Siyosat

Qonunchilikdagi yangi tashabbuslar nimalardan iborat?

Blog Image
Email : 5 1

Bahs, taklif, savol va aniq vazifalar. Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida kun tartibiga kiritilgan masalalar yuzasidan deputatlar faol pozisiya bildirdi.

Eng muhimi, parlament minbarida aytilgan har bir fikrning o‘z manzili bor. Ya’ni u hayotga, odamlar turmushiga borib taqaladi. Yig‘ilishda muhokama etilgan qonun loyihalarining har biri ana shu nuqtai nazardan muhokama qilindi.

Sanoat va radiatsiya xavfsizligi talablari takomillashmoqda

Majlisda sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligini ta’minlash sohalaridagi qonunchilikni takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqildi.

Qonun loyihasi bilan amaldagi qonun hujjatlariga sanoat, radiatsiyaviy va yadro xavfsizligi hamda atom energiyasidan foydalanish sohalarida davlat nazorati tizimini, huquqiy munosabatlarni takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Xususan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda atom energiyasidan foydalanish sohasidagi normalar va qoidalarni buzganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda. Qolaversa, keyingi yillardagi ma’muriy islohotlardan kelib chiqib, bir qator qonunlarda vakolatli organlarning vakolatlari, huquqiy maqomi aniqlashtirilib, o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Shuningdek, loyihada preventiv choralarni kuchaytirish, xususan, «Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish to‘g‘risida»gi qonunda yuridik shaxslarga nisbatan moliyaviy sanksiyalar qo‘llashga oid qoidalar nazarda tutilmoqda. Bu sohadagi sub’yektlar mas’uliyatini oshirish va qonunchilik talablariga rioya etilishini kuchaytirishga xizmat qiladi.

Munozaralar davomida qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida mas’ul qo‘mita tomonidan bir qator ishlar amalga oshirilgani, jumladan, deputatlar taklif va tavsiyalari asosida hujjat matni yanada takomillashtirilgani qayd etildi. Xususan, tadbirkorlik sub’yektlari manfaatlarini inobatga olgan holda ayrim normalar loyihadan chiqarilgani, shuningdek, undagi qator normalar amaldagi qonunchilikka muvofiqlashtirilib, mazmunan aniqlashtirilgani va tahririy jihatdan takomillashtirilgani ta’kidlandi.

Majlisda qonun loyihasi qabul qilindi va Senatga yuborildi.

Sud hokimiyati mustaqilligi yanada mustahkamlanadi

Majlisda «Sudyalarning maqomi to‘g‘risida»gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Ushbu hujjat sudyalarning maqomini alohida qonun darajasida belgilash hamda sud hokimiyati mustaqilligini yanada mustahkamlashga qaratilgan.

Qonun loyihasi bilan sudyalik lavozimiga nomzodlar uchun ayrim talablar qayta ko‘rib chiqilmoqda. Xususan, sudya va xalq maslahatchilari uchun yosh syenzini 35 yoshdan 30 yoshga tushirish ko‘zda tutilgan.

Sudyani dastlab 5 yilga, keyin esa muddatsiz davrga tayinlash tartibini joriy etish, sudya, sud raisi va rais o‘rinbosari lavozimlariga qo‘yiladigan talablarni kuchaytirish nazarda tutilmoqda. Shuningdek, loyihada sudyalar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy himoya qilish choralari bilan bog‘liq normalar aks ettirilmoqda.

Loyiha bilan «iste’fodagi sudya» instituti milliy qonunchilikka tatbiq etilmoqda. Iste’fodagi sudyaga boshqa huquqlar qatorida professional mediatorlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqi taqdim etilmoqda.

Bundan tashqari, Oliy sud va quyi sudlar apparati faoliyatini yanada samarali tashkil etishga doir ayrim normalar kiritilmoqda.

Xalq vakillari tomonidan qonun loyihasi bilan belgilanayotgan normalarning amaliyotda samarali ishlashini ta’minlashga qaratilgan takliflar bildirildi.

Majlis yakunida qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilinib, ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida deputatlar tomonidan bildirilgan taklif va tavsiyalar asosida maromiga yetkazishga kelishib olindi.

Davlat xaridlarida shaffoflik va hisobdorlik kuchaytiriladi

Davlat mablag‘laridan oqilona, samarali va maqsadli foydalanishni ta’minlash, davlat xaridlari jarayonlarida shaffoflik va ochiqlikni oshirish, sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish hamda davlat buyurtmachilari faoliyati ustidan samarali nazoratni yo‘lga qo‘yish bugungi kunda muhim vazifalardan biri hisoblanadi.

Shu nuqtai nazardan, davlat xaridlari tizimini yanada takomillashtirish, mavjud huquqiy mexanizmlarni kuchaytirish va xarid jarayonlarida ishtirok etuvchi sub’yektlarning mas’uliyatini oshirishga qaratilgan qonun loyihasi ishlab chiqilgan. Deputatlar qonun loyihasini birinchi o‘qishda muhokama qilishdi.

Ushbu hujjat bilan davlat xaridlari sohasida hisobdorlikni kuchaytirish, xaridlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarning ochiqligini ta’minlash hamda davlat buyurtmachilari faoliyati ustidan nazorat mexanizmlarini takomillashtirish nazarda tutilmoqda.

Xususan, davlat xaridlarida sotilgan tovarlar va ko‘rsatilgan xizmatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni hududlar kesimida e’lon qilib borish taklif etilyapti. Bu orqali davlat xaridlarining hududlar bo‘yicha holatini tahlil qilish, qaysi turdagi tovar va xizmatlarga talab yuqori ekanini kuzatib borish hamda xarid jarayonlarining ochiqligini oshirish imkoniyati yaratiladi.

Loyihada davlat xaridlari ustidan parlament nazoratini kuchaytirish maqsadida Davlat byudjeti ijrosi to‘g‘risidagi hisobotlar tarkibiga davlat buyurtmachilari tomonidan amalga oshirilgan davlat xaridlari natijalarini kiritish ham nazarda tutilyapti.

Bunda to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida amalga oshirilgan xaridlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ham hisobotlarda alohida aks ettirish belgilanmoqda. Bu deputatlarga byudjet mablag‘larining davlat xaridlari orqali qanday sarflanayotganini tizimli tahlil qilish, xarid usullari va natijalarini baholash hamda zarur hollarda parlament nazorati choralarini qo‘llash imkoniyatini kengaytiradi.

Qonun loyihasida davlat xaridlari jarayonida tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlarini himoya qilishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, tadbirkorlarning davlat xaridlari jarayonida yuzaga keladigan shikoyatlarini joylarda tezkor ko‘rib chiqish maqsadida Davlat xaridlari sohasidagi shikoyatlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha komissiyaning doimiy faoliyat yurituvchi hududiy komissiyalarini tashkil qilish taklif etilmoqda. Bu esa shikoyatlarni joylarda tezroq ko‘rib chiqish, nizolarni qisqa vaqtda hal qilish, tadbirkorlarning vaqt va xarajatlarini tejashga xizmat qiladi.

Muhokamalar davomida deputatlar davlat xaridlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarning ochiqligini oshirish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha axborotlarni parlament nazorati doirasiga kiritish hamda tadbirkorlar shikoyatlarini tezkor ko‘rib chiqish mexanizmlarini kuchaytirish davlat xaridlari tizimida shaffoflik va hisobdorlikni ta’minlashga xizmat qilishini ta’kidlashdi. Shu bilan birga, qonun loyihasida nazarda tutilgan normalar davlat xaridlarida sog‘lom raqobat muhitini kengaytirish, tadbirkorlik sub’yektlarining xarid jarayonlarida faol ishtirokini rag‘batlantirish hamda byudjet mablag‘laridan samarali va maqsadli foydalanish ustidan nazoratni kuchaytirishga qaratilgan.

Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Madaniyat vazirining javobi ko‘rib chiqildi

Bolaning musiqaga, san’atga yoki raqsga bo‘lgan qiziqishi — uning kelajakdagi iste’dodi va ijodiy salohiyatini namoyon etish uchun dastlabki qadamdir. Bu qadamni qo‘llab-quvvatlash esa, avvalo, sifatli ta’lim, zamonaviy sharoit va zarur jihozlar bilan ta’minlangan musiqa hamda san’at maktablaridan boshlanadi.

Bugun yurtimizda minglab yoshlar ana shunday dargohlarda o‘z qobiliyatini rivojlantirib, milliy san’atimiz an’analarini o‘rganmoqda. Biroq bolalarga munosib ta’lim berish uchun faqat iste’dod va xohishning o‘zi yetarli emas. Buning uchun zamonaviy o‘quv bazasi, soz va yaroqli musiqa cholg‘ulari, sifatli o‘quv adabiyotlari hamda malakali pedagoglar ham zarur.

Shu bois deputatlar tomonidan «Bolalar musiqa, san’at va ixtisoslashtirilgan maktablaridagi ta’lim sifatini oshirish, ularning zarur jihozlar bilan ta’minlanish holati to‘g‘risida» parlament so‘rovi yuborilgan edi. Majlisda madaniyat vazirining ushbu parlament so‘roviga javobi atroflicha ko‘rib chiqildi.

Ma’lum bo‘lishicha, so‘nggi yillarda qabul qilingan 20 dan ortiq Prezident farmon va qarorlari asosida sohaning huquqiy va institusional asoslari mustahkamlanib, 8 ta ixtisoslashtirilgan maktab-internat, 22 ta bolalar musiqa va san’at maktabi, malaka oshirish markazi hamda ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etildi.

Shu bilan birga, deputatlar e’tibor qaratganidek, sohada ta’lim sifatini yanada oshirish uchun moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, musiqa cholg‘ulari va o‘quv adabiyotlari bilan ta’minlash, tor ixtisosliklar bo‘yicha pedagog kadrlar yetishmovchiligini bartaraf etish kabi masalalar dolzarbligicha qolmoqda.

Parlament so‘roviga javobda hududlarda bu borada amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berilgan. Jumladan, Buxoro, Qarshi va Urganch shaharlarida ixtisoslashtirilgan boshlang‘ich raqs san’ati maktab-internatlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Urganchdagi muassasa binosi rekonstruksiya qilinib, zarur jihozlar bilan ta’minlanmoqda. Namangandagi maktab-internat binosini esa qurish bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilmoqda.

Shuningdek, 2027–2029 yillarda Qarshidagi maktab-internat o‘quv binosi qurilishiga 5 milliard so‘m, Buxorodagi ixtisoslashtirilgan san’at maktabi va yotoqxonasi qurilishiga 7 milliard so‘m, Namangandagi muassasani kapital ta’mirlash bo‘yicha loyiha-qidiruv ishlariga 500 million so‘m yo‘naltirish belgilangan.

Majlisda ta’lim muassasalarining musiqa cholg‘ulari bilan ta’minlanganlik holatiga ham alohida e’tibor qaratildi. Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, 2025-2026 o‘quv yili yakuni bo‘yicha o‘tkazilgan xatlovda bolalar musiqa va san’at maktablaridagi 1 229 ta milliy va 1 483 ta Yevropa musiqa cholg‘usi ma’nan eskirgan yoki foydalanishga yaroqsiz ekani aniqlangan. Ayni paytda muassasalarda jami 9 779 ta musiqa cholg‘usiga ehtiyoj mavjud bo‘lib, ularni xarid qilish uchun 115,9 milliard so‘m talab etiladi.

Ehtiyojni bosqichma-bosqich qoplash maqsadida 2023–2025 yillarda 5,7 milliard so‘m mablag‘ hisobidan 4 789 ta milliy musiqa cholg‘usi xarid qilingan. 2026 yilda esa 27 ta maktabga 71 ta fortepiano yetkazib berilgan. Bundan tashqari, 6,4 milliard so‘m evaziga 19 nomdagi 158 ming nusxa o‘quv adabiyotlari va nota to‘plamlari tarqatilgan.

Kelgusida maktablarni o‘quvchilar kontingenti va haqiqiy ehtiyojidan kelib chiqqan holda manzilli jihozlash rejalashtirilgan.

Majlisda san’at ta’limi sifatini ta’minlashda pedagoglar va konsertmeysterlarning kasbiy mahorati hal qiluvchi ahamiyatga ega ekani qayd etildi. Shu maqsadda olis hududlarga malakali mutaxassislarni jalb qilish, tor ixtisosliklar bo‘yicha kadrlar tayyorlash hamda pedagoglarni moddiy rag‘batlantirish mexanizmlari takomillashtirilmoqda. Jumladan, Prezidentning tegishli Farmoni bilan nufuzli tanlovlar g‘oliblarini tayyorlagan pedagoglarga bir yil davomida 100 foizgacha, 2026-2027 o‘quv yilidan esa o‘quvchilarning ijrochilik darajasidan kelib chiqib har oyda 20 foizgacha ustama to‘lash belgilangan. Shuningdek, pedagoglar mehnatiga haq to‘lash miqdorlarini umumiy o‘rta ta’lim muassasalari pedagoglari darajasiga tenglashtirish nazarda tutilgan.

Pedagoglarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish borasida ham muayyan natijalarga erishilmoqda. 2025 yilda 1 063 nafar, 2026 yil avgust holatiga 703 nafar pedagog malaka oshirish kurslaridan o‘tgan. 2025–2026 yillarda attestatsiya natijalariga ko‘ra, 5 680 nafar pedagogning malaka toifasi oshirilgan.

Sohada boshqaruv jarayonlarini raqamlashtirishga ham e’tibor qaratilmoqda. Xususan, «Madaniyat ERP» axborot tizimi orqali o‘quvchilarni qabul qilish, ularni sinf va guruhlarga taqsimlash, pedagoglarga biriktirish, o‘quv yuklamalari hamda kadrlarga oid ma’lumotlarni elektron yuritish imkoniyati yaratilgan.

Tizimni Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali va «UzASBO» bilan integratsiya qilish esa boshqaruv jarayonlarining shaffofligi va samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Muhokamalarda deputatlar sohada amalga oshirilayotgan ishlarni e’tirof etgan holda, mavjud muammolarni hal etish sur’atini oshirish zarurligini ta’kidladilar. Xususan, maktablar quvvatini mavjud talabga mos ravishda kengaytirish, ta’mirtalab muassasalarni manzilli dasturlarga kiritish, yaroqsiz musiqa cholg‘ularini bosqichma-bosqich yangilash, pedagog va konsertmeysterlar yetishmovchiligini bartaraf etish hamda raqamlashtirish ishlarini yakuniga yetkazish ustuvor vazifalar sifatida belgilandi.

Majlisda parlament so‘rovida ko‘tarilgan masalalar bo‘yicha vazirlik tomonidan atroflicha ma’lumotlar taqdim etilgani qayd etilib, vazirning javobi ma’lumot uchun qabul qilindi.

Laziza Sherova,
“O‘zbekiston ovozi” muxbiri.