Aholini qiynayotgan muammolarni joyida o‘rganish, ularning yechimi bo‘yicha tegishli tashkilotlar oldiga aniq vazifalar qo‘yish, islohotlarning xalq hayotidagi amaliy natijalarini tahlil qilish deputatlik faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biridir. Shu maqsadda o‘tgan haftada O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi a’zolari mamlakatimiz hududlarida o‘rganishlar va aholi bilan ochiq muloqotlar o‘tkazishdi.
Bu jarayonlarda jamoat xavfsizligini ta’minlash, aholi bandligini oshirish, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarni qo‘llab-quvvatlash, ta’lim muassasalaridagi sharoitlarni yaxshilash, infratuzilmani rivojlantirish kabi kundalik hayot bilan bevosita bog‘liq masalalarga alohida e’tibor qaratildi.
Poytaxt mahallalarida jamoat xavfsizligi qay ahvolda?
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi Irina Tokareva mas’ullar bilan birgalikda Toshkent shahrining Uchtepa tumanidagi Zulfizar va Yusuf Sakkokiy mahallalarida jamoat xavfsizligi holatini o‘rgandi.
Mahalla — inson o‘zini, eng avvalo, xavfsiz, xotirjam va himoyalangan his qilishi lozim bo‘lgan maskan. Shu bois hududlarda osoyishtalikni ta’minlash, huquqbuzarliklarning oldini olish va aholi muammolariga befarq bo‘lmaslik muhim ahamiyatga ega.
O‘rganishlar davomida «mahalla yettiligi» vakillari hamda profilaktika inspektorlari bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, hududlarda jinoyatchilikning oldini olish, huquqbuzarliklarni barvaqt aniqlash, profilaktik ishlarni samarali tashkil etish va fuqarolar osoyishtaligini ta’minlash masalalari muhokama qilindi.
Bunda faqat sodir etilgan huquqbuzarliklarga munosabat bildirish emas, balki ularning kelib chiqish sabablarini aniqlash, xavf omillarini oldindan bartaraf etish va aholi bilan profilaktik ishlarni kuchaytirish zarurligiga e’tibor qaratildi.
Muhim yo‘nalishlardan yana biri ijtimoiy himoya masalasi bo‘ldi. Bugungi kunda Zulfizar mahallasida 360 nafar pensioner va 35 nafar nogironligi bo‘lgan shaxs istiqomat qiladi. Bu esa mazkur toifadagi fuqarolarning ehtiyojlarini muntazam o‘rganish, ularga manzilli yordam ko‘rsatish va kundalik hayotda duch kelayotgan qiyinchiliklarni o‘z vaqtida hal etishni talab qiladi.
Ayniqsa, yoshi ulug‘ insonlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va ijtimoiy ko‘makka muhtoj fuqarolar bilan ishlashda manzilli yondashuv jud a muhim. Chunki ijtimoiy himoyaning samarasi faqat belgilangan yordam turlari bilan emas, balki insonning real ehtiyoji qanchalik inobatga olinayotgani bilan ham belgilanadi.
Shuningdek, mahallalardagi xavfsizlik muammolari, oilaviy nizolarni bartaraf etish, ishsiz va ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolar bilan manzilli ishlash hamda aholi murojaatlarini o‘z vaqtida hal etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Jizzaxda aholi bandligini ta’minlash imkoniyatlari tahlil qilindi
Aholi bandligini ta’minlash, yangi daromad manbalarini yaratish va mehnatga layoqatli fuqarolarni iqtisodiy faollikka jalb etish ijtimoiy sohadagi eng dolzarb vazifalardan hisoblanadi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi Muqaddas O‘razaliyeva Jizzax viloyatining Zomin tumanida bo‘lib, bandlik holati va qishloq xo‘jaligi sohasida yaratilgan imkoniyatlarni o‘rgandi.
Xususan, tuman hududida joylashgan umumiy maydoni 110 gektar bo‘lgan bog‘ faoliyati, unda tashkil etilgan ish o‘rinlari hamda fuqarolar bandligi borasidagi natijalar tahlil qilindi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur bog‘da 45 nafar fuqaro doimiy, 100 nafar fuqaro esa mavsumiy ish bilan band. Bu ko‘rsatkichlar qishloq xo‘jaligi nafaqat mahsulot yetishtirish, balki aholi uchun daromad manbai va bandlik imkoniyati sifatida ham muhim o‘rin tutishini ko‘rsatadi.
Ayniqsa, kam ta’minlangan oilalar vakillarining mehnat faoliyatiga jalb etilayotgani e’tiborga molik.
O‘rganish jarayonida aholi bandligini ta’minlash, mavjud ishlab chiqarish va qishloq xo‘jaligi imkoniyatlaridan samarali foydalanish, ehtiyojmand fuqarolar uchun yangi daromad manbalarini yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, deputat Muqaddas O‘razaliyeva soha mutasaddilari ishtirokida fuqarolar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Qabul davomida 5 nafar fuqaroning murojaatlari tinglandi. Ularning 2 tasi joyida ijobiy hal etildi. Qo‘shimcha o‘rganish va muayyan muddat talab qiladigan 3 ta murojaat esa tegishli mas’ullarga biriktirilib, ularning ijrosi deputat nazoratiga olindi.
Aholi murojaatlarini eshitish va ularning yechimini nazoratga olish deputatlik faoliyatining muhim jihatidir. Chunki har bir murojaat ortida muayyan insonning hayotiy muammosi, oilasining ehtiyoji yoki hal etilishini kutayotgan masala turadi. Shuning uchun ularga o‘z vaqtida va qonuniy asosda munosabat bildirish aholi ishonchini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Deputat tomonidan,shuningdek, deputatlik tanlovi asosida belgilangan «Yoshlik» mahallasining Elobod va Dehqonobod ko‘chalarida «Tashabbusli byudjet» loyihasi doirasida amalga oshirilgan ishlar ham o‘rganildi.
Jarayonda ko‘chalarda bajarilgan ishlar ko‘zdan kechirilib, ichki yo‘llarning holati va aholi uchun yaratilgan qulayliklarga e’tibor qaratildi.
Muloqot davomida yo‘l infratuzilmasini yanada yaxshilash, aholi uchun qulay va xavfsiz harakatlanish sharoitlarini yaratish hamda mavjud muammolarni bartaraf etish masalalari muhokama qilindi. Zero, obod va ravon ko‘chalar, qulay infratuzilma aholining kundalik hayotida seziladigan muhim o‘zgarishlardan biridir.
Qarshida maktabning kuz-qish mavsumiga tayyorgarligi ko‘zdan kechirildi
Ta’lim muassasalarida munosib sharoitlarni yaratish, o‘quvchilarning xavfsiz va qulay muhitda bilim olishini ta’minlash ham doimiy e’tibor talab qiladigan masalalardan. Ayniqsa, kuz-qish mavsumida maktab binolarining issiqligi, energiya resurslari ta’minoti va moddiy-texnika bazasining holati ta’lim jarayonining uzluksizligiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi Imomnazar Tursunov Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahridagi 10-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida bo‘lib, muassasada yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
O‘rganish jarayonida maktabning kuz-qish mavsumiga tayyorgarligi, ta’lim muassasasini elektr energiyasi, ko‘mir, tabiiy va suyultirilgan gaz bilan uzluksiz ta’minlash holati, o‘quvchilar uchun yaratilgan sharoitlar hamda moddiy-texnika bazasi ko‘zdan kechirildi.
Shuningdek, maktab hududida o‘quvchilarni sifatli va hamyonbop oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlovchi oshxona hamda pishiriq syexi faoliyati bilan tanishildi. Bunday xizmat ko‘rsatish nuqtalari o‘quvchilarning kun davomida sog‘lom va sifatli ovqatlanishini tashkil etishda muhim o‘rin tutadi.
O‘rganish davomida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik bilan bog‘liq ayrim kamchiliklarga ham e’tibor qaratildi. Maktab binolarini mavsumga to‘liq tayyorlash, energiya resurslari ta’minoti uzluksizligini ta’minlash va mavjud muammolarni bartaraf etish zarurligi ta’kidlandi.
Navoiyda maktabgacha va maktab ta’limi tizimidagi ishlarga e’tibor qaratildi
Ta’lim sohasini rivojlantirish, maktabgacha ta’lim qamrovini kengaytirish, maktablarda ta’lim sifati va samaradorligini oshirish, pedagoglar uchun munosib mehnat sharoitlarini yaratish bugungi kunning muhim vazifalaridan biridir.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi Iba Narizova Navoiy viloyatining Konimex tumanida maktabgacha va maktab ta’limi sohasi mas’ullari bilan uchrashdi.
Ta’lim muassasalari faoliyatini takomillashtirishda nafaqat o‘quv dasturlari va ta’lim jarayoni, balki muassasalardagi mavjud shart-sharoitlar, pedagoglarning mehnat faoliyati va bolalar uchun yaratilgan imkoniyatlar ham muhim ahamiyatga ega.
Shu nuqtai nazardan, uchrashuvda ta’lim muassasalarida mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, bolalarning sifatli ta’lim olishi uchun munosib sharoitlarni yaratish, pedagoglarni qo‘llab-quvvatlash va sohadagi dolzarb masalalarni hal etish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi.
Ta’lim tizimidagi har bir ijobiy o‘zgarish, avvalo, bolalarning kelajagi, ota-onalarning ishonchi va jamiyatning intellektual salohiyati bilan bog‘liq. Shu bois bu yo‘nalishdagi muammolarni o‘z vaqtida aniqlash, mas’ullar bilan hamkorlikda ularning yechimini izlash muhimdir.
Umuman olganda, hududlarda olib borilayotgan mazkur o‘rganishlar deputatlik faoliyatining aholi hayoti bilan bevosita bog‘liqligini namoyon etadi. Mahallada xavfsizlikni ta’minlashdan tortib, fuqarolar bandligini oshirish, ta’lim muassasalaridagi sharoitlarni yaxshilash va aholi murojaatlarini hal etishgacha bo‘lgan masalalarning har biri inson manfaatlari bilan chambarchas bog‘liq.
Laziza Sherova,
“O‘zbekiston ovozi” muxbiri.
