Mamlakatimizda jadal sur’atdagi islohotlarning hozirgi bosqichida kambag‘allikni qisqartirish tizimida kompleks yondashuv shakllandi. Bu yondashuv aniq manzilli ijtimoiy yordam ko‘rsatish barobarida ehtiyojmand qatlamni kambag‘allik holatidan chiqarish, ular uchun muqim daromad manbaini yaratish, kasb-hunarga yo‘naltirish, tadbirkorlik imkoniyatlarini kengaytirish chora- tadbirlarini qamrab olgani bilan behad ahamiyatli.
Bu o‘rinda ayni jarayon O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining dasturiy maqsadlari bilan chuqur hamohang ekanini ta’kidlamoq joizdir. Zotan, partiyaning 2024 yilgi Saylovoldi dasturida ham ijtimoiy tenglik va adolat tamoyillari asosida jamiyatda ijtimoiy tafovutlarni kamaytirish, muhtojlarga yordam berish ustuvor vazifalar sifatida belgilangan.
3 sentyabr kuni davlat rahbari raisligida kambag‘allikni qisqartirish va aholi daromadlarini oshirish masalalari muhokama qilingan videoselektor yig‘ilishi shunisi bilan diqqatga sazovorki, unda mazkur jabhada ro‘yobga chiqarilgan tajriba va natijalar, mavjud muammolar tahlil qilinib, yangi tashabbuslar ilgari surildi.
Respublikada kambag‘allik darajasining yil boshidagi 5,8 foizdan bugunga kelib 3,9 foizga tushgani, ehtiyojmand aholi soni esa 2,2 milliondan 1,5 million nafarga kamaygani ijtimoiy siyosatda dadil o‘zgarishlar amalga oshayotganini yaqqol tasdiqlaydi. Hududlar kesimida 49 ta tuman va 3 ming 429 ta mahallada ishsizlik va kambag‘allikni bartaraf etish bo‘yicha ijobiy natijalar qayd etilgani quvonarli, albatta.
Yig‘ilishda mablag‘ va resursning o‘zi yetarli emasligi, deylik, bir xil hajmda resurs olgan hududlarda natijalarning keskin farq qilishi bu masalada boshqaruv sifati, loyihalarni tanlash, tadbirkorlik muhiti va mahalladagi mas’ul xodimlarning salohiyati hal qiluvchi ahamiyatga ega ekani aytib o‘tildi.
Keltirilishicha, kambag‘allikni qisqartirish maqsadlari uchun Sharof Rashidov va Qarshi tumanlarining har biriga 2 trillion 300 milliard so‘mdan kredit resursi berilgan. Ammo tegishli ravishda birinchi tumanda 30 ming aholi kambag‘allikdan chiqarilgan bo‘lsa, Qarshi tumanida bu ko‘rsatkich 13 ming nafarni tashkil etgan. Demak, endilikda “Qancha mablag‘ berildi?” degan savoldan ko‘ra “Qancha odam barqaror daromadga ega bo‘ldi?” degan savol muhimroq.
Kredit emas, daromad asosiy mezon
So‘nggi uch yilda mahallalardagi tadbirkorlik loyihalari uchun 314 trillion so‘m resurs ajratilgan. Biroq ayrim hududlarda kreditlar samaradorligining pastligi, biznes loyihalarining to‘xtab qolishi va qarzdorlikning ortishi moliyaviy resursni insonning iqtisodiy salohiyati bilan bog‘lash zarurligiga ishora qilmoqda. Oxirgi bir yilda tashkil etilgan 86 mingta kichik korxonaning 15 mingtasi faoliyatini to‘xtatgani, 62 ming nafar fuqaro esa olgan kreditlarini qaytarishda qiynalayotgani bunga dalildir.
Kredit berish bilan qo‘li kalta insonlarni kambag‘allikdan chiqarib bo‘lmaydi. Ya’ni aholi va tadbirkorga faqat mablag‘ emas, balki bozor, texnologiya, kasb, biznes reja va sotuv zanjirini qamrab olgan kompleks yechim taklif qilish zarur.
Darvoqe, bu yondashuv ham O‘zXDPning ijtimoiy adolat g‘oyasiga mos keladi. Chunki insonlarga bir martalik yordam berish emas, ularning o‘z mehnati, jismoniy va aqliy salohiyati bilan munosib daromad topishi uchun barcha imkoniyatni ta’minlash hayotiy zarurat.
Davlat siyosati va inson manfaati tutashgan nuqta
Kambag‘allikni qisqartirishda mahallaga katta vakolat va resurslarning berilishi endilikda ko‘zda tutilayotgan yangi tizimning eng muhim xususiyatlaridan biri hisoblanadi. Endi asosiy vazifa yuqoridan umumiy ko‘rsatma berish emas, balki har bir oilaning sharoiti, ehtiyoji va salohiyatidan kelib chiqib ishlashga ko‘proq bog‘lanmoqda.
Yangi tizimga ko‘ra, viloyat, tumanlarda maxsus shtablar tashkil etilib, banklar, bandlik idoralari va iqtisodiy tuzilmalarning aholini ish bilan ta’minlash hamda daromadini oshirish bo‘yicha faoliyati bir joyda muvofiqlashtirilishi belgilangan.
Shu bilan birga, resurs va qaror qabul qilish vakolatlarining tuman darajasiga tushirilishi hududlarning o‘z imkoniyatlaridan samarali foydalanishiga zamin yaratadi. Tuman shtablariga oilaviy va yoshlar tadbirkorligi bo‘yicha kredit resurslarini boshqarish vakolatining berilishi ham shu maqsadga xizmat qiladi.
Bundan shunday xulosa qilish mumkinki, markazlashgan resursni mahalliy ehtiyoj bilan uyg‘unlashtirish samaradorlikni oshirishi mumkin, ammo buning uchun mahalliy boshqaruvning mas’uliyati ham mutanosib ravishda ortishi lozim.
Shu ma’noda O‘zXDPning deputatlik va jamoatchilik nazoratidagi vazifasi ham dolzarblashadi. Resurs mahallaga tushirilgan ekan, uning qanday sarflanayotgani, qaysi loyihalar moliyalashtirilayotgani va bu mablag‘lar qancha oilaning real daromadini oshirayotganini baholash mexanizmlari ham kuchli bo‘lishi kerak.
Bo‘sh ish o‘rinlari bor, ammo…
Yig‘ilishda kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlarining real amaliy natijasi Xorazm viloyati misolida o‘rganilgani, aniqrog‘i, ya’ni 19 ming oilaning sharoiti bilan yaqindan tanishilgani, ular tarkibida 12 ming nafar ishsiz va 10 ming nafar daromadi past aholi borligi aniqlangani qayd etildi. Qizig‘i, shunday sharoitda hududda qurilish, xizmat ko‘rsatish va sanoat sohalarida minglab bo‘sh ish o‘rinlari mavjudligi kuzatilgan.
Bu ma’lumotlar kambag‘allik muammosining yana bir muhim jihatini ochib beradi: ish o‘rni bor, ammo ishchi unga mos emas, ishchi bor, ammo uning ko‘nikmasi bozor talabiga to‘g‘ri kelmaydi.
Demak, muammoning yechimi faqat yangi ish o‘rinlarini yaratishda emas. Mehnat bozori talabini, kasbiy tayyorgarlikni va aholining imkoniyatlarini bir tizimga birlashtirish zarur. Buning uchun kasbga o‘qitish tizimi mehnat bozoridan orqada qolmasligi kerak. Qaysi hududda qaysi mutaxassisga talab yuqori bo‘lsa, o‘sha yo‘nalishda tayyorgarlikni kuchaytirish lozim.
Bundan tashqari, Xorazmda o‘rganilgan ehtiyojmand oilalarda 48 ming nafar bola borligi va ularni hozirdan kasb-hunar hamda zamonaviy ko‘nikmalarga yo‘naltirish kerakligiga ham e’tibor qaratilgani bejiz emas. Chunki oiladagi yetishmovchilik o‘z-o‘zidan farzandlar ta’limi, kasb-hunar ko‘nikmalarini egallashiga ta’sir ko‘rsatmay qolmaydi. Mana shunday oilalarda voyaga yetayotgan bolalarning kelajagiga sarmoya kiritish jamiyatda kambag‘allikni bartaraf etishning eng uzoq muddatli mexanizmlaridan ekani kundek ravshan.
Kelgusi yildan Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar farzandlarining davlat va xususiy bog‘cha to‘lovlari, o‘quv markazlarida ta’lim olish xarajatlari, yo‘lkirasi hamda oliy ta’lim muassasasi yotoqxonasi uchun to‘lovlar vaucher asosida qoplab berish tizimi yo‘lga qo‘yilishi kambag‘allikni qisqartirishda jiddiy qadamlardan biri bo‘ladi, desak yanglishmaymiz. Vaucher 12 oy muddatga berilib, oila Ijtimoiy reyestrdan chiqarilganidan keyin ham belgilangan muddat oxirigacha amal qiladi.
Xotin-qizlar faolligi ham muhim
Kambag‘allikni qisqartirishda xotin-qizlarning iqtisodiy faolligi alohida ahamiyatga ega. Yig‘ilishda Xorazmda kambag‘al oilalardagi 10 mingdan ziyod ayol farzand parvarishi bilan band ekani, ularning uyida yoki mahallada daromadli mehnat qilishi uchun sharoit yaratish, bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish orqali opa-singillarimizning mehnat bozorida o‘rin topishiga ko‘maklashish vazifasi qo‘yilgani bizga bir haqiqatni namoyon etadi. Bu yerda ijtimoiy va iqtisodiy siyosat bir nuqtada kesishib, ayollarga mehnat qilish imkoniyatini yaratish orqali oilalar daromadining uzoq muddatli manbasini shakllantirish maqsadga muvofiqdir.
Kambag‘allikni qisqartirish siyosatida oila, bola parvarishi, maktabgacha ta’lim va bandlik masalalari bir-biridan ajratilmasligi g‘oyatda maqbul yechim.
Kambag‘allikni faqat oila daromadi bilan o‘lchash har doim ham uning haqiqiy ijtimoiy holatini to‘liq aks ettirmaydi. Oilada nogironligi bo‘lgan shaxs, surunkali kasallikka chalingan inson, ko‘p farzandlilik yoki mehnatga layoqatli a’zolarning xorijda bo‘lishi kabi omillar ham oilaning real ehtiyojini belgilaydi.
Shu sababli Ijtimoiy reyestrga kiritish mezonlarini ko‘p o‘lchovli baholash tizimiga o‘tkazish rejalashtirilgan.
Bu o‘zgarishni ijtimoiy adolat nuqtai nazaridan baholasak, manzillilikning sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarilayotganini ko‘rish mumkin.
Shuningdek, yig‘ilishda tumanlar ixtiyoriga jami 3 trillion 200 milliard so‘m resurs berilishi va mablag‘larning aniq natija berishi asosiy mezon etib belgilanishi ma’lum qilindi. 8 ming 992 ta mahalladagi hokim yordamchilari faoliyati qayta baholanib, ularga biznes loyihasini tayyorlash, moliyalashtirish vositasini tanlash va tadbirkor bilan ishlash ko‘nikmalari o‘rgatilishi ham nazarda tutilyapti.
O‘zXDP uchun qanday vazifalar dolzarb?
Danagul Berdaliyeva,
xalq deputatlari Navoiy viloyat Kengashi deputati:
-Kambag‘allikni qisqartirishning yangi bosqichi O‘zXDP oldiga ham yangi vazifalarni qo‘yadi.
Kambag‘allikdan chiqarilgan oilalar sonining o‘zi yetarli mezon emas. Ularning qanchasi barqaror ishga ega bo‘lgani, daromadi qanchaga oshgani va bu holat qanchalik barqa ror ekani ham tahlil qilinishi zarur.
Ikkinchidan, deputatlik nazoratida kredit va subsidiyalarning hajmi bilan birga ularning ijtimoiy samaradorligiga ham e’tibor qaratish lozim. Shu bilan birga, mehnat bozori va kasbiy ta’lim o‘rtasidagi bog‘liqlikni kuchaytirish partiyaning bandlik siyosatida muhim yo‘nalish bo‘lishi mumkin.
Ehtiyojmand oilalar farzandlarining ta’lim va kasbiy imkoniyatlarini kengaytirish orqali kambag‘allikning qaysidir ma’noda «meros» shaklida o‘tishining oldini olishga qaratilgan choralarni qo‘llab-quvvatlash zarur. Xotin-qizlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, ko‘p bolali oilalar va boshqa ijtimoiy ehtiyojmand qatlamlar uchun umumiy emas, balki ularning holatiga mos yechimlar ishlab chiqilishiga e’tibor qaratish muhim.
Yig‘ilishda bildirilgan yangi tashabbuslar O‘zbekistonda kambag‘allikni qisqartirish siyosati sifat jihatdan yuqori bosqichga kirayotga nini ko‘rsatadi. Bu siyosat negizida faqat ijtimoiy yordam emas, balki insonni mehnatga, tadbirkorlikka, kasbga va barqaror daromadga olib chiqish vazifasi turgani shubhasiz.
Qolaversa, yangi yondashuvlar O‘zXDPning ijtimoiy adolat, teng imkoniyat va aholi manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan g‘oyalarini amaliy mazmun bilan boyitadi.
Har bir insonning o‘z peshona teri va intilishi evaziga munosib hayot kechirishi uchun shart-sharoit yara tish, har tomonlama qo‘llab-quvvatlash ijtimoiy islohotlarning hayotbaxshligini kafolatlaydi.
Farida MAHKAMOVA,
“O‘zbekiston ovozi” muxbiri.
