O'zbekiston

Muammo qog‘ozda qolmaydi

Blog Image
Email : 9 0

Deputatlik faoliyatining haqiqiy samarasi bildirilgan takliflar yoki yuborilgan hujjatlar soni bilan emas, balki odamlarning hayotida qanday ijobiy o‘zgarishlar yuz bergani bilan o‘lchanadi. Chunki har bir murojaat ortida bir insonning umidi, bir oilaning tashvishi, ba’zan esa yillar davomida yechimini topmagan muammo turadi.

Shu bois deputatlik so‘rovi muammoning mavjudligini qayd etish bilangina cheklanmasligi kerak. Uning asl maqsadi — muammoning sabablarini aniqlash, mas’ul idoralardan asosli javob olish va masala hal etilguniga qadar uning ijrosiga e’tibor qaratishdir.

Avvalo, sabablarni o‘rganish zarur

Shunday holatlar uchraydiki, bir muammo haqida qayta-qayta murojaat qilinadi, mas’ul tashkilotlar esa har safar rasmiy javob berish bilan cheklanadi. Biroq muammoning o‘zi bartaraf etilmasa, berilgan javobning amaliy qiymati qanchalik yuqori bo‘lishi mumkin?

Masalan, aholi ichimlik suvi ta’minotidan norozi bo‘lsa, faqat suv yetkazib berishdagi uzilishlarni sanashning o‘zi yetarli emas. Quvurla r holati, suv manbalarining quvvati, ta’mirlash ishlarining o‘z vaqtida bajarilishi, ajratilgan mablag‘larning maqsadli sarflanishi va mas’ul tashkilotlar faoliyati ham tahlil qilinishi lozim.

Demak, deputatlik so‘rovi muammoning tub ildizlarini ochib berishga xizmat qilishi kerak.

Har qanday murojaatga javob olish muhim, ammo javobning mavjudligi muammoning hal etilganini anglatmaydi. Fuqaro uchun eng muhimi — qog‘ozdagi ma’lumot emas, balki kundalik hayotida seziladigan o‘zgarishdir.

Agar yo‘l ta’mirlanmagan, maktabdagi sharoit yaxshilanmagan bo‘lsa, aholining bandlik yoki ijtimoiy himoya bilan bog‘liq muammosi hal etilmagan bo‘lsa, berilgan javobning mazmuni va amaliy natijasi yana bir bor tahlil qilinishi zarur.

Shu ma’noda, deputatlik so‘rovining samaradorligiga baho berishda uchta muhim masalaga e’tibor qaratish kerak, deb o‘ylaymiz. Ya’ni, muammoning asl sababini aniqlash, uni bartaraf etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni belgilash va ushbu choralar amalda bajarilib, aholi hayotida ijobiy o‘zgarish yuz berishi lozim.

Biz bugun deputatlarimiz tomonidan yuborilayotgan so‘rovlarni ana shu nuqtai nazardan tahlil qilishni joiz topdik.

Aholi mablag‘iga olingan transformator nega ishlamayapti?

Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashi deputati Alisher Pardayev Bandixon tumanidagi «Gulbog‘» mahallasida yashovchi fuqaro Ibrohim Aliyarovning elektr ta’minoti bilan bog‘liq murojaatini o‘rganib, muammoning yechimini topish maqsadida tegishli mutasaddi tashkilotga deputatlik so‘rovi yubordi.

Murojaatda mahallaning «Gʻaznachi» ko‘chasida yashovchi aholini barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlash masalasi ko‘tarilgan. Ta’kidlanishicha, xonadonlarni elektr energiyasi bilan ta’minlashni yaxshilash maqsadida aholi tomonidan 250 kVA quvvatga ega transformator 37 million so‘mga sotib olingan. Bu esa od amlarning o‘z turmush sharoitini yaxshilash, mavjud muammoni bartaraf etish yo‘lida tashabbus ko‘rsatib, muayyan mablag‘ sarflaganini anglatadi.

Biroq transformatorni elektr tarmog‘iga to‘liq ulash uchun qo‘shimcha infratuzilma zarur. Xususan, 20 dona elektr ustuni o‘rnatish va 1 500 metr yuqori kuchlanishli sim tortish talab etilmoqda. Ushbu ishlar amalga oshirilmas ekan, aholining mavjud muammosini to‘liq hal etish qiyinligicha qoladi.

Bu yerda gap faqat transformator yoki elektr simlari haqida emas, odamlarning munosib turmush sharoiti, xonadonlardagi kundalik ehtiyojlar va aholining o‘z tashabbusi bilan boshlagan ishini mantiqiy yakuniga yetkazish haqida bormoqda. Chunki bugungi kunda elektr energiyasi nafaqat qulaylik, balki ta’lim olish, mehnat qilish, maishiy ehtiyojlarni qondirish va oilalarning kundalik hayotini bir maromda tashkil etish uchun ham muhim omildir.

Mazkur masala yuzasidan deputat Alisher Pardayev tomonidan «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ Surxondaryo hududiy filiali direktori M. Shamsiddinovga deputatlik so‘rovi yuborildi. So‘rovda zarur elektr infratuzilmasini yaratish, transformatorni elektr tarmog‘iga ulash bilan bog‘liq masalani o‘rganish hamda muammoni bartaraf etishda amaliy yordam ko‘rsatish so‘raldi.

Albatta, aholi tomonidan muayyan mablag‘ sarflanib, zarur uskuna xarid qilinganining o‘zi muammo to‘liq hal etilganini anglatmaydi. Eng muhimi — boshlangan ishni yakuniga yetkazish, zarur texnik va tashkiliy masalalarni hal etish hamda elektr ta’minotining barqarorligini ta’minlashga qaratilgan amaliy choralarni ko‘rishdir.

Deputatlik so‘rovining ahamiyati ham aynan shunda: u aholi murojaatida ko‘tarilgan masalani mas’ul tashkilot e’tiboriga yetkazish, mavjud to‘siqlarni aniqlash va qonuniy vakolatlar doirasida yechim topishga ko‘maklashish uchun muhim vosita hisoblanadi.

Shundan kelib chiqib, «Gʻaznachi» ko‘chasidagi aholini barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlash, murojaatda ko‘tarilgan muammoning amaliy yechimiga erishish va fuqarolarning qonuniy manfaatlarini himoya qilishga jiddiy kirishildi.

Xalq murojaati e’tiborsiz qolmasligi, muammo esa faqat qog‘ozda emas, hayotda ham o‘z yechimini topishi kerak.

Kanalizatsiya quvurlarini ta’mirlash masalasi ko‘rib chiqilmoqda

Xalq deputatlari Chinoz tumani Kengashiga 2-Hamza saylov okrugidan saylangan deputat A. Baxromov tomonidan “Xo‘ja” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi ko‘p qavatli uylarning kanalizatsiya quvurlarini ta’mirlash masalasi yuzasidan tuman hokimining birinchi o‘rinbosari M. Miryakubov nomiga yuborilgan deputatlik so‘roviga belgilangan tartibda javob berildi.

Ma’lum bo‘lishicha, “Xo‘ja” mahallasi hududidagi ko‘p qavatli uylarning kanalizatsiya quvurlarini ta’mirlash aholi uchun muhim bo‘lgan maishiy va sanitariya masalalaridan biridir. Chunki kanalizatsiya tizimining soz hola tda ishlashi nafaqat uy-joylardagi qulaylik, balki sanitariyatalablariga rioya etish, atrof-muhitni muhofaza qilish va aholi salomatligini asrash uchun xizmat qiladi.

Bunday muammolar o‘z vaqtida bartaraf etilmasa, aholi kundalik hayotida qator noqulayliklar yuzaga kelishi mumkin. Shuning uchun muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini ta’mirlash, ularning texnik holatini yaxshilash va mavjud kamchiliklarni bartaraf etishga alohida e’tibor qaratish zarur.

Deputatlik so‘rovi yuzasidan o‘tkazilgan o‘rganish natijasida mazkur muammoni bartaraf etish uchun «Infratuzilma va ijtimoiy barqarorlik» jamg‘armasi hisobidan mablag‘ ajratish masalasi ko‘rib chiqilishi ma’lum qilindi.

Bu — aholi murojaatini hal etish yo‘lid agi muhim tashkiliy qadam. Endilikda asosiy e’tibor zarur mablag‘ ajratish, ta’mirlash ishlarini amalga oshirish imkoniyatlarini aniqlash va muammoning amaliy yechimiga erishishga qaratilishi lozim.

Mazkur masala deputat nazoratiga olindi. Aholi murojaatida ko‘tarilgan muammoni bartaraf etish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilishi belgilandi.

Zero, deputatlik so‘rovining ahamiyati faqat rasmiy javob olish bilan cheklanmaydi. Uning asosiy maqsadi — aholi muammosini mas’ul tashkilotlar e’tiboriga yetkazish, yechim topish jarayoniga turtki berish va belgilangan choralarning amaliy natija bilan yakunlanishiga ko‘maklashishdir.

“Qo‘shtepa” mahallasida qanday muammo bor?

Xalq deputatlari Oltinko‘l tumani Kengashining 3-«Mehnat» saylov okrugidan saylangan deputat Rahimberdi Komilov tomonidan fuqarolar murojaatlarini o‘rganish, aholini qiynayotgan muammolarga yechim topish hamda ularning kundalik turmush sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan ishlar olib borilmoqda.

Jumladan, “Qo‘shtepa” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida ichimlik suvi tarmog‘ida yuzaga kelgan nosozlik yuzasidan murojaat kelib tushgan. Mazkur muammo aholini toza ichimlik suvi bilan uzluksiz ta’minlash masalasi bilan bog‘liq bo‘lgani sababli uni o‘z vaqtida bartaraf etish muhim.

– Ichimlik suvi har bir xonadonning kundalik ehtiyoji, oila farovonligi va munosib turmush sharoitining ajralmas qismidir, – deydi deputat. – Suv ta’minotidagi hatto kichik bir nosozlik ham aholining kundalik hayotiga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Ayniqsa, xonadonlarda ichimlik suviga bo‘lgan ehtiyoj doimiy bo‘lgan bir sharoitda tarmoqlardagi muammolarni o‘z vaqtida bartaraf etish, suv ta’minoti barqarorligini ta’minlash dolzarb vazifalardan hisoblanadi.

Shu bois mazkur murojaatga befarq qaralmasdan, mavjud nosozlikni bartaraf etish va aholini uzluksiz ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida «Suv ta’minoti» AJ rahbari D. Burxonovga deputatlik so‘rovi yubordim.

Deputatlik so‘rovida mahalladagi suv tarmog‘ida yuzaga kelgan nosozlikni bartaraf etish hamda aholini barqaror ichimlik suvi bilan ta’minlash masalasi ko‘tarildi.

Natijada murojaatda ko‘tarilgan muammo ijobiy hal etildi.

Tomorqa — daromad manbai

Suv — hayot manbai, tomorqa — oila farovonligi va daromadning boshi. Ularni bir-biri bilan bog‘lab turuvchi eng muhim omil esa suvdan oqilona foydalanish va uni aholiga o‘z vaqtida yetkazib berishdir.

Xalq deputatlari Qumqo‘rg‘on tumani Kengashi deputati A. Abdurahmonov tomonidan «Saxovat» mahallasining Tarvuzpoya va Boyqishloq ko‘chalarida yashovchi fuqarolarning oqar suv bilan bog‘liq murojaati o‘rganildi.

Nazorat-tahlil davomida sug‘orish ariqlarining betonlashtirilmagani sababli suv yo‘qotishlari yuzaga kelayotgani, natijada suvning iste’molchilarga yetib borishi qiyinlashayotgani aniqlandi.

Bu, bir qarashda, oddiy ariq masalasidek ko‘rinishi mumkin. Ammo tomorqasida ekin yetishtirayotgan oila uchun suvning o‘z vaqtida kelishi hosil taqdiri, sarflangan mehnat va oilaviy daromad bilan bevosita bog‘liq.

Tomorqa — ko‘plab xonadonlar uchun nafaqat qo‘shimcha daromad, balki oilani oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash, ro‘zg‘or xarajatlarini kamaytirish va mehnat orqali farovonlikka erishish imkoniyati hamdir.

Suvning yo‘l-yo‘lakay yo‘qotilishi esa uning tanqisligiga, sug‘orish samaradorligining pasayishiga va aholi uchun qo‘shimcha qiyinchiliklarga sabab bo‘lishi mumkin.

Mavjud muammoni bartaraf etish, suvning aholi tomorqalariga yetib borishini yaxshilash maqsadida tuman «Suv yetkazib berish xizmati» davlat muassasasiga deputatlik so‘rovi yuborildi.

Mazkur tashabbusdan ko‘zlangan maqsad — fuqarolar murojaatida ko‘tarilgan masalaga e’tibor qaratish, sug‘orish tizimidagi kamchiliklarni bartaraf etishga ko‘maklashish va suvdan samarali foydalanish uchun zarur sharoit yaratishdir.

Deputatning aytishicha, ayni kunda deputatlik so‘rovi ijrosi doirasida sug‘orish ariqlarini qazish ishlari olib borilmoqda. Bu — aholi ko‘targan muammoni hal etish yo‘lidagi amaliy qadam. Ariqlarni zarur holatga keltirish orqali suvning harakatlanishini yaxshilash, uning manzilga yetib borishidagi to‘siqlarni kamaytirish va tomorqa yerlarini sug‘orish imkoniyatlarini oshirish ko‘zda tutilgan.

***

Ko‘rinib turibdiki, deputatlar yuborayotgan so‘rov nafaqat muammolarni ko‘rsatadi, balki ularni amalda hal etishga ham yo‘l ochadi. Shuning uchun deputatlik so‘rovi xalq manfaatlarini himoya qilishda katta ahamiyatga ega.

Laziza Sherova,
“O‘zbekiston ovozi” muxbiri.