Mamlakatimizda aholi bilan muloqot madaniyatini yanada mustahkamlash, fuqarolarning murojaatlarini tizimli o‘rganish va ularga o‘z vaqtida yechim topish masalalari davlat boshqaruvidagi ustuvor yo‘nalishlardan biriga aylanmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini takomillashtirish, Xalq qabulxonalari faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish va jamoatchilik fikrini chuqur tahlil qilish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bu boradagi ishlarning navbatdagi muhim bosqichi bo‘ldi.
So‘nggi yillarda yurtimizda “davlat xalq uchun xizmat qilishi kerak” degan tamoyil amalda o‘z ifodasini topayotgani barchamizga ma’lum. Aholining ijtimoiy farovonligini oshirish, mahallalar infratuzilmasini yaxshilash, odamlarning turmush darajasini ko‘tarishga qaratilgan keng ko‘lamli dasturlar izchil olib borilmoqda. Jumladan, joriy yilda mahallalarda infratuzilma va aholi turmush sharoitini yaxshilash uchun 56 trillion so‘m mablag‘ ajratilayotgani davlat siyosatining inson manfaatlariga yo‘naltirilganini yana bir bor tasdiqlaydi.
Yig‘ilishda shuncha imkoniyat va mexanizmlar mavjud bo‘lishiga qaramasdan, ayrim hududlarda aholi murojaatlariga o‘z vaqtida yechim topilmayotgani, ba’zi hollarda muammolar ijtimoiy tarmoqlarda katta muhokamaga sabab bo‘lganidan keyin harakat boshlanayotgani joylardagi ijro intizomi va mas’uliyat masalasini jiddiy ko‘rib chiqish zarurligi ta’kidlandi.
Aslida murojaatlar — bu faqatgina ariza yoki shikoyat emas. Ular jamiyatdagi real kayfiyat, odamlarning kundalik hayotida uchrayotgan muammolar, ayrim sohalardagi tizimli kamchiliklarni namoyon etuvchi ko‘zgudir. Shu bois murojaatlarni faqat rasmiy tartibda ko‘rib chiqish bilan cheklanib qolmasdan, ularning kelib chiqish sabablarini chuqur tahlil qilish, tizimli muammolarni bartaraf etish davlat boshqaruvining muhim vazifasiga aylanmoqda.
Yig‘ilishda aliment masalasi, energetika va kommunal infratuzilma, yo‘llar holati, ichimlik suvi ta’minoti kabi sohalar bo‘yicha murojaatlar ko‘pligi alohida qayd etildi. Bu esa mazkur yo‘nalishlarda xizmatlar sifati va mavjud muammolarni chuqur tahlil qilish, manzilli chora-tadbirlarni kuchaytirish zarurligini anglatadi.
Ayniqsa, Xalq qabulxonalarini faqat murojaat qabul qiluvchi idora sifatida emas, balki joylardagi muammolarni tizimli tahlil qiladigan, mas’ul idoralar faoliyatiga ta’sir ko‘rsatadigan va amaliy yechimlar ishlab chiqadigan markazga aylantirish haqida bildirilgan fikr va tashabbuslar davlat boshqaruvida sifat jihatidan yangi bosqichni boshlab berishi shubhasiz.
Bu jarayonda siyosiy partiyalar vakillik organlari faoliyati ham alohida ahamiyat kasb etadi. Chunki aholi murojaatlarini tizimli o‘rganish va ularni davlat qarorlari qabul qilinishi jarayoniga yetkazishda partiyalar muhim ko‘prik vazifasini bajaradi. Shu ma’noda, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi uchun aholi murojaatlari bilan ishlash partiyaning dasturiy maqsadlari va ijtimoiy adolat tamoyillarini amalga oshirishning muhim mexanizmi hisoblanadi.
Partiyaning joylardagi kengashlari, mahalliy Kengashlarda faoliyat yuritayotgan deputatlari hamda Jamoatchilik qabulxonalari aholi bilan doimiy muloqot o‘rnatish, ularni o‘ylantirayotgan muammolarni o‘rganish va bu masalalarni parlament hamda mahalliy vakillik organlari kun tartibiga olib chiqishda yanada faol bo‘lishi zarur.
Bugungi kunda partiya Jamoatchilik qabulxonalariga kelib tushayotgan murojaatlar tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, fuqarolarni eng ko‘p tashvishga solayotgan masalalar ish bilan ta’minlash, kommunal xizmatlar sifati, uy-joy ta’minoti, ijtimoiy himoya va tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlari bilan bog‘liq. Bu esa, o‘z navbatida, partiya deputatlari va kengashlari oldida turgan ustuvor vazifalarni yanada aniq belgilab beradi.
Shu nuqtai nazardan, partiya deputatlari joylardagi murojaatlarni chuqur tahlil qilish, ularning sabablarini o‘rganish, mavjud muammolarni hal etish yuzasidan mahalliy hokimliklar va tegishli idoralar faoliyati ustidan deputatlik nazoratini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratishi lozim. Shuningdek, aholini o‘ylantirayotgan masalalarni mahalliy Kengashlar sessiyalari kun tartibiga kiritish, ular bo‘yicha aniq qarorlar qabul qilinishiga erishish ham partiya vakillarining muhim vazifalaridan biri bo‘lib qolmoqda.
Ayni paytda partiyaning barcha darajadagi kengashlari va deputatlik korpusi aholi murojaatlari bilan ishlashda faqat ularni ko‘rib chiqish bilan cheklanib qolmasdan, muammoning ildiz sabablarini aniqlash va ularni bartaraf etishga qaratilgan amaliy takliflar ishlab chiqishga ham alohida e’tibor qaratishi zarur.
Har bir murojaat ortida inson taqdiri, oila manfaati, ijtimoiy adolat masalasi turadi. Shuning uchun ham Xalq demokratik partiyasi aholi murojaatlarini joylardagi ijtimoiy muammolarni aniqlash, ularni hal etish bo‘yicha samarali parlament va jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning muhim manbai sifatida ko‘radi.
Odamlarning dardi eshitilgan, muammolari o‘z vaqtida hal etilgan jamiyatda davlatga bo‘lgan ishonch mustahkamlanadi, ijtimoiy barqarorlik va adolat tamoyillari yanada kuchayadi.
Abror QURBONOV,
O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari.
