Bugun Yangi O‘zbekiston nafaqat Markaziy Osiyoning, balki butun musulmon olamining yirik ma’rifat va sivilizatsiya markazlaridan biri sifatida e’tirof etilmoqda. Bu e’tirof tasodifiy emas. U mustaqillik yillarida tarixiy merosni asrab-avaylash, ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash, madaniy diplomatiyani rivojlantirish va xalqaro hamkorlikni kengaytirish yo‘lida amalga oshirilgan izchil siyosatning amaliy samarasidir.
Ayniqsa, keyingi yillarda mamlakatimizda Uchinchi Renessans g‘oyasi asosida amalga oshirilayotgan islohotlar tarixiy merosga munosabatni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqdi. Buyuk ajdodlarimiz qoldirgan ilmiy va ma’naviy merosni chuqur o‘rganish, uni zamonaviy ilm-fan yutuqlari bilan uyg‘unlashtirish hamda insoniyat taraqqiyoti manfaatlariga xizmat qildirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.
Ana shu ezgu maqsadlarning amaliy ifodasi sifatida barpo etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi mustaqillik yillarida amalga oshirilgan ma’naviy-ma’rifiy siyosatning eng yirik va strategik loyihalaridan biri hisoblanadi. Bu majmua faqat boy tarixiy merosni namoyish etadigan muzey emas, balki O‘zbekistonning jahon sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan ulkan hissasini ilmiy asosda tadqiq qiladigan, xalqaro muloqotni rivojlantiradigan va yangi g‘oyalar tug‘iladigan intellektual markaz sifatida shakllanmoqda.
Buning yorqin tasdig‘ini 2026 yil iyul oyida Toshkent, Samarqand va Termiz shaharlarida o‘tkazilgan Birinchi xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi misolida ko‘rish mumkin. Mazkur nufuzli anjuman mamlakatimizning tashkiliy salohiyati, ilmiy maktabi va madaniy diplomatiyasi yuksak darajaga ko‘tarilganini yaqqol ko‘rsatdi. Eng muhimi, forum mustaqillikning 35 yili davomida amalga oshirilgan ma’naviy va ilmiy taraqqiyot siyosatining xalqaro e’tirofi sifatida tarixga kirdi.
Mustaqillikdan Uchinchi Renessans sari
Tarixiy haqiqatni tiklash, milliy o‘zlikni anglash va buyuk ajdodlar merosini xolisona o‘rganish jarayoni Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi doirasida yanada yuqori bosqichga ko‘tarilib, mamlakatimizni jahon sivilizatsiyasi markazlaridan biri sifatida namoyon etishga xizmat qilmoqda.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining tashkil etilishi ham ana shu uzoq yillik islohotlarning mantiqiy davomi bo‘ldi. Markazni barpo etishdan ko‘zlangan maqsad faqat noyob tarixiy yodgorliklarni bir joyga jamlash emas, balki xalqimiz tomonidan yaratilgan ulkan sivilizasion merosni zamonaviy ilmiy yondashuvlar asosida o‘rganish, uni xalqaro ilmiy jamoatchilikka xolis va asosli tarzda yetkazish hamda kelajak avlod uchun ishonchli ma’naviy poydevor yaratishdan iborat edi.
Shu bois Markazning har bir bo‘limi, har bir ekspozisiyasi va har bir ilmiy xulosasi keng jamoatchilik muhokamasi hamda xalqaro ekspertizadan o‘tkazildi. Bu jarayon mustaqillik yillarida shakllangan milliy ilmiy maktabning salohiyatini, yurtimiz olimlarining mas’uliyati va fidoyiligini yana bir bor namoyon etdi.
2024 yilda o‘tkazilgan O‘zbekiston olimlarining birinchi milliy forumi ushbu yo‘lda muhim bosqich bo‘ldi. Tarixchilar, sharqshunoslar, arxeologlar, manbashunoslar, qo‘lyozmashunoslar, muzeyshunoslar va boshqa sohalar vakillari ishtirok etgan mazkur anjumanda Markaz konsepsiyasi keng muhokama qilindi. Forum yakunlari bo‘yicha Kengaytirilgan ilmiy kengash tashkil etildi va ekspozisiya mazmunini yanada boyitish yuzasidan yuzlab ilmiy takliflar ishlab chiqildi. Keyinchalik aynan shu takliflar Markaz faoliyatining ilmiy dasturiga aylandi.
Oradan ko‘p o‘tmay, Samarqand shahrida 350 nafardan ziyod xorijiy olim va ekspert ishtirokida o‘tkazilgan xalqaro kongress Markazning ilmiy konsepsiyasini jahon miqyosida muhokama qilish imkonini berdi. Turli mamlakatlardan kelgan mutaxassislar tomonidan bildirilgan fikr va tavsiyalar asosida ekspozisiyalar yanada takomillashtirildi, yangi tadqiqot yo‘nalishlari belgilab olindi hamda yuzlab ilmiy-innovasion loyihalarga start berildi. Bu esa Markaz faqat milliy emas, balki xalqaro ilmiy hamkorlik maydoniga aylanayotganini ko‘rsatdi.
Davlatimiz rahbari Markaz oddiy muzey emas, balki xalqimiz sivilizasion tafakkurini, milliy davlatchilik an’analarini va buyuk ajdodlarimiz ilmiy merosini o‘zaro bog‘laydigan ma’rifat maskani bo‘lishi zarurligini alohida ta’kidladi. Shu asosda ekspozisiyalar qayta ko‘rib chiqildi, ilmiy matnlar boyitildi, yangi artefaktlar jamlandi va zamonaviy muzey texnologiyalari keng joriy etildi. Ayniqsa, xorijiy muzeylar va xususiy kolleksiyalardan minglab noyob artefaktlarning Vatanimizga qaytarilishi, jahonning yetakchi muzeylari va kutubxonalari tajribasining o‘rganilishi hamda raqamli texnologiyalarning keng joriy etilishi Markazning mazmun va salohiyatini mutlaqo yangi bosqichga olib chiqdi.
Xalqaro e’tirof
Mustaqillik yillarida O‘zbekistonning tashqi siyosatida o‘zaro hurmat, ochiq muloqot va gumanitar hamkorlik ustuvor tamoyilga aylandi. Ayniqsa, keyingi yillarda mamlakatimiz tashabbusi bilan ilgari surilayotgan ma’rifat, bag‘rikenglik va sivilizatsiyalar muloqoti g‘oyalari xalqaro hamjamiyat tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanmoqda. Buni, yuqorida aytib o‘tganimizdek, 7-11 iyul kunlari azim Toshkent, Samarqand va Termiz shaharlarini qamrab olgan Birinchi xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi misolida ko‘rishimiz mumkin.
Ellikdan ortiq davlatdan qariyb uch yuz nafar nufuzli olim, xalqaro tashkilotlar rahbarlari, vazirlar, muftiylar, universitet rektorlari, muzeyshunoslar, qo‘lyozmashunoslar va madaniy meros sohasi vakillarini bir maydonda jamlagan mazkur forum O‘zbekistonning xalqaro ilmiy-ma’rifiy hamkorlik borasidagi imkoniyatlarini namoyish etdi. Forum ishtirokchilari tomonidan bildirilgan fikr-mulohazalar ham mamlakatimiz tanlagan taraqqiyot yo‘lining to‘g‘ri ekanini yana bir bor tasdiqladi. Xorijlik olimlar va xalqaro tashkilotlar rahbarlari O‘zbekistonda tarixiy merosni asrash, buyuk ajdodlar merosini chuqur o‘rganish hamda uni jahon ilm-fani bilan uyg‘un holda rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarni yuksak baholadilar. Ular mamlakatimizni sivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqot, bag‘rikenglik va ma’rifat g‘oyalarini ilgari surayotgan yetakchi davlatlardan biri sifatida e’tirof etdilar.
Ayniqsa, Yangi O‘zbekiston sharoitida Uchinchi Renessans g‘oyasi asosida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar mamlakatimizning xalqaro nufuzini yanada yuksaltirmoqda. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ana shu ezgu g‘oyalarning amaliy ifodasi sifatida nafaqat mamlakatimiz, balki butun musulmon olami va jahon ilmiy hamjamiyati uchun muhim ma’naviy-ma’rifiy maskanga aylanib bormoqda.
Yuksak marralar yo‘lida
Bugungi kunda O‘zbekiston buyuk ajdodlarimiz merosini asrab-avaylash bilan cheklanib qolayotgani yo‘q. Aksincha, ushbu bebaho boylikni zamonaviy ilm-fan, innovatsiyalar va xalqaro hamkorlik bilan uyg‘unlashtirgan holda insoniyat taraqqiyotiga xizmat qildirish yo‘lidan bormoqda. Bu esa Yangi O‘zbekistonning eng muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, Uchinchi Renessans poydevorini barpo etish, avvalo, ilm-fan, ma’rifat va tarixiy merosga tayanadi. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ana shu ezgu maqsadlarni amalga oshirishga xizmat qiladigan nufuzli ilmiy-ma’rifiy dargoh sifatida kelgusida ham mamlakatimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishi shubhasiz.
Rustam JABBOROV,
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy kotibi,
filologiya bo‘yicha falsafa doktori
(PhD).
