) haqidagi konstitutsiyaviy talabni ham bekor qildi. Bu shunchaki qog‘ozdagi o‘zgarish emasdi. Bu — mamlakat taqdiriga oid har qanday muhim qaror, xoh u ijtimoiy himoya bo‘lsin, xoh soliq siyosati, hech qanday monarxning aralashuvisiz, to‘liq xalq vakillarining xohish-irodasi bilan hal etilishini ta’minladi. Xalq o‘z kelajagini o‘zi qurishdek mutlaq suverenitetga erishdi.
Bugungi kunda parlament 60 nafar deputatdan tashkil topgan. Bunday ixchamlik va ortiqcha byurokratiyaning yo‘qligi jamiyat uchun nimasi bilan manfaatli? Birinchidan, qarorlar tez va samarali qabul qilinadi — davlat turli xil ijtimoiy va iqtisodiy inqirozlarga zudlik bilan munosabat bildira oladi (masalan, favqulodda holatlardagi tezkor ko‘mak dasturlari). Ikkinchidan, 60 nafar deputatning har biri oddiy saylovchi uchun ochiq va yaqin. Xalq vakillari baland minbarlarda emas, balki odamlar orasida yuradi, shu bois qabul qilinayotgan qonunlar real hayotdan uzilib qolmaydi va bevosita insonlarning kundalik turmushini yaxshilashga xizmat qiladi.
Saylovlarda qatnashish huquq emas, majburiyat!
Lyuksemburg siyosiy tizimining biz uchun eng g‘ayriodatiy va hayratlanarli jihati shundaki, bu davlatda saylovlarda ovoz berish shunchaki fuqarolik huquqi emas, balki qat’iy qonuniy majburiyat sanaladi. Bir qarashda, bu qoida insonning demokratik erkinligini cheklashdek, go‘yoki odamlarni majburlashdek tuyulishi mumkin. Ammo masalaning ijtimoiy va siyosiy mohiyatiga teranroq qaralsa, manzara butunlay o‘zgaradi.
Ushbu qat’iy tartib jamiyatda yuksak siyosiy madaniyatni shakllantirishning o‘ziga xos «generatori»ga aylangan. Aholi, ayniqsa, yoshlar davlat taqdiriga chetdan turib befarq qaray olmaydi. Aynan shuning hisobiga saylovchilar davomati doimiy ravishda 90 foizga yaqin ko‘rsatkichni qayd etadi. Bundan tashqari, majburiy ovoz berish tizimi siyosatchilarni ham butun jamiyat bilan hisoblashishga majbur qiladi — ular faqatgina ma’lum bir faol qatlamning emas, balki barchaning, shu jumladan, siyosatga endi kirib kelayotgan yoshlarning manfaatini o‘ylab qaror chiqarishga mahkumdir.
Bunday shaffof muhitda har bir fuqaro o‘zining bitta ovozi ertangi soliqlar miqdori qanday bo‘lishini, uy-joy narxlarini yoki transport tizimining sifatini bevosita hal qilayotganini aniq anglaydi. Shu boisdan ham, oilada, maktab va universitetlarda siyosiy faollik bo‘yicha quruq targ‘ibotga o‘rin qolmaydi, chunki bu jarayon kundalik turmush tarziga aylanib ulgurgan. Yoshlar jamiyatning passiv kuzatuvchisi emas, balki uning faol bunyodkori bo‘lish mas’uliyatini bolaligidanoq o‘z yelkasiga oladi.
Qonunlarning jamiyat hayotiga ta’siri
Xo‘sh, eng boy davlat parlamenti faqat global iqtisodiyot bilan bandmi? Yo‘q. Bugungi Lyuksemburg parlamentining kun tartibidagi asosiy masalalar bevosita oddiy xalq va yoshlarning kundalik hayoti bilan bog‘liq.
Lyuksemburg tajribasida buning yorqin misoli sifatida 2017 yilda muhim institusional qaror qabul qilinganini ko‘rish mumkin. O‘sha yili mamlakatdagi «Teng munosabatlar markazi» (CET) ijro etuvchi hokimiyat — vazirliklar tasarrufidan to‘liq olinib, bevosita xalq vakillari organlariga — parlament qaramog‘iga o‘tkazildi. Avvalo, ushbu qadam har qanday fuqaro — u qaysi millat, din, ijtimoiy qatlam yoki dunyoqarashga ega bo‘lishidan qat’i nazar, uning huquqlari davlatning idoralaridan mustaqil ravishda, eng yuqori miqyosda himoya qilinishiga bo‘lgan ishonchni tubdan oshirdi. Ijro etuvchi tuzilmalardan mustaqil bo‘lgan markaz endilikda fuqarolarning tengligini ta’minlash, turli kamsitilishlarning oldini olish va adolatni qaror toptirishda chinakam erki bor mustaqil «ijtimoiy qalqon»ga aylandi. Bu esa jamiyatda o‘zaro ishonch muhitini mustahkamlab, har bir inson o‘zini davlat himoyasida his etishini bugungacha ta’minlab kelmoqda.
2020 yilda Lyuksemburg dunyoda birinchi bo‘lib barcha turdagi jamoat transportini (avtobus, tramvay va poyezdlar) butunlay bepul qildi. Chetdan qaraganda, bu saylovchilar kayfiyatini ovlashga qaratilgan navbatdagi «boshqaruv populizmi»dek tuyulishi mumkin. Biroq Parlamentning mazkur tarixiy qarori real hayotda o‘zining yuksak ijtimoiy va iqtisodiy samarasini ko‘rsatdi hamda jamiyat hayotida chinakam inqilob yasadi.
Sir emaski, Lyuksemburgning beqiyos iqtisodiy jozibadorligi butun Yevropadan yuqori malakali mutaxassislarni o‘ziga ohanrabodek tortadi. Biroq bu jarayon tanganing ikkinchi tomonini — ko‘chmas mulk va ijara narxlarining osmon qadar ko‘tarilib ketishini keltirib chiqardi. Xo‘sh, bunday sharoitda mahalliy yoshlar va o‘rta maoshga yashovchi oilalar qanday boshpanali bo‘ladi? Bu o‘tkir ijtimoiy muammoning yechimi bo‘yicha qonunchilik palatasidagi barcha yetakchi partiyalar bir yoqadan bosh chiqarib, aholi uchun hamyonbop bo‘lgan ijtimoiy uy-joylar fondini kengaytirishni birinchi raqamli vazifaga aylantirgan. Davlat yosh oilalarni tizimli qo‘llab-quvvatlash maqsadida nafaqat moliyaviy ko‘mak bermoqda, balki yangi uy-joylar qurilishini tezlashtirish uchun sohadagi ortiqcha qog‘ozbozlik va byurokratik to‘siqlarni qonun yo‘li bilan dadil olib tashlamoqda.
Odatda, ko‘pchilik Lyuksemburg iqtisodiyotini faqatgina moliya va bank sektori bilan bog‘laydi. Ammo parlament mamlakat iqtisodiyotini diversifikatsiyalash, ya’ni ko‘p tarmoqli qilish maqsadida butunlay yangi va innovasion yo‘nalish — koinot sanoatini rivojlantirishga jiddiy e’tibor qaratmoqda. Eng qizig‘i, qonunchilik palatasi hattoki asteroidlardan (koinot jismlaridan) foydali qazilmalar qazib olishdek o‘ta zamonaviy dasturlarni moliyalashtirishga oid tarixiy qonunlarni qabul qilmoqda. To‘g‘ri, bunday global va murakkab loyihalarning oddiy jamiyatga, xususan, yoshlarga qanday foydasi bor, degan haqli savol tug‘ilishi tabiiy. Aslida, mazkur qarorlar zamirida katta ijtimoiy himoya yotibdi. Davlat bu orqali bugungi yoshlar uchun o‘n-yigirma yildan keyin ham dolzarbligini yo‘qotmaydigan, yuqori maoshli va texnologik ish o‘rinlarini hozirdanoq kafolatlamoqda. Boshqacha aytganda, parlament faqatgina bugunning muammolari bilan cheklanib qolmay, kelajak avlodning ertaga ishsiz qolmasligini, yangi avlod vakillarining jahon mehnat bozorida eng talabgir va raqobatbardosh kadrlar bo‘lib yetishishini ta’minlamoqda.
Lyuksemburg tajribasi shuni ko‘rsatadiki, davlatning qudrati uning maydoni qanchalik kattaligi yoki tabiiy resurslarining ko‘pligi bilan o‘lchanmaydi. Asl qudrat — xalqchil parlamentning tarixiy evolyusiyasida, qonunlarga so‘zsiz itoat etish madaniyatida va qabul qilinayotgan har bir qaror, eng avvalo, oddiy insonning, kelajak avlodning kundalik hayotini yaxshilashga xizmat qilishidadir.
Azim AXTAMOV
