Siyosat

Inson salomatligi – ijtimoiy islohotlar markazida

Blog Image
Email : 11 0

O‘zbekiston XDPning tibbiy xizmat sohasida ilgari surayotgan g‘oyalari aholining barcha qatlamlari uchun tibbiy xizmatdan teng foydalanish imkoniyatini yaratish, davlatning ijtimoiy mas’uliyatini oshirish, tibbiy sug‘urta tizimini rivojlantirish, dori-darmonlar narxini tartibga solish va tibbiyot muassasalari faoliyatini takomillashtirish kabi muhim yo‘nalishlarni qamrab oladi. Bu g‘oyalar bugun mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimida jadal sur’atda amalga oshirilayotgan islohotlar bilan hamohangdir.

O‘tgan haftada davlat rahbarining Ko‘ksaroy qarorgohida tibbiyot va farmasevtika sohasi xodimlari bilan o‘tkazgan uchrashuvida belgilangan vazifalar ham inson salomatligini asrash davlat siyosatining eng muhim yo‘nalishlaridan biri ekanini yana bir bor tasdiqladi. Ta’kidlanganidek, insonning oilasi baxtini ko‘rishi, halol mehnat qilib, orzulariga yetishi va umrini mazmunli o‘tkazishi uchun, avvalo, sog‘liq kerak. Shu bois, tibbiyot sohasidagi islohotlarning asosiy maqsadi inson salomatligini muhofaza qilish, aholiga munosib tibbiy xizmat ko‘rsatish va hayot sifatini oshirishdan iborat qilib belgilangan.

Shubhasiz, so‘nggi o‘n yilda mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimini transformatsiya qilish, tibbiy xizmatlar qamrovini kengaytirish va zamonaviy tibbiyot infratuzilmasini shakllantirish borasida salmoqli ishlar ro‘yobga chiqarildi. 10 million aholiga xizmat ko‘rsatadigan yangi poliklinika va shifoxonalar ishga tushirilib, 58 ming shifo o‘rni yaratildi. Zamonaviy tibbiyot muassasalarining ko‘payishi va xususiy sektorning rivojlanishi natijasida tibbiy xizmatlar hajmi uch karra oshdi. Eng muhimi, ilgari faqat xorijda bajarilgan tug‘ma yurak nuqsonlarini davolash, a’zolar transplantatsiyasi, robot jarrohligi va bosh miyadagi murakkab amaliyotlar kabi yuzdan ziyod tibbiy xizmatlarni mamlakatimizda ko‘rsatish imkoniyati yaratildi. Bu o‘zgarishlar milliy tibbiyotning ilmiy va amaliy salohiyati ortib borayotganidan dalolat beradi. Shu bilan birga, bemorlarning o‘z yurtida davolanish imkoniyatlari kengayib, tibbiy xizmatlarning sifati va qamrovini oshirish uchun yangi sharoitlar yuzaga kelmoqda.

Yana bir quvonarli jihat shundaki, O‘zbekiston bugunga kelib xorijlik fuqarolarga ham yuqori texnologiyali tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi yirik mintaqaviy xabga aylanib bormoqda. Milliy statistika agentligining eng so‘nggi rasmiy ma’lumotlari ham mamlakatimizning tibbiy jozibadorligi yildan-yilga oshib borayotganini isbotlaydi. Agar 2021 yilda yurtimizga davolanish maqsadida 32 ming 400 nafar chet el fuqarosi tashrif buyurgan bo‘lsa, 2025 yil yakuniga ko‘ra, bu ko‘rsatkich 86 ming 199 nafarga yetgan. Joriy yilning dastlabki sakkiz oyida esa 46 ming 157 nafar xorijlik yurtimiz shifoxonalarida sog‘lig‘ini tiklagan.

Har bir insonning o‘z vaqtida, sifatli va moliyaviy jihatdan qulay tibbiy yordam olishi, aholining tibbiy xizmatdan qoniqish darajasi va salomatlik ko‘rsatkichlarining yaxshilanishi – bu sohadagi islohotlardan kutilayotgan pirovard natija hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan, XDPning aholi manfaatlarini himoya qilish va ijtimoiy adolatni ta’minlashga qaratilgan g‘oyalari tibbiyot sohasidagi islohotlarning mazmun-mohiyatini yanada chuqurroq anglashga yordam beradi.

Sog‘liqni saqlash tizimidagi muhim yo‘nalishlardan biri birlamchi tibbiy yordamni takomillashtirish va kasalliklarning oldini olishga qaratilgan profilaktik tadbirlarni kengaytirishdir. Chunki inson salomatligini asrashda kasallikni davolash bilan bir qatorda, uning oldini olish, erta aniqlash va o‘z vaqtida tibbiy yordam ko‘rsatish ham hal qiluvchi ahamiyatga ega.

Prezident uchrashuvida 28 ta tumanda sinovdan o‘tkazilgan yangi tizim doirasida 7 million aholi oilaviy shifokorlarga biriktirilgani, laboratoriyalar ishga tushirilgani, shifokor va hamshiralar o‘qitilgani qayd etildi. Ushbu modelning kelgusi yildan yana 100 ta tumanda joriy etilishi birlamchi tibbiy yordamning qamrovini kengaytirishga xizmat qiladi.

Kafolatlangan tibbiy xizmatlar to‘plami doirasida ambulator bemorlarga 69 turdagi dori vositasining bepul berilayotgani ham aholining tibbiy xarajatlarini kamaytirishga qaratilgan muhim choralardan biridir. Kelgusi yildan bepul beriladigan dori vositalari turini 73 taga, tibbiy tekshiruvlar turini esa 36 taga yetkazish rejalashtirilgan. Bu choralar, ayniqsa, doimiy tibbiy nazoratga muhtoj va ijtimoiy himoyatalab aholi qatlamlari uchun muhim ahamiyatga ega.

Afsuski, hozirgi davrda yurtimiz aholisi o‘rtasida qandli diabet, infarkt va insultga chalinish holatlari yuqori. Shunga ko‘ra, respublikamizdagi beshta hudud (Andijon, Farg‘ona, Namangan, Samarqand va Toshkent shahri)da yurak qon-tomir kasalliklarining oldini olish dasturi amalga oshirilishi samarasida bu xastaliklardan erta o‘limning 15 foizga kamaygani, 855 nafar insonning hayoti va salomatligini saqlab qolishga erishilgani profilaktik tibbiyotning amaliy ahamiyatini ko‘rsatadi. Kelgusi yildan ushbu dasturning barcha tuman va shaharlarda joriy etilishi tibbiy xizmatlarning hududiy qamrovini yanada oshiradi.

Tibbiyot sohasida ijtimoiy adolatni ta’minlashda dori-darmonlar narxini tartibga solish, ijtimoiy dorixonalar faoliyatini rivojlantirish va aholining zarur dori vositalari bilan ta’minlanishini yaxshilash ham alohida o‘rin tutadi. Farmasevtika mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojning 70 foizini ichki imkoniyatlar hisobidan qoplash maqsadining belgilanishi mamlakatning farmasevtika sohasidagi mustaqilligini mustahkamlashga qaratilgan.

So‘nggi yillarda sohada 1 milliard dollarlik 330 ta yangi farmasevtika quvvatining ishga tushirilishi, hududlarda farmasevtika erkin iqtisodiy zonalarining tashkil etilishi va ularda 1 milliard 200 million dollarlik loyihalar amalga oshirilayotgani ichki farmasevtika bozorini rivojlantirish uchun muhim zamin yaratmoqda. Bu jarayon kelgusida dori vositalari ishlab chiqarishni ko‘paytirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va aholining zarur farmasevtika mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini barqaror ta’minlash imkonini beradi.

Tibbiy islohotlarning muvaffaqiyati, avvalo, malakali kadrlar tayyorlash va ularning mehnatini munosib qadrlashga bog‘liq. Prezident uchrashuvida ta’kidlanganidek, qancha zamonaviy klinikalar qurilmasin va eng so‘nggi tibbiy uskunalar olib kelinmasin, malakali xodimlarsiz kutilgan natijaga erishib bo‘lmaydi.

Hozirgi kunda 11 ta davlat oliygohida yiliga 15 ming shifokor tayyorlanayotgani soha uchun muhim ko‘rsatkichdir. Kelgusi yildan tibbiyot talabalarining haftada uch kun bemorlar bilan ishlashni o‘rganishi, bitiruvchilarning oxirgi o‘quv yilini tibbiyot muassasalarida amaliyotda o‘tkazishi kadrlar tayyorlash sifatini oshirishi aniq. Shuningdek, hamshiralar va tibbiyot og‘alarini rag‘batlantirish, ularning malakasini oshirish xarajatlarini davlat tomonidan qoplash, tor mutaxassisliklar bo‘yicha rezidentura ta’limini rivojlantirish kabi choralar tibbiy kadrlar salohiyatini mustahkamlaydi.

Zamonaviy tibbiyotni sun’iy intellekt, genomika, biotexnologiyalar va raqamli texnologiyalarsiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Shu ma’noda kardiologiya, gepatologiya, oftalmologiya va gematologiya kabi yo‘nalishlarda sun’iy intellekt tizimlarini joriy etish rejalashtirilgani mamlakatimiz tibbiyotining innovasion rivojlanishiga muhim qadamdir. Bunday texnologiyalar kasalliklarni erta aniqlash, tibbiy ma’lumotlarni tahlil qilish va davolash samaradorligini oshirish imkonini beradi.

Biroq zamonaviy texnologiyalarni joriy etish bilan birga, bemorlarning huquqlari, tibbiy ma’lumotlar maxfiyligi, insonning roziligi va qadr-qimmatini himoya qilish ham ayni paytda dolzarb. Uchrashuda bu masalaga diqqat qaratilgani bejiz emas. Aytish mumkinki, endilikda tibbiyot muassasalari faoliyatida aholining fikri va tibbiy xizmatdan qoniqish darajasini hisobga olish mexanizmlarining joriy etilishi tibbiy xizmat sifatini xalqimiz talablari darajasiga olib chiqishda hal qiluvchi rol o‘ynaydi.

Tibbiyot — bu jamiyat barqarorligi, millat sog‘lomligi va mamlakat kelajagi bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan strategik soha. Bu sohadagi har bir o‘zgarish va yangilanish bevosita har birimizning hayotimizga daxldor. Shunday ekan, yangi tibbiy islohotlar bugun o‘zining amaliy isbotini topib borishida faqat soha xodimlari emas, barchamiz birdek mas’ullikni his qilishimiz hayotiy zaruratdir.

F. Ibrohimova.