O'zbekiston

TALABA QAYERDA YASHAYAPTI? Yoshlar uchun turar joy masalasi – O‘zXDP diqqat markazida

Blog Image
Email : 35 0

Farzandining oliy ta’lim dargohiga kirishi har bir ota-ona uchun katta quvonch. Lekin bu katta mas’uliyat ham. Ayniqsa, bolasi uzoq hududdan poytaxtga yoki boshqa katta shaharga o‘qishga kelsa, «Bolam qayerda yashaydi?», degan savol ko‘ndalang turadi.

Shuning uchun talabani turar joy bilan ta’minlashga oddiy maishiy masala, deb emas, ta’lim infratuzilmasining bir qismi sifatida qarash kerak.

Bu qaysidir ma’noda ota-onaning yelkasidagi yukni yengillatish, farzandining xotirjam o‘qishiga sharoit yaratish degani.

Shundan kelib chiqib, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi mas’ul idoralar vakillari ishtirokida «Ijara bozori: uysizlik, adolatli narx va ijtimoiy yechimlar» mavzusida davra suhbati o‘tkazdi.

Muloqotda talabalarning turar joyga ehtiyoji, talabalar turar joylaridagi imkoniyatlar va real ehtiyoj o‘rtasidagi tafovut, ijara haqining talabalar hamda ularning oilalari daromadlariga ta’siri, ijtimoiy himoyaga muhtoj talabalarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari, yashash joylarida sharoitlarni yaxshilash bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.

Tadbirda qayd etilganidek, talabalarni turar joy bilan ta’minlash faqat ijtimoiy masala emas, balki yoshlarning sifatli ta’lim olishini kafolatlovchi muhim omillardan biridir. Chunki talaba qayerda va qanday sharoitda yashashi uning o‘qishi, kayfiyati va kundalik hayotiga bevosita ta’sir qiladi.

Gavhar Qarshiyeva,
Oila va xotin-qizlar qo‘mitasining Murojaatlar bilan ishlash bo‘limi ijrochisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zosi:

– O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi ta’limda tenglik bo‘lishi, talabalarga munosib yashash sharoitlari ta’minlanishi, ularning ta’lim olish imkoniyatlarini ijtimoiy-iqtisodiy omillar cheklab qo‘ymasligi tarafdori. Chunki talabaning qanday bilim olishi va kelajagini qurishida yaratilgan sharoit va imkoniyatlar muhim o‘rin tutadi.

Ayniqsa, boshqa hududdan o‘qish uchun kelgan talaba uchun turar joy masalasi juda muhim. Agar talaba har kuni ijara haqi, yo‘l xarajati yoki yashash sharoiti haqida bosh qotirsa, uning o‘qishga bo‘lgan e’tibori ham shunga yarasha kamayadi. Shuning uchun munosib turar joy — shunchaki maishiy qulaylik emas, balki ta’lim olish uchun zarur shartlardan biridir.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2026-2027 o‘quv yili arafasida respublikadagi 133 ta oliy ta’lim muassasasida 460 ta talabalar turar joyi tayyorlangan bo‘lib, ularning umumiy sig‘imi 181 ming 336 o‘rinni tashkil etgan. 3 sentyabr holatiga respublikada talabalar soni 1 million 415 ming 496 nafar bo‘lgan. Demak, mavjud talabalar turar joylari umumiy talabalarning bor-yo‘g‘i 21,1 foizini qamrab olishi mumkin.

Turar joyga bo‘lgan ehtiyoj ayniqsa, poytaxtda yaqqol sezilmoqda. Toshkent shahrida 142 ta talabalar turar joyida jami 52 ming 643 nafar yoshlar joylashishi mumkin. Ayrim oliy ta’lim muassasalari misolida talab va imkoniyat o‘rtasidagi tafovut yanada katta ekani ko‘rinadi. Xususan, Toshkent davlat iqtisodiyot universitetiga talabalar turar joyiga joylashish bo‘yicha 5 ming 953 ta ariza kelib tushgan bo‘lsa, mavjud o‘rinlar 2 ming 910 tani tashkil etgan. Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida esa 3 ming 119 ta turar joyga ehtiyoji bor talabadan atigi 576 tasini yotoqxona bilan ta’minlash imkoni bor.

Yotoqxona borasida muammoga uchragan talaba endi ijaraga uy qidiradi, sherik topadi, har oy ijara haqini o‘ylaydi, universitetga borib-kelish uchun qo‘shimcha vaqt va mablag‘ sarflaydi. Ota-ona uchun esa qo‘shimcha xarajat va tashvish degani.

Shuning uchun talabalar turar joyi masalasini faqat nechta o‘rin borligi emas, nechta talaba turar joy bilan ta’minlangani nuqtai nazaridan baholash muhim, deb o‘ylayman.

Bunday sharoitda talabalarning bir qismi ijara uy-joylarga joylashishga majbur. Bu esa ularning shaxsiy xarajatlarini oshirib, ayrim hollarda oila byudjetiga ham qo‘shimcha yuk bo‘ladi. Ayniqsa, boshqa hududdan Toshkentga kelib o‘qiydigan, oilasining moliyaviy imkoniyati cheklangan talabalar uchun ijara haqi sezilarli xarajatga aylanishi mumkin. Shu nuqtai nazardan, ijara bozorida narxlarning aholi, xususan, talabalar imkoniyatiga mutanosibligi masalasi ijtimoiy ahamiyat kasb etadi.

Muhsiddin Nizomiddinov,
O‘zXDP Markaziy Kengashi bo‘lim boshlig‘i:

– Davlatimiz rahbarining 2026 yil 11 sentyabr kuni Toshkent shahrining Olmazor tumanidagi “Yoshlik” talabalar shaharchasiga tashrifi ham talabalarning yashash va ta’lim olish sharoitlariga bo‘lgan e’tibor qanchalik muhim ekanini yana bir bor ko‘rsatdi. Tashrif davomida talabalarning ta’lim olishi, yashash sharoiti, xavfsizligi, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, shuningdek, ularni qiynayotgan masalalarni o‘z vaqtida aniqlash va tezkor hal etish bilan bog‘liq vazifalarga alohida e’tibor qaratildi.

“Yoshlik” talabalar shaharchasida 7 ta oliy ta’lim muassasasiga qarashli 41 ta talabalar turar joyida qariyb 18 ming nafar yosh istiqomat qilayotgani bu yerda nafaqat yaxshi sharoit yaratish, balki uni samarali boshqarish ham qanchalik muhim ekanini ko‘rsatadi.

Shu jihatdan, talabalar shaharchasida xavfsizlikni ta’minlash, kirib-chiqish va davomatni zamonaviy raqamli tizimlar orqali nazorat qilish, talabalarning murojaat va muammolarini muntazam o‘rganib borish kabi yondashuvlar alohida ahamiyatga ega. Ammo zamonaviy boshqaruvning mazmuni faqat muammoni aniqlash yoki uni qayd etish bilan cheklanmasligi kerak. Eng muhimi — muammo aniqlanganidan keyin uning yechimi qanchalik tez, aniq va samarali ta’minlanayotganidir.

Bu jarayonda talabalarning o‘z fikrini eshitishni unutmaslik kerak. Chunki yaratilgan sharoitning qay darajada qulay va samarali ekanini, tizimdagi qaysi muammolarni birinchi navbatda hal qilish zarurligini o‘sha sharoitdan har kuni foydalanayotgan talaba yaxshi biladi.

Shuning uchun talaba bilan muloqotni shunchaki uchrashuv yoki hisobot uchun o‘tkaziladigan tadbir emas, muammoni aniqlash, uning yechimini topish va natijasini ko‘rishga olib keladigan amaliy muloqotga aylantirish muhim.

Talabalarni turar joy bilan ta’minlash bo‘yicha yana bir taklif shuki, har bir oliy ta’lim muassasasi kesimida nechta talaba turar joyga muhtojligi va nechta bo‘sh o‘rin borligi bo‘yicha yagona elektron hisob yuritish kerak. Shu asosda yangi yotoqxonalarni qayerda va qancha o‘ringa qurish zarurligi aniqlanadi. Bunda yangi binolar qurish bilan birga mavjud, lekin samarali foydalanilmayotgan binolarni rekonstruksiya qilish imkoniyatlarini ham ko‘rib chiqish maqsadga muvofiq bo‘ladi, menimcha.

Tadbir davomida yoshlar tomonidan talabalarning yashash sharoitlarini yanada yaxshilash bo‘yicha qator takliflar bildirildi. Xususan, yotoqxonalarda internet sifatini yaxshilash, o‘qish va mustaqil shug‘ullanish uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratish, xavfsizlik choralarini kuchaytirish kabi masalalarga e’tibor qaratildi. Shuningdek, talabalar murojaatlarini tezkor qabul qilish va muammolarni qisqa muddatlarda hal etish bo‘yicha takliflar ilgari surildi.

Nodirabegim Rahmonova,
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabining magistratura bosqichi talabasi:

– Talabalar turar joyida yashayotgan talaba sifatida men uchun eng muhim masalalardan biri – kundalik yashash sharoiti. Talabalarni turar joy bilan ta’minlash masalasiga faqat «yotoqxonada joy bor yoki yo‘q» degan nuqtai nazardan qarash to‘g‘ri emas, deb o‘ylayman. Chunki talaba bir necha yil umrini shu yerda o‘tkazadi. Demak, u yerdagi sharoit uning kundalik hayotiga, o‘qishiga, salomatligiga, kayfiyatiga va hatto kelajakdagi rejalariga ham ta’sir qiladi.

Chunki bu yerda talaba faqat yashamaydi, u o‘qiydi ham. Shuning uchun yotoqxonada dars qilish, kitob o‘qish, kompyuterda ishlash uchun tinch va munosib joylar bo‘lishi kerak. Ba’zan talaba universitetda kun bo‘yi o‘qib, kechqurun yotoqxonaga qaytganda ham o‘z ustida ishlashiga to‘g‘ri keladi. Agar yashash joyida buning uchun sharoit bo‘lmasa, uning ta’lim olishi qiyinlashadi.

Mening taklifim — talabalar turar joylaridagi haqiqiy holatni, vaziyatni talabalarning qoniqish darajasi bilan ham baholab borish kerak. Masalan, har semestr yakunida talabalardan elektron so‘rovnoma olinib, eng ko‘p ko‘tarilayotgan muammolar aniqlansa va ularni bartaraf etish muddati belgilansa, natijani ko‘rish oson bo‘ladi.

Talaba biror muammoga duch kelsa, kimga murojaat qiladi va uning murojaati qancha vaqtda ko‘rib chiqiladi? Eng muhimi, aytilgan muammo haqiqatan ham qanchalik tez va samarali hal etilmoqda?

Talabalar turar joylari masalasida xuddi shunday yondashuv zarur. Menimcha, yaratilgan sharoitning haqiqiy samarasi aynan shu savollarga beriladigan javoblarda namoyon bo‘ladi. Chunki natijani faqat nechta yotoqxona qurilgani yoki nechta talaba joylashtirilgani bilan emas, balki o‘sha joyda yashayotgan talaba o‘zini qanchalik qulay, xavfsiz va xotirjam his qilayotgani bilan ham baholash kerak.

Yangi yotoqxonalar qurish va mavjud o‘rinlar sonini ko‘paytirish, albatta, muhim.

Diyoraxon Tashmuratova,
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining magistratura bosqichi talabasi:

– Boshqa hududdan kelib o‘qiyotgan talaba sifatida turar joy masalasi men uchun juda muhim. Yotoqxonadan joy olish imkoni bo‘lmasa, ijara uyi izlashga to‘g‘ri keladi. Bunda nafaqat ijara haqi, balki kommunal to‘lovlar va universitetga qatnash xarajatlari ham qo‘shiladi. Bu esa ayrim oilalar uchun sezilarli moliyaviy yuk bo‘lishi mumkin.

Menimcha, talabalar turarjoyiga ehtiyojni real holat bilan solishtirib borish kerak. Qaysi fakultetda, qaysi hududdan kelgan talabalar orasida ehtiyoj yuqori, shu ma’lumotlar asosida reja tuzilsa, masalani manzilli hal qilish osonlashadi. Taklifim – yotoqxonadan joy ololmagan talabalar uchun ham yagona ma’lumot va ko‘mak tizimi yaratilsa. Masalan, talaba bo‘sh o‘rinlar, ijara variantlari, mavjud imtiyozlar va yordam mexanizmlari haqida bir joydan aniq ma’lumot olishi mumkin bo‘lsa, ortiqcha ovoragarchilik kamayadi. Eng muhimi, turar joy masalasi hal bo‘lmagan talaba “o‘zing izla” degan yondashuv bilan yolg‘iz qolib ketmasligi kerak.

Olmazor tumanidagi Talabalar shaharchasida ta’lim, ilm-fan, IT va yuqori texnologiyalarni birlashtirgan innovasion muhit yaratish bo‘yicha belgilangan vazifalar ham aynan shu maqsadga xizmat qiladi. Talaba faqat bilim oladigan emas, balki olgan bilimini amaliyotda sinab ko‘rishi, yangi g‘oya va tashabbuslarini hayotga tatbiq etishi mumkin bo‘lgan muhitga ega bo‘lishi kerak. Ana shundagina universitet, Talabalar shaharchasi va yoshlar siyosati o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlik amaliy natijaga aylanadi.

Sharofiddin Madiyev,
Toshkent Kimyo xalqaro universiteti Samarqand filialining magistratura bosqichi talabasi:

– Yotoqxonada yashaydigan talabaning ba’zi muammolari mayda ko‘rinishi mumkin, lekin ular kundalik hayotda seziladi. Masalan, issiq suv bo‘lmasligi, kir yuvish jihozining ishlamasligi, xonadagi nosozlik yoki internetdagi uzilish. Bunday holatlarda muammoni kimga aytishni bilmaslik yoki murojaatdan keyin natijani kutishga to‘g‘ri kelishi noqulay.

Mening taklifim – har bir talabalar turar joyida murojaatlarni elektron tarzda yuborish va ularning bajarilishini kuzatish imkoni bo‘lsa. Masalan, talaba muammoni yozadi yoki rasmini yuborib, murojaat raqamini oladi. Keyin uning kimga biriktirilgani va qachongacha hal qilinishi belgilanadi. Muammo bartaraf etilgach, talaba natijani baholaydi.

Buning samarasi katta bo‘ladi. Chunki talaba «murojaatim qabul qilindi» degan javob bilan emas, “muammom hal bo‘ldi” degan natija bilan qiziqadi. Bu jarayonda yoshlarning o‘zi ham faol ishtirokchi bo‘lishi zarur.

Yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlardan samarali foydalanish, tashabbus ko‘rsatish, yangi bilim va ko‘nikmalarni egallash hamda o‘z g‘oyalarini amaliy loyihalarga aylantirish ularning shaxsiy mas’uliyatini ham talab etadi. Bugungi yoshlar bilan ishlashda eng muhim mezon qancha ish qilinganiga emas, qancha natijaga erishilganiga e’tibor qaratishdir. Bu yondashuv nafaqat davlat boshqaruvida, balki yoshlar bilan ishlashning barcha yo‘nalishlarida samaradorlikni oshirishga xizmat qiladi.

Chunki har bir yaratilgan imkoniyat ortida davlatning resursi, mehnati va e’tibori mujassam. Ushbu imkoniyatlarni haqiqiy natijaga aylantirish esa davlat tashkilotlari bilan bir qatorda yoshlarning ham mas’uliyatidir.

Fikrlardan xulosa qilish mumkinki, talabalarni turar joy bilan ta’minlash ularning munosib sharoitda yashashi, sifatli ta’lim olishi va o‘z kelajagini xotirjam qurishi uchun imkoniyat yaratishdir.

Laziza Sherova,
“O‘zbekiston ovozi” muxbiri.