O‘zbekiston Respublikasining “Atmosfera havosini muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonunida “Atmosfera havosi tabiiy resurslarning tarkibiy qismi bo‘lib, u umummilliy boylik hisoblanadi va davlat tomonidan muhofaza qilinadi”, deb qat’iy belgilab qo‘yilgan. Xo‘sh, bu umummilliy xazinamiz amalda qanchalik asrab-avaylanyapti? Agar u shunchalik mustahkam himoyalanayotgan bo‘lsa, nega yildan-yilga toza havoga muhtoj bo‘lib boryapmiz?
Axir, davlatimiz rahbari 2024 yilning 29 yanvar kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda havo ifloslanishining oldini olish bo‘yicha ilmiy asoslangan taklif va hisob-kitoblar qilinmayotgani yuzasidan tegishli vazirlik hamda idoralar faoliyatidagi qoloqliklarni keskin tanqid qilib, qat’iy ogohlantirish bergan edi. Oradan shuncha vaqt o‘tdi.
O‘shanda Ekologiya vazirligi ham Toshkent shahrida havo ifloslanishining asosiy omillari sifatida IESlarda ko‘mir va mazutdan foydalanish ortgani, tartibsiz qurilishlar va daraxtlarning kesilishi ko‘paygani, sifatsiz yonilg‘ida harakatlanuvchi transport vositalaridan chiqayotgan zaharli tashlamalarni sanab o‘tgandi. Demak, kasallikning tashxisi barchaga kunday ravshan! Biroq shu ekologik fojialarga sabab bo‘lgan, minglab yillik daraxtlarni ayovsiz kesgan kimsalarga, shaharsozlik bosh rejalari tasdiqlanmasdan turib, shamol yo‘laklarini to‘sib, betartib qurilish qilayotgan korxona va tashkilot rahbarlariga qachon qat’iy chora ko‘riladi? Yoki qachongacha poytaxt havosini ifloslantirishda asosiy aybdor sifatida tandirda ikkita somsa pishirib, ro‘zg‘or tebratayotgan oddiy somsapazlarni ko‘rsatib, o‘zimizni o‘zimiz aldab yuramiz?!
Atmosferani yaxshilash maqsadida “Yashil belbog‘”, “Yashil makon” kabi ulkan loyihalar ishlab chiqilganidan barchamiz xabardormiz. Bu tashabbuslar e’lon qilinganiga ham bir necha yillar bo‘ldi. Tabiat qonuniga ko‘ra, mehr bilan parvarishlangan nihol ikki-uch yil ichida bo‘y cho‘zib, soya-salqin beradigan daraxtga aylanishi kerak edi. Unda nega hisobotlarda ekilgani aytilayotgan millionlab ko‘chatlar haligacha yashil o‘rmonlarga aylanmadi? Aksincha, poytaxtimiz cho‘llanishda davom etyapti. Suvsizlik va qarovsizlikdan qadalgan novdalar yoz kelmayoq qurib qolyapti. Har mavsumda millionlab ko‘chat ekilgani haqida balandparvoz raqamlar qulog‘imizga chalinadi-yu, ammo u ko‘chatlarning keyingi taqdiri mavhumligicha qolib ketmoqda.
To‘g‘ri, xalqimiz sabrli, kelajakka umid bilan qaraydi. Biroq bugungi chang-g‘ubor ertangi avlodning genofondiga hozirdanoq zarba bermoqda.
Ekologik vaziyat viloyatlarga ham ko‘chmoqdami?
Har kuni ertalab derazadan tashqariga emas, xalqaro www.iqair.com portaliga qarab qanday havodan nafas olayotganimizni tekshirish odat tusiga kirib bormoqda. Raqamlar esa odamni vahimaga soladi. Xususan, 19 oktyabr holatiga ko‘ra, Toshkentda havoning ifloslanish darajasi belgilangan me’yordan naq 11 baravar oshib ketdi! Poytaxtdagi monitoring stansiyalari 153 AQI (havo sifati indeksi) natijasini qayd etdi. Eng xavotirlisi, bu ekologik ofat endi faqatgina poytaxt chegarasida qolmayapti. 19 oktyabr kuni Samarqand shahrida ham havo sifati sezilarli darajada yomonlashib, indeks ko‘rsatkichi 105 AQI ga yetdi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bunday havo nafas olish yo‘llari va og‘ir xastaligi bor insonlar, ayniqsa, go‘daklar hamda keksalar salomatligi uchun bevosita xavfli hisoblanadi.
Ifloslangan havo shunchaki yoqimsiz manzara emas, u sekin ta’sir qiluvchi qotildir. Tibbiyot xulosalariga ko‘ra, bunday zaharli atmosfera yurak-qon tomir kasalliklari, o‘pka saratoni, demensiya, surunkali bronxit, og‘ir allergiya va asab tizimi buzilishlarini keltirib chiqaradi. Dunyo miqyosida har kuni o‘n minglab insonlar, jumladan, minglab begunoh bolalar aynan ifloslangan havo oqibatida kelib chiqqan xastaliklardan bevaqt vafot etmoqda.
Qolaversa, bu holat mamlakat iqtisodiyotiga ham ko‘rinmas, og‘ir zarba beradi. Kislorod yetishmasligi va zaharli havo tufayli insonlarning mehnat qobiliyati pasayib, ish unumdorligi yo‘qoladi. Chang bo‘ronlari va kislotali cho‘kindilar qishloq xo‘jaligiga, ekin va bog‘larga zarar yetkazadi. Eng asosiysi, biz butun dunyoga targ‘ib qilayotgan turizm salohiyatimizga soya soladi.
Nima qilish kerak?
Xalqimizda “Toza havo — dardga davo” degan naql bor. Bugun esa nafas olayotgan havomizning o‘zi dard ustiga chipqon bo‘lmoqda. Shunday bo‘lsa-da, umidni so‘ndirmasligimiz shart. Axir, o‘zbek xalqi yantoq bitmaydigan qaqroq cho‘llarni-da bo‘stonga aylantira olgan bunyodkor millat. Faqat bunga xohish, qat’iy iroda va tizimli yondashuv bo‘lsa bas.
Tarixga nazar tashlaylik: Ikkinchi jahon urushida atom bombasi fojiasini boshidan kechirgan Yaponiya xalqi og‘ir sinov oldida taslim bo‘lmadi. Millat birlashdi, irodasi bukilmadi — ular nafaqat vayron bo‘lgan iqtisodiyotini, balki zaharlangan tabiatini, ekologiyasini va so‘lim bog‘larini ham qaytadan tiklay oldi. Shunday ekan, nega biz tinch va farovon zamonda yashab turib, o‘z shaharlarimiz havosini tozalashni, yashillikni qaytarishni uddalay olmasligimiz kerak?! Qo‘l qovushtirib o‘tirsak, o‘z uyimizdagi ekologiyaga befarq bo‘lsak, bizni kelajak avlod kechiradimi?
Bugun ko‘chaga chiqsangiz, har qadamda turli xil «House», «City», «Residence» kabi jarangdor nomli qurilish kompaniyalarining ulkan reklama bannerlariga ko‘zingiz tushadi. Xo‘sh, ahvolimiz shu qadar jiddiy ekan, ularning o‘rnida “Har bir oiladan — 10 tup daraxt”, “Shahrimizga toza nafas qaytaraylik!” kabi ijtimoiy targ‘ibot chaqiriqlarini ko‘rmaymiz? Nega daraxt ekish va uni ko‘kartirishni vijdon ishiga aylantirmayapmiz?
Albatta, muammodan qochishning oson yo‘li ham bor: imkoni borlar poytaxtni tashlab, havosi nisbatan toza bo‘lgan Bo‘stonliq, Zomin, Oqtosh tomonlarga yoki bo‘lmasa chet ellarga ketishi mumkindir. Lekin millionlab oddiy xalq shu yerda yashaydi, shu zaminda nafas oladi. Shunday ekan, poytaxtimizga toza havo qaytishida barchamiz faol bo‘laylik.
Azim AXTAMOV,
“O‘zbekiston ovozi” muxbiri.
