Tilni asrash va rivojlantirish — butun jamiyatning ma’naviy burchi. Xo‘sh, o‘zbek tilining bugungi taraqqiyoti qanday kechmoqda? Uni rivojlantirish yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar va oldimizda turgan vazifalar nimalardan iborat? Shu haqida jamiyatimiz faollarining fikr-mulohazalari bilan qiziqdik.
Odiljon IMINOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Fan, ta’lim, madaniyat, sport va yoshlar masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari:
— Globallashuv tobora chuqurlashayotgan bugungi davrda har bir millatning o‘zligini, ma’naviy qiyofasi va tarixiy xotirasini asrab qolishda ona tilining o‘rni beqiyos. Til — shunchaki muloqot vositasi emas. U xalqning tafakkuri, madaniyati, qadriyatlari va asrlar davomida shakllangan hayot tarzini o‘zida mujassam etgan bebaho ma’naviy boylikdir. Shu ma’noda, o‘zbek tilining nufuzini yuksaltirish milliy o‘zligimiz va davlatchiligimiz asoslarini mustahkamlashda hal qiluvchi qadam hisoblanadi.
O‘zbek tilining jamiyatdagi va xalqaro maydondagi nufuzi haqida gapirganda, eng avvalo, uning siyosiy-huquqiy maqomi xalqaro darajada tan olingani bilan faxrlanishimiz mumkin. Birlashgan Millatlar Tashkilotining oliy minbaridan o‘zbek tilida nutq so‘zlanishi – tilimizning dunyo hamjamiyati tomonidan global tillardan biri sifatida qabul qilinishiga turtki berdi. Bundan tashqari, raqamli texnologiyalar asrida o‘zbek tilining sun’iy intellekt tizimlariga integratsiyalashuvi, xorijiy oliy ta’lim muassasalarida o‘zbek tili markazlarining ochilishi hamda davlat tilini rivojlantirish dasturlarining izchil amalga oshirilayotgani tilimizning ichki imkoniyatlari va yashovchanligi yuqori ekanidan dalolat beradi.
Biroq, qonunchilikda davlat tiliga oid qat’iy talablar belgilab qo‘yilganiga qaramay, kundalik hayotda til me’yorlarining qo‘pol ravishda buzilishi hali ham og‘riqli muammo bo‘lib qolmoqda. Ko‘chalardagi ayrim lavhalar, reklama bannerlari, tadbirkorlik sub’yektlarining nomlanishi, shuningdek, xizmat ko‘rsatish joylari va hujjatchilikda imloviy xatolar tez-tez ko‘zga tashlanadi. Ba’zi hollarda xorijiy so‘z va atamalar o‘zbek tilidagi muqobili mavjud bo‘lsa-da, asossiz ravishda qo‘llanmoqda.
Ushbu holatlar faqat imlo yoki uslub masalasi emas. Ular jamiyatda davlat tiliga bo‘lgan munosabat, til madaniyati va qonun talablariga rioya etish darajasini ham ko‘rsatadi. Bu borada nazorat va mas’uliyatni kuchaytirish maqsadida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Davlat organlari va mahalliy hokimliklarda rahbarlarning ma’naviyat va davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchilari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Yangi tahrirdagi “Reklama to‘g‘risida”gi qonunda reklamalar majburiy tartibda davlat tilida bo‘lishi, chet tilidagi matnlar esa pastki qismda kichik o‘lchamda berilishi qat’iy belgilab qo‘yildi. Mas’ul idoralar tomonidan reydlar va monitoringlar o‘tkazilayotgan bo‘lsa-da, tan olish kerak, bu choralar hali kutilgan natijani to‘liq bermayapti.
Jamiyatda tilga bo‘lgan hurmatni faqat jarima yoki ma’muriy nazorat orqali qaror toptirib bo‘lmaydi. Buning uchun islohotlarni eng muhim bo‘g‘indan — ta’lim-tarbiyadan boshlash zarur. Chunki milliy adabiyotimizni va ona tilimizni chuqur his qilmagan, ularning ma’naviy qudratini anglamagan yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash mushkul.
Xulosa qilib aytganda, o‘zbek tilining taqdiri — millat va davlat taqdiridir. Agar bugun til sofligi, uni puxta bilish va amalda qo‘llashga bo‘lgan mas’uliyat masalasida keskin, zarur bo‘lsa, qat’iy islohotlarni amalga oshirmasak, ertaga kech bo‘lishi mumkin.
O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi maqomini oshirish milliy o‘zligimiz va mamlakatimiz kelajagi bilan bog‘liq strategik vazifadir.
Baxtiyor ABDUSHUKUROV,
filologiya fanlari doktori, professor:
— Tilning rivojlanishi ko‘p jihatdan uning boshqa tillar bilan o‘zaro aloqalariga bog‘liq. O‘zbek xalqi ham uzoq tarixiy taraqqiyoti davomida turli ellar bilan siyosiy, iqtisodiy, diniy va madaniy munosabatlarda bo‘lgan. Bu aloqalar tilimiz lug‘at tarkibining boyishiga ta’sir ko‘rsatgan. Shuning uchun o‘zlashgan so‘zlarning mavjudligi til taraqqiyotining tabiiy jarayonlaridan biri hisoblanadi.
Temuriylar davrida turkiy tildagi adabiy ijod yuksak taraqqiyot bosqichiga ko‘tarildi. Ayniqsa, Alisher Navoiy ijodi turkiy tilning badiiy imkoniyatlarini keng namoyon etdi.
Yurtimiz mustaqillikka erishganidan so‘ng o‘zbek tilini rivojlantirish, uning davlat tili sifatidagi mavqeini mustahkamlash va qo‘llanish doirasini kengaytirish borasida qator ishlar amalga oshirildi. O‘zbek tilida ish yuritish va rasmiy hujjatlar tayyorlash bo‘yicha qo‘llanmalar yaratildi, ilm-fanning turli sohalariga oid ensiklopediyalar, lug‘atlar, darslik va o‘quv qo‘llanmalari nashr etildi.
Atamalarni tartibga solish va o‘zbek tilining lug‘at boyligini rivojlantirish masalalariga ham e’tibor qaratildi. Lekin bu jarayon so‘nggi o‘n yilda yanada jonlanganini, yangi bosqichga ko‘tarilganini qayd etmoq kerak. Xususan, 2020 yilda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirishga qaratilgan konsepsiya qabul qilindi. Unda davlat tilining jamiyat hayotidagi o‘rnini mustahkamlash, uning ilm-fan tili sifatidagi nufuzini oshirish, lug‘at boyligini rivojlantirish, nutq madaniyatini yuksaltirish va zamonaviy axborot texnologiyalarida qo‘llanish imkoniyatlarini kengaytirish kabi vazifalar belgilandi.
Mamlakatimizning jahon hamjamiyati bilan iqtisodiy, siyosiy, madaniy va ilmiy-texnik aloqalari kengayib borayotgani ham tilimiz lug‘at tarkibiga ta’sir ko‘rsatmoqda. Yangi tushunchalar, texnologiyalar va kasbiy yo‘nalishlarning paydo bo‘lishi ularni o‘zbek tilida aniq va tushunarli ifodalash zaruratini yuzaga keltirmoqda. Shu bois yangi atamalarni ilmiy asosda ishlab chiqish, ularni mutaxassislar va keng jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazish, amaliyotga maqbul shaklda joriy etish dolzarb bo‘lib turibdi.
O‘zbek tilining ko‘p jildli izohli lug‘atini takomillashtirish ham uzoq muddatli, tizimli mehnatni talab etadi. Buning uchun avval lug‘atga kiritiladigan so‘zlar tarkibini aniqlash, mavjud lug‘atlarni o‘rganish, yangi so‘zlar, atamalar, sheva birliklari va ularning ma’nolarini ilmiy asosda jamlash lozim. Bunday ko‘lamli ishlarni malakali mutaxassislar va ilmiy muassasalar hamkorligida, yetarli tashkiliy-moliyaviy ko‘mak asosida amalga oshirish maqsadga muvofiq.
Tilni asrash va rivojlantirish xalqning madaniyati, tarixi, an’analari va urf-odatlarini kelajak avlodlarga yetkazish demakdir. Til xalqni birlashtiradi, uning ma’naviy dunyosini boyitadi va taraqqiyot sari yo‘naltiradi. Abdulla Avloniy ta’kidlagan «hifzi lison» — tilni asrash va e’zozlash g‘oyasi bugun ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. Xorijiy tillarni o‘rganish dunyo bilan muloqot imkoniyatlarimizni kengaytirsa, ona tilimizni bilish, qadrlash va uning ravnaqiga hissa qo‘shish milliy o‘zligimiz va ma’naviy mas’uliyatimizni namoyon etadi.
Hilola Ibrohimova yozib oldi.
