O'zbekiston

Muammolar yechimining ta’sirchan mexanizmi

Blog Image
Email : 11 0

Deputatlik so‘rovlari haqida avval ham ko‘p yozganmiz. Ularning ahamiyati va amaliy natijalariga tez-tez to‘xtalamiz. Bu safar esa ko‘proq so‘rovlar ortidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida gapirmoqchimiz. Chunki har bir deputatlik so‘rovi ortida muayyan mahalla, muayyan oila yoki inson taqdiri turadi.

Muhimi — sifat!

Xalq deputatlari Olmazor tumani Kengashidagi O‘zXDP deputati Ziyo Parizod Azamat qizi tomonidan yuborilgan deputatlik so‘rovi o‘zining amaliy natijasini berdi. Ya’ni saylov okrugidagi Muxbir va Taraqqiyot ko‘chalarida yo‘l qoplamasining yaroqsiz holga kelishi saylovchilarning e’tiroziga sabab bo‘layotgan edi.

Deputat hududga chiqib, amalga oshirilayotgan ishlar jarayoni bilan tanishdi. O‘rganish davomida yo‘l qoplamasining holati, qurilish-ta’mirlash ishlarining sifati hamda belgilangan muddatlarga rioya etilishi yuzasidan mas’ullar bilan muloqot qilindi.

– Saylov okrugimdagi mazkur muammo bo‘yicha fuqarolar bir necha bor murojaat qilishgan, – deydi deputat. – Albatta, yo‘l masalasi bir qarashda oddiy xo‘jalik muammosidek ko‘rinishi mumkin. Lekin o‘sha ko‘chada yashayotgan odam uchun bu — har kuni duch keladigan qiyinchilik.

Ayniqsa, yog‘ingarchilik paytida yo‘lning holati piyodalarga ham, transport vositalariga ham mushkulot tug‘diradi. Shuning uchun aholining murojaatini deputatlik so‘rovi orqali tegishli mas’ullar oldiga olib chiqdik. Bugun esa mazkur ko‘chalarda asfaltlash ishlari olib borilmoqda.

Men hududga chiqib, ish jarayoni bilan tanishdim. Bu yerda biz uchun faqat asfalt yotqizilishi emas, uning sifati ham muhim. Shuning uchun yo‘l qoplamasining sifati, ta’mirlash ishlarining belgilangan talablar asosida bajarilishi va muddatlarga rioya etilishi bo‘yicha mas’ullar bilan nazorat o‘rnatdik.

Menimcha, deputatlik faoliyatining eng zarur jihatlaridan biri ham shu — odamlarning murojaatini eshitishning o‘zi yetarli emas. Imkoniyatimiz doirasida uning yechimi uchun harakat qilishimiz va jarayonni oxirigacha kuzatib borishimiz kerak.

Bekat xavfsiz va qulay bo‘lishi kerak

Xalq deputatlari Qashqadaryo viloyati Kengashi deputati S. Kamilova tomonidan yuborilgan deputatlik so‘roviga Qashqadaryo viloyati transport boshqarmasi boshlig‘i B. Yazdanov tomonidan javob berildi.

Kimgadir bekatlar shunchaki yo‘lovchilar avtobus kutadigan joy bo‘lib ko‘rinishi mumkin. Ammo ertalab ishga yoki o‘qishga shoshayotgan odam, farzandini shifoxonaga olib ketayotgan ona, yoshi katta inson uchun qulay va xavfsiz bekat — bu oddiy inshoot emas, kundalik hayotdagi zarur sharoit.

Qarshi shahridagi avtobus bekatlari bilan bog‘liq masala ham ana shu ehtiyojdan kelib chiqib deputatlik so‘rovida ko‘tarilgan edi.

Viloyat transport boshqarmasi tomonidan berilgan javobda bu masala bo‘yicha aniq ishlar rejalashtirilgani ma’lum qilingan.

Qayd etilishicha, Qarshi shahrida 35 ta oraliq hamda 5 ta boshlang‘ich va yakuniy avtobus bekatlarini qurish va jihozlash uchun 1 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan. Mazkur mablag‘ Qarshi shahar obodonlashtirish boshqarmasiga yo‘naltirilgan.

Ayni paytda yangi bekatlarni qurish bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilib, ekspertiza xulosasini olish uchun taqdim etilgan. Xulosa olingach, qurilish ishlari belgilangan tartibda tashkil etiladi.

Yana bir e’tiborli jihat — yangi bekatlar shunchaki istalgan joyda emas, aholi uchun eng zarur nuqtalarda barpo etiladi.

2026 yilda qurilishi rejalashtirilgan bekatlar uchun Alisher Navoiy, Denov, Hasaf va Mustaqillik ko‘chalaridagi aholi gavjum hududlar, “Ona va bola” markazi, viloyat bolalar shifoxonasi, dehqon bozori, Davlat xizmatlari markazi hamda OITS markazi oldi tanlangan.

– Bu ro‘yxatning o‘ziyoq masalaning mohiyatini ko‘rsatib turibdi. Bekatlar odamlar eng ko‘p harakatlanadigan, tibbiy va ijtimoiy xizmatlarga murojaat qiladigan nuqtalarga yaqin bo‘ladi, – deydi deputat.

Albatta, hali amaliy ishlar oldinda. Loyiha, ekspertiza va qurilish jarayonlari bor. Shuning uchun masalani faqat “mablag‘ ajratildi” degan joyda to‘xtatib qo‘yish emas, belgilangan ishlar amalda qanday bajarilayotganini kuzatib borish ham muhim.

— Chunki har qanday deputatlik so‘rovining eng katta natijasi qog‘ozdagi javob emas, odamlarning hayotidagi o‘zgarishda aslida…

Sabablar aniqlansa, ish osonlashadi

Oldinda sovuq kunlar. Bunday paytda xonadondagi gaz ta’minotining barqaror bo‘lishi har bir oila uchun muhim. Ayniqsa, kechasi havo sovib, yoqilg‘iga ehtiyoj yanada ortadi.

Shunday sharoitda gaz bosimining pastligi yoki uning bir necha soatga uzilib qolishi oddiy noqulaylik emas. Bu — xonadondagi kundalik hayotga bevosita ta’sir qiladigan masala.

Taxiatosh tumanidagi “Shamshiroq” mahallasi, K. Saipov ko‘chasida yashovchi aholi ancha paytdan beri ana shunday muammoga duch kelayotgan edi. Mahalla faollari bilan uchrashuv chog‘ida ko‘chada tabiiy gaz bosimining pastligi, ayrim holatlarda esa kechki paytdan tonggacha gaz ta’minotida uzilishlar kuzatilayotgani ma’lum bo‘ldi.

Masalani o‘rganish uchun xalq deputatlari Taxiatosh tuman Kengashidagi O‘zXDP deputatlik guruhi rahbari Davron Artikov hududga chiqdi.

O‘rganish davomida muammo faqat gaz bosimi bilan bog‘liq emasligi aniqlandi. Ko‘chadagi gaz quvurlarining ayrim qismlari yer ostida qolib ketgan, boshqa joylarda esa tarmoqlar aholi xonadonlari oldidan tartibsiz holda o‘tkazilgan. Eskirgan quvurlar ham gaz ta’minotidagi uzilishlarga sabab bo‘layotgan omillardan biri edi.

Shundan so‘ng deputat mas’ul tashkilotlar bilan bog‘lanib, gaz quvurlarini tartibga keltirish, yer ostida qolgan qismlarini yuzaga chiqarish hamda eskirgan quvurlarni yangilash masalasini ko‘tardi. Eng muhimi, murojaat faqat o‘rganish va mas’ullarga bildirish bilan cheklanib qolmadi.

Hududdagi eskirgan gaz quvurlari yangisiga almashtirildi, yer tagida qolib ketgan quvurlar yuzaga chiqarildi. Natijada gaz ta’minotidagi mavjud muammolar bartaraf etildi. Bir qarashda, bu — gaz quvurlarini almashtirish bilan bog‘liq oddiy texnik ish. Ammo uning ortida har kuni shu xonadonlarda yashayotgan odamlarning xotirjamligi bor.

“Yomchi”da yangi maktab quriladi

Boysun tumani Boshrabot mahallasi fuqarolari deputatimizga “Yomchi” qishlog‘i hududida yangi umumiy o‘rta ta’lim maktabi qurish bo‘yicha murojaat qilishdi.

Mazkur masala xalq deputatlari Boysun tuman Kengashi raisi, deputat B.Xaitova tomonidan deputatlik so‘rovi orqali tegishli tashkilotlar oldiga qo‘yildi. Xususan, yangi maktab qurilishini 2027 yilgi Davlat investisiya dasturiga kiritish masalasi ko‘tarildi.

Deputatlik so‘roviga berilgan javobda esa Boshrabot mahallasi aholisi uchun muhim bo‘lgan ushbu taklif qo‘llab-quvvatlangani ma’lum qilindi. Qayd etilishicha, “Yomchi” qishlog‘ida 360 o‘rinli yangi maktab binosi qurilishi rejalashtirilgan.

Aholi ko‘targan masalaning davlat darajasidagi investisiya rejasiga kiritilishi muammoni hal etish yo‘lidagi muhim qadam hisoblanadi.

Bu yerda yana bir jihat namoyon bo‘lmoqda: fuqaroning murojaati e’tibordan chetda qolmasa, u tegishli tartibda o‘rganilib, deputatlik so‘rovi orqali mas’ul tashkilotlar oldiga aniq masala sifatida qo‘yilsa, muammoning yechimi uchun imkoniyat paydo bo‘ladi.

Laziza Sherova,
“O‘zbekiston ovozi” muxbiri.