Har bir qonunning zamirida jamiyatdagi muayyan ehtiyoj, hal etilishi lozim bo‘lgan masala va kutilayotgan natija bor. Ana shu ehtiyojlarni qonunchilikda aks ettirish parlament zimmasidagi muhim vazifalardan biridir.
Kecha Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida aynan shu mas’uliyat bilan bog‘liq qator masalalar ko‘rib chiqildi.
Farmasevtika xodimlari moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlanadi
Dastlab majlisda “Farmasevtika xodimlari kunini belgilash munosabati bilan «O‘zbekiston Respublikasi Tibbiyot xodimlari kunini belgilash to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirish kiritish haqida”gi Qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilib, farmasevtika sohasi jadal rivojlanmoqda. Bugungi kunda yurtimizda 50 mingdan ortiq farmasevtika mutaxassisi faoliyat yuritmoqda. 504 ta farmasevtika ishlab chiqarish korxonasi, 478 ta distribyutor tashkilot va 14 mingdan ortiq dorixona aholiga xizmat ko‘rsatmoqda.
Qonun loyihasiga ko‘ra, amaldagi qonundagi «Tibbiyot xodimlari» degan so‘zlar «Tibbiyot va farmasevtika xodimlari» degan so‘zlar bilan almashtirilib, noyabr oyining ikkinchi yakshanbasi O‘zbekiston Respublikasi Tibbiyot va farmasevtika xodimlari kuni etib belgilanishi nazarda tutilmoqda.
Ushbu o‘zgartirish «Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida»gi hamda «Dori vositalari va farmasevtika faoliyati to‘g‘risida»gi qonunlarda qo‘llaniladigan tushunchalar bilan uyg‘unlikni ta’minlaydi.
Qonun loyihasining qabul qilinishi jamiyatda farmasevtika xodimlarining mavqeini oshirish, ularni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.
Majlisda qonun loyihasi qabul qilindi va Senatga yuborildi.
Harbiy yoki idoraviy kiyimlarga o‘xshash forma kiyganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda
Majlisda «O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 209¹-moddasiga o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritish haqida»gi qonun loyihasi uchinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, keyingi yillarda ayrim tashkilotlar, idoralar, hatto ayrim fuqarolar tomonidan belgilangan tartibda tasdiqlangan formali kiyim-boshga adashtirib yuborish darajasida o‘xshash kiyim-boshlardan foydalanish yoki ayrim tashkilotlar tomonidan o‘z xodimlari uchun shunday kiyim-boshlarni joriy etish holatlari kuzatilmoqda.
Bu esa fuqarolarni chalg‘itishi, davlat organlari obro‘siga salbiy ta’sir ko‘rsatishi hamda ayrim shaxslarga o‘zini davlat organi xodimi sifatida ko‘rsatib, odamlar ishonchini suiiste’mol qilish imkoniyatini yaratishi mumkin. Natijada haqiqiy davlat xizmatchisini boshqa shaxsdan ajratish qiyinlashadi.
Shu munosabat bilan qonun loyihasi orqali O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga davlat organlarining tasdiqlangan harbiy yoki idoraviy formali kiyim-boshiga adashtirib yuborish darajasida o‘xshash hamda unga xos farqlovchi belgilar va (yoki) ramzlarga ega formali kiyim-boshni joriy etganlik yoki undan foydalanganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilash taklif etilmoqda.
Belgilanayotgan normalar, eng avvalo, fuqarolarning huquqlari va manfaatlarini himoya qilish, davlat organlariga bo‘lgan ishonchni mustahkamlash, davlat xizmati obro‘sini himoya qilish hamda formali kiyim-boshlardan noqonuniy va g‘arazli maqsadlarda foydalanishning oldini olishga qaratilgan.
Qonun loyihasini takomillashtirish jarayonida huquqni qo‘llash amaliyotida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan turli talqinlarning oldini olishga alohida e’tibor qaratildi.
Qonun loyihasi qabul qilinib, Senatga taqdim etildi.
Yangi tartib va rag‘batlantirish choralari
Harbiy xizmat bu nafaqat Vatan himoyasi, balki intizom, bilim va yuksak ma’naviyat maktabidir. Bugungi kunda harbiy xizmatchilarning kasbiy salohiyatini oshirish bilan birga, ularning intellektual rivojlanishiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
Parlament quyi palatasida harbiy xizmatni o‘tash tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi aynan shu jihatlarni qamrab olgan.
Ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqilgan «Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga harbiy xizmatni o‘tash tartibini takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimchalar va o‘zgartirish kiritish haqida»gi qonun loyihasi bilan oliy harbiy, shuningdek, xorijiy oliy harbiy ta’lim muassasalarining uchuvchi mutaxassisligi bo‘yicha bitiruvchilari bilan yangi kontrakt tuzishning huquqiy asoslarini belgilash nazarda tutilmoqda.
Bundan tashqari, Qurolli Kuchlar tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralar tizimida muddatli harbiy xizmat o‘tayotgan harbiy xizmatchilar o‘rtasida o‘tkaziladigan «Ma’naviyat qalqoni» kitobxonlik tanlovining respublika bosqichida birinchi, ikkinchi yoki uchinchi o‘rinni egallagan harbiy xizmatchilarning xizmat muddatini bir oyga qisqartirishni nazarda tutuvchi qo‘shimcha kiritilmoqda.
Muhokamalar jarayonida mazkur rag‘batlantirish chorasi harbiy xizmatchilar o‘rtasida kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini keng targ‘ib qilish, ularning ma’naviy-intellektual salohiyatini oshirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Qonun loyihasi uchinchi o‘qishda qabul qilinib, Senatga yuborildi.
Jarimalarni qo‘llashda shaffoflik
Majlisda moliyaviy jarimalarni qo‘llash tartibini yengillashtirish, ular ustidan shikoyat qilish hamda noqonuniy undirilgan mablag‘larni qaytarishga qaratilgan qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.
Ushbu hujjat moliyaviy jarimalarni qo‘llashning yagona, aniq va shaffof tartibini belgilash, moliyaviy sanksiyalarni ixtiyoriy va yengillashtirilgan tartibda ijro etish mexanizmlarini joriy qilishga qaratilgan.
Qonun loyihasida moliyaviy jarima qo‘llash to‘g‘risidagi qarorlar bekor qilingan yoki haqiqiy emas deb topilganda, qonunga xilof ravishda undirilgan mablag‘larni o‘z vaqtida va to‘liq qaytarish orqali tadbirkorlik sub’yektlarining huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, moliyaviy javobgarlikni qo‘llash tartibini yanada yengillashtirish belgilanmoqda. Bu esa tadbirkorlarni asossiz yoki ortiqcha moliyaviy jazolardan himoya qilishga imkon beradi.
Loyiha bilan moliyaviy jarima solish to‘g‘risidagi qaror topshirilgan kundan boshlab bir oy muddatda jarima miqdorining ellik foizini ixtiyoriy ravishda to‘lash sharti bilan jarimaning qolgan qismini to‘lashdan ozod etish yoki jarimani olti oy davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati ham yaratilmoqda.
Moliyaviy jarima solish to‘g‘risidagi qaror bekor qilingan yoki haqiqiy emas deb topilganda, jarima summasini qisqa muddatlarda qaytarish, kechiktirilgan taqdirda esa Markaziy bank asosiy stavkasining uch yuzdan biriga teng miqdorda foiz to‘lash tartibi joriy etilmoqda.
Ushbu qonun loyihasi ham ma’qullandi va yuqori palataga yuborildi.
Tadbirkorlar huquqlari himoyasi yo‘lida
Majlisda «Valyutani tartibga solish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 11¹-moddasiga tadbirkorlik sub’yektlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirish kiritish haqida»gi Qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Huquqni qo‘llash amaliyoti tahlili ayrim holatlarda tadbirkor tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha majburiyatlarni bajarish uchun o‘ziga bog‘liq barcha choralarni ko‘rgan bo‘lsa-da, xorijiy hamkorning harakatlari, to‘lov tizimlaridagi cheklovlar yoki boshqa ob’yektiv omillar sababli aktivlarni o‘z vaqtida qaytarish imkoni bo‘lmasligini ko‘rsatmoqda. Shu bilan birga, amaldagi tartib sudlarga bunday holatlarni to‘liq inobatga olib, jarima miqdorini mutanosib ravishda kamaytirish imkonini yetarlicha bermaydi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, iqtisodiy sudlar tomonidan mazkur toifadagi ishlar bo‘yicha 2024 yilda 3,5 mingga yaqin tadbirkorga 752 mlrd. so‘mlik, 2025 yilda esa 9,1 mingdan ortiq tadbirkorga 3,3 trln. so‘mlik moliyaviy jarimalar qo‘llanilgan. Bu esa tashqi savdo faoliyatida insofli harakat qilgan tadbirkorlar manfaatlarini himoya qilishning qo‘shimcha huquqiy mexanizmlarini yaratish zaruratini ko‘rsatadi.
Shu bois qonun loyihasi bilan javobgarlikni yengillashtiruvchi, hech bo‘lmaganda bitta holat mavjud bo‘lganda, jarimani sud tomonidan 50 foizga kamaytirish nazarda tutilmoqda.
Loyihani ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida aktivlarning aynan yarmini qaytargan tadbirkorlarga ham ushbu yengillikni tatbiq etish belgilangani deputatlarning biznes manfaatlariga e’tiborining amaliy ifodasidir. Mazkur o‘zgarishlar insofli tadbirkorlar zimmasidagi moliyaviy yukni sezilarli yengillashtirib, aylanma mablag‘larini saqlab qolish va faoliyatini barqaror davom ettirish uchun qo‘shimcha imkoniyat yaratadi.
Qonun loyihasi qabul qilinib, Senatga yuborildi.
Sanoat xavfsizligi talablari kuchaytirilmoqda
Majlisda sanoat xavfsizligini ta’minlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqildi.
Mazkur qonun loyihasi aynan shu vazifalardan kelib chiqib, sanoat xavfsizligi talablariga rioya etilishini ta’minlash, xavfli ishlab chiqarish ob’yektlarida avariyalar va baxtsiz hodisalarning oldini olish, shuningdek, bu borada mas’ul shaxslarning javobgarligini kuchaytirishga qaratilgan.
Xususan, Jinoyat kodeksiga sanoat xavfsizligi talablarini buzish oqibatida fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga zarar yetkazish bilan bog‘liq holatlar uchun qat’iy javobgarlik choralarini belgilashni nazarda tutuvchi normalar kiritilmoqda. Bu orqali inson hayoti va sog‘lig‘iga tahdid soluvchi huquqbuzarliklarga nisbatan huquqiy ta’sir choralarini kuchaytirish ko‘zda tutilgan.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilayotgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar esa sanoat xavfsizligi talablariga rioya etmaslik, xavfli ishlab chiqarish ob’yektlarida davlat nazoratini tashkil etmaslik, avariyalarning oldini olish va ularning oqibatlarini bartaraf etishga tayyorgarlik ko‘rish talablarini bajarmaslik uchun mansabdor shaxslarning javobgarligini belgilash va kuchaytirishni nazarda tutadi. Qolaversa, sohada amalga oshirilayotgan islohotlardan kelib chiqib, vakolatli organlarning vazifalari aniqlashtirilmoqda.
Qonun loyihasi uchinchi o‘qishda qabul qilinib, Senatga yuborildi.
Chiqindilar sohasida mukammal huquqiy asoslar yaratiladi
Majlisda chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishni yanada takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.
Tahliliy o‘rganishlar natijalari amaldagi «Chiqindilar to‘g‘risida»gi qonunda ayrim bo‘shliqlar va havolaviy normalar mavjudligini ko‘rsatmoqda. Xususan, boshqaruv asoslari va asosiy yo‘nalishlar, chiqindilarga nisbatan mulkiy munosabatlar hamda sohani moliyalashtirish va qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari to‘liq belgilab berilmagan. Bu esa yangi «Chiqindilar to‘g‘risida»gi qonunni qabul qilishni taqozo etmoqda.
Mazkur qonun loyihasi orqali chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasida maxsus vakolatli davlat organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlari vakolatlari, yuridik va jismoniy shaxslarning huquq va majburiyatlari hamda nodavlat notijorat tashkilotlarining ishtiroki aniqlashtirilmoqda.
Loyihada chiqindilarni tasniflash tizimini joriy etish, sohani iqtisodiy rag‘batlantirish, sanoat ob’yektlarida xavfli chiqindilarni, tibbiyot va biologik chiqindilarni yig‘ish, zararsizlantirish va utilizatsiya qilish tizimini tashkil etish nazarda tutilmoqda.
Hujjatda qurilish chiqindilaridan takroran foydalanish, sanitariya tozalashga ixtisoslashtirilgan tashkilotlar faoliyatining huquqiy asoslari ham belgilab berilmoqda. Shuningdek, qattiq maishiy chiqindilarni qayta yuklash stansiyasi hamda chiqindilar poligonlariga doir talablar qonun darajasida belgilanmoqda.
Bundan tashqari, chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasida qonunchilik hujjatlari talablarining buzilishi tufayli yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash instituti joriy etilmoqda.
Ushbu hujjat chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasidagi ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarni tizimli tartibga solishning mukammal huquqiy asoslarini yaratishga xizmat qiladi.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Yalpi majlisda, shuningdek, «Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlarning xavfsizligiga tahdid va xavf-xatarlarga qarshi kurashish bo‘yicha universal markaz to‘g‘risidagi Bitimni (Tyanszin, 2025 yil 1 sentyabr) ratifikatsiya qilish haqida»gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Bundan tashqari, raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatovning «Raqamli O‘zbekiston — 2030» strategiyasida belgilangan ayrim maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida»gi parlament so‘roviga javobi ham majlis kun tartibidan o‘rin oldi.
Majlisda parlament so‘roviga javobda ko‘tarilgan masalalar bo‘yicha atroflicha ma’lumotlar taqdim qilingani qayd etilib, raqamli texnologiyalar vazirining javobi ma’lumot uchun qabul qilindi.
Laziza Sherova,
“O‘zbekiston ovozi” muxbiri.
