Inson uchun toza suv hayot-mamot ahamiyatiga ega masaladir.
Bejizga suvni hayot manbai deyishmaydi. Kundalik turmush tarzimizga nazar tashlasak, suvning qanchalik muhim ekanini ko‘ramiz. U osh-ovqatimizdan tortib, uy-joyimizni obod qilish, kiyim-kechaklarimizni yuvishdan tortib, bog‘-tomorqalarimiz va ekinlarimizni parvarishlashgacha bo‘lgan barcha yumushlarimizda kerak.
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Jizzax viloyat kengashi tashabbusi bilan xalq deputatlari Jizzax viloyati Kengashidagi partiya deputatlik guruhi bilan hamkorlikda aholini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlash, markazlashtirilgan ichimlik va oqova suv xizmatlarini yaxshilash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar holatiga bag‘ishlangan jamoatchilik eshituvida bu haqida alohida ta’kidlandi.
Eshituvda qayd etilganidek, 2026 yil 1 yanvar holatida Jizzax viloyatida 1,5 million nafar aholining 76,3 foizi markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlangan. Viloyatda 660 ta ichimlik suvi inshooti va 4 ming kilometrga yaqin ichimlik suvi tarmog‘i mavjud bo‘lib, 69 ta inshoot hamda 1,1 ming kilometr tarmog‘i ta’mirtalab holatda. Oqova suv xizmatlari bilan qamrov esa 26,2 foizni tashkil etib, mavjud 460 kilometrdan ortiq oqova suv tarmog‘ining deyarli 100 kilometri ta’mirga muhtoj.
Nuriddin XOLMATOV,
O‘zXDP Jizzax viloyat kengashi raisi:
– Toza suv shunchaki qulaylik emas, avvalo, sog‘lom hayotning zarur shartlaridan biridir. Chunki aholini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlash inson salomatligi, oila farovonligi va jamiyat kelajagini kafolatlaydi.
Shu nuqtai nazardan, eshituvda aholini sifatli va xavfsiz ichimlik suvi bilan ta’minlash masalasiga alohida e’tibor qaratdik.
To‘g‘ri, mamlakatimizda aholini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlash, mavjud suv ta’minoti tizimlarini yaxshilash va suv sifatini nazorat qilish ishlarida yaxshi o‘zgarishlar bor. Ammo bu borada qilinishi kerak bo‘lgan masalalar ham yetarlicha topiladi.
Masalan, aholini suv bilan ta’minlash darajasini faqat qamrov foizi orqali baholash yetarli emas. Aholi uchun suvning o‘z vaqtida, yetarli hajmda va sifatli yetkazib berilishi, mavjud tarmoqlarning ishonchli ishlashi ham asosiy mezon bo‘lishi lozim.
O‘rganishlar jarayonida bu holatni tasdiqlovchi qator murojaatlar aniqlandi. Xususan, Zarbdor tumanida markaziy ichimlik suv tarmog‘i yoz oylarida aholiga yetarli suv yetkazib bera olmasligi, yangi qurilgan suv minoralarining to‘liq ishlamayotgani bo‘yicha murojaatlar kelib tushgan.
Baxmal tumani Novqa qishlog‘ida 3 kilometr yangi suv tarmog‘i tortilganiga qaramasdan, aholiga suv uch kunda bir marta berilayotgani aniqlandi. O‘rganish davomida bu holat markaziy tarmoqdan foydalanuvchi xonadonlar soni ko‘pligi bilan izohlangan. Biroq partiya deputatlari nuqtai nazaricha, bunday holatni faqat mavjud grafik bilan izohlashning o‘zi yetarli emas. Aholi soni va ehtiyoj ortib borayotgan sharoitda infratuzilmaning quvvati ham shunga mos ravishda kuchaytirilishi zarur.
Paxtakor tumanida esa partiyaning sayyor qabullari davomida 57 ta murojaat ko‘rib chiqilib, 6 ta sayyor qabul o‘tkazilgan, 8,8 kilometr ichimlik suvi tarmog‘i tortilgan va 329 ta suv hisoblagichi o‘rnatilgan. Bu kabi amaliy ishlar aholining mavjud muammolarini hal etishda deputatlik nazorati muhim ahamiyatga ega ekanini ko‘rsatmoqda.
Ayniqsa, ichimlik suvi masalasida har bir kilometr tarmoq ortida qancha xonadon, qancha oila borligini o‘ylasak, bu ishlarning ahamiyati yanada yaqqol namoyon bo‘ladi.
Jamoatchilik eshituvida sohani moliyalashtirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. 2026 yilda Jizzax viloyatida ichimlik va oqova suv ta’minotini yaxshilash uchun 316,4 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi belgilangan bo‘lib, uning asosiy qismi respublika byudjeti va xalqaro mablag‘lar hisobiga to‘g‘ri keladi. Ushbu mablag‘lar hisobidan ichimlik va oqova suv tarmoqlari hamda tegishli inshootlarni qurish hamda rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan. Joriy yil sentyabr holatiga ko‘ra, yillik rejaning 65 foizi bajarilgan.
O‘ral O‘RAZBAYEV,
xalq deputatlari viloyat Kengashidagi O‘zXDP guruhi rahbari:
– Amaldagi rejalarga ko‘ra, 2026 yil yakuniga qadar 60,5 ming nafar aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash, markazlashgan qamrov darajasini 76,3 foizdan 80,2 foizga oshirish, shuningdek, 111,4 ming nafar aholiga ilk bor kanalizatsiya xizmati ko‘rsatish va oqova suv qamrovini 26,2 foizdan 34,1 foizga yetkazish ko‘zda tutilgan.
60 ming nafardan ortiq aholining ichimlik suvi bilan ta’minlanishi — bu minglab xonadonlarga toza suv kirib borishi, oilalarning suv tashish bilan bog‘liq tashvishlari kamayishi, farzandlar uchun yanada qulay va sog‘lom sharoit yaratilishi demakdir.
Kanalizatsiya xizmatlarining kengayishi ham aholi uchun qulaylikdan ko‘ra kengroq ma’noga ega. Bu, avvalo, tozalik, sanitariya, atrofmuhit muhofazasi va inson salomatligi bilan bog‘liq.
Eng muhimi, bu rejalar qog‘ozdagi raqam bo‘lib qolmasligi, har bir kilometr tarmoq, har bir yangi xonadon va har bir xizmat ortida insonlar hayotida o‘zgarish bo‘lishi kerak.
Jamoatchilik eshituvida qayd etilganidek, O‘zbekiston XDP aholini toza va sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlash, suv ta’minoti hamda kanalizatsiya xizmatlarini yanada yaxshilashga qaratilgan ushbu maqsad va tashabbuslarnit to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi. Chunki partiyaning Saylovoldi dasturida aholini sifatli kommunal xizmatlar bilan ta’minlash alohida ustuvor vazifa etib belgilangan. Partiya kommunal xizmatlar ko‘rsatuvchi tashkilotlarning aholi oldidagi hisobdorligini oshirish, resurslar yo‘qotilishiga yo‘l qo‘ymaslik hamda xizmatlar sifatini yaxshilash tarafdori.
Jamoatchilik eshituvi yakunida bildirilgan taklif va mulohazalar asosida vazifalar belgilab olindi.
O‘zbekiston XDP Jizzax viloyati kengashi bu masalani deputatlik va jamoatchilik nazorati doirasida izchil davom ettirish, belgilangan vazifalarning ijrosini kuzatib borish va aholi murojaatlarida ko‘tarilayotgan muammolarni mas’ul tashkilotlar bilan birgalikda hal etishga erishishini ma’lum qildi.
Laziza SHEROVA,
“O‘zbekiston ovozi” muxbiri.
