Bugungi kunda insoniyat taraqqiyotining eng muhim strategik masalalaridan biri barqaror rivojlanish hisoblanadi. Iqlim o‘zgarishi, kambag‘allik darajasini qisqartirish, oziq-ovqat xavfsizligi, ijtimoiy tengsizlik va ekologik muammolar kabi global tahdidlar jahon hamjamiyatini iqtisodiy o‘sish, ijtimoiy adolat va ekologik muvozanatni uyg‘unlashtirgan yangi modelni shakllantirishga undamoqda.
Shu maqsadda 2015 yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan 2030 yilgacha mo‘ljallangan, bani bashar taraqqiyotining asosiy 17 ta yo‘nalishini qamrab olgan Barqaror rivojlanish maqsadlari qabul qilindi.
2025 yilda e’lon qilingan Barqaror rivojlanish bo‘yicha hisobotda mazkur maqsadlarga erishish jarayonida dunyo davlatlari qanday natijalarga erishgani tahlildan o‘tkazildi.
Ma’lum bo‘lishicha, barqaror rivojlanish g‘oyasi global miqyosda keng qo‘llab-quvvatlanayotgan esa-da, uni amalga oshirish jarayonida hali ham qator jiddiy muammolar saqlanib qolmoqda.
BMTga ko‘ra, dunyodagi 193 davlatdan 190 tasi barqaror rivojlanish bo‘yicha milliy strategiyalar va dasturlarni qabul qilgan. Bu holat barqaror rivojlanish tamoyillari xalqaro hamjamiyat tomonidan umumiy taraqqiyot yo‘li sifatida qabul qilinganini ko‘rsatadi.
Shu bilan birga, mamlakatlar Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish jarayonida Ixtiyoriy milliy sharh mexanizmi orqali o‘z tajribalari va natijalarini taqdim etmoqda. 2015 yildan buyon ko‘plab davlatlar kamida ikki marta milliy sharh taqdim etgan bo‘lib, 2025 yilda yana 39 ta mamlakat o‘z hisobotini e’lon qilishini bildirgan. Faqat uch davlat – Gaiti, Myanma va AQSH ushbu jarayonda ishtirok etmagan. Shuningdek, mahalliy darajada ham barqaror rivojlanish siyosatini baholash uchun Ixtiyoriy mahalliy sharhlar amaliyoti kengayib bormoqda.
Biroq amaliy natijalar barqaror rivojlanishga erishish yo‘lidagi murakkabliklarni ham ko‘rsatmoqda. Hisobotga ko‘ra, jahon miqyosida Barqaror rivojlanish maqsadlarining atigi 17 foizigina belgilangan reja bo‘yicha amalga oshirilmoqda, qolgan qismida esa sekinlashish yoki orqaga ketish holatlari kuzatilmoqda.
Ayniqsa, oziq-ovqat xavfsizligi, ekologik muvozanat va bioxilma xillik, shaharlar infratuzilmasining barqarorligi, adolat va huquqiy institutlar samaradorligi kabi sohalarda muammolar saqlanib qolmoqda.
Mutaxassislar fikricha, bu holatga geosiyosiy mojarolar, iqtisodiy inqirozlar, moliyaviy resurslar yetishmasligi hamda iqlim o‘zgarishi asosiy sabab bo‘lmoqda.
2025 yilgi hisobotga ko‘ra, Barqaror rivojlanish indeksi bo‘yicha yetakchilik asosan Yevropa davlatlariga to‘g‘ri kelmoqda. Xususan, Finlandiya birinchi, Shvetsiya ikkinchi va Daniya uchinchi o‘rinni egallagan. Shuningdek, Germaniya va Fransiya ham yuqori natijalarga erishgan davlatlar qatoriga kiradi.
Bu mamlakatlarda ijtimoiy himoya tizimi, ta’lim va tibbiyot sohalari yuqori darajada rivojlangan bo‘lib, davlat boshqaruvida shaffoflik va samaradorlik ta’minlangan. Biroq, hatto ushbu davlatlar ham barqaror iste’mol va ishlab chiqarish bilan bog‘liq muammolarga duch kelmoqda.
Shu bilan birga, Sharqiy va Janubiy Osiyo mamlakatlari so‘nggi o‘n yil ichida barqaror rivojlanish bo‘yicha eng tez o‘sishni namoyish etmoqda. Masalan, Nepal, Kambodja, Filippin, Bangladesh va Mo‘g‘uliston indeksi sezilarli darajada o‘sgan. Shu qatorda Benin, Peru, Birlashgan Arab Amirliklari, Kosta-Rika, Saudiya Arabistoni va O‘zbekiston ham barqaror rivojlanish bo‘yicha jadal taraqqiyotga erishgan mamlakatlar qatoriga kiritilgan.
Hisobotda O‘zbekiston Markaziy Osiyo va Sharqiy Yevropa mintaqasida barqaror rivojlanish bo‘yicha eng tez taraqqiy etayotgan davlatlardan biri sifatida qayd etilgan.
2025 yilgi reytingga ko‘ra, O‘zbekiston 167 ta davlat orasida 73,1 ball bilan, 19 pog‘onaga ko‘tarilib, 62-o‘rinni egalladi. Boshqacha aytganda, yurtimiz 2015 yildan buyon Markaziy Osiyo va Sharqiy Yevropa mintaqalarida Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo‘lida faol sur’atda taraqqiyotga erishgan davlat sifatida e’tirof etildi. Bu ko‘rsatkichlar mamlakatimizda keng qamrovli islohotlar samaradorligini va jamiyatning faol ishtirokini namoyon etmoqda.
Shu bilan birga, hisobotda barqaror rivojlanishga erishishdagi asosiy to‘siqlardan biri – moliyaviy resurslar yetishmasligi ham ta’kidlanadi. Dunyo aholisining qariyb yarmi barqaror rivojlanish dasturlarini amalga oshirish uchun yetarli moliyaviy imkoniyatlarga ega bo‘lmagan davlatlarda yashaydi.
Rivojlanayotgan mamlakatlardagi tashqi qarzlarning ortishi, investitsiya resurslarining cheklangani, xalqaro moliyaviy tizimdagi tengsizlik muammolari o‘z ta’sirini ko‘rsatmoqda.
Mutaxassislarning fikricha, barqaror rivojlanishga erishish uchun xalqaro moliyaviy arxitekturani isloh qilish muhim ahamiyatga ega. Shu maqsadda hisobot mualliflari rivojlanayotgan mamlakatlarga imtiyozli kreditlar ajratish, tashqi qarzlarni qayta ko‘rib chiqish, xalqaro ekologik jamg‘armalarni kengaytirish, global investitsiya oqimlarini ularga yo‘naltirish kabi amaliy choralarni taklif qilmoqda.
Shuningdek, hisobotda barqaror rivojlanishda inson kapitaliga sarmoya kiritish maqsadga muvofiqligi ta’kidlanadi. Mutaxassislar ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalariga investitsiya kiritish uzoq muddatda iqtisodiy o‘sishni ta’minlashini qayd etmoqda. Ayrim hisob-kitoblarga ko‘ra, inson kapitaliga kiritilgan investitsiyalar 20 foizgacha iqtisodiy natija berishi mumkin.
Bundan tashqari, sun’iy intellekt, raqamli iqtisodiyot, yashil energetika va innovatsion texnologiyalar barqaror rivojlanishni tezlashtiruvchi muhim omillar sifatida baholanmoqda.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda ham barqaror rivojlanishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Kambag‘allikni qisqartirish dasturlari, ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimini modernizatsiya qilish, yashil iqtisodiyotni rivojlantirish hamda raqamli transformatsiyani jadallashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar mamlakatning bu yo‘ldagi qat’iy pozitsiyasidan dalolat bermoqda.
Ekspertlar tomonidan xalqaro hamkorlikni yanada kuchaytirish, global moliyaviy tizimni isloh qilish, innovatsion texnologiyalarni keng joriy etish, inson kapitaliga investitsiyalarni oshirish, ekologik barqarorlikni ta’minlash kabi ustuvor vazifalarga alohida e’tibor qaratish zarurligi tavsiya etilgan.
Xulosa qilib aytganda, tahlillar jahon taraqqiyotida barqaror rivojlanish g‘oyasi tobora markaziy ahamiyat kasb etayotganini yaqqol namoyon qilmoqda. Hisobot natijalari bir tomondan ko‘plab mamlakatlar barqaror rivojlanish yo‘lida sezilarli yutuqlarga erishayotganini ko‘rsatsa, ikkinchi tomondan global miqyosda hali ham jiddiy muammolar mavjudligini ko‘rsatadi.
Geosiyosiy ziddiyatlar, moliyaviy resurslar taqchilligi, ekologik inqirozlar va ijtimoiy tengsizlik kabi omillar barqaror taraqqiyot jarayonini sekinlashtirmoqda. Shu sababli barqaror rivojlanish faqat alohida davlatlarning emas, balki butun insoniyatning umumiy mas’uliyatiga aylanmoqda. Aks holda 2030 yilgacha belgilangan Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish nafaqat qiyinlashadi, balki insoniyatning kelajak hayoti ham xavf ostida qolishi mumkin.
Elyorjon SAMINOV,
Barqaror rivojlanish markazi direktori.
