O'zbekiston

Muammoni ko‘rishdan uni hal qilishgacha

Blog Image
Email : 19 0

Deputatlik faoliyatini odamlardan uzoqda tasavvur qilib bo‘lmaydi. Chunki uning haqiqiy ishi, avvalo, xalq orasida, odamlar bilan yuzma-yuz muloqotda namoyon bo‘ladi. Ularning dardini eshitib, «Albatta, hal qilamiz», deb va’da berish oson, ammo aytilgan so‘zning ortidan amaliy harakat, muammoni tegishli tashkilotlar oldiga qo‘yish va natijasini nazorat qilish — haqiqiy deputatlik faoliyatidir.

Ko‘pincha aholi murojaati ortida katta masala emas, oddiy, ammo insonning kundalik hayoti uchun juda muhim ehtiyoj turadi. Kimgadir uyi atrofidagi obodonlik masalasini hal qilishda, yana kimgadir ish boshlash yoki kredit olishda, boshqa bir oilaga esa yashash sharoitini yaxshilashda amaliy yordam kerak bo‘ladi.

Shuning uchun deputatlik nazoratining eng muhim jihati — bu muammoni eshitishning o‘zi emas, uning yechimigacha borishdir.

Xalq deputatlari mahalliy Kengashlardagi O‘zXDP deputatlari faoliyatiga nazar tashlasak, bu borada yaxshi natijalarga guvoh bo‘lish mumkin. Tahlillarga ko‘ra, joylarda o‘tkazilayotgan o‘rganishlar davomida deputatlar aholi aytgan masalalarni bevosita ko‘rib, mas’ul tashkilotlar bilan birgalikda ularni hal etish choralarini belgilamoqda.

Eng muhimi, bu jarayonda har bir murojaat raqam yoki statistika sifatida emas, ortida muayyan inson, oila va uning ehtiyoji turgan masala sifatida ko‘rib chiqilmoqda. Aynan shu yondashuv deputatlik faoliyatini odamlarga yanada yaqinlashtiradi.

Yashil hudud — sog‘lom muhit

Yashil hudud — mahalla uchun nafaqat obodlik, balki odamlar har kuni his qiladigan sog‘lom muhitdir. Yozning issiq kunida soyada dam olish, bolalarning daraxtlar orasida o‘ynashi, keksalarning sayr qilishi — bularning barchasi mahalla hayotining kerakli va go‘zal manzaralari. Shuning uchun ko‘chat ekish bilan birga, uni asrab-avaylash, sug‘orish va ko‘kalamzor hududlarni ko‘paytirish kerak.

Toshkent shahar Kengashi deputati Rustamxon Kalanovning Yunusobod mahallalaridagi tashabbuslari aynan shu masala bilan bog‘liq bo‘ldi.

Jumladan, «Adolat» mahallasida 2 500 kvadrat metr maydonda “Yashil bog‘” barpo etish, 7 sotix yer maydonidan samarali foydalanish masalalari, «Iftixor» va «Billur» mahallalarida obodonlashtirish, sanitariya va infratuzilma holati o‘rganildi.

Bu yerda masala faqat ko‘chat ekish yoki hududni tozalashda emas. Mahallada obodlik bilan birga yoshlar bandligi, ijtimoiy himoya va xavfsizlik masalalarining ham o‘rganilayotgani muhim.
Ya’ni deputatlik nazorati bir muammoni hal qilish bilan cheklanmay, mahallada yashash uchun qulay muhit yaratishga qaratilyapti.

Obodlik va xavfsizlik sharti

Bo‘ston tuman Kengashi deputati Matlubaxon Tuychiyeva tashabbusi bilan aholi murojaati ijobiy hal etildi. Xususan, Mustaqillik ko‘chasidagi 144 – ko‘p qavatli uy atrofidagi ko‘cha irrigatsiya tarmog‘i ta’mirlanib, tizim qayta tiklandi.

Bunday masala bir qaraganda kichik muammodek ko‘rinishi mumkin. Lekin ko‘p qavatli uyda yashaydigan odam uchun hududning obodligi, suv chiqarish va irrigatsiya tizimining ishlashi kundalik hayotning bir qismi. Infratuzilma tarmog‘ining ishlamasligi esa butun hududda noqulaylik keltirib chiqaradi.

Ushbu deputatlik tashabbusining ahamiyati shundaki, aholi aytgan muammo eshitildi, o‘rganildi va amaliy ish bilan hal qilindi. Natijada hududda obodlik, xavfsizlik va qulaylik uchun zarur sharoit yaratildi.

Murojaat ortida inson taqdiri bor

Uchqo‘rg‘on tuman Kengashi deputati Abdullajon Qodirovning «Sohil» mahallasidagi o‘rganishlari esa deputatlik faoliyatining yana bir muhim jihatini ko‘rsatadi.

Jumladan, imtiyozli kreditdan foydalanib chorvachilik faoliyatini boshlash istagida bo‘lgan fuqaroga o‘zini o‘zi band qilish va mehnat stajiga ega bo‘lish imkoniyatini yaratish bo‘yicha amaliy yordam ko‘rsatildi.

Bu yerda muhim jihat — kreditning o‘zi emas, uning inson hayotida qanday natija berishi.

Agar bir oilaga imtiyozli kredit asosida ish boshlash imkoni berilsa, bu faqat bir marta ko‘rsatilgan yordam emas. Bu — oilaning o‘z daromad manbaiga ega bo‘lishi, mehnat qilishi, o‘zini o‘zi band qilishi va kelajagini mustaqil qurishi uchun imkoniyat demakdir.

«Ayollar daftari» doirasida ham ehtiyojmand xotin-qizlarga amaliy yordam ko‘rsatilgani ana shu yondashuvning davomi hisoblanadi.

Kanalizatsiya — oddiy xo‘jalik masalasi emas

Mirzacho‘l tuman Kengashi deputati Oltinoy Namozova esa aholi murojaati asosida «Gʻalaba» mahallasidagi Humoyun Mirzo ko‘chasida joylashgan 16-sonli ko‘p qavatli uy atrofidagi kanalizatsiya muammosini o‘rgandi.

O‘rganish davomida tegishli mutaxassislar jalb qilinib muammoni bartaraf etish bo‘yicha amaliy choralar belgilandi. Masala deputatlik nazoratiga olindi.

Bu kabi masalalarni e’tiborsiz qoldirib bo‘lmaydi. Chunki kanalizatsiya tizimidagi nosozlik sanitariya, atrof-muhit va aholi salomatligiga ta’sir qilishi tabiiy. Shuning uchun muammoni o‘z vaqtida aniqlash va oxirigacha nazorat qilish har qachongidan ham zarurdir.

Ko‘cha yorug‘ligi – odamlar xotirjamligi

Qiziriq tuman Kengashi deputati Komiljon Muhammadiyevning «Zarobod» mahallasidagi tashabbusi ham aholi uchun kundalik, ammo juda muhim masalalardan biriga qaratilgan.

Ya’ni ko‘chalardagi yoritish tizimi o‘rganilib, ishdan chiqqan yoritgichlarni almashtirish, qo‘shimcha yoritgichlar o‘rnatish bo‘yicha takliflar berilgan. Shuningdek, energiyani tejaydigan va avtomatik boshqariladigan zamonaviy yoritish tizimini joriy etish bo‘yicha choralar belgilangan.

Ko‘cha yoritilishi — faqat obodlik emas. Kechqurun ishdan yoki o‘qishdan qaytayotgan odam, farzandini kutayotgan ota-ona, mahallada harakatlanayotgan keksa inson uchun bu, avvalo, xavfsizlik va xotirjamlikdir.

Elektr ta’minoti — kundalik ehtiyoj

Gʻallaorol tuman Kengashi deputati Akmal Ismailov esa aholi murojaati asosida Buloqboshi va Qo‘ytosh mahallalarida yangi transformator punktlarini xarid qilish va hududlarga yetkazib berish masalasini ko‘tardi.

Elektr ta’minoti bugungi kunda har bir oilaning hayotiga bevosita daxldor. Uydagi maishiy texnikadan tortib, kichik tadbirkorlik, savdo, xizmat ko‘rsatish va ishlab chiqarishgacha bo‘lgan ko‘plab jarayonlar barqaror elektr energiyasiga bog‘liq.

Shu sababli elektr ta’minotini yaxshilash bo‘yicha amaliy choralarni ko‘rish, aholini barqaror va sifatli elektr energiyasi bilan ta’minlash masalasini deputatlik nazoratida ushlab turish muhim.

Deputatlik nazoratining haqiqiy mezoni — natija

Ushbu misollarni birlashtirib turgan jihat bitta: muammo qayerda bo‘lmasin — mahallada, ko‘p qavatli uy oldida, ko‘chada yoki xonadonda — uning ortida aniq inson va uning ehtiyoji turibdi.
Kimdir farzandi uchun xavfsiz sport maydonchasi istaydi, kimdir ko‘chasi yoritilishini kutadi, yana kimdir tadbirkorlikni boshlash uchun imkoniyatga muhtoj. Boshqa bir oila uchun esa elektr energiyasi yoki kanalizatsiya muammosining hal bo‘lishi kundalik hayotini yengillashtiradi.

Shu nuqtai nazardan, deputatning vazifasi faqat murojaatni qabul qilish emas. Muammoni eshitish, joyiga borib ko‘rish, mas’ullarni jalb qilish, yechimini topish va natijasini nazorat qilish — haqiqiy deputatlik faoliyatining mazmuni shunda.

Bugun bir mahallada yoritish tizimi yaxshilanishi, bir oilaga ish boshlash imkoniyati yaratilishi, ko‘p qavatli uyning infratuzilma bilan bog‘liq muammosi hal qilinishi yoki bir hududda yashil maydon barpo etilishi — alohida-alohida qaraganda kichik ishdek tuyulishi mumkin. Ammo ana shu “kichik” o‘zgarishlar yig‘ilib, odamlarning kundalik hayotini yaxshilaydi.

Zero, ijtimoiy davlat, avvalo, insonning muammosini eshitadigan, uning dardiga befarq bo‘lmaydigan va aytilgan gapni amaliy natijaga aylantiradigan tizim demakdir. “Birgalikda ijtimoiy davlat sari” shiori ham aynan shu — inson manfaati yo‘lidagi amaliy ishlar bilan mazmun kasb etadi.

Laziza Sherova,
“O‘zbekiston ovozi” muxbiri.