Bosh kentimiz – Toshkent mamlakat iqtisodiy taraqqiyotining eng yirik markazi, investisiyalar uchun muhim maydon, yangi ish o‘rinlari va zamonaviy kasblar shakllanadigan, ilm-fan, ta’lim va innovatsiyalar jamlanadigan ulkan makon. Bu yerda ro‘yobga chiqarilayotgan har bir o‘zgarish, yangilanish, qiyosan aytganda, yurtimiz bo‘ylab aks-sado beradi.
Prezident raisligida Toshkent shahrini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, investisiya va bandlikni oshirish, mahallalarda zamonaviy infratuzilma yaratish masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida poytaxtning ana shu strategik ahamiyatidan kelib chiqib, aniq va keng qamrovli vazifalar belgilab berildi.
Yig‘ilishda har bir tuman va mahallaning mavjud imkoniyatlarini to‘liq ishga solish, qo‘shimcha qiymat yaratish, investisiyalarni ko‘paytirish va yuqori daromadli ish o‘rinlarini tashkil etishga yangicha yondashish zarurligi ta’kidlandi. Poytaxt tumanlarining iqtisodiy salohiyatidan kelib chiqib, ixtisoslashtirish vazifasi qo‘yildi. Jumladan, Sergeli, Yangihayot va Bektemir tumanlarida yirik logistika majmualarini tashkil etish, markaziy tumanlarda zamonaviy biznes va moliyaviy markazlarni ko‘paytirish, Olmazor, Chilonzor va Uchtepada esa ta’lim, tibbiyot, savdo va servis sohalariga investisiyalarni faol jalb qilish uchun mavjud imkoniyatlardan munosib foydalanishga urg‘u berildi.
Bu vazifalarning o‘ziyoq poytaxt iqtisodiyotini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha puxta yondashuv shakllanayotganiga ishora qiladi. Har bir tuman o‘zining iqtisodiy drayveriga ega bo‘lishi, mavjud yer, infratuzilma, mehnat resurslari va iste’mol bozoridan kelib chiqib, aniq yo‘nalishda rivojlanishi kerak.
Toshkentning 12 ta tumani bo‘yicha joriy yilda 9 milliard dollar investisiya jalb qilish rejalashtirilgan. Yig‘ilishda ayrim hududlarda belgilangan ko‘rsatkichlarga erishish uchun ishlarni jadallashtirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Kelgusi yilda esa poytaxtga 10 milliard dollar investisiya jalb qilish hamda 150–200 mingta yuqori daromadli doimiy ish o‘rni yaratish bo‘yicha tugal reja ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi. Bu esa Toshkent iqtisodiyotining sifat jihatidan yangi bosqichga chiqishidan dalolat beradi.
Shu maqsadda investorlar bilan ishlash tizimi ham o‘zgarmoqda. Investorlarni idorama-idora sarson qilmasdan, ularning masalalarini bevosita joyida hal etishning yangi tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Respublika va shahar darajasidagi mas’ullar har hafta tumanlarga chiqib, tadbirkor va investorlar bilan uchrashadi. Yuqori darajada yechim talab qiladigan masalalar bo‘yicha esa shu kunning o‘zida asoslangan takliflar Prezident Administratsiyasiga kiritiladi.
Bu vazifa, mohiyatan, investisiya muhitida eng muhim masalalardan biri — tezkorlikni ta’minlashga qaratilgan. Investor uchun vaqt ham kapital. Shu bois uning yer, infratuzilma, elektr energiyasi, ruxsatnoma yoki boshqa masalalarini tez hal qilish yangi loyihalarni ishga tushirish sur’atiga bevosita ta’sir qiladi.
Yig‘ilishda mahallalarni kompleks rivojlantirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Bu borada Olmazor tumanidagi tajriba namuna sifatida ko‘rsatildi. Yil boshidan tumandagi 9 ta ko‘cha biznes, aholi va sayyohlar uchun jozibador hududga aylantirildi. Ayniqsa, “Qichqiriq” mahallasida amalga oshirilgan ishlar e’tiborga loyiq. Ilgari infratuzilmasi yetarli bo‘lmagan hududda 450 o‘rinli bog‘cha, sport maydonchalari, sayilgoh, amfiteatr, piyodalar yo‘lagi va favvoralar barpo etildi. Natijada 5,5 ming nafar aholi uchun zamonaviy va qulay muhit yaratildi.
Mana shu “Qichqiriq” tajribasi endilikda Olmazorning yana 8 ta ko‘chasi va poytaxtning boshqa tumanlariga ham joriy etilishi kutilmoqda. Toshkent shahridagi 100 ta ko‘chani kompleks yangilash uchun 1 trillion so‘m ajratilib, 400 ta mahallani “Qichqiriq” namunasi asosida obod qilish bo‘yicha 4 yilga mo‘ljallangan 10 trillion so‘mlik dastur ishlab chiqiladi.
Bu raqamlar poytaxtni rivojlantirishda mahalla darajasigacha tushib borilayotgan yangi yondashuvni ko‘rsatadi. Ya’ni shahar taraqqiyoti endi faqat markaziy ko‘chalar, yirik binolar va magistral yo‘llar bilan emas, har bir mahalladagi hayot sifati bilan baholanadi.
Toshkentning tarixiy qiyofasini saqlash va uni zamonaviy imkoniyatlar bilan uyg‘unlashtirish ham ustuvor vazifalardan biri. Poytaxtning tarixiy qismi — “Eski shahar” hududini kompleks rivojlantirish uchun xorijiy kompaniyalarni jalb qilgan holda 1 noyabrga qadar yagona konsepsiya va aniq loyihalar portfelini ishlash ko‘zda tutilayotgani shu jihatdan hayotiy zaruratdir. Bu esa Toshkentning tarixiy merosi va zamonaviy iqtisodiy salohiyatini bir nuqtada birlashtirish imkonini beradi.
Shahar iqtisodiyotida hali to‘liq ishga solinmagan zaxiralardan biri davlat idoralariga tegishli binolar ekani ham qayd etildi. Bugun Toshkentda umumiy maydoni 765 ming kvadrat metr bo‘lgan 497 ta ma’muriy bino mavjud. Yig‘ilishda bo‘sh va samarasiz foydalanilayotgan maydonlarda savdo, servis, xususiy tibbiyot va ta’lim xizmatlarini yo‘lga qo‘yish uchun tadbirkorlarga sharoit yaratish vazifasi belgilandi.
Davlat mulkini xususiylashtirish jarayonlarini yangi biznes loyihalari bilan bog‘lash zarurligi ta’kidlandi. Birgina Olmazor tumanida qiymati 100 milliard so‘m bo‘lgan 52 ta davlat ob’yekti savdoga chiqarilmoqda. Agar bu ob’yektlar yangi ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish va ish o‘rinlariga aylansa, xususiylashtirish jarayoni iqtisodiy o‘sishning qo‘shimcha manbasiga aylanadi.
Poytaxtda inson uchun qulay shahar muhitini shakllantirish vazifasi aniq loyihalar bilan bog‘landi.
Toshkent shahrida kuniga 1,5 millionta transport vositasi harakatlanayotgani hisobga olinib, tirbandlikni faqat yo‘llarni kengaytirish hisobiga emas, intellektual transport tizimlarini joriy etish orqali hal qilish juda muhim. Bu yo‘nalishda amaliy ishlarni yil yakuniga qadar boshlash mo‘ljallanmoqda.
Bandlik masalasiga doir yangi vazifalar ham diqqatga molik. Inchunun, Toshkent shahrida biznes boshlamoqchi bo‘lgan tadbirkorlar uchun garovsiz kredit limiti 100 million so‘mdan 200 million so‘mga oshiriladi. Olmazorda yil yakuniga qadar 300 nafar yangi tadbirkorni qo‘llab-quvvatlash va 1 mingta ish o‘rni yaratish, poytaxt bo‘yicha esa 10 ming nafar aholini daromadli ish bilan ta’minlash tashabbuslari ilgari surildi. Bu choralar mahallalarda kichik biznes va xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirishga yanada turtki berib, yirik sanoat korxonalari qatorida mahalliy xizmatlar, oilaviy tadbirkorlik va kichik biznes ham shahar iqtisodiyotining muhim tayanchiga aylanishiga olib keladi.
“Miskin” va Ibrohim ota mahallalaridagi 305 gektar sanoat zonasi esa Toshkentning sanoat va eksport salohiyatini oshirish uchun katta zaxiradir. Yig‘ilishda bu yerda ish o‘rinlarini hozirgi 35 mingtadan 100 mingtaga, eksport hajmini 600 million dollarga yetkazish imkoniyati borligi ko‘rsatib o‘tildi. Tadbirkorlarga sanoat ipotekasi, kredit va lizing kabi moliyaviy vositalar taklif etiladi.
Shu bilan birga, mehnat bozori talablariga mos kadrlar tayyorlash masalasi tilga olindi. Olmazordagi ish beruvchilarga 5 mingga yaqin turli malakadagi xodimlar kerak. Demak, ish o‘rinlari bor, ammo ularga mos kadr tayyorlash tizimini tezlashtirish zarur. Shu maqsadda Olmazor kasbiy ko‘nikmalar markazida axborot texnologiyalari va ilg‘or innovatsiyalar yo‘nalishida 400 o‘rinli texnikum tashkil etiladi, mavjud binolarda zamonaviy kasb-hunar markazlari yo‘lga qo‘yiladi. Germaniya bilan 500 kishiga mo‘ljallangan til kurslari, Chexiya va Slovakiya uchun tibbiyot xodimlarini maqsadli tayyorlash loyihalari amalga oshiriladi. Rivojlangan davlatlardan 20 ta yirik rekruting kompaniyasini jalb qilish belgilandi.
“Yoshlar shaharcha”sidagi 42 gektar maydonda IT-park, yuqori texnologiyali sanoat va ta’lim ob’yektlaridan iborat innovasion klaster tashkil etish ishlari ham boshlanadi. Bu tashabbus Toshkentni zamonaviy texnologiyalar va innovatsiyalar markaziga aylantirish maqsadining muhim qismi bo‘ladi.
Poytaxtning ta’lim salohiyatini hisobga olganda, bu yo‘nalishning ahamiyati yanada ortadi. Olmazorda bir vaqtning o‘zida 75 ming nafar talaba tahsil olmoqda. 7 ta oliygohga qarashli 41 ta talabalar yotoqxonasida qariyb 18 ming nafar yosh istiqomat qiladi.
Yig‘ilishda ularning o‘qishi, yashashi, bandligi, ijtimoiy ta’minoti, madaniy hayoti va xavfsizligini qamrab oladigan yaxlit boshqaruv tizimini joriy etish vazifasi qo‘yildi. Buning uchun alohida Direksiya tashkil qilinadi. “Talabalar shaharcha”sidagi Vaziyatlar markazi orqali oliygoh va yotoqxonalarga kirib-chiqish hamda davomatni onlayn nazorat qilish tizimi yil yakunigacha poytaxtning boshqa tumanlarida, kelgusi yilda esa mamlakatdagi barcha oliy ta’lim muassasalarida joriy etiladi.
Yig‘ilishda huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha Olmazor tajribasi tahlil qilindi. Gap shundaki, ushbu tumandagi 64 ta mahallaning 13 tasida jinoyat sodir etilmagan, kriminogen vaziyati og‘ir mahallalar qolmagan, ayollar ishtirokidagi jinoyatlar sezilarli kamaygan. Endi yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarni keskin kamaytirish bo‘yicha Olmazor tajribasini shakllantirish ayni muddaodir.
Shak-shubhasiz, zamonaviy shahar taraqqiyotini iqtisodiy o‘sishdan ayro tasavvur qilib bo‘lmaydi. Yangi ish o‘rinlari bilan xavfsizlik, ta’lim bilan bandlik, infratuzilma bilan aholi farovonligi o‘zaro bog‘liq. Shu ma’noda videoselektor yig‘ilishida belgilangan vazifalarning barchasi yagona maqsadga — Toshkentni inson uchun qulay, tadbirkor va investor uchun jozibador, yoshlar uchun imkoniyatlari keng shaharga aylantirishga qaratilganki, ularning amaliy tasdig‘ini topishi poytaxtning rivojlanish sur’atiga yanada hayotiylik va jadallik baxsh etadi.
F.IBROHIMOVA.
