Deputatlik so‘rovi. Bu — «Men bu masalani ko‘rdim», degan gap, «Men bunga befarq emasman», degan munosabat, «Bu yerda bir narsani o‘zgartirish kerak», degan mas’uliyat aslida.
Gap mutasaddilarga yuborilgan xatda emas, so‘rov yuborilgandan keyin nima bo‘ladi, degan savolga javob topishda. Kimdir javob beradimi? Kimdir muammoni joyiga chiqib o‘rganadimi? Kimdir «Bu masalani hal qilish kerak», deb o‘z zimmasiga mas’uliyat oladimi? Gap ana shu savo llar ochiq qolib ketmasligida…
Shu ma’noda aytadigan bo‘lsak, deputatlik so‘rovi shunchaki rasmiy hujjat emas, bu xalq nomidan berilgan savol. Va har bir savolning ortida unga javob kutayotgan qanchadan-qancha insonlar bor. Demak, so‘rovning ahamiyati — uning sonida emas, ortidan kelgan o‘zgarishda.
Chiqindilar bilan bog‘liq ishlar tartibga solindi
Andijon viloyatining Bo‘ston tumanida maishiy chiqindilarni o‘z vaqtida olib chiqib ketish, aholi yashash hududlarini chiqindi konteynerlari bilan ta’minlash hamda xizmat ko‘rsatish qamrovini kengaytirish masalalari yuzasidan «Yuksak orzu baraka» MCHJ Bo‘ston tumani filiali rahbariga xalq deputatlari tuman Kengashi deputati M. To‘ychiyeva tomonidan deputatlik so‘rovi yuborildi.
Boisi, saylovchilar bilan uchrashuvlar va murojaatlarni o‘rganish, shuningdek, hududlardagi mavjud holatni tahlil qilish jarayonida maishiy chiqindilarni belgilangan grafik asosida olib chiqib ketish, chiqindi konteynerlarining yetarli emasligi, maxsus texnikalar hamda ishchi xodimlar bilan bog‘liq ayrim muammolar borligi ma’lum bo‘lgan edi.
Mazkur muammolar bayon etilgan deputatlik so‘rovi yuzasidan mas’ul tashkilot tomonidan rasmiy javob taqdim etildi. Unda muammolarni bartaraf etish maqsadida tegishli choralar ko‘rilgani aytilgan.
Xususan, chiqindilarni olib chiqib ketish jarayonini tartibga solish, xizmat ko‘rsatishdagi mavjud kamchiliklarni bartaraf qilish, zarur texnika va ishchi kuchidan samarali foydalanish bo‘yicha tegishli ishlar bajarilgani qayd etilgan.
Yangi bolalar maydonchasi quriladi
Xalq deputatlari Zarbdor tumani Kengashiga 14-Yangikent saylov okrugidan saylangan deputat F. Sarimsakov tomonidan “Yangikent” mahallasi Do‘stlik ko‘chasida joylashgan ko‘p qavatli uylar atrofini obodonlashtirish hamda bolalar maydonchasi holatini yaxshilash masalasida deputatlik so‘rovi yuborilgan edi.
Mazkur murojaat aholi tomonidan bildirilgan taklif va muammolar asosida shakllantirilgan bo‘lib, unda ko‘p qavatli uylar atrofidagi hududning obodonlashuv darajasi va sanitariya holati talabga javob bermasligi hamda bolalar uchun mo‘ljallangan o‘yin maydonchasi jihozlarining eskirib, ta’mirtalab holga kelib qolgani qayd etilgan.
Murojaat yuzasidan mas’ul tashkilot — «KUXINUR SITISSS» MCHJ BSK tomonidan joyiga chiqqan holda o‘rganish ishlari olib borildi. O‘rganish natijalariga ko‘ra, bir qator chora-tadbirlar belgilandi hamda ular bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.
Jumladan, sanitariya va obodonlashtirish ishlari doirasida ko‘p qavatli uylar atrofi hamda ularga tutash hududlar qurib qolgan o‘t-o‘lanlar va turli chiqindilardan tozalandi. Hudud tartibga keltirilib, sanitariya holati yaxshilandi, bu esa aholi uchun yanada toza, ozoda va qulay yashash muhitini yaratishga xizmat qilmoqda.
Shuningdek, mavjud bolalar maydonchasi jihozlarining eskirgani va xavfsizlik talablariga to‘liq javob bermasligi inobatga olingan holda, uni yangilash masalasi davlat dasturlari asosida hal etilishi belgilandi. Xususan, tegishli hujjatlarga muvofiq, mahalla hud udida 2026 yil yakunigacha qiymati 350 million so‘m bo‘lgan zamonaviy, xavfsiz va barcha talablarga javob beradigan yangi bolalar maydonchasini barpo etish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, mazkur dastur doirasida ko‘p qavatli uylar atrofida piyodalar yo‘laklarini betonlash va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish ham belgilangan.
Ushbu ishlar natijasida nafaqat hududning tashqi qiyofasi yaxshilanadi, balki bolalar uchun xavfsiz o‘yin maydoni, aholi uchun esa qulay va zamonaviy yashash muhiti yaratiladi.
Shu tariqa, deputatlik so‘rovi orqali ko‘tarilgan masala bosqichma-bosqich amaliy yechimini topib bormoqda hamda aholi turmush sharoitini yaxshilash yo‘lida muhim qadamlar qo‘yilmoqda.
27 dona beton tayanch ustuni yetkazib berildi
Xalq deputatlari Gʻallaorol tuman Kengashi d yeputati A. Ismoilov tomonidan kiritilgan deputatlik so‘rovida ko‘tarilgan masala ijobiy yechim topdi.
Aholining elektr ta’minotini yaxshilash, mavjud elektr tarmoqlarining barqaror ishlashini ta’minlash bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etish maqsadida hududga qo‘shimcha ravishda 27 dona beton tayanch ustuni yetkazib berildi.
Ushbu natija deputatlik so‘rovida ko‘tarilgan masalaning mas’ul tashkilotlar tomonidan o‘rganilib, amaliy choralar ko‘rilganini ko‘rsatadi.
Eng muhimi, deputatlik so‘rovi orqali saylovchilarni qiynayotgan masala e’tiborga olinib, uni bartaraf etish bo‘yicha aniq amaliy ishlarga turtki berildi.
Endi ichimlik suvi tarmog‘ida nosozlik kuzatilmaydi
Xalq deputatlari Oltinko‘l tuman Kengashiga O‘zXDPdan deputat Xolmirza Isomiddinov tomonidan saylov okrugi hududida istiqomat qiluvchi aholidan kelib tushgan murojaat asosida ichimlik suvi ta’minoti bilan bog‘liq muammo o‘rganilib, uni bartaraf etish yuzasidan «Suv ta’minoti» AJ rahbari D. Burxonovga deputatlik so‘rovi yuborilgan edi.
Deputatlik so‘rovi asosida «Markaz» MFY hududidagi ichimlik suvi ta’minoti tarmog‘ida yuzaga kelgan nosozlik mas’ul mutasaddilar tomonidan joyiga chiqqan holda o‘rganildi.
O‘rganish davomida muammoning kelib chiqish sabablari aniqlanib, uni bartaraf etish bo‘yicha zarur amaliy choralar ko‘rildi. Tegishli ta’mirlash ishlari amalga oshirilib, suv ta’minoti tarmog‘ining faoliyati tiklandi.
Natijada aholining ichimlik suviga bo‘lgan ehtiyoji ta’minlanib, fuqarolarni bir muddatdan buyon qiynab kelayotgan muammo bartaraf etildi.
Eng muhimi, aholidan kelib tushgan navbatdagi murojaat e’tiborsiz qolmadi. U deputat tomonidan o‘rganilib, mas’ul tashkilot oldiga aniq masala sifatida qo‘yildi va uni hal etish bo‘yicha amaliy ishlar olib borildi.
Mazkur holat deputatlik so‘rovining mohiyati faqatgina rasmiy hujjat yuborish bilan cheklanmasligini, balki aholi murojaatini yechimga yo‘naltirish, muammoning ijrosini nazorat qilish va natijaga erishishda muhim vosita ekanini yana bir bor isbotlaydi.
***
Bugun bir muammo hal bo‘lishi mumkin. Ertaga esa boshqa bir masala ko‘tariladi. Muhimi, odamlar o‘z muammosi bilan yolg‘iz qolmasligida. Deputatlik so‘rovi esa odamlarning ovozini yuqori tashkilotlarga yetkazadigan ko‘prikdir. Shu ma’noda, har bir hal etilgan masala — kim uchundir yengillashgan sharoit, hal bo‘lgan bir tashvishdir. Maqsad ham aslida shu, ya’ni natija odamlarning kundalik hayotida, turmushida ko‘rinsin!
Laziza Sherova,
“O‘zbekiston ovozi” muxbiri.
