Jamiyat kutayotgan o‘zgarishlar va ertangi kun uchun muhim qarorlar — bularning barchasi parlament muhokamalarida o‘z aksini topadi.
Kecha Oliy Majlis Qonunchilik palatasida navbatdagi yalpi majlis bo‘lib o‘tdi. Unda mamlakat taraqqiyoti, fuqarolar manfaatlari va turli sohalardagi dolzarb masalalarga oid qonun loyihalari ko‘rib chiqildi. Muhimi, har bir muhokama ortida muayyan mas’uliyat, har bir qaror ortida esa katta maqsad mujassam.
Lizingning huquqiy asoslari takomillashtirilmoqda
Majlisda dastlab yakka tartibdagi tadbirkorlarning lizing xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Ushbu hujjat bilan yakka tartibdagi tadbirkorlarning lizing olish imkoniyatlarini kengaytirish, lizing munosabatlarining huquqiy asoslarini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda.
Qonun loyihasida lizing ob’yektini hisobga olish tartibini takomillashtirish ham belgilangan. Unga ko‘ra, lizing ob’yekti lizing oluvchining balansida hisobga olinadi. Lizing oluvchi yakka tartibdagi tadbirkor bo‘lgan hollarda esa lizing ob’yekti lizing beruvchining balansida hisobga olinishi belgilanmoqda.
Majlisda qayd etilganidek, qonun loyihasining qabul qilinishi yakka tartibdagi tadbirkorlarning lizing xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, lizing ob’yektini hisobga olish bilan bog‘liq talablarni takomillashtirish hamda lizing shartnomalarining huquqiy aniqligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, hujjatda nazarda tutilgan normalar tadbirkorlik sub’yektlarining moliyaviy resurslardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, moliya bozori infratuzilmasini yanada rivojlantirish hamda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashning uzluksiz tizimini shakllantirishga zamin yaratadi.
Qonun loyihasi uchinchi o‘qishda qabul qilinib, Senatga yuborildi.
Intellektual mulk muhofazasida yangi yondashuv
Shundan so‘ng intellektual mulk huquqlarini ishonchli himoya qilish, mualliflar manfaatlarini ta’minlash va sohadagi huquqiy mexanizmlarni zamon talablariga moslashtirish masalalari parlament muhokamasida bo‘ldi.
Deputatlar intellektual mulkni huquqiy muhofaza qilish tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda muhokama qilishdi.
Ushbu hujjat intellektual mulk sohasida huquqiy muhofaza va himoya mexanizmlarini yanada takomillashtirish, tadbirkorlik sub’yektlari va investorlar uchun qulay huquqiy muhit yaratish, ma’muriy tartib-taomillarni soddalashtirishga qaratilgan.
Qonun loyihasi bilan xizmat vazifalarini bajarish jarayonida xodim tomonidan yaratilgan asarlar yoki dasturiy mahsulotlarga bo‘lgan mulkiy huquqlarni tartibga solishda tomonlarning shartnomaviy erkinligi ta’minlanmoqda. Xususan, xizmat asarlariga oid mulkiy huquqlarning o‘n yildan keyin avtomatik ravishda muallifga o‘tishi haqidagi norma bekor qilinib, ushbu munosabatlarni shartnoma asosida belgilash nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, intellektual mulk ob’yektlari bo‘yicha davlat ekspertizasi qarorlaridan norozi bo‘lgan shaxslarga Apellyasiya kengashiga murojaat qilish bilan bir qatorda, bevosita sudga murojaat qilish huquqi berilmoqda. Bu fuqarolar va tadbirkorlarning o‘z huquqlarini sud orqali himoya qilish imkoniyatlarini kengaytiradi.
Bundan tashqari, qonun loyihasi bilan ixtiro, foydali model, sanoat namunasi va seleksiya yutuqlariga oid patentlarning amal qilishini saqlab qolish uchun davlat bojini oldindan to‘lash imkoniyati yaratilmoqda. Bu huquq egalari uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish va intellektual mulk ob’yektlaridan samarali foydalanish uchun ayni muddaodir.
Majlisda ta’kidlanganidek, qonun loyihasining qabul qilinishi intellektual mulk ob’yektlarini huquqiy muhofaza qilish va himoya mexanizmlarini yanada takomillashtirish, mahalliy va xorijiy investorlar uchun ishonchli huquqiy muhit yaratish, innovasion faoliyatni rag‘batlantirish hamda mamlakatimizning investisiyaviy jozibadorligini oshirishga xizmat qiladi.
Qonun loyihasi uchinchi o‘qishda qabul qilinib, Senatga yuborildi.
Tadbirkorlikni rag‘batlantirish mexanizmlari
Bugungi kunda tadbirkorlikni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi daromadlarini oshirish iqtisodiy taraqqiyotning muhim omillaridan biri hisoblanadi. Buning uchun esa tadbirkorlar oldidagi ortiqcha to‘siqlarni bartaraf etish, ularga qulay shart-sharoit yaratish va mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanishga yo‘l ochish muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu bilan birga, iqtisodiy o‘sish faqat ishlab chiqarish hajmi bilan emas, balki tabiiy resurslardan, ayniqsa, suvdan oqilona foydalanish bilan ham chambarchas bog‘liq. Zero, bugungi tejamkorlik ertangi taraqqiyot, barqaror farovonlik va kelajak avlodlar manfaatlarining muhim kafolatidir.
Majlisda tadbirkorlik sub’yektlarini qo‘llab-quvvatlash va suv resurslaridan oqilona foydalanishni ta’minlashga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqildi.
Ushbu hujjat tadbirkorlik sub’yektlarini qo‘llab-quvvatlash, bozorda teng sharoitlar va adolatli raqobat muhitini ta’minlash, soliq imtiyozlarini qo‘llash mexanizmlarini soddalashtirish, aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish va daromadlarini oshirish, shuningdek, suv resurslaridan oqilona foydalanishni rag‘batlantirishga qaratilgan.
Qonun loyihasida tadbirkorlik sub’yektlarini soliq imtiyozlari orqali qo‘llab-quvvatlash, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalarini rag‘batlantirish hamda hududlarda ishbilarmonlik faolligini oshirishga qaratilgan asosiy normalar o‘z aksini topgan.
Deputatlarning ta’kidlashicha, mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi tadbirkorlar uchun nazarda tutilgan yengilliklardan samarali foydalanish, soliq munosabatlarida huquqiy aniqlikni ta’minlash hamda hududlarda qulay ishbilarmonlik muhitini yaratishga xizmat qiladi.
Qonun loyihasi uchinchi o‘qishda qabul qilinib, Senatga yuborildi.
Oylar emas, kunlar hisobida
Bugungi kunda migratsiya jarayonlari tobora faollashib, mamlakatlar o‘rtasidagi mehnat va ijtimoiy aloqalar kengayib bormoqda. Bunday sharoitda chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquqiy maqomini aniq belgilash, ularning mamlakatimiz hududida bo‘lish tartibini shaffof va tushunarli tashkil etish muhim ahamiyat kasb etadi.
Migratsiya sohasidagi har bir tartib-qoida nafaqat davlat organlari faoliyati, balki yurtimizga kelayotgan insonlarning kundalik hayoti, huquq va manfaatlariga ham bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois bu boradagi qonunchilikning aniq, izchil va zamon talablariga mos bo‘lishi dolzarb vazifalardan biridir.
Ayniqsa, davlat xizmatlarini ko‘rsatishda ortiqcha ovoragarchiliklarni bartaraf etish, huquqiy tushunmovchiliklarning oldini olish va mas’ul idoralar faoliyatini o‘zaro muvofiqlashtirish samarali migratsiya tizimini shakllantirishning muhim sharti hisoblanadi.
Yalpi majlisda deputatlar «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga migratsiya va personallashtirish bo‘linmalari faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan
o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda ko‘rib chiqishdi.
Qonun loyihasi bilan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish muddatlari aniqlashtirilmoqda. Xususan, amaldagi qonunchilikda oylar bilan belgilangan muddatlar kunlar hisobida ifodalanib, ro‘yxatdan o‘tkazish muddatlarini hisoblashda aniqlikni ta’minlash va huquqni qo‘llash amaliyotida turlicha talqinlarning oldini olish nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, migratsiya va personallashtirish sohasidagi davlat organlarining vakolatlari hamda nomlanishini amaldagi tashkiliy tuzilmaga muvofiqlashtirish maqsadida bir qator qonun hujjatlariga tegishli o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Xususan, «migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish» tushunchasi «migratsiya va personallashtirish» tushunchasiga almashtirilib, qonunchilik hujjatlarida yagona yondashuv ta’minlanmoqda.
Deputatlarning ta’kidlashicha, mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning noqonuniy mehnat faoliyatini amalga oshirishining oldini olish, migratsiya sohasida davlat xizmatlari ko‘rsatish samaradorligini oshirish hamda qonunchilik hujjatlarini o‘zaro muvofiqlashtirishga xizmat qiladi.
Muhokamalar yakunida qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirining parlament so‘roviga javobi ko‘rib chiqildi
Deputatlar investisiyalar, sanoat va savdo vaziri L. Qudratovning «Hududlarda chet el investisiya loyihalarini amalga oshirish jarayonlarini monitoring qilish, investisiyaviy samaradorlikni baholash va investorlar bilan ishlash mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida»gi parlament so‘roviga javobini ko‘rib chiqishdi.
Taqdim etilgan javobga ko‘ra, 2026 yilning yanvar–sentyabr oylarida 44,3 mlrd AQSH dollari miqdorida xorijiy investisiya va kredit mablag‘lari o‘zlashtirilgan. Shu davrda qiymati 3,8 mlrd dollar bo‘lgan 106 ta yirik loyiha ishga tushirilib, 13,8 mingta ish o‘rni yaratilgan.
Shuningdek, investisiya loyihalari ijrosini raqamli monitoring qilish, ularda yuzaga kelayotgan muammolarni o‘z vaqtida aniqlash, maxsus iqtisodiy zonalar boshqaruvini takomillashtirish hamda davlat kafolati ostida jalb etilgan xorijiy kreditlardan samarali foydalanish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Taqdim etilgan javobda maxsus iqtisodiy zonalarning huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish maqsadida «Maxsus iqtisodiy zonalar to‘g‘risida»gi Qonunning yangi tahriri loyihasi ishlab chiqilgani, eksportchilarni qo‘llab-quvvatlash choralari mamlakatimizning xalqaro savdo majburiyatlariga muvofiqlashtirib borilayotgani bayon qilingan.
Deputatlar investisiyalar samaradorligini faqat o‘zlashtirilgan mablag‘lar bilan emas, balki yaratilgan qo‘shilgan qiymat, barqaror bandlik, mahalliy kooperatsiya va aholi farovonligiga ta’siri orqali baholash muhimligini qayd etdilar.
Shuningdek, hududlarning mavjud salohiyati va ixtisoslashuvidan kelib chiqib, iqtisodiy qaytimi yuqori loyihalarni tanlash, mahalliy korxonalar bilan kooperatsiyani kuchaytirish hamda investisiya tashabbuslarini amaliy natijaga yo‘naltirish yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirildi.
Mazkur masalalar yuzasidan parlament nazoratini amalga oshirish investisiya sohasida qonunchilik ijrosini o‘rganish, mavjud muammolarni aniqlash hamda mas’ul davlat organlari faoliyatining natijadorligini oshirishga xizmat qilishi qayd etildi.
Majlisda parlament so‘roviga javobda ko‘tarilgan masalalar yuzasidan atroflicha ma’lumotlar taqdim etilgani ta’kidlanib, tegishli qaror qabul qilindi.
Laziza Sherova,
“O‘zbekiston ovozi” muxbiri.
