Fokus

Shiddatli davr, ruhiy inqiroz, darz ketayotgan odamiylik

Blog Image
Email : 12 0

Jamiyatimizdagi o‘zgarishlarning, jamoatchilik kayfiyatining o‘ziga xos ko‘zgusi bo‘lib ulgurgan ijtimoiy tarmoqlarda ba’zan kishi ko‘nglini xijil qiladigan yangiliklar ko‘zga tashlanib qoladi: kimdir o‘zini yuqori qavatdan tashlab, joniga qasd qilgan, qaysidir erkak (yoki ayol) darg‘azablikda juftiga pichoq sanchigan, musofirdagi eridan alamini olish o‘yida hatto jonday aziz farzandini ayamay do‘pposlayotgan ona…

Insoniylikning yuksak maqomiga yarashmagan shunday og‘riqli manzaralarni, bizningcha, bir sabab bog‘lab turadi. Bu – ruhiy inqirozning odamiylik mezonlarini parchalab yuborayotganidir. Binobarin, so‘nggi yillarda ruhiy salomatlik mavzusi bot bot tilga olinayotgani bejiz emas.

JSST hisob-kitoblariga ko‘ra, dunyoda har sakkiz kishidan biri ruhiy kasallikdan aziyat chekmoqda. Aniqroq aytganda, ruhiy salomatlik global muammolardan biri hisoblanmoqda.

Xalqaro ekspertlarning fikricha, bu masalaga yetarlicha e’tibor qaratmaslik mamlakatlar va jamiyatlarning nainki ijtimoiy barqarorligi, balki iqtisodiyoti uchun ham qimmatga tushadi. Biroq hali ko‘pgina davlatlarda sog‘liqni saqlash uchun ajratilayotgan xarajatlarning juda kam qismi ruhiy salomatlikka yo‘naltirilmoqda. Aksariyat jamiyatlarda rasmiy ruhiy salomatlik xizmatlari umuman mavjud emas. Natijada ko‘pincha ruhiy inqiroz ichida yashayotgan odamlar o‘z muammolari bilan yolg‘iz qolayotir.

Xo‘sh, bizda-chi, degan savol tug‘ilishi tabiiy.

So‘zimiz avvalida keltirganimiz – kunda-shunda ro‘y berib turgan taassufli holatlarga qo‘shimcha ravishda aytish mumkinki, mazkur global muammo yurtimizni ham chetlab o‘tayotgani yo‘q. O‘tgan yili ruhiy salomatlik indeksida O‘zbekiston 83 davlat ichida 74-o‘rinda qayd etilgani fikrimiz isboti.

– Bugungi kunda ruhiy salomatlik masalasi butun dunyoda tibbiyotning eng dolzarb yo‘nalishlari qatoridan joy olgan, – deydi Respublika ruhiy kasalliklar klinik shifoxonasi bosh hamshirasi, oliy toifali mutaxassis Muyassar Mirzayeva. – Xalqaro ilmiy-amaliy tadqiqotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, raqamlashtirish davriga kelib dunyo aholisining katta qismi hayoti davomida kamida bir marta bo‘lsa ham ruhiy buzilish bilan to‘qnash kelyapti. “Ruhiy buzilish” deganda faqat og‘ir psixik kasalliklar emas, balki depressiya, xavotir, stress bilan bog‘liq klinik holatlar ham tushuniladi.

Avvallari psixiatriyaga oid muammolarga unchalik ham diqqat qaratilmagan bo‘lsa, hozirga kelib ruhiy salomatlik ochiq muhokama etilayotgan, ijtimoiy va iqtisodiy ahamiyatga ega mavzuga aylandi. O‘rganishlar zamonaviy hayot tarzi, ya’ni axborot oqimining keskin oshgani, internet va ijtimoiy tarmoqlarga qaramlik, ekologik tanazzul va oziq-ovqat xavfsizligi buning asosiy sabablari ekanini ko‘rsatmoqda.

Ayni tezkor davrda, ta’bir joiz bo‘lsa, butun hayot tarzi raqamlashib borayotgan insoniyatni ruhiy inqiroz bilan yuzma-yuz qilayotgan sabablar ichida oziq-ovqat xavfsizligi ham borligi kishini o‘ylantiradi.

– Buning ajablanadigan joyi yo‘q, – davom etadi M.Mirzayeva. – Genetik olimlar biz iste’mol qilayotgan oziq ovqatlardagi sun’iylik tufayli tanamizda turli mutatsiyalar sodir bo‘lishini allaqachon aniqlashgan. Mutatsiyalar soni oshishi insonda ruhiy og‘ishlarni keltirib chiqaradi. Mana shunday sabablar oqibati o‘laroq hozirgi paytda amaliyotda autizm tashxisi qo‘yilgan bolalar, ruhiy sindromlardan aziyat chekayotgan yoshi katta bemorlar soni oshib borayotganini kuzatishimiz mumkin.

 

Nima qilmoq kerak?

– Odamlarimizda iste’molchilik kayfiyatining yuqoriligi, boshqacha aytganda, chegara bilmayotgan hoyu havaslar, deylik kredit olib bo‘lsa ham, uyini qo‘shnisinikidan bir qavat yuqori qilib qayta qurish, to‘y-ma’rakani hashamatga aylantirish, barcha sohada shiddatli o‘zgarishlar kechayotgan zamonga moslashish yuki, qashshoqlik, zo‘ravonlik, ijtimoiy tengsizlik bilan bog‘liq muammolar fonida ruhiy kasalliklar xavfi ham yuqori bo‘ladi, – deydi tibbiyot fanlari bo‘yicha falsafa doktori Nargiza Nuraliyeva. – Go‘daklik, bolalik va o‘smirlik davrlari insonning ruhiy sog‘lig‘iga tahdid soluvchi xavf omillariga ta’sirchan, zaif bo‘ladi. Aynan shu davrdagi tarbiya, g‘amxo‘rlik va o‘rganish uchun qulay sharoitlar kelajakda ruhiy salomatlikni muhofaza qilishning kuchli omillari bo‘lishi mumkin. Demak, aholi o‘rtasida ruhiy salomatlik ko‘rsatkichlarini yaxshilash uchun birinchi navbatda yosh avlodning ruhiy salomatligini saqlash va mustahkamlash chora-tadbirlariga ustuvor e’tibor qaratmoq kerak.

Bilamizki, maktablarda shtatdagi psixolog lavozimlari joriy etilgan, ular asosan o‘quvchilarning ijtimoiy moslashuvi, xulq-atvoridagi muammolar, stress va konflikt holatlari bilan ishlaydi. Biroq amaliyotda bitta psixologga juda ko‘p o‘quvchi to‘g‘ri kelishi, buning ustiga, ishning ko‘proq hisobot va formal tadbirlar bilan cheklanib qolayotgani kabi muammolar mavjudki, bu profilaktika ishlariga o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmayapti.

Aholi o‘rtasida ruhiy muammolarni erta aniqlash va profilaktika mexanizmini yo‘lga qo‘yish uchun birlamchi tibbiy bo‘g‘in — poliklinika va oilaviy shifokorlar tizimida psixologik yordam yo‘lga qo‘yilishi shart. Mazkur masalaga mehnat jamoalarida ham e’tibor qaratilishi, ish beruvchilar xodimlarning ruhiy salomatligiga jiddiy yondashishi hayotiy zaruratdir. Kasbiy charchoq, stress va turli konfliktlar eng kamida agressiyalarga, o‘zaro janjal va boshqa xunuk holatlarga olib keladi.

Muxtasar aytganda, aholi keng qatlami ruhiy salomatlik bo‘yicha yetarli ma’lumotga ega bo‘lishi lozim. Chunki bugun kishilarning ruhiy holatiga faqat shaxsiy masala sifatida qarab bo‘lmaydi. Aholining ruhiy salomatligi iqtisodiy o‘sishga, oilalarning tinchligiga, ta’lim sifatini oshirishga, jinoyatchilikni kamaytirishga va ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.

 

Qadam qo‘yildi

Mamlakatimizda xalqimiz salomatligini muhofaza qilish, millat genofondini asrash taraqqiyotni ta’minlovchi strategik masalalar sirasiga kiritilgan. Bu borada qator qonun hujjatlari, davlat rahbarining tegishli farmon va qarorlari qabul qilinib, amaliyotga tatbiq etilmoqda. Yaqinda e’lon qilingan «Aholiga narkologik va psixiatrik xizmat ko‘rsatish tizimini transformatsiya qilish chora tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident qarori loyihasi zamirida ham ana shu maqsadlar turibdi.

Loyiha bilan tanishish asnosida yurtimizda aholining ruhiy salomatligini yaxshilash, sohadagi muammolarga haqchil, tezkor yechim topish yo‘lida yangi qadamlar qo‘yilayotganini anglash mumkin.

Loyihaga ko‘ra, 2027 yil 1 yanvardan boshlab Ruhiy salomatlik milliy tibbiyot markazi va uning 14 ta hududiy filialini tashkil etish rejalashtirilmoqda.

Toshkent shahar bolalar psixonevrologiya markazi Respublika bolalar ruhiy salomatlik markazi etib qayta tashkil etilishi ko‘zda tutilmoqda. U bolalar psixiatriya xizmati bo‘yicha bosh muassasa hisoblanadi hamda tibbiyot oliy ta’lim muassasalarining tegishli kafedralari uchun asosiy klinik baza vazifasini bajaradi. Shu bilan birga, respublika, jumladan, Toshkent shahri aholisiga xizmat ko‘rsatadi.

Ruhiy salomatlik xizmatlarini birlamchi tibbiy yordam tizimi bilan integratsiya qilish, yosh psixiatrlar tayyorlash, ularni amaliyotga keng jalb etish hamda aholiga yaqin, qulay xizmatlar ko‘rsatish vazifalari ham qamrab olingan. Ushbu maqsadda ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalar va maslahat-diagnostika bo‘limlarida kattalar psixiatri, bolalar psixonevrologi (bolalar psixiatri), narkolog, tibbiy psixolog va hamshiralardan iborat birlamchi ruhiy salomatlik bo‘linmalari tashkil etiladi.

Shuningdek, psixiatr va klinik psixologlar tayyorlash tizimi kengayadi. Qaror loyihasida keltirilishicha, 2026—2027 o‘quv yilidan boshlab narkologiya, psixiatriya va tibbiy psixologiya yo‘nalishlari bo‘yicha magistratura hamda klinik ordinatura (rezidentura)da o‘qish muddati 2 yil etib belgilanishi, ularni bitirgan mutaxassislar kattalar va bolalar psixiatri (psixonevrolog), suitsidolog shifokori sifatida ishlash huquqiga ega bo‘lishi mumkin. 2030 yil yakuniga qadar aholining ruhiy salomatlik xizmatiga bo‘lgan ehtiyojidan kelib chiqib, psixiatriya, narkologiya va tibbiy psixologiya mutaxassislarini magistratura hamda klinik ordinatura bosqichlarida to‘liq davlat granti asosida tayyorlash taklif qilinmoqda.

***

Zamonamizga kelib ruhiy salomatlik mavzusi kun tartibiga chiqayotganiga, nazarimizda, insonlarning ma’naviy ruhiy ozuqadan yiroqlashib borayotgani ham hal qiluvchi sabablardan biridir. Mahdudlik, axborotga, yangilikka, ijtimoiy munosabatlarga ehtiyojni faqat gadjetlar orqali qondirish, ilmu ma’rifatning, kitobxonlik va asl san’atning inson ruhiyatidagi kemtiklarga qay darajada davo bo‘lishini unutib qo‘yish pirovardida ruhiy inqirozga olib kelmayaptimikan?! Bunisi endi alohida mavzu!

 

Farida IBROHIMOVA.