Bugun dunyo an’anaviy urushlardan ancha uzoqlashib, inson ongi uchun kurash maydoniga aylanib bo‘ldi. Qurollar shovqini o‘rnini axborot oqimlari, tanklar o‘rnini esa manipulyativ narrativlar egalladi. Aytish mumkinki, axborot urushi, mafkuraviy bosim, qadriyatlarning unutilishi – bular, avvalo, jamiyatning intellektual immunitetini sinovdan o‘tkazmoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarda kuchayib borayotgan axborot provokatsiyalari, soxta kun tartiblari, his-tuyg‘uga qaratilgan ta’sirlar bunga yaqqol misol. Siyosiy madaniyat tamoyillari chetlab o‘tilgan holda, davlatlarning ichki ishlariga aralashish, jamiyat ongini beqarorlashtirishga qaratilgan urinishlar tobora tizimli tus olmoqda. Turli axborot xurujlari orqali xalqlar va millatlar his-tuyg‘ulariga ta’sir qilish, ularni qo‘zg‘ashga undovchi jarayonlar kuchayib bormoqda.
Shu nuqtada bir haqiqatni aniq aytish lozim: har qanday jamiyatda kuch, pul yoki ma’muriy resurslardan ham ustun turadigan asosiy omil bor – bu uning intellektual salohiyatidir. Ana shu ustunlikni shakllantiradigan, yo‘nalish beradigan, jamiyat ongini harakatga keltiradigan qatlam, tabiiyki, ziyolilar hisoblanadi.
Xo‘sh, ziyoli kim? Mustafo Cho‘qay ziyoli odam haqida fikr yuritarkan, shunday deydi: “Biz har qanday o‘qigan odamni ziyoli deb atashimiz mumkinmi? Zero, ziyolilik tahsil olganlik bilan o‘lchanmaydi. Ziyoli insonlarni esa g‘oya birlashtiradi”. Ular millatning aqli, ma’naviy yo‘lboshchisi, taraqqiyot va tanazzul o‘rtasidagi noyob mezondir. Chinakam ziyoli faqat aql va bilim emas, katta qalb va ma’naviyat egasi ham bo‘lmog‘i zarur. Umuman olganda, ziyoli deganda, insonga, ayniqsa, yoshlarga har tomonlama ijobiy ta’sir ko‘rsatuvchi shaxslar tushunilib, ular turli sohalarga mansub bo‘lishlari mumkin.
Biz, ziyolilar bugun global axborot zamonida birlasha olyapmizmi?
So‘nggi yillarda jamiyatdagi ayrim tendensiyalar meni o‘ylantirmoqda: ziyolilar so‘zi ko‘pincha kechikayotgani, ayrim muhim masalalarda sukut ustun kelayotgani kuzatiladi. Agar ziyolilar sukut qilsa, bu sukutdan hosil bo‘lgan bo‘shliqni boshqalar to‘ldiradi. Bu sukut jamiyatda ma’naviy vakuumni yuzaga keltirib, uni begona g‘oyalar egallashiga sharoit yaratadi. Va ko‘pincha bu yolg‘on, manipulatsiya va zo‘ravon g‘oyalar bo‘ladi. Shuning uchun ziyolining vazifasi faqat kuzatish emas, balki yo‘l ko‘rsatish, ogohlantirish, ma’naviy ustunlikni saqlab qolishdir.
Tarix buni ko‘p bor isbotlagan: qaysi jamiyatda ziyoli qatlam faol, birlashgan va kelajak oldida javobgarlikni his etgan bo‘lsa, o‘sha yerda islohotlar chuqur, taraqqiyot barqaror kechgan. Aksincha, ziyolilar sukutga ketgan, parokanda bo‘lgan yoki chetga surilgan davrlarda jamiyat inersiyaga tushgan, oqibatda tanazzul yuz bergan.
Bugungi murakkab geosiyosiy sharoitda bir haqiqat yanada ravshan ko‘rinadi: tinchlik – tasodif emas, u ongli tanlov, aqlli siyosat va ma’naviy barkamollik samarasidir. Shu ma’noda, bugungi osuda hayotimiz, barqarorlik va xotirjamlik uchun shukronalik hissi har bir fuqaro, ayniqsa, ziyoli inson qalbida mustahkam o‘rin egallashi shart.
Jamiyatda turli fikrlar, qarashlar mavjud bo‘lishi tabiiy. Ammo ular qarama-qarshilikka emas, muloqotga, ziddiyatga emas, hamjihatlikka aylanishi kerak
Bugungi asosiy xavf faqat tashqi tahdidlar yoki chetdan uyushtirilayotgan targ‘ibotlar emas. Eng xavfli omil ichki befarqlik va umumiy maqsad atrofida birlasha olmaslikda ko‘rinadi.
Shuning uchun ham ziyolilar uyg‘oq bo‘lishi hayotiy zarurat. Uyg‘oqlik – voqealarga kechikib emas, o‘z vaqtida munosabat bildirish bilan namoyon bo‘ladi. Uyg‘oqlik – jarayonlarni chuqur tahlil qilish, tashqi ta’sirlarga tanqidiy yondashish, xalqqa tiniq fikr berish demakdir.
Fikrlar uyg‘unligi, maqsadlar birligi va umumiy pozitsiya jamiyatni harakatga keltiradi. Millatni uyg‘otish orqali jamiyat ongi tiniqlashadi, xavf va imkoniyat o‘rtasidagi chegara aniq ko‘rinadi. Bu vazifa faqat bilim bilan emas, ma’naviy jasorat bilan amalga oshiriladi. Ziyoli sifatida sohaviy masalalarda fikrlarimiz bir joydan chiqmasligi mumkin, sog‘lom ma’noda tortishuvlar bo‘lishi aniq, ammo Vatan masalasida qarashlarimiz bir, g‘oyalarimiz bir. Bu Vatanga sadoqatdir! Zero, bizni olim qilgan, el uchun, xotirjamlik ila oilamiz bilan bir dasturxonda o‘tirib suhbatlashmoq zavqi uchun, shogirdlarimizga ilmu urfonlarni ulashmoq uchun, shu yurt uchun, shu xalq uchun millat ziyolilari bedor bo‘lmog‘i lozim.
Vatanni asrash chegaralarni qo‘riqlash bilan cheklanmaydi. Shukrki, milliy armiyamiz kuchli, mudofaa qobiliyatimiz mustahkam. Qaysidir mintaqada soniyalar oldin tirik bo‘lgan farzandini lahza qadar ko‘z oldida vafotini ko‘rayotgan onalarni, urush vayronalariga boqqancha baxtli kunlarini qo‘msab yig‘layotganlarni, alp yigitlarning qurbon bo‘layotganini ko‘z oldimizga keltira olamizmi? Shunda ham shukr aytmaymizmi?!
Osuda kunlarimiz, to‘y-u tomoshalarimiz, farzandlarimizning olamshumul yutuqlari uchun ham shu Vatanni sharaf bilan, ilmu ziyo nurini sochib asramog‘imiz kerak! Olimlikning ham, oriflikning ham buyuk missiyasi shu aslida!
Uyg‘oq ong, yakdillik va ma’naviy ustunlik bor joyda tinchlik mustahkam bo‘ladi. Va aynan shu yo‘l – zo‘ravonlikka qarshi eng kuchli javob, axborot urushiga qarshi eng po‘lat qalqondir.
Mahfuza YULDASHEVA,
siyosiy fanlar doktori, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti dotsenti.
