O'zbekiston

“Afrosiyob”, yo‘ling hamisha ravon bo‘lsin!

Blog Image
Email : 19 0

Afrosiyob. Samarqand farzandi bo‘lganim uchun tarixi miloddan avvalgi VII asrlarga borib taqaluvchi bu qadim kentga o‘zgacha qiziqish, mehru muhabbat, uning kechinmalaridan xabardor bo‘lish istagi qalbimda men bilan barobar o‘sdi, desam adashmayman. Keyinchalik bildimki, Samarqand yonidagi qadim tepaliklar o‘rnida bir paytlar juda go‘zal shahar — Afrosiyob qad rostlab turgan.

Avvalo, bu ko‘hna va sirli shaharga nomi berilgan tarixiy shaxs Alp Er To‘nga – Afrosiyob haqida biroz to‘xtalmoq joiz.

Sharq olami, xususan, Eron va Turonning deyarli hamma allomalari, adibu tarixchilari Afrosiyob haqida muayyan ma’lumot berib o‘tganlar. U Turonning ulug‘ tayanchi, dunyoning mashhur hukmdorlaridan biri sifatida tasvirlangan. Mahmud Koshg‘ariyning «Devonu lug‘otit turk» (1069—1072 y.) asarida Afrosiyob haqida quyidagilarni o‘qiymiz: «Turklarning ulug‘ xoni Alp Er To‘ngani Afrosiyob deb atar edilar. Yo‘lbars kabi kuchli, bahodir odam demakdir» (3-jild, 379-bet). Shuningdek, To‘nga so‘zining «metindek qattiq, qo‘porib bo‘lmas darajada mustahkam» degan ma’nolari ham mavjud ekanligi mazkur devonda aytib o‘tilgan.

Bahor faslida Afrosiyob tepaliklari qizg‘aldoqlarga burkanadi. Bu chiroy ostida qadim bobolarimizning aqlu shijoati bilan bunyod etilgan shohona saroylar, uylar, hunarmandlarning ustaxonalari, savdogarlarning do‘konlari, masjid va madrasalar, mudofaa inshootlari, bog‘u gulzorlar, shaharni suv bilan ta’minlash tizimlari yotgani arxeologik qazishmalar tufayli ma’lum bo‘ldi.

Bilamizki, bu tabarruk shahar boshidan ne-ne suronlar o‘tgan. 1220 yilda Chingizxon qo‘shinlari Juyi arziz to‘g‘onini buzib, shaharni suvsiz qoldirgani, bosqinchilar devor va darvozalarni vayron qilib, saroy, masjid va madrasalarni, tinch aholi xonadonlariga o‘t qo‘ygani tarixiy manbalarda keltiriladi.

Afrosiyobdek Yer yuzining nodir shaharini zabt etish uchun ne-ne shohlar, xonlar, amirlar, xoqonu hukmdorlar shamshir o‘ynatib, qilich sermab, bu zaminga kelmishlar. Ular shaharning boyliklarini olib ketgandir, ma’lum muddat bunda davru davron surgandir, ammo bobolarimizning peshona terlari to‘kilgan tuproqlarni, vatanga bo‘lgan sadoqatni, qon bilan yozilgan dostonlarni, tarixni olib ketolmaganlari aniq.

Bizning zamonga kelib, Afrosiyob tepaliklari Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’yektlari milliy ro‘yxatiga kiritildi.

Biz uchun u yerda topilgan ko‘hna shahar devorlari, buyumlarning siniq bo‘laklari, kuygan kiyimlarning qorayib qolgan parchalari ham qadrli. Ular tarixdan so‘zlaydi. Ular so‘nggi nafasigacha o‘z shahrini himoya qilgan ajdodlarimiz haqida mardlikning dardli dostonini kuylaydi. Siyob arig‘i, Siyob bozori, Siyob mahallasi, Siyob ko‘chasi nomlari bilan butun bir tarixni yelkalarida yelkalagan.

Afrosiyob. Mening bolalik xotiramda gul bo‘lib, qush bo‘lib gavdalangan nom haqiqatga yaqin ekan. Afrosiyob – kulda o‘sib chiqqan gul ekan. Afrosiyob olovlardan omon chiqqan Humo qushi ekan.

Bundan o‘n besh yil oldin O‘zbekistonga Ispaniyadan tezyurar Talgo poyezdi keltirildi. U xuddi Humo qushiga o‘xshaydi. Nomini “Afrosiyob” deb atadilar. Uning qanotiga mustaqil O‘zbekiston bayrog‘ining timsoli tushirildi.

Mustaqillik bayrami arafasi edi. “Afrosiyob” o‘zining birinchi «uchishi»da Samarqandga qarab yo‘l oldi. U o‘z qanotida asriy armonlarni olib uchdi. Unda yo‘lga chiqqanlar orasida men ham bor edim.

“Afrosiyob”ning yumshoq o‘rindiqlarida o‘tirib, oynadan qarab ketayapman. Poyezdimiz atigi ikki soat atrofida Yer yuzining sayqali Samarqandga borishini xayolimdan kechirib, hayajonlanib ketaman.

Vagon oynasidan kino tasmasidek bir-bir o‘tayotgan ko‘rkam binolar, yam-yashil ьkengliklar, temir yo‘l yoqasidagi so‘lim manzillararo bolaligimga qaytaman.

Men tug‘ilib, kamolga yetgan Narpay tumanining Yangisaroy qishlog‘i yonidan temir yo‘l o‘tgan. Temir yo‘ldan pishqirib qatnaydigan poyezdlarning ovozi kecha-yu kunduz bizga eshitilib turadi. Tinimsiz o‘tayotgan yuk vagonlarini sanab o‘tirish biz, bolalarning odatiy yumushimiz edi. Ahyon-ahyonda yo‘lovchi poyezdlari o‘tar, bizning nazdimizda o‘sha poyezdda ketayotganlar dunyoning eng baxtli odamlari sanalardi. Ko‘pincha ularni nigohlarimiz bilan kuzata turib, adirda, sayxonlikda, temir yo‘l yoqasida joylashgan kengliklarda goh chorva boqayotgan, goho yem-xashak yig‘ayotgan, g‘o‘za qatorlaridagi begona o‘tlarni yulayotgan, kuz faslida paxta terayotgan biz, bolalar ma’yus tortib qolardik. Aksariyatimizning orzuimiz – bir kun poyezdga chiqamiz-u, poytaxtga borib, “katta-katta” o‘qishlarda o‘qish edi.

Nihoyat, o‘rta maktabni bitirib, Toshkentga poyezdda ketadigan bo‘ldik. Men, dugonam Xolbuvi va qo‘shnimizning Toshkentda o‘qiydigan o‘g‘li Shopo‘lat poyezdga chiqdik.

Biz chiqqan vagon “plaskart” deyilar, yonimizdan xohlagan odam o‘tib ketaverar ekan. Unday vagonlarda o‘g‘rilar bir bekatdan chiqib, odamlarning pul va qimmatli buyumlarini o‘g‘irlab, boshqa bekatda tushib ketishi odatiy hol ekanini aytishdi. O‘sha-o‘sha poyezdga chiqmaydigan, faqat avtobusda Samarqandga qatnaydigan bo‘ldim.

Keyingi yillarda barcha soha qatorida transport tizimida ham yaxshi o‘zgarishlar ro‘y berdi. Xizmat safarlariga poyezdda boradigan bo‘ldik. Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyatining a’zosi sifatida “Afrosiyob” poyezdida Samarqandga, Buxoroga, Qashqadaryoga yo‘l olgan dastlabki kunlarimizda go‘yoki ertak olamida yurgandek o‘zimni his qilganlarim yodimda.

“Afrosiyob” – O‘zbekistondagi eng tezyurar poyezd. U Toshkent, Samarqand, Qarshi va Buxoro shaharlari o‘rtasida yuqori tezlikda qatnaydi. Birin-ketin Shahrisabz va Xiva kabi tarixiy shaharlarga ham “Afrosiyob” qatnovi yo‘lga qo‘yildi.

“Afrosiyob” endi mening eng qulay transport vositamga aylandi. Poyezdda yo‘lovchilar uchun hamma sharoitlar yaratilgan: istalgan qiyalikda sozlanuvchi yumshoq o‘rindiqlar, moʻtadil harorat nazorati, yuqori sifatli xizmat…

Mana, yaqinda “Afrosiyob”da ma’rifiy tadbirni o‘tkazish maqsadida xizmat safariga yo‘l oldik. Shinam va bahavo vagonda kimdir kitob o‘qiyapti, kimdir telefonida yaqin insoni bilan yozishyapti, kimdir pinakka ketgan. Barcha chehralarda xotirjamlik, mamnunlik seziladi. Men esa vagon oynasidan yurtim jamoliga boqib to‘ymayman. Tinchlik, qut-baraka hukm surgan bu yurtning cho‘llari ham, purviqor shaharlari ham, poyezdga qarab qo‘l silkitgancha qolayotgan bolalarning quvonchlari ham – hamma-hammasi go‘zal va betakror.

«Afrosiyob», yo‘ling hamisha ravon bo‘lsin!

Zulfiya MO‘MINOVA,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi,
“Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi.